16.06.2026 | 15:05
1611
O‘LJAGA AYLANGAN KITOBLAR
Yozma bitiklar vaqt devorlarini yengib, xalqning qaddini tutib turadigan darajada qudratli. Shu sababli, tarixda “yurt olgan” hukmdorlar mag‘lub bo‘lgan xalqlarning qo‘lyozmalarini yo‘qotishni birinchi vazifa deb bilgan. Qo‘lyozmalar, kitoblar gulxanga qalangan, suvga oqizilgan, o‘lja sifatida olib ketilgan. Ne-ne buyuk allomalarimiz qalamiga mansub aksar asarlar o‘zga davlatlarning kutubxonalari va muzeylari javonlarini bezab turgani shundan. Uzoq o‘tmishni qo‘ya turaylik, atigi bir-bir yarim asr ilgari kitoblarga kelgan qora kunlarni esga olaylik.

Avvalo, mana bu tarixiy hujjatga yuzlanamiz:
“Xalq kutubxonasi direktori hurmatli janob Ivan Davidovich!
O‘tgan yilgi Xiva ekspeditsiyasi vaqtida xon saroyi musodara qilinganida mening huzurimda bo‘lgan Nadvorniy Sovetnik Kun mening topshirig‘imga binoan Sharq qo‘lyozmalarini to‘plagan edi. Ushbu maktub bilan ilova qilingan ro‘yxatga binoan mazkur qo‘lyozmalar kolleksiyasini yuborib, Imperator Xalq kutubxonasidan bu kolleksiyani rus qo‘shinlari 1873-yildagi Xivada qozongan muvaffaqiyatlarining ilm-fanga keltirgan tuhfasi tariqasida qabul qilishingizni iltimos qilamiz.
Chin hurmat va astoydil sadoqat bilan kaminalari – Turkiston general-gubernatori, general-ad’yutant K.P.Kaufman. 1874-yil, yanvar”.
Peterburgdagi Xalq kutubxonasining 1876-yilgi hisobotida shunday jumlalar bor: “Kutubxonaning faxriy a’zosi, general-ad’yutant K.P.Kaufman O‘rta Osiyo xonlarining hujjatlari va yozmalari to‘plamini sovg‘a qilib yubordi. Bu hujjatlar va yozmalar Iskandarko‘l, Shahrisabz va Xiva ekspeditsiyalari vaqtida to‘plangandir”.
1878-yilning avgustida Shahrisabz va Kitob shaharlari og‘ir janglardan so‘ng ishg‘ol qilinganida Jo‘rabek dodxoh yillar davomida to‘plagan qimmatbaho kitoblar olib ketilgani, ularning umumiy soni hozirgacha ma’lum emasligi, tarixchi olimlarimiz so‘nggi yillarda Moskva, Peterburgdagi kutubxona, muzey va shaxsiy jamlanmalarda olib borgan izlanishlari o‘laroq faqat yuzdan ortiq kitob topilganini eslatib, mavzumiz doirasida faqat Xivadan olib ketilgan (o‘g‘irlangan yoki tortib olingan, desak to‘g‘riroq) kitoblar haqida to‘xtalamiz.
Sharqshunos sifatida 1868-yildan Turkistonda faoliyat olib borgan, barcha yurishlarda qatnashgan A.L.Kun Kaufmanga bildirgisida shunday yozadi: “Xiva ekspeditsiyasi vaqtida men quyidagi ilmiy materiallarni to‘pladim: xon saroyini musodara qilish vaqtida sharq qo‘lyozmalaridan iborat 300 kitob to‘plandi, shulardan 129 tasi sarlavhalik 140 tomdan iborat tarixiy qo‘lyozmalar, 30 tomdan iborat sharq shoirlarining devonlari, 50 tomdan iborat 40 ta huquqiy va diniy asarlardir. Bundan tashqari, 18 ta “Qur’on” va 50 ta dars kitoblari ham to‘plangan”.
O‘zini sharqshunos deb biladigan olimning “Sharq” jug‘rofiy atamasini ikki o‘rinda kichik harflarda keltirishini qarang!
Ozarbayjonning Shamog‘iy shahrida 1840-yilda tug‘ilgan Aleksandr Lyudvigovich Kunning sharqshunos olim bo‘lishiga otasi sababchi. Uyezd maktabida oddiy o‘qituvchi bo‘lgan katta Kun 14 ta tilni bilgan. Kun o‘n to‘rt yoshida yetim qoladi va hukumat hisobidan gimnaziya va Peterburg universitetining sharqshunoslik fakultetlarida tahsil oladi. Universitetni tugatgach, sharqshunos V.Grigorevning maslahati va talabi bilan avval Orenburgda, 1868-yildan boshlab Turkistonda faoliyat olib boradi. Barcha Sharq tillarini mukammal bilgan A.Kun bosqinchi qo‘shin qatida yurib, noyob qo‘lyozmalar va kitoblarni to‘plash bilan shug‘ullangan.
E’tiborli holat: A.Kun rus elchisi Danilevskiy bilan Xiva xoni o‘rtasida tuzilgan ahdnomaning asl nusxasini Saltikov-Shchedrin nomidagi davlat kutubxonasiga 1882-yili sovg‘a qiladi. Ayni shu yili Xivadan olib ketgan qo‘lyozmalar va hujjatlarning bir qismini Xalq kutubxonasiga topshiradi. Xiva bosqinidan deyarli to‘qqiz yil keyin sharqshunos olimning “saxovat” ko‘rsatishi sababi, u aynan 1876-yili Turkistondagi vazifasidan bo‘shab, ishsiz qolib, Peterburgga borgan va ko‘p idoralar eshigida sarson bo‘lgach, bir chekkadagi Vilno maorif okrugi noziri yordamchisi qilib yuborilgandi. 1886-yil 4-iyulda V.Stasovga yuborgan xatida A.Kun “Meni sharqshunos sifatida Orenburgda ishlatishga va’da bergan edilar, lekin vakansiya yo‘q degan bahona bilan meni Vilnoga yubordilar”, deb yozg‘iradi.
Kun o‘rniga Turkistonga kelgan yana bir sharqshunos V.Stasov Xiva ishg‘ol qilingan vaqtda musodara qilingan qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar bilan 1886-yildagina qiziqib qoladi va shu borada Kunga murojaat qiladi. Bu so‘rovga A.Kun shunday javob yozadi: “1876-yilga qadar men Iskandarko‘l, Shahrisabz, Xiva, Qo‘qon harbiy safarlarida marhum K.P.Kaufman huzurida kollektor sifatida qatnashganman. Xalq kutubxonasidagi qo‘lyozmalar va Fanlar akademiyasida saqlanayotgan lingvistikaga doir materiallar mening o‘sha safarlarda qatnashganligimni isbotlovchi materiallardir… Mening qo‘limda Xiva xonlarining to‘liq tarixi, sharq qo‘lyozmalari, qadim zamonlardan tortib to 1873-yilgacha bo‘lgan davr voqealari bayon qilingan qo‘lyozmalar bor, lekin bularning hammasi Peterburgda saqlanmoqda va shu sababdan ular haqida ma’lumot berolmayman”. Yana “Sharq” atamasini kichik harfda yozgan.
1888-yil Kun vafot etadi va uning kvartirasida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning bir qismi Fanlar akademiyasining Osiyo bo‘limiga o‘tkaziladi.
A.Kun 1874-yilda chop qilingan “1873-yilda Xiva xonligiga safar” sarlavhali maqolasida “qichishi mumkin bo‘lgan joyini oldindan qashib qo‘ygani” ushbu satrlarda ko‘rinadi: “…Hujjatlar to‘plami har qancha qiziqarli bo‘lsa ham, lekin bu hujjatlarning fan uchun bo‘lgan ahamiyatini e’tiborga olganda: 1) shu hujjatlarning to‘liq emasligiga – ko‘p hujjatlar yo‘q bo‘lib ketganligiga va noma’lum kishilar olib ketganligiga va 2) bu hujjatlar faqat keyingi vaqtlarga doir qiziqarli materiallardan iborat bo‘lganligiga afsuslanmaslik mumkin emas. Bu holning ikki sababi bo‘lishi mumkin: ruslar yaqinlashib kelayotganligi to‘g‘risida xabar olinishi bilan saroyda umumiy sarosimalik boshlangan, ikkinchidan, musulmon xonliklarida yozma hujjatlar saqlash odati yo‘q edi. Har bir xon o‘lganidan keyin saroyda bo‘lgan mulkning hammasi merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlanib olinar edi, davlat arxivlari yoki hujjatlar saqlanadigan joylar xonliklarda bo‘lgan emas”.
Saroyda saqlanayotgan qimmatbaho kitoblar va qo‘lyozmalarni musodara qilgan kimsa shu o‘rinda uyalmasdan yolg‘on gapiryapti. Uning yolg‘onini vafotidan keyin o‘z uyida saqlab kelgan juda katta arxiv – xonlikning so‘nggi ellik yiliga oid hujjatlar tasdiqlaydi. Bu kitoblar va hujjatlar xon xazinasi bilan bir xonada saqlangani – hukmdorlarda kitob va boshqa yozma hujjatlar qimmatbaho tillolar kabi qadrli ekanini ko‘rsatadi.
A.Kun yolg‘onlarini isbotlaydigan yana bir manba: asli xonlar avlodidan bo‘lgan shoir va tarixchi Bayoniyning “Xorazm tarixi” kitobining 459-betida keltirilgan vajlardir: “…Saroyni olgan general Golovachyov otryadi saroydan chiqib ketgach, bir to‘da olomon saroyga bostirib kirdi va Golovachyovdan qolgan hamma narsalarni olib ketdi…”
Keyinchalik olimlar turli kolleksiya va kutubxonalardan ayrim kitoblarning bir nechta varaqlarini topishadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu varaqlarni general otryadining ofitserlari va askarlari olishgan va harbiy o‘lja sifatida sotishgan. Asrlar davomida to‘plangan ma’naviy xazina boshiga qanday qora kun tushganini sezgandirsiz? “Melanj Aziatik” jurnalining 1890-yilgi sonida Kun kolleksiyasidagi qo‘lyozmalarning ro‘yxati e’lon qilingan. Ammo bu ro‘yxatda faqat o‘nta daftar sanab o‘tilgan, xolos. Qolgan qo‘lyozmalar, kitoblar qani?
Keyinchalik yana bir missioner-sharqshunos P.P.Ivanov Xivadan musodara qilingan qo‘lyozmalar va boshqa tarixiy hujjatlar bilan qiziqadi, topganlari ustida tadqiqotlar olib boradi. Ammo u ham oldingi salaflari kabi o‘lja sifatida olingan barcha kitoblar, arxiv hujjatlari soni haqida hech bir asarida to‘liq ma’lumot-ro‘yxat keltirmaydi.
O‘tgan asrning elliginchi yillarida Xiva xonligi arxivi hujjatlarini (imkoni qadar topganlarini) tadqiq qilib, yirik monografiya yozgan akademik M.Yo‘ldoshev o‘z kitobida afsus bilan qayd qilgan holat masalani ozroq ochiqlaydi, xolos: “P.P.Ivanov Xalq kutubxonasida arxivning faqat bir qisminigina topgan. U qiyinchiliklar tortib, hajmi juda katta (!) materiallarni tekshirgan bo‘lsa ham, lekin butun arxivning mazmuni to‘g‘risida xulosa bera olmagan. Shu sababli bu arxivni Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondlaridagi A.L.Kun arxivlaridan foydalanib o‘rganish mumkin. Kun juda muhim va ahamiyatli materiallarni o‘zida saqlagan…”
Akademik “juda muhim va ahamiyatli materiallar” deganida arxivdagi hujjatlar bilan bir qatorda noyob kitoblarni e’tiborda tutgani aniq.
A.Kun (va boshqa missioner-sharqshunoslar) talab olib ketgan qo‘lyozmalarning qanchasi yo‘qoldi, qanchasi chetga sotildi… buniyam bilmaymiz. Gohida qaysidir Yevropa davlatlaridan birining kutubxonasi yoki muzeyida “tasodif uchrab qoladigan” qo‘lyozmalar o‘zlari “qanot chiqarib, uchib bormagan”dir, axir?
Eng sirli va achinarlisi, xonlikdan musodara qilingan kitoblar va boshqa hujjatlar haqida gap ketganida faqat Ko‘hna Arkdagi talonchilikkina tilga olinadi. Ichon va Dishon qal’alarda faoliyat yuritgan ellikka yaqin madrasalarda yoki xon avlodidan bo‘lgan to‘ralar va boshqa amaldorlar uylarida tashkil qilgan shaxsiy kutubxonalarda saqlanayotgan kitoblar kimlar tomonidan talon-taroj qilingani haqida tarix hali hamon sukut saqlamoqda.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 12-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



