Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.06.2026 | 09:43

img1414

TXIF–2026: GʻOYA VA SARMOYA

Global geosiyosiy va makroiqtisodiy mavhumliklar davrida kapitalni xavfsiz saqlash, barqaror bozorlarni kashf etish va ishonchli sheriklar topish xalqaro investorlar uchun ustuvor vazifaga aylandi. Shunday qaltis bir vaziyatda Markaziy Osiyoning iqtisodiy drayveri bo‘lgan O‘zbekiston navbatdagi yirik siyosiy-iqtisodiy tadbirga – Toshkent xalqaro investitsiya forumiga mezbonlik qildi.

Bunday yirik forumlar O‘zbekiston uchun nafaqat muloqot maydoni, balki amaliy hamkorlikka olib boradigan ishonchli ko‘prikka aylanmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro investitsiyalarni jalb qilish borasida katta yutuqlarga erishdi. Mamlakatimizga jami 150 milliard dollardan ziyod xorijiy sarmoya kiritildi, shundan 123 milliard dollari oxirgi besh yilga to‘g‘ri keladi, bu esa islohotlarning samarasi va ishonch darajasini yaqqol aks ettiradi. Forumga bo‘lgan qiziqish bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda. Joriy tadbirda 100 dan ortiq davlatdan qariyb 4 ming xorijiy delegat ishtirok etishi anjumanning nufuzi va global ahamiyatini ko‘rsatadi. Bu ishbilarmonlar, investorlar va xalqaro tashkilotlar uchun O‘zbekiston bozori haqidagi ishonchni yanada mustahkamlaydi. E’tiborlisi, Toshkent xalqaro investitsiya forumi yildan yilga o‘z ko‘lamini kengaytirib, global brendga aylanib bormoqda. O‘tgan yilgi tadbirda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiso, Markaziy Osiyo davlatlarining hukumat rahbarlari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso hamda Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Russeff kabi nufuzli siyosatchi va moliyachilar ishtirok etgan, imzolangan investitsiyaviy va savdo kelishuvlarining umumiy qiymati 30,5 milliard dollarni tashkil qilgandi.

TXIF–2026 ham bundan mustasno emas. Unda Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikiston Respublikasi Bosh vazirlari ishtirok etdi. Shu bilan birga, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yangi taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Yevropa investitsiya banki kabi moliyaviy institutlar hamda xorijiy banklar, kompaniya va tashkilotlar vakillarining faol ishtiroki O‘zbekistonning yirik infratuzilma va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari anjumanda so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, O‘zbekiston barcha investorlar uchun ochiq va teng huquqli sheriklik tamoyiliga qat’iy sodiq. Davlat investorlarni jalb qilishda shaffoflik, kafolatlangan huquqiy reja va barqaror siyosatni ta’minlashga munosib e’tibor qaratmoqda. Bu yo‘l, o‘z navbatida, xorijiy kapitalning uzoq muddatli loyihalarga kirishini rag‘batlantiradi. Xususan, xorijiy sarmoyadorlar uchun raqamlashtirilgan ma’lumotlar, tayyor loyihalar va jozibador infratuzilma yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bozorga kirish jarayonlarini osonlashtiradi. Buni oliy darajadagi me’yoriy-huquqiy islohotlar va moliyaviy institutlar bilan birgalikda amalga oshirish rejalangan. Mazkur choralar investitsiyaviy iqlimni yanada yaxshilash, xususiy sektorning rolini kengaytirish, texnologiya va malakali kadrlarni jalb etish orqali mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston teng huquqli va o‘zaro foydali hamkorlikka tayyor va bu yo‘ldagi sa’y-harakatlar katta marralarga erishish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Forum aynan shunday faol muloqot va amaliy kelishuvlar uchun eng qulay maydon. Biz quruq qog‘ozlarda qolib ketadigan emas, balki amalga oshiriladigan loyihalar davriga kiryapmiz.

Birgalikdagi harakatlar xalqimiz farovonligi va rivoji yo‘lidagi eng muhim kapitaldir.

Jahon iqtisodiyotida geosiyosiy va savdo ziddiyat kuchayayotgan bir davrda O‘zbekistonning hozirgi yutuqlari va imkoniyatlari juda ham ahamiyatli. Birinchidan, mamlakatimizning iqtisodiy ko‘rsatkichlari namunali va ishonchli. O‘tgan yili yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga o‘sdi, iqtisodiyotga 43 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi, xalqaro valyuta zaxiralari 70 milliard dollardan oshib, milliy valyuta barqarorligi ta’minlandi. Bu natijalar mamlakatda olib borilayotgan islohotlar va investitsiya muassasalariga bo‘lgan ishonchning natijasi hisoblanadi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston strategiyani shaxsiyatlar emas institutlar, qonun va kafolatlar asosida quryapti. Yangi O‘zbekistonda investor huquqlarini himoya qilish tizimi tizimli rivojlantirilmoqda. Shaffof soliq va bojxona rejimi, kapital erkinligi, xorijiy valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati kabi adekvat mexanizmlar joriy etilmoqda. Bu kapital uchun kuchi yuqori rag‘bat demakdir.

Hozirgi bosqichda O‘zbekiston ulkan islohotlar va investitsiyaviy imkoniyatlar davrini boshdan kechirmoqda. Forum platformasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yo‘nalishlar – investorlar uchun munosib sharoitlar, kapital bozorini rivojlantirish, “yashil” energetika va sun’iy intellekt, yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlari hamda mintaqaviy transport-logistika – mamlakatimizni global iqtisodiyotning markaziy nuqtalari qatoriga ko‘tarishga qaratilgan.

Birinchi yo‘nalish – investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish. Bu yilgi forumning mutlaq markaziy voqeasi va bosh sensatsiyasi shu yilning mart oyida Prezident farmoni bilan tashkil etilgan “Toshkent xalqaro moliya markazi” taqdimoti bo‘ldi. Ushbu tashabbus shunchaki chiroyli nom emas, aksincha, xalqaro investorlar uchun eng tanish va xavfsiz bo‘lgan Ingliz umumiy huquqi (Common Law) tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi institutsional va huquqiy arxitekturadir.

Jahondagi yetakchi moliyaviy xablar (London, Dubay, Singapur) tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yirik kapital egalari uchun davlatning iqtisodiy o‘sish sur’atlaridan ko‘ra huquqiy tizimning shaffofligi va bashorat qilinishi (prognozga egaligi) muhimroqdir. Toshkent xalqaro moliya markazi aynan mana shu ehtiyojni qondirish uchun yaratildi.

Markazni tashkil etish tashabbusi mamlakatning global moliyaviy xaritadagi o‘rnini mustahkamlaydi. Uning huquqiy bazasi Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi, ushbu hududda jozibador soliq va regulyativ rejim – investitsiyaviy imtiyozlar 50 yilgacha belgilash imkoniyati bilan rag‘batni kuchaytiradi. Angliya umumiy huquqiga asoslangan maxsus rejim, mustaqil tijorat sudi va xalqaro ekspertizani jalb qilish investorlarga xalqaro standartlar darajasida huquqiy himoyani kafolatlaydi.

Investitsion nizolarni hal qilish uchun suddan tashqari mexanizmlar – mediatsiya va xalqaro kelishuvlar asosidagi tezkor hal qilish vositalari mustahkamlanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Singapur konvensiyasiga qo‘shilish niyati shu yo‘nalishdagi yirik qadamlardan biridir.

Ushbu choralar natijasida investorlar O‘zbekistonning o‘zida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan ikkinchi yo‘nalish – kapital bozorini rivojlantirish, muqobil moliya vositalariga keng yo‘l ochish. Shu haqda so‘z borganda, so‘nggi yillarda mamlakatimiz xalqaro moliya bozorlarida faollashib borayotganini ta’kidlash joiz. Jami 16 milliarddan ortiq obligatsiyalar mazkur bozorlarga muvaffaqiyatli joylashtirildi va milliy valyutadagi korporativ yevroobligatsiyalar aylanmaga kiritildi. Ayniqsa, Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz aksiyalari Toshkent va London birjalarida IPO orqali chiqarilgani London birjasining so‘nggi besh yil ichidagi eng yirik IPOlaridan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, qator yirik kompaniyalarning IPOlari uchun tayyorgarliklar allaqachon boshlandi. Loyihalar ichki bozorni mustahkamlash va xorijiy investorlarni jalb qilish imkoniyatini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.

Kapital bozorini rivojlantirishning huquqiy-organik asosini mustahkamlash maqsadida “Kapital bozori to‘g‘risida” va “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bu qonunlar xususiy sektorning ilg‘or moliyaviy institutlar, venchur va xususiy kapital fondi, shuningdek, xalqaro kliring va kalon moliyaviy institutlar uchun qulay hududni yaratadi. Investitsiya oqimini diversifikatsiya qilish uchun O‘zbekiston suveren islom obligatsiyalari dasturini yo‘lga qo‘yadi. Bu mexanizm islom moliyasiga asoslangan investorlarga mamlakat bozorida ishtirok etish imkonini beradi hamda kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha kapitalni jalb etishga katta turtki bo‘lishi kutilmoqda.

Uchinchi yo‘nalish – “yashil” energetika va sun’iy intellekt sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish. O‘zbekiston “yashil” energetikaga katta ustuvorlik bermoqda: elektr generatsiyasida yanada yuqori ulush – 2030-yilgacha 54 foizga erishishni rejalashtirgan. Bu maqsadga erishish uchun davlat quyosh va shamol elektr stansiyalariga investitsiyalar, energiya saqlash tizimlarini joriy etish loyihalari, tarmoqlar va uzatish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ham “yashil” energiyaga ulangan, ham iqlimga mos data-markazlar barpo etish borasida imkoniyatlarni taklif qilmoqda. Investorlar uchun imtiyozlar, uzoq muddatli PPA shartlari, maxsus iqtisodiy zonalar va qulay tariflar tizimi loyihalarning rentabelligini oshiradi. Bu bozordagi imkoniyatlar nafaqat ekologiyaga foyda keltiradi, balki yuqori daromadli investitsiyalar yaratish imkonini beradi.

Sun’iy intellekt – iqtisodiy o‘sish va raqobatbardoshlikning asosiy dvigateli. O‘zbekiston sohada Milliy strategiyani qabul qildi va “Besh million yetakchi” kabi masshtabli dasturlar yo‘lga qo‘yildi. Asosiy maqsad ta’lim, sog‘liqni saqlash, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida sun’iy intellekt qo‘llanilishini kengaytirishdan iborat.

To‘rtinchi yo‘nalish – yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish. Sanoatni yuqori texnologiyali bosqichga ko‘tarish yo‘lida O‘zbekiston katta dasturlarni boshladi. Kelasi besh yilda sanoatdagi yuqori texnologiyali mahsulot hajmini 2,5 barobarga ko‘paytirish maqsad qilingan. Xususan, ilg‘or kimyo tarmog‘ini rivojlantirish orqali 20 milliard dollarlik investitsiya salohiyati, hududlarda 15 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, 130 turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarishga qo‘l keluvchi hamkorlik loyihalari shular jumlasidan.

O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari – oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralar – bugungi sharoitda katta investitsiya va qo‘shilgan qiymat yaratish imkonlarini beradi. Yer osti boyliklarining umumiy qiymati taxminan 3 trillion dollarga baholanmoqda. Bu sohadagi imkoniyatlarni xorijiy investorlarga taqdim etish maqsadida ochiq raqamli geologiya ma’lumotlar bazasi yaratilyapti. Prezidentimiz investorlarni mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika kabi “drayver” tarmoqlarda ham 30 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni taklif qildi.

Beshinchi yo‘nalish – mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish. O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikning markaziga aylanishni maqsad qilgan. Bu borada Xitoy va Qirg‘iziston bilan strategik temir yo‘llar qurilishi, Transafg‘on koridori orqali janubiy dengiz portlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish, Kaspiy orqali “O‘rta koridor”ni kengaytirish va Yevropa-Osiyo transport magistrallariga integratsiya, yangi tezyurar avtomobil yo‘llari, ko‘p funksiyali logistika markazlari va “quruq port”lar tashkil etish, Saudiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yiliga 20 million yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish loyihasini amalga oshirish ko‘zlangan. Bu loyihalar mamlakatni tranzit va logistika markaziga aylantirib, mahsulotlar eksporti va importini yengillashtiradi hamda mintaqaviy savdo oqimlarini oshiradi.

Shuningdek, hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonning iqtisodiy va demografik ko‘rsatkichlari yuksalayotgan bir pallada hududlarni kompleks rivojlantirish – mamlakat taraqqiyotining muhim drayveriga aylanmoqda. Mamlakatimiz aholisi soni qariyb 40 millionga yaqinlashishi, iqtisodiy o‘sish va urbanizatsiya bosqichlarining tezlashishi shaharsozlik, infratuzilma va ijtimoiy xizmatlarga yuksak salohiyatli investitsiya talab qiladi. Hukumat bu reallikni hisobga olgan holda hududiy taraqqiyotni yangi uslubda – investitsiyaviy hamkorlik, davlat-xususiy sheriklik va strategik loyihalar orqali ro‘yobga chiqarish yo‘lini tanladi. Bu yo‘nalishda ham investorlar ishlashi uchun katta maydon va imkoniyat mavjud. Xullas, forum ishtirokchilari global inqirozlar sharoitida kapitalni qanday himoya qilish, qaysi institutsional mexanizmlar rivojlanayotgan bozorlarda investitsiya barqarorligini ta’minlashi va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini qayerdan izlash kerakligi kabi eng dolzarb savollarga javob izladilar.

TXIF–2026 ikki tomonlama biznes-forumlar formatini faol saqlab qolgan holda, O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirmoqda. Forum doirasida bir qator davlatlar va tashkilotlar bilan alohida investitsiyaviy muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Albaniya, Koreya Respublikasi, AQSH, Vengriya, Turkiya va Ozarbayjon kabi davlatlar bilan ikki tomonlama biznes-forumlar, Xitoy va SHHT davlatlari o‘rtasidagi maxsus investitsiyaviy muloqot platformasi shular jumlasidan.

Yangi O‘zbekiston – bu o‘zgarishlarga tayyor, imkoniyatlarga ochiq va hamkorlik qilishga intilayotgan mamlakat. Prezident sarmoyadorlarni mamlakatimiz bilan birgalikda yangi marralarga erishishga taklif etdi. Bu marralar quruq gaplar bilan emas, haqiqiy investitsiya va qo‘shma loyihalar orqali amalga oshadi. Uch kunlik uchrashuvlar natijasida o‘n milliardlab dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolangani mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi darajasini belgilab berdi. Shuningdek, TXIF–2026 xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yanada ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.

O‘ktamjon HAMRAALIYEV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 19-iyundagi 25-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605