14.07.2026 | 09:22
899
ADIBLAR XIYOBONI TURKIY XALQLAR MADANIY BIRLIGINING RAMZIDIR!
Bir millatning tarixiy xizmatlari faqatgina muazzam binolar va moddiy obidalar bilangina emas, balki ilm-fan bo‘yicha yaratgan ma’naviy yodgorliklari bilan ham baholanadi. Bu voqelikni jahondagi katta-kichik mamlakatlar misolida ko‘rish mumkin. Xususan, Misrdagi buyuk ehromlar va ularning hayratlanarli qurilish san’ati, yunon ilm-fani yodgorliklari, shuningdek, Hindiston va Xitoyning madaniy merosi fikrimizga shahodat beradi.

Turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqi – buyuk tarix, buyuk davlat va buyuk madaniyat yaratgan millat. Bu yutuqlar tarix zarvaraqlarida o‘z aksini topgan bo‘lib, ularning isboti minglab nodir qo‘lyozmalarni saqlab kelayotgan o‘zimizning hamda jahonning yirik kutubxonalarida mujassamdir. Shuningdek, bugungi kunda ham Misr va Erondan tortib, Hindiston, Afg‘oniston va qadim Turkiston zaminida qad ko‘tarib turgan shukuhli binolar, yirik olim va shoirlarimiz yaratgan ilmiy asarlar hamda tengsiz adabiy yodgorliklar ushbu tarixiy shijoatning inkor etib bo‘lmas dalillari hisoblanadi. Endilikda ushbu moddiy va ma’naviy boyliklarni chuqur o‘rganib, xalqimizga va jahon ahliga namoyish etish bizning bosh vazifamizdir.
O‘zbekiston bugun yangi yuksalish bosqichini boshdan kechirmoqda. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan hayotiy islohotlar “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” shiori ostida amalga oshirilmoqda. Qisqa muddat ichida iqtisodiyot va sanoat tarmoqlari taraqqiyoti, ilm-fan rivoji hamda xalq farovonligini oshirish sohalarida qabul qilingan rejalar va hayotga tatbiq etilgan dasturlar qo‘shni davlatlar va xalqaro ommaviy axborot vositalarining yuksak e’tiroflariga sazovor bo‘lmoqda.
Men keng ko‘lamli madaniy yutuqlarimiz qatorida, bugun barchaning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortib turgan Adiblar xiyoboni haqida fikr bildirmoqchiman. Xiyobon sayri chog‘i inson qalbini o‘zgacha bir hayajon va milliy g‘urur tuyg‘usi qamrab oladi. Hazrat Navoiyning savlat to‘kib turgan muhtasham haykali xiyobon hududida qad ko‘targan Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa yirik adib, shoir hamda yozuvchilarning siymolariga xuddi rizolik bilan boqib turgandek tuyuladi.
Men Navoiy, Bobur, Behbudiy, Muqimiy va Ogahiylar qatorida, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Zulfiyaxonim, Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, To‘lepbergan Qayipberganov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa ulug‘ so‘z san’atkorlarining muhtasham haykallarini ko‘rib, shunday tasavvur qilaman: ularning pok ruhlari ushbu majmua atrofida shod-u xurramlik bilan parvoz etib, bu maskanni bunyod etganlar haqqiga duoyi xayrlar qilmoqda va o‘z rizoliklarini bildirmoqda.
Bu qutlug‘ xiyobon milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari o‘tish jarayonlarining yorqin madaniy ko‘rinishi va teran ramzidir. Xiyobonning bir tomonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun maxsus qurilgan yangi bino majmuaga alohida ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Bu sarbaland, qo‘shqavat bino zamonaviy uslubda bunyod etilgan bo‘lib, unda ilmiy va adabiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Mazkur dargohda voqe bo‘lgan bir xalqaro konferensiyada chet ellik ko‘pgina olimlarning ham ushbu maskanga katta qiziqish va hayrat bilan boqqanlariga guvoh bo‘lganman. Binoda boy kutubxona, muzey hamda zarur tadbirlar uchun mo‘ljallangan katta va kichik zallar mavjud. Bu majmuani haqiqiy ma’noda ulkan madaniyat saroyi, deb atash mumkin. Xiyobon yaqinida ijodkorlar uchun bunyod etilmish zamonaviy uy-joylar esa adib va yozuvchilarga davlatning naqadar ehtiromli ekanidan dalolatdir.
Bu maskanda o‘zbek tili va adabiyoti darg‘alari ko‘p asrlik ayriliqdan so‘ng shu keng maydonda qayta jam bo‘lib, bir-birlari bilan mushoira va munozara qilayotgandek manzara jonlanadi.
Qaniydi, ushbu tarixiy xiyobonda butun turk dunyosining boshqa buyuk adib va shoirlari – Mavlono Fuzuliy, Nozim Hikmat yoki Nomiq Kamol, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov, shuningdek, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Boborahim Mashrab, Mavlono Lutfiy, Husayn Boyqaro, Zebunnisobegim, Nodirabegim va Amir Umarxon kabi ajdodlarimizning ham haykallari qad ko‘tarsa! Shunda bu maskan barcha turkiy xalqlarning madaniy birligi va birodarligining haqiqiy ramziga aylangan bo‘lur edi. Barhaq, bu sharafga ham pillapoya vositasida erishilgay.
O‘zbekiston davlati rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yilda Turkiy Davlatlar Kengashi (hozirgi Turkiy Davlatlar Tashkiloti)ga a’zo bo‘lishi orqali bu tuzilmani iqtisodiy va siyosiy jihatdan kuchaytirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, sobit iroda tufayli turkiy xalqlar tarixi va madaniyatining ko‘zgusi sifatida Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham binosini barpo etdi. Ushbu madaniy-tarixiy obida o‘zining mukammalligi, boy tarixiy hujjatlar xazinasi va ulardan keng foydalanish imkoniyatlari bilan bugungi kunda xalqaro hamjamiyatning e’tiborini qozonmoqda.
Bu o‘rinda bir tarixiy haqiqatni ta’kidlab o‘tmoqchiman: davlat g‘amxo‘rligi va himoyasi bo‘lmas ekan, ilm-fan gullab-yashnashi uchun munosib sharoit paydo bo‘lmaydi. Fikrimga quyidagi tarixiy misollar dalil bo‘la oladi.
Agar XIII asrda Mag‘rib (Marokash) sultoni jahon miqyosida tarix falsafasi va jamiyatshunoslik ilmining asoschisi deb tan olingan Abdurahmon ibn Xaldunga barcha yashash va ijod sharoitlarini yaratib berib, mashhur “Qal’at ibn Salama” qal’asini yillar davomida uning mutlaq ixtiyoriga topshirmaganida edi, olim o‘zining eng muhim ilmiy durdonasi – “Al-Muqaddima” asarini hamda ko‘p jildlik “Al-Ibar…” tarixiy qomusini yozib tugatishga imkon va fursat topmagan bo‘lardi.
Agar Sulton Mahmud Gʻaznaviy 400 nafar shoir va olim qatorida Firdavsiyni ham o‘z himoyasiga olmaganida edi, jahon adabiyoti durdonasi hisoblangan “Shohnoma”dek ulkan asar dunyoga kelmasdi.
Agar Temuriylar davlati, ayniqsa, Sulton Husayn Mirzoning yuksak e’tibori va homiyligi bo‘lmaganida, hazrat Alisher Navoiy o‘z ijodiy merosi bo‘lmish bebaho asarlarini yaratish uchun bunday xotirjamlik va farog‘at topa olmagan, Kamoliddin Behzod esa o‘zining mashhur miniatyura maktabiga asos sola olmagan bo‘lar edi.
Agar Xorazmiy va Farg‘oniylar “Baytul hikma”da faoliyat yuritib, xalifa Ma’mun Abbosiy himoyasida bo‘lmaganida, shuningdek, keyinchalik Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi daho allomalarimizga Xorazm Ma’mun akademiyasi va Xorazmshoh Ma’mun homiylik qilmaganida, ular ilm-fan cho‘qqilarini zabt eta olmagan bo‘lardi.
Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat taraqqiyoti va ilm-fan rivoji yo‘lida olib borayotgan odilona siyosatida ana shu tarixiy voqelik va an’analarning yorqin in’ikosini ko‘rish mumkin.
Said Abdulhakim Shar’iy JUZJONIY,
yuridik fanlar doktori, professor
Stokgolm, Shvetsiya
“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-iyuldagi 28-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



