21.07.2026 | 16:32
1498
BIR OILA TARIXI
So‘lim Farg‘onaning munis bag‘rida
Bor olti ariqdan suv ichgan qishloq.
Unda
Chorak asr mendan narida
Bolaligim chopar to‘zg‘itib tuproq…
Erkin VOHIDOV

Aka – suyanchiq, tirgak, maslakdosh, shu bilan birga, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi shamchiroq. Xalqimizning ardoqli farzandi Erkin Vohidov amakimning o‘g‘li, qadrdon akam edi.
Har bir oilaning tarixi, o‘ziga xos sir-asrori bo‘ladi. Vohidovlar oilasining ham o‘z tarixi bor. Abduvohid bobomizning olti farzandi bo‘lgan. Xususan, qizlar – Soliyaxon, O‘g‘iloy, Lutfixon va o‘g‘illar – Gʻafurjon, Cho‘yanboy, Homidjon. Ammalarimning tug‘ilgan sanalarini bilmayman. Gʻafurjon opoqdadam 1900-yilda tug‘ilib, 1958-yilda vafot etgan. Esimda qolgani, u kishi kasal bo‘lganida dadam uyga olib kelib, parvarish qilgan, vafot etganida men 12 yashar edim. Ammalarimning o‘g‘il-qizlari olamdan o‘tganiga ham ancha bo‘ldi.
Dadam Homidjon aka 1917-yilda tavallud topgan. 1939-yilda oila qurgan. Ayam kelin bo‘lib tushganida 15 yoshda bo‘lgan. Erkin akam uch yoshli bola bo‘lgan. To‘ydan uch oy o‘tib dadam armiyaga ketgan. Ayam biror ishni qilmoqchi bo‘lsa, Erkin akaning onasi Roziya ayamga: “Kelinoyi, siz hamma narsani bilasiz. Mana bu narsani qanday qilsam bo‘lar ekan-a…”, deb doim maslahat so‘rarkan.
U kishi: “Salomatoy, xafa bo‘lmasangiz, mayli, o‘rgataman”, der ekan. Ikki ovsin opa-singildek nihoyatda ahil-inoq bo‘lishgan ekan.
Ayam qaynonasi Oydinoy bivimiz juda oqila, o‘ktam, gapini o‘tkazadigan ayol bo‘lganini aytardi. 1917-yilda Abduvohid bobomni Soliyaxon ammamning turmush o‘rtog‘i bilan birga bosqinchilar o‘ldirib ketishgan ekan. Dadam o‘shanda buvimning qo‘llarida qirq kunlik chaqaloq bo‘lgan, ammam ham to‘rt nafar jo‘jabirday farzandi bilan beva qolgan.

Erkin Vohidov tarbiya ko‘rgan xonadon sohiblari Mahbuba va Karim Sohibayevlar
Roziyaxon ayam, o‘zimning ayam, dadam Qo‘qon pedtexnikumini bitirib, maktabda boshlang‘ich sinflarga dars berishgan. Erkin akamning dadasi Cho‘yanboy amakim partorg bo‘lib ishlagan. Cho‘yanboy amakim pedtexnikumni bitirib kelib, dastlab u kishi ham maktabda dars bergan. Tashabbuskorligi, ishga puxtaligini ko‘rgan yuqori tashkilot vakillari amakimni raykomga partorglik lavozimiga tayinlashgan.
Urush boshlangach, ayam selsovetda sekretar bo‘lib ishlagan. Cho‘yanboy amakim boshiga o‘q tegib, shuning asorati tufayli urushdan qaytgach, 1944-yilda oilasi bilan birga Toshkentga davolanish uchun kelgan. Erkin akamning tog‘asi Karimboy Saxiboyev Cho‘yanboy amakim bilan qalin do‘st edi. Amakim va Roziyaxon ayam ularning xonadonida yashashgan. Boshga qadalgan oskolkani olishning iloji bo‘lmay, amakimning dardi og‘irlashib Toshkentda vafot etgan. Shu bo‘yi Roziyaxon ayam Erkin akam bilan Toshkentda qolib ketgan. Erkin aka bolaligining ushbu paytlarini “Quyosh maskani” dostonida shunday eslaydi:
Hali yetti yoshga to‘lib-to‘lmasdan,
Onamdan ham qonib eshitmay ertak.
Otamning mehriga to‘yib-to‘ymasdan,
Qo‘sha judolikni ko‘ribdi yurak…
Lekin taqdirimdan norozi bo‘lsam,
Yolg‘iz o‘sdim desam yo‘q zarra haqqim.
Ona bo‘lib meni quchdi-yu o‘lkam,
Ota bo‘lib boshim siladi xalqim.
Jigar bo‘lib boqdi menga mushfiq ko‘z,
Necha do‘st-yor topdim, necha birodar,
Esim tanib, menga
Tog‘a” degan so‘z
Ota” degan so‘zga bo‘ldi barobar.
Uning mehri ila
Umr irmog‘im
Quyildi kattakon hayot nahriga.
Qoldi Oltiariq –
Ota qishlog‘im,
Ona shahrim Toshkent oldi bag‘riga.
Cho‘yanboy amakimning vafotidan so‘ng ham bordi-keldi aloqalarimiz yo‘qolmagan. Toshkentga kelganimizda, albatta Karimboy Saxiboyev xonadoniga Roziyaxon ayam va Erkin akamni ko‘rgani borardik. Biz oilada yetti farzand (5 qiz, 2 o‘g‘il) bo‘lganmiz. Erkin aka Gulchehra kelinoyimga uylanib, alohida uy-joy qilib chiqishgach, bordi-keldi aloqalarimiz yana ham mustahkamlandi. Kelinoyim xonadonlariga mehmon bo‘lib borganimizda, doim ochiq chehra bilan samimiy kutib olardi.
1967-yilda Toshkentga filologiya yo‘nalishiga o‘qishga keldim. O‘sha paytda Erkin akamning xonadonida yashadim. Gulchehra kelinoyim go‘zal va xushsurat, nihoyatda orasta, sarishta, dono, xushmuomala ayol edi. U kishidan ko‘p narsa o‘rganganman. Muhammadjon aka bilan turmush qurishimga ham Gulchehra kelinoyim sabab bo‘lgan. ToshDUning kechki bo‘limida o‘qirdim. Muhammadjon aka bizga fors tilidan dars o‘tardi. Negadir, bir necha kun u kishi orqamdan izma-iz kelayotganini payqadim. Bu domla aqldan ozganmi, deya nega orqamdan poylayotganini so‘radim. U kishi:
– Poylayotganim yo‘q, shu yaqin atrofdagi ko‘chada turaman, – dedi.
– Qaysi ko‘cha ekan? – deb qiziqdim.
– Konfet fabrikasining orqasidagi Uriskiy ko‘chasida turaman.
Uyga kelib voqeani kelinoyimga aytib bersam, u kishi: “Ra’noxon, domlangiz sizni yaxshi ko‘rib qolibdi. Uriskiy mahallamiz yaqinidagi ko‘cha emas, shaharning narigi burchagi tomonlardagi ko‘cha”, dedi. Domla har kuni orqamdan kuzatib yurardi. Kelinoyimga: “Anavi, jinni orqamdan hech qolmaydi-ya!” desam, “Ra’noxon, jinnilarni o‘qituvchilikka olishmaydi”, dedi. Bir kuni yana orqamdan ergashib kelganida, darvoza ochiq ekan, kelinoyim: “Keling-keling”, deb kutib olsa, bu kishi ham indamaygina hovlidagi stulga kelib o‘tirib oldi. “Voy!” deganimcha qoldim. Kelinoyim Muhammadjon aka bilan suhbatlashib, meni osh tayyorlashga unnatdi. Osh yeb bo‘lingach, Muhammadjon aka ketdi va kelinoyim “Yomon bolaga o‘xshamayapti”, degan fikrni bildirdi. Erkin akam ham u kishi bilan suhbatlashgach, mashhur olim Shoislom Shomuhammedovdan surishtirdi va dadamga kuyovlikka nomzod sifatida tavsiya etdi. Shunday qilib, biz oila qurdik.
Turmush o‘rtog‘im Leningradga aspiranturaga o‘qishga kirib, ilmiy ish yoqladi. Ancha yillardan beri Sharqshunoslik universitetida dars beradi. Muhammadjon aka Imomnazarov filologiya fanlari doktori, tarixchi, professor. Asosan, Alisher Navoiy davri adabiyoti, o‘rta asrlar tarixi va klassik adabiyot tahlili bilan shug‘ullangan, tadqiqotlarida Sharq mumtoz adabiyoti va tasavvuf ilmi keng yoritilgan.
Erkin akam Gulchehra kelinoyim bilan qo‘sh qanot bo‘lib, bir-birlarini ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab baxtiyor yashashdi. Aqlli va o‘qimishli to‘rt farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi, nabira-evaralar ko‘rishdi. Oxiratlari obod bo‘lsin.
Ra’noxon VOHIDOVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-iyuldagi 29-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



