Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.07.2026 | 10:43

img1276

BULBUL SUKUTI

– Nimaga yig‘layapsan?

Dabdurustdan berilgan bu savol ulkan bog‘ning chekka bir burchagida, ovloq joydagi kursi chetida omonatgina o‘tirgan qizni seskantirib yubordi. Uning qovoqlari shishib, ko‘zlari qizarib ketgan edi.

– O‘zim… – dedi qiz ovoz kelgan tarafga umidvorlik bilan o‘girilib, hiqillagancha.

Qarshisida barmoqlarida bir dona qirmiz gulg‘uncha ushlab olgan, o‘zini dadil ko‘rsatishga urinayotgan xushbichimgina yigit ko‘ziga juda issiq ko‘rindi. Ammo harchand urinmasin, baribir, taniy olmadi.

– Odam o‘zicha yig‘lamaydi-yu, – yigit unga yanada yaqinlashib, qo‘lidagi gulg‘unchani tinimsiz u yoqdan bu yoqqa aylantirgancha, gapga gap uladi.

– Nimaga yig‘laydi unda?..

– Bilmadim. Buni sendan so‘rash kerak! – dedi yigit hayajonini yashirish uchun zo‘raki kulimsirab.

– Nimam kulgili?! – chimrildi qiz. – Odam yig‘lasa ham birov kuladimi?.. – U shunday deb yana hiqillay boshladi.

– Yig‘lama! Nimaga yig‘laysan? – qizning ko‘z yoshlarini ko‘rib, sarosimaga tushdi yigit.

– O‘zim!..

– Jinnimisan yoki?.. – yigit toqati toq bo‘lib, ovozini biroz balandlatdi.

– Yo‘q.

– Unda gapir, nima bo‘ldi?

– Nima foyda… – xo‘rsindi qiz. – Baribir hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi.

– Foyda uchun yig‘layotgan bo‘lsang, to‘yguningcha yig‘layver, – dedi yigit piching bilan. Ammo ichida qizga achinsa-da, zardali ohangda: – Hiqillab o‘tiraver. Ko‘p yig‘lasang, ko‘zlaring qorayadi, – deb qo‘shimcha qildi.

– Kim aytgan buni?! – qiz o‘zini masxara qilinayotgandek sezib, asabiylashdi.

– Xalq og‘zaki ijodidan. Sen chalg‘ima, davom etaver. Yig‘la, yig‘layver…

– Yig‘laydigan ahmoq yo‘q! – qiz zarda aralash kaftining orqasi bilan yonoqlarini arta boshladi.

Yigit cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, uzatdi. Qiz indamay oldi-da, qatini ochib, yuziga bosdi.

– Endi yig‘lamaysanmi? – so‘radi yigit uning yoniga o‘tirayotib, past ovozda, erkalagandek.

– Yig‘lab bo‘ldim, – dedi qiz ham mayin jilmayib.

– Yaxshi. Ko‘zing o‘zi qora ekan, – dedi yigit qo‘lida aylanaverib biroz uringan gulg‘unchani unga uzatarkan. – O‘zi bu yerda nima qilib o‘tirganding?

– …

– Mayli, aytging kelmasa, aytmay qo‘ya qol, – dedi yigit hafsalasi qaytganday.

– Baribir tushunmaysiz.

– Kvant fizikasi masalasimi?..

– Sizga qizig‘i yo‘q-ku!

– Nimaga unday deysan? Rosa qiziqdir, balki.

– Siz ham boshqalarga o‘xshab kulyapsiz…

– Kulmadim.

– Kuldingiz.

– Yaxshi, yaxshi. Men bora qolay bo‘lmasa.

– Ketasizmi? – qizning ovozida kutilmagan xavotir sezildi.

– Shunday desa ham bo‘ladi. Har qalay, biroz yupanding, chalg‘iding.

– Meni kuzatib qo‘ymaysizmi?

– Dangalchi ekansan-ku! – yigit kulimsiradi.

– Yigit degani qizga gul bergandan keyin kuzatib qo‘yadi-da, – dedi qiz ishonch bilan boshini ko‘tarib.

– Buni bilmas ekanman.

– Endi bilib oldingiz.

– Xo‘p, mayli, – dedi yigit o‘rnidan qo‘zg‘alib.

– Rozimisiz!? – yana so‘radi qiz, ko‘zlarini tikib. – Faqat siz ham aldamang.

– Iye! Hali seni ko‘pchilik aldaganmi?..

– Shunaqaroq… Hamma aldoqchi, – dedi qiz yuziga og‘ir mung qo‘nib.

So‘ng yigitning oldiga tushib, sekin qadam tashlay boshladi. Yigit indamay uning ortidan ergashdi. “Yurish-turishidan durustgina oilada tarbiya topgani ko‘rinib turibdi… Biroz tantiqroqmikan?” deb o‘yladi u.

Dabdurustdan:

– Aylanmaymizmi? – deb yubordi-yu, yigit o‘z taklifidan o‘zi xijolatga tushdi. Chunki birinchi marta qiz bolaga gap tashlashi edi.

– Qayoqqa boramiz?

– O‘zing nima deysan?

– Charxpalakka chiqaylik! – qiz bolalarcha quvonch bilan chapak chaldi.

– Bo‘pti. Keyin qayiqda suzamiz.

– Xo‘p bo‘ladi. Suvda sayr qilish maza… Lekin ko‘lga tushib ketishdan qo‘rqaman, – dedi qiz biroz junjikib.

Yigit katta ketib qo‘yganidan, cho‘ntagi kasalligidan izza chekib, xavotirga tusha boshladi. Shu orada xayolan vaziyatdan chiqish yo‘lini izlab, qo‘lidagi soatiga qarab oldi.

– Kechgacha hali vaqt bor, – dedi qiz uning harakatini noto‘g‘ri tushunib.

Bog‘ eshigi yonida soatning qadriga yetadigan juhud soatsoz bor. Qulay imkoniyat topsa bo‘lgani – qizni besh-olti daqiqaga yolg‘iz qoldiradi, xolos.

– Sen xavotir olma! – dedi u ko‘zlari mo‘ltirab turgan qizga dadil ohangda.

Charxpalak tomon borisharkan, yo‘l-yo‘lakay muzqaymoq olish uchun to‘xtagan yigitning yengidan qiz tortdi:

– Menga mumkinmas.

– Anginami? – dedi yigit yengil tortib.

Charxpalakka chiqishdi. Eng baland nuqtaga borganda:

– Isming nima? – deb so‘radi qizdan yurak yutib. U ham ko‘p kuttirib o‘tirmay:

– Anora, – dedi beparvogina.

– Chiroyli ism ekan.

– Sizniki-chi?

– Meniki – Botir.

– Juda mos ekan, – deb kuldi qiz qah-qah otib.

– Nimaga kulyapsan?

– Har qalay, umuman cho‘chimaganingizdan bilgan edim botirligingizni.

– Nimadan cho‘chishim kerak edi?

– Qulab tushishdan, – dedi Anora pastga ishora qilib. So‘ng o‘zi qo‘rquvdan biroz qunishib oldi.

Botir ham pastga ko‘z tashladi-yu, beixtiyor yuragi hapriqib ketdi. Ikkovlari ham biroz jim qolishdi. Anora shabada to‘zg‘itgan sochlarini qulog‘i orqasiga yig‘ishga urinib, kutilmaganda past ovozda, mayin xirgoyi boshladi. Ohang Botirga juda tanish, yurakka yaqin edi. Osmoni falaklarda taralayotgan bu so‘zi noaniq tovushlar oqimida u bolalik chog‘larida qolgan unut hidlarni, ranglarni, hatto, ta’mlarni tuyganday bo‘ldi. Marhum oyisining yoqasidan taralgan qalampirmunchoq islari dimog‘iga urilganday ko‘ngli buzilib, ko‘zlariga yosh to‘ldi. Qiz ashulasini to‘xtatmay, ro‘molchani uzatdi. Botir xo‘rsinish bilan mijjalarini artdi:

– Ovozing juda chiroyli… shirin ekan.

Anora indamasdan osmonga tikildi. Oqshomning kulrang pardasi ortida ertaki yulduzlar miltillardi.

– Gapiring, – dedi Anora yulduzlardan ko‘z uzmay.

– Nimani?

– O‘zingiz haqingizda.

– Meni qo‘ya tur. Sen o‘zing to‘g‘ringda gapir, kimsan, nimasan?

– Yaqinda ko‘rasiz. “Bulbulmisan, qumrimisan, namasan?” deng.

– Ko‘rasiz?!.. – taajjublandi Botir.

– Ha! – dedi qiz keskin ohangda. – Faqat keyin qo‘rqib, qochib ketmasangiz bo‘ldi.

– Nimaga qocharkanman? Sen nima… – dedi-yu, Botirning yuragiga noayon g‘ulg‘ula tushdi.

Ular pastga enib, nazoratchi kabina eshigini ochishi bilan Anora sakrab chiqa solib, gavjum odamlar orasiga qarab chopib ketdi. Botir ham beixtiyor unga ergasharkan:

– To‘xta, qayoqqa? – deb baqirdi va ovozini o‘zidan boshqa hech kim eshitmayotganini angladi.

Botir birdan qiz osmonga uchdimi yo yer qa’riga kirdimi, tushuna olmay qoldi. U bir zumda ko‘z o‘ngidan g‘oyib bo‘lgan edi.

Birozdan keyin: “Anora… Anora… Anora!..” degan hayqiriqlar va qarsaklar bog‘ni tutib ketdi. Botirning ro‘parasidagi tomosha sahnasida qo‘lida dutor bilan o‘sha sirli qiz jimgina bosh egib turardi. Botir ko‘zlariga ishonmadi.

Qiz sahna o‘rtasida, oy shu’lasida boshini ko‘tarib, tomoshabinlarga ma’yus termildi.

Xuddi kimnidir izlayotgandek, hayajonli nigohi bilan atrofga birma-bir qarab chiqdi. Botir: “Meni qidiryapti”, deb o‘yladi va odamlar orasidan qo‘llarini baland ko‘tarib, “Shu yerdaman!” degandek ikki-uch marta silkidi. Qiz pinak buzmadi. Aksincha, bir nuqtaga tikilgancha jim turib qoldi. “Meni ko‘rdi”, deb pichirladi yigit.

Shu payt olomon ichidan qiy-chuv ko‘tarildi. Anora ohista dutor chertdi. Kuyga hamohang ravishda yana o‘sha – charxpalakda xirgoyi qilgan – mahzun qo‘shig‘ini ayta boshladi… Shu zahoti atrofga suv quygandek jimjitlik cho‘kdi. Botir negadir o‘zidan xijolat bo‘lib, dovdiragancha atrofga qaradi: ba’zilar ko‘z yoshlarini artib, piqillab yig‘lardi.

Bu qo‘shiq yurakni bunchalar timdalamasa! “Anora, yetar, bas qil!..” deb baqirib yuborgisi keldi uning. Ikki-uch daqiqa oldin shovqin solayotgan olomonning birdan mahzun holga tushib, qo‘shiq ohangiga tebranishi yigitni hayratga soldi.

Birdaniga tomoshabinlar o‘ziga kelib, gulduros qarsaklar bilan shovqin-suron boshlab yuborishdi. Shu damda Botirning xayollari buzilib, o‘ylari chilparchin bo‘lib ketdi. Odamlar orasida nima qilishini bilmay, karaxt bo‘lib qolgandi. Hamma olqishlardi:

– Ano-ora! Ano-ora-aa!! Ano-o-ra!!!

Odamlarga qo‘shilib olqishlashni o‘ziga ep ko‘rmadi. Borib quruq qo‘l bilan tabriklashga esa jur’ati yetmadi. Hayajon ichida olomon orasidan otilib chiqdi. Uni uchratgan o‘sha gulzorga borib, qiyg‘os ochilib yotgan gullardan avaylab bir quchoq terdi. Uzoqroqda gazeta o‘qib o‘tirgan qorovul uni kuzatib turgan ekan. Chol yigitning yoniga kelib, jahl bilan gullarni qo‘lidan tortib oldi. Indamasdan, ularning tikanli shoxchalarini sindira boshladi. “Obbo, – dedi Botir ichida, – aybdormanmi, aybdorman! Nima desa ham chidayman”.

Qorovul gullarni qo‘lidagi gazetasiga o‘rab, chiroyli guldasta yasadi. “Eh, yoshlar-a!” deb ho‘rsinib qo‘ydi-da, yigitga uzatdi. Botir hatto rahmat aytishni ham unutib, shiddat bilan yana ortiga qaytdi. Sahnaning etagiga yetib kelgach taqqa to‘xtadi: Anorani kimlardir qurshovga olib, tergab-koyiyotgan edi. “Pastga tush, betamiz! Hammamizni sharmanda qilding-ku! – deya urishardi ular. – Yana bir marta o‘rtaga chiqsang, otangga oq bo‘lasan!”

Botir tush ko‘rayotganday karaxt borib, guldastani Anoraga tutqazdi. Atrofga xushbo‘y ifor taraldi. Yigit ayni tobda jonini tortiq qilishga ham tayyor edi.

– Rahmat! – dedi Anora, har holda uning lab harakatlari shu so‘zning chamasini berardi.

“Hammasi tugadi, – deb o‘yladi Botir. – Shunday bo‘lgani tuzuk. Endi ajralishsak ham bo‘laveradi”. Quloqlari ostida esa Anoraning charxpalakdagi gaplari jaranglardi.

Ayni paytda go‘yo bu bulbulnafas qizning oldida o‘zi hech kim emasdek tuyuldi.

U odamlar orasidan sekin sirg‘alib chiqib, ravot tomon yurdi. O‘zi istamagan holda qadamlari jadallashdi. Taqdir uni kimga duchor qilganini borgan sari teranroq tushuna boshladi. Qiz – dengiz edi, u – ummon, u – dovul, u – kamalak… Bu moʻjiza uning hayotini ostin-ustin qilib tashlaydi, oyoq-qo‘lini kishanlaydi, yuragini tilkalaydi, kelajagini to‘zg‘itib yuboradi. Ketib borarkan, shuurida ana shunday vohim ko‘lanka izg‘irdi.

Yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Anoraning ro‘parasida yana qanday paydo bo‘lganini sezmay ham qoldi. Anora!.. Xuddi o‘zi! Nafis oyoqlari bilan mayda qadam tashlab, tovus misol sollanib, nozlanib, u tomon mag‘rur kelardi. Oydin kechada uning qora charos ko‘zlari porlab turar, yigitga sirli tikilardi.

– Qochib qolibsiz-da? – qizning ohangida na gina, na kinoya bor edi.

– O‘zing shuni istaganding-ku.

– Boshqa kuylamayman, – dedi qiz aybdorona bosh egib.

– Nima uchun?! Menga juda yoqdi.

– Unda nimaga ketib qoldingiz?

– Bunchalik mashhurligingni bilmagan ekanman-da.

– Unchalik emas…

– Ular kim edi? – so‘radi Botir boyagina sahna ortida guvohi bo‘lgan o‘sha noxush voqeaga ishora qilib.

– So‘ramang… Yana qochdim, – dedi u ham istamaygina.

– Muxlislaring juda ko‘p ekan.

– Ketmang… Yo meni ham o‘zingiz bilan olib keting!..

– Unday qila olmayman.

– Nimaga?!

– Birinchidan, qonun oldida javob berishni istamayman. Ikkinchidan, o‘zing bilasan, bunaqa ishlarni odatlarimiz ko‘tarmaydi.

– Onam ham shunday deydi.

– Qanday?

– Sahnada kuylashim bizning oilaga to‘g‘ri kelmas ekan. Ajdodlarimiz orasidan hech qachon laparchilar chiqmaganmish…

– Kattalar hamisha haq, ular yaxshi bilishadi. Jahl qilma-da, ularning oldiga qayta qol!

– So‘z beraman, agar siz istasangiz, boshqa hech qachon qo‘shiq aytmayman.

– Keyin, baribir, attang qilsang-chi?

– Hech qachon!

Botir u bilan sayr qilib, allamahalgacha gaplashib yurdi. Anora aslida begona emas ekan. Yuqori ko‘chada yashaydigan katta ammasining qo‘shnisi bo‘lib chiqdi. Yigit uni ilgari maktabda ko‘rganman, deb o‘yladi: ko‘zga issiqligi shundan. Qizning aytishicha, yaqinlari – otasi, aka-ukalari, xullas, hamma-hamma uning qo‘shiq aytishiga qarshi ekan. Endi bo‘lsa Botir ham…

U qiz bilan chamasi bir oylar davomida shunday uchrashib yurdi. Odatlariga ko‘ra, bu vaqt ichida bir-birlarini sinashdi. Anora o‘zini sipo, andishali tutib, tobora yigitga yoqib borardi. Eng qizig‘i, u shuncha vaqt ichida biror marta ham san’at haqida gap ochmadi. Gapida turdi. Shundan so‘ng Botir sovchi qo‘ydi. Anoraning ota-onasi rosa hayron bo‘lishibdi. Sababi, sovchilar eshik qoqib, “qo‘shiqchi” qizlarini so‘rab kelishiga ishonishmagan ekan. Hatto ustiga ustak: “Qizimiz dutor chalib, ashula aytadi. Sal qaysarligi, shaddodligi ham bor. Shuni oldindan bilib qo‘yinglar“, deyishibdi. Borgan sovchilar esa: “Hechqisi yo‘q, o‘zimiz yo‘lga solib olamiz”, deb javob qaytarishibdi.

To‘ydan keyin ham Botirning yaqinlari Anoraning biror marta na qo‘shiq aytganini, na dutor chalganini ko‘rishdi. Hatto uning xirgoyisini ham hech kim eshitmadi. Yil o‘tib, qizaloqli bo‘ldi. Chaqaloq xuddi onasining o‘zginasi edi. Hamma xursand, ayniqsa, Anoraning yaqinlari quvonchdan ichiga sig‘masdi.

Urf-odatlarga ko‘ra, chaqaloq uchun dunyoning bor-budini uyib tashlashdi. Lekin Anoraning o‘zi kundan kunga so‘nib, mung‘ayib borardi. Buni avvaliga yangi tug‘gan ayolning holatiga yo‘yishdi, tez orada o‘tib ketar, deb o‘ylashdi. Ammo unday bo‘lmadi.

– Anora, – derdi yalingannamo Botir. – Bolaga alla ayt, jonim, o‘sha charxpalakdagi qo‘shig‘ingni ayt…

Kelinchak alla o‘rniga ro‘moli bilan og‘zini berkitib, silkinib-silkinib, unsiz yig‘lardi.

Bola bir yoshga yetar-yetmas, Anora yotib qoldi. Uning ruhiyatida xavotirli o‘zgarishlar boshlangan edi. Shifokorlar bemorning chuqur iztirob va tushkunlikka tushganini, unga mutlaqo tinchlik kerakligini aytishardi.

Shifoxonaga ikki-uch mahal qatnab, o‘zi ham ruhan toliqqan Botirning ahvoli Anoradan avlo emas edi. Bir kuni palata tokchasiga omonat o‘tirgancha tomdan tarasha tushgandek:

– Kuylaging kelsa, kuylayver, Anora! – dedi ovozi bo‘g‘ilib.

Xotini javob bermay, devorga o‘girilib oldi.

Tashqariga majhul yo‘l olgan kuyov kiraverishda nevarasini yetaklab olgan qaynonasiga duch keldi.

– Shunday bo‘lishini bilgandim. U azaldan noqisul aql edi, – deb ayol biroz yig‘lab oldi.

– Unday emas. Xudo xohlasa, hali o‘tib ketadi, – dedi Botir ishonch bilan uni tinchlantirishga urinib.

– Gapirsam, gap uqmaydi-ya. Xuddi esi pastdek, meni tanimayapti ham. Qanday qiz edi-ya, – deb ayol yana ayyuhannos soldi.

Qaynonasining gaplaridan Botirning ichi og‘ridi, g‘azabi qaynadi. Lekin lom-mim demadi. Ona ham o‘z bolasini shunday malomat qiladimi, axir?! Qaynona yigitning aft-angoridan jahli chiqqanini sezdi shekilli: “Kulchaoyim, kulcha qizim mening”, deya nevarasini alqab, gapni boshqa yoqqa burdi.

Botir qizchasini yetaklab xonaga qaytib kirib borganda, Anora burchakda tizzalarini quchoqlab, qunishib o‘tirardi. Farzandini ko‘rib, kiprik ham qoqmadi: na sevindi, na quchoq ochdi.

Nihoyat, hafsalasi pir bo‘lgan do‘xtirlar uyga javob berishdi.

* * *

Uyda ham ahvoli o‘nglanmagan Anora qizchasi bilan qiy-chuv qilib, quvlashmachoq o‘ynayotgan Botirga hissiz termilib o‘tiraverardi. Bilganlar “Sabrdan sariq oltin!” deb dalda berishar, bilmaganlar esa “Shu jinnini deb yigitning umri xazon bo‘ldi”, deya attang qilishardi.

Botir bir kuni ularning baxtli kunlarini yodga soluvchi qadrdon buyumlarni – bari-barini xotinining atrofiga jamladi. Hatto dutorni ham u yashayotgan xonaga olib kirib, taxmonga ilib qo‘ydi. Erta tongda ilk bor uchrashgan o‘sha gulbog‘ga bordi-da, xuddi birinchi kundagidek bir quchoq gul terib, eski gazetaga chiroyli qilib o‘radi.

Uyiga qaytayotganida, uzoqdan xuddi ancha yillar burun dunyodan o‘tib ketgan buvisining ovozi eshitilgandek bo‘ldi. “Bu ketishda naqd jinni bo‘lib qolaman”, deb o‘yladi yigit xavotirlanib. Yana biroz o‘tib, ovoz onasining tovushiga ham o‘xshab ketdi. Hammasi tanish, hammasi qadrdon… Nihoyat, topdi… Bu Anora edi! U qizchasini allalayotgan edi…

Qadamini tezlatib, hovliga shoshdi. Ostonada opasi to‘sib, to‘xtatdi. Ichkariga kirishga yo‘l bermadi. Ko‘zlarida yosh bilan ukasiga qarab, birdan quchoqlab oldi.

Yigit hammasini tushundi.

– Alla, bolam, alla-yo… Jonim bolam, alla-yo…

Ovoz xuddi ozodlikka talpinib, ko‘ksini qafas simlariga urayotgan qushning nolasiga, shamol yulqiyotgan maysalarning faryodiga o‘xshardi.

– Ayt, Anora! Aytaver! – dedi Botir hayajonini tiya olmay, lablari qaltirab…

Baxtiyor NURIDDIN

“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-iyuldagi 29-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605