Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.07.2026 | 10:39

img1214

KASPIY QIRGʻOQLARIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborovni qabul qilarkan, yuqori martabali mehmon Davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Bu yaqin o‘nkunliklar ichida, bilmadim, nechanchi bordi-keldi, katta-kichik muzokaralar bo‘lsa…

Muhtaram Prezidentimiz dunyo darvozasini keng ochgan ilk pallalardan xalqimizga yaqin oshno, yelkadosh va hamkor bo‘lgan davlatlardan biri, shubhasiz, Ozarbayjon Respublikasidir. Albatta, bu borada tilimiz va dinimiz, tariximiz va adabiyotimiz, maqsad va muddaolarimiz mushtarak ekanini ta’kidlash o‘rinli.

Ammo har ikki tomon fuqarolarining yakdil fikriga ko‘ra, bu samimiy qardoshlik aloqalarida har ikki davlat rahbarining, ayniqsa, Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘ra bilgan qat’iy pozitsiyasi bosh mavqega ega.

Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov bir she’rida “Agar jannat qo‘riqchisining qovog‘i uyuq bo‘lsa, ichkariga oyoq tortmaydi”, deb yozgandi. Biz doim Ozarbayjon deganda chehrasi ochiq, mehmondo‘st va xayrixoh jannatmonand yurt egalarini ko‘z oldimizga keltirib, quvonch-u sog‘inch bilan muborak diydorlariga oshiqamiz.

Safar qiling…

Shu kunlarda kamina ilk bor xorij safariga chiqdim. Ko‘zlagan manzilim qardosh Ozarbayjon poytaxti Boku shahri bo‘ldi. Sayohatsevar yurtdoshlarimiz ko‘pincha Yevropa va boshqa qit’alardagi shaharlarga oshiqadi. Ammo turkiy davlatlar bag‘rida ham shunday manzillar borki, bir ko‘rmagan odam armonda qoladi. Demak, bu safar Bokudan yozaman.

“Safar qiling, salomat bo‘lasiz”, deyiladi hadisda. Bokuning tanlanishi ham bejiz emas. Qardosh Ozarbayjon keyingi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, jonajon O‘zbekistonimiz uchun ham tobora ishonchli hamkor, strategik sherik va ittifoqdosh davlatga aylanib bormoqda. Qolaversa, bu o‘lkada yashovchi xalqning betakror adabiyoti, madaniyati va san’ati, boy o‘tmishi hamisha bizni qiziqtirib kelgan. Bundan tashqari, o‘lkamizga eng yaqin va Orolimizga egiz bo‘lgan Xazar dengizining qirg‘og‘idagi shahar ziyorati manfaatli bo‘lishi tayin edi. Shunday bo‘ldi ham.

Ilk daf’a samolyotda uchish Xazar dengizining qoq markazini temir qushda kesib o‘tganimiz bilan yodda qoldi. Ozarbayjon tuprog‘iga qadam qo‘ygach, Haydar Aliyev aeroportidan chiqib Bokudagi “Icheri shahar” obidasiga jo‘nadim.

Birinchi kun adog‘iga yetib, oqshom cho‘ka boshlaganida, yuz yilliklar kechmishiga guvohlik berib kelayotgan tarixiy qal’a ichidan chiqib, dengiz qirg‘oqlari tomon odimlayotgan edim.

Xazar qirg‘og‘ida “Boku ko‘zi” deb nomlangan yer usti charxpalagi mavjud. Mana shu charxpalakning avj nuqtasida kechki Boku manzaralarini bir qadar yuqoridan tomosha qilish zavqi yurakdan o‘tar ekan, uncha uzoq bo‘lmagan joyda Davlat bayrog‘i maydonida eng baland flagshtok sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan Ozarbayjon bayrog‘i mag‘rur hilpirardi. “Boku ko‘zi”dan tushgach, qadamlar ham o‘z-o‘zidan shu tomon boshladi.

Tarixiy xotirasi uyg‘oq xalq

Agar biror odamdan kimligini so‘rasangiz, shaxsini tasdiqlovchi hujjat – pasportini ko‘rsatishi tabiiy. Agarki, bu savol biror millatga nisbatan yo‘llansa, ular ulug‘ shoir, yozuvchi, olim va boshqa milliy qahramonlarini ko‘rsatadi.

Bokuda millat ziyolilarining yuksak maqomda hurmat qilinishiga shohid bo‘ldim. Har uch ko‘chaning birida shoir yo yozuvchining nomi bilan ataluvchi xiyobonga duch kelasiz. Shaharning g‘arbiy qismidagi qariyb 100-130 yillik qadimiy binolarning har biri madaniy meros obyekti sifatida davlat muhofazasiga olingan. Eshiklar tepasiga yodgorlik lavhlari o‘rnatilib, bu uylarda qaysi yillarda qaysi adib yo olim, san’atkor va davlat arbobi yashagani qayd etilgan.

Ozarbayjon xalqining ana shunday ardoqli farzandlaridan biri Bulbuldir. Bulbul uy-muzeyini tomosha qilar ekanman, Shushada 1897-yilda tug‘ilgan bu ulug‘ san’atkorning serqirra ijodiy faoliyatiga tasannolar aytdim. Bu zahmatkash zot ham aktyor, ham xonanda, ham sozanda, ham musiqashunos sifatida ozarbayjon milliy zamonaviy san’atiga asos solgan ekan.

Muzeyda menga iftixor bag‘ishlagan bir necha eksponat haqida to‘xtalmasam bo‘lmaydi. Bularning biri kompozitor Sulaymon Yudakovning akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulom so‘zi asosida tayyorlagan “Mirzacho‘l” vokal-simfonik syuitasi va Muxtor Ashrafiyning “Gʻunchayi xandonimdan” romansi edi. Ikki xalq do‘stligi o‘tgan asrda ham bardavom bo‘lganining yana bir ifodasi edi bular.

Ozarbayjon davlat akademik milliy drama teatriga borish ham yoddan ko‘tarilmadi. Axir, birinchi professional o‘zbek aktrisasi Ma’suma Qoriyeva Bokudan kelgan teatr truppasi ijrosidagi “Layli va Majnun” spektaklini tomosha qilib, san’atga bo‘lgan ishtiyoq va havasini o‘stirgan edi-da. Teatr repertuarida Parviz Sayidlining Amir Temurga bag‘ishlangan tarixiy-psixologik dramasi ham bor ekan. Afsus, teatrda mavsum yakunlanib, ijodiy jamoa ta’tilga chiqqani uchun spektakl tomoshasidan hozircha benasib qoldim.

Teatr hovlisida Muhammad Fuzuliy haykali o‘rnatilgan. Uning poyida qahramon shoirimiz Erkin Vohidov she’rini o‘qidim:

Yellar, bir daqiqa to‘xtang esishdan,
Sernavo bulbullar, sayramang biroz.
Karbalo dashtida yayov kezishdan
Charchab tin olmoqda Fuzuliy ustoz.
Dengiz, to‘lqinlaring urma qirg‘oqqa,
Shoir o‘ylariga bermagil xalal.
Ustoz yuragida she’r tug‘ilmoqda –
Dunyoga kelmoqda yangi bir g‘azal.

Peshtoqi va devorlariga yodgorlik lavhlari o‘rnatilgan binolar oralab yana Xazar dengizi tomon yurar ekanman, ozarbayjon adabiyotining yirik namoyandasi Nizomiy Ganjaviy xiyobonidan chiqdim. Beixtiyor, Nizomiy haykali qaragan tomonga yuzlanaman: Ozarbayjon Milliy adabiyot muzeyi.

Bizning nainki ozarbayjon, balki butun turkiy dunyo adabiyoti bilan yaqindan tanish bo‘lishimiz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ezgu tashabbusi va oqilona sa’y-harakatlari hosilasidir. Bundan yetti yil avval ayni shu shaharda Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida Davlatimiz rahbari tomonidan tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatda ona tilida nashr etish g‘oyasi ilgari surilgan edi. Mazkur ezgu tashabbus asosida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda mana shu muhtasham adabiy majmua yaratildi va bu keng ko‘lamli, zalvorli badiiy silsila yurtimizdagi har bir kutubxona va ta’lim muassasasiga yetkazildi. Bokudagi adabiyot muzeyi va undagi eksponatlar bilan tanishish davomida “Turkiy adabiyot durdonalari” turkumidan olgan ma’lumotlar juda qo‘l keldi va xayrli ishning boshida turganlardan behad minnatdor bo‘ldim.

Keyingi manzil sari yurar ekanman, diqqatimni tortayotgan matbuot shoxobchalaridan birida to‘xtab, qardosh davlat nashrlari bilan qiziqdim. “Ozarbayjon”, “Xalq gazetasi”, “Yangi Ozarbayjon”, “Turkiston” kabi ijtimoiy-siyosiy gazetalar va “Ozarbayjon”, “Yulduz” kabi adabiy-badiiy jurnallardan xarid qildim.

Bokuda uchta tabarruk qadamjo bor – Shahidlar xiyoboni, Faxriy xiyobon va Ikkinchi Faxriy xiyobon. Shahidlar xiyobonida yurt ozodligi, chegaralar daxlsizligi uchun jonini fido qilgan va mustamlakachilik siyosatining qurboni bo‘lgan qardoshlar nomi yod etiladi. Faxriy xiyobonda ozarbayjon xalqining ardoqli farzandlari mangu qo‘nim topgan. Haydar Aliyev, Nasiba Zeynalova, Bulbul, Samad Vurg‘un, Muslim Magomayev, Voqif Samad o‘g‘li kabi millat fidoyilari qabrini ziyorat qildim.

Gal Ganira Pashayevaga kelgandi. 2023-yilda dardi ulkan shoira, jamoat arbobi, turkiy xalqlarning qadrdon do‘sti, “Ozarbayjon marvaridi” deya e’zoz topgan Ganira xonim Pashayeva vafot etdi. Uning vafotidan o‘n yil oldin – 2013-yilda yozgan vasiyatini o‘qing. O‘shanda bor-yo‘g‘i 38 yoshda edi.

“Medicina” nashrining xabar berishicha, agar shoirada biologik o‘lim holati kuzatilsa va uning a’zolari kimgadir foydali bo‘lsa, u organ donorligi uchun murojaat qilgan va a’zolarini muhtoj bemorlarga topshirishni vasiyat qilgan edi. Adiba bu haqda shaxsan ma’lum qilgan va bu uning dunyoga beradigan so‘nggi foydasi bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Ikkinchi Faxriy xiyobonda yana bir necha yurt fidoyilarini ziyorat qilib, Boku ufqiga botayotgan quyoshni kuzatdim.

Xalq o‘z farzandlarining tabarruk nomi va pok siymosini bu shaklda yod etish orqali o‘zligini asrlardan opichlab olib o‘tib, bus-butun saqlab kelayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Tinchlik qo‘shig‘i

Bokuning sersoya ko‘chalarining birida ketarkanman, yo‘l chetida, devorga suyanib turgan kishi “O‘zbek” deya chaqirdi. Izimga qaytib, salomlashdim. Qalpog‘i ostidan ko‘ziga soya tashlayotgan mosh-guruch tusli o‘sik sochlarini qadoq qo‘li bilan tarar ekan, uniqqan kamzuli yengini shimardi. So‘l qo‘li bilan devorga tayanib, o‘ng qo‘lidagi hassasini tiklab oldi.

– O‘zbeksan-a? Do‘ppingdan tanidim. Bokuga xush kelibsan! Men O‘zbekistonda bo‘lganman. Toshkentda va Samarqandda. Harbiy xizmatga borganimda ko‘rgandim. O‘zbekcha oshni sog‘inganman. “Lazgi” eshitib, raqs tushganman: “So‘yla mag‘an, ey sanam, kimni sevar yorisan?” Juda zo‘r ashula.

O‘zini Ozar deya tanishtirgan bu kishi so‘zlar ekan, muvozanatni yo‘qotishiga bir bahya qolar, ammo tag‘in qaddini o‘nglab olar, duduqlanishi va salomatligidagi nuqsonlardan xijolat tortishi bilan birga, O‘zbekistonga bo‘lgan sog‘inch tuyg‘usi ham shundoq sezilib turardi.

Ozar og‘a o‘zi izoh berdi:

– Menga e’tibor berma, Qorabog‘dan qolgan yodgorlik. Jangda kontuziya olganman…

Mehmonxonaga qaytgach, hofizlarning komili bo‘lmish Komiljon Otaniyozov ijrosida “Lazgi”ni qayta tingladim. Bu safar “Lazgi” o‘ynoqi ohang emas, do‘stlik qo‘shig‘i bo‘lib yangragandek bo‘ldi quloqlarim ostida.

Kaminani shu kabi yo‘lda to‘xtatganlar oz emasdi. Barchasi samimiy munosabatda bo‘lardi. Icheri shaharda ko‘cha konsertini namoyish etayotgan yosh ijrochilar guruhi iltimosimga yo‘q demay, “Sari gelin”ni chalib berdilar; qahvaxonada ozarbayjon odatiga ko‘ra choy ichish tadorigini ko‘rayotganimda, qo‘shni stoldagi ayollar pahlava bilan mehmon qildi; Ozarbayjon Yozarlar birligi matbuot xizmati rahbari, shoir Xayol Rizo xonasida Nizomiy Ganjaviy bilan bir qatorda Alisher Navoiyning ham suratini ko‘rib, qaddim g‘oz bo‘ldi; Ozarbayjon Milliy kutubxonasida nodir adabiyotlar bo‘limi mudirasi Saida xonim Navoiy bobomiz haqida to‘lqinlanib gapirib, buyuk o‘zbek shoirining noyob asarlari qo‘lyozmalari nusxalarini, shohona nashr etilgan Mirzo Ulug‘bekning “Zij” va “O‘zbekiston madaniy yodgorliklari” to‘plamlarini maqtanib, iftixor bilan ko‘rsatdi; Nizomiy maydoni yaqinidagi avtoturargohda kirakash yigit Yulduz Usmonova qo‘shiqlarini sevib tinglashini bildirdi…

Barhayot Navoiy

Bokudagi shoh ko‘chalardan biri “Ozodlik” deb ataladi va bu ko‘chadagi mo‘jaz bog‘da buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning haykali qad rostlab turibdi.

Bobomizning butun insoniyatga vasiyat o‘laroq yozilgan ruboiysi bor:

Kamol et kasbkim, olam uyidin
Sanga farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq.
Jahondin notamom o‘tmak biaynih
Erur hammomdin nopok chiqmoq.

Shu ma’noda, Ozarbayjon poytaxtiga kelib, Navoiy haykalini ziyorat qilmaslik, mazkur ruboiyning to‘rtinchi satridagi ish bilan barobar bo‘lardi nazarimda.

Bag‘ri butun Boku

Aeroport bekatigacha metroda borsangiz, ma’qul. Metro bekatidagi nazorat postidan o‘tib, plastik karta orqali to‘lovni amalga oshirish jarayoniga kelgan edim hamki, texnik nosozlik yuzaga keldi.  Navbat hosil qilmaslik va vaziyatga oydinlik kiritish niyatida bir chetga o‘tayotsam, qosh-u kiprigi qora, ko‘zlari Xazarning qadimiy suvidek moviy ayol meni chorladi. Yo‘q, bu metropoliten xodimi emasdi, oddiy yo‘lovchilarning biri edi. Qo‘lidagi kartasini ko‘rsatib, metroga kirishga imo qildi. Qardosh jondosh-da…

Qalbda ona Vatan sog‘inchi, ammo yana Boku ziyorati istagi bilan aeroportga yetib keldim. Ortda esa Samad Vurg‘un she’ri yangrab qolgandek edi:

Xayolimda saflanadi yangi satrlar,
Qalam tinmas, asta-sekin qog‘oz to‘ladi.
Saf-saf o‘tar baxt yaratgan mardlar, botirlar,
Butun Boku yuragimda bir she’r bo‘ladi.

Otabek ISROILOV

Toshkent – Boku – Toshkent.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-iyuldagi 30-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600