Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.08.2026 | 12:43

img875

ILM-FANIMIZNING YANGI YO‘LI

Hammasi 2016-yil 30-dekabr kuni – yil oxirining eng band, eng tig‘iz kunlaridan birida – akademiklar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan boshlandi. Yangi yil arafasida, barcha o‘z oilaviy va rasmiy ishlari bilan band bo‘lgan bir paytda, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z jadvalidan besh-olti soatni ajratib, mamlakatimiz akademiklari bilan bevosita uchrashdi. Suhbat mavzusi yengil emasdi: o‘sha paytda Fanlar akademiyasi og‘ir ahvolda edi, ilm-fan tizimi o‘z yo‘nalishini yo‘qotgan, ko‘plab olimlar o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqara olmayotgan edi.

Prezidentimiz har bir akademikning fikr va taklifini sabr bilan oxirigacha tingladi. Suhbat yakunida to‘liq qanoatlanmagani sezilib tursa-da, qat’iy xulosa qildi: ilm-fan ekotizimini, albatta, tiklash kerak, chunki bizda o‘rta asrlardan buyon davom etib kelayotgan buyuk olimlar – Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek kabi allomalar merosi bor va bu meros bugungi avlodni ham shunga munosib ishlarga da’vat etadi.

Aynan shu kundan – oddiy ma’muriy buyruqdan emas, balki bildirilgan chuqur ishonch va mas’uliyatdan – O‘zbekiston ilm-fanining yangi yo‘li boshlandi.

Mustahkam poydevor

Oradan o‘tgan yillarni sanab o‘tish mumkin, ammo raqamlar ortida turgan ma’no muhimroq. 2017-yilda, ya’ni, o‘sha muhim uchrashuvdan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qayta jonlantirildi. Prezidentimizning akademiya tarkibidan chiqarib yuborilgan qator institutlarni qaytarib, moddiy-texnik bazasini tiklash bo‘yicha maxsus qarori qabul qilindi, sohaga katta mablag‘ ajratildi.

2017-yil kuziga kelib, mamlakat tarixida birinchi marta ilm-fan va innovatsiya masalalari bilan maxsus shug‘ullanadigan Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Qisqa uch yillikka mo‘ljallangan Innovatsion rivojlanish strategiyasi qabul qilinib, asosiy qadamlar aniq belgilab olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, 2017–2021-yillar davomida ilm-fan rivoji yo‘nalishida zarur poydevorlar barpo etildi. “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi va “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi tarixiy qonunlar qabul qilindi, “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Ilm-fan va innovatsion rivojlanishni sarhisob qilish maqsadida Milliy ma’ruza qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Ana shunday ochiq tahlilli Milliy ma’ruzaning 2017–2021-yillar sarhisobi chop etildi.

2022-yilda esa Jahon bankining “O‘zbekiston milliy innovatsiya tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tayyorlangan Milliy ma’ruzada birinchi marta butun ekotizim – davlat boshqaruvi, ta’lim va kadrlar tayyorlash, bilim va g‘oya yaratish, moliyalashtirish, infratuzilma va tijoratlashtirish, ilm-fan madaniyati kabi olti yo‘nalish bo‘yicha batafsil xaritaga tushirildi. Aynan shu hisobotda biz o‘zimizga nisbatan xolis bo‘ldik: ilm-fan va biznes o‘rtasidagi aloqa zaif ekanini, innovatsiya faoliyatining asosiy qismi Toshkentda to‘planib qolganini ochiq tan oldik. Bu – maqtanish uchun emas, tuzatish uchun yozilgan hisobot edi.

2023-yilda esa boshqaruv mustahkamlandi: Innovatsion rivojlanish vazirligi Oliy ta’lim vazirligi bilan birlashtirilib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etildi. Maqsad aniq – ta’lim, ilm va innovatsiyani bir nuqtaga to‘plab, uni milliy ustuvor vazifa sifatida saqlab qolishdan iborat edi. Ushbu jarayonning ichida bo‘lgan, bu ishlarda qatnashgan ko‘plab mutaxassislardan biri sifatida shuni ayta olamanki, bu oson yo‘l bo‘lmadi, ammo bekor ham ketmadi.

To‘qqiz yil davomida amalga oshirilgan ishlarni bir so‘z bilan ta’riflash mumkin: poydevor. Qonunlar, institutlar, strategik-reja, birlashgan boshqaruv – bularning hammasi ko‘zga unchalik tashlanmaydigan, ammo ustiga mustahkam bino qurilishi kerak bo‘lgan asos edi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, dunyoda boshqa davlatlar ham shunga o‘xshash islohotlarni boshlagan. Ba’zi qo‘shni mamlakatlarda o‘n yildan ortiq davom etgan islohotlarga, yangi vazirliklar va dasturlarga qaramay, Global innovatsiya indeksidagi o‘rin deyarli o‘zgarmay qolgani, yuqori texnologik eksport ulushi esa yillar davomida pasayib borganini kuzatish mumkin. Ilmiy maqolalar soni sezilarli oshgan bo‘lsa-da, aksincha, ularga oid iqtiboslar soni pasaygan, patent arizalari esa o‘n yilga yaqin deyarli bir joyda turgan. Sababi oddiy: yangi qonunlar va tashkilotlar eski, o‘zgarmagan tizim ustiga shunchaki qo‘yib qo‘yilgan, oliy ta’lim, biznes va davlat o‘rtasidagi hamkorlik esa ko‘pincha forum va memorandumlar darajasida qolib ketgan – natijada islohot faqat qog‘ozga yopishtirilgan, boshqacha aytganda, atrofda “innovatsiyasiz innovatsiya” tushunchasi shakllanishiga olib kelgandi.

O‘zbekiston boshqa yo‘ldan bordi. Biz tizimni shunchaki “yangilash” emas, uni haqiqatan ham boshidan qayta qurishga intildik: eski tuzilma ustiga yangi vazirlik joylashtirish bilan cheklanmadik, balki avval mustaqil, keyin ta’lim tizimi bilan chuqur birlashtirilgan, o‘z faoliyatini doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqadigan yangi institutsional mantiq yaratdik.

Eng muhim natijalar

To‘qqiz yillik ishning natijasini faqat so‘z bilan emas, raqam bilan ham ko‘rsatish mumkin va bu raqamlar uchala Milliy ma’ruza hisobotida aniq qayd etilgan.

Birinchidan, olimlar soni va sifati o‘sdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har bir million aholiga to‘g‘ri keladigan tadqiqotchilar soni 2020-yilda 876 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 1002 kishiga yetdi – ya’ni, birinchi marta ming kishilik chegaradan o‘tdi. Falsafa doktorlari (PhD) soni deyarli ikki barobar oshdi. Bu – o‘rta daromadli davlatlar darajasiga yaqinlashish degani, garchi rivojlangan davlatlar (masalan, Janubiy Koreyada bu ko‘rsatkich 7980 kishini tashkil etadi) bilan hali katta farq saqlanib qolsa-da.

Ikkinchidan, mamlakatimiz Global innovatsiya indeksida sezilarli o‘sish ko‘rsatdi: 2015-yilda 141 davlat orasida 122-o‘rinda turgan O‘zbekiston 2025-yilga kelib 79-o‘ringa ko‘tarildi. Lekin bu yerdagi eng muhim jihat faqat o‘rin emas. Jahon intellektual mulk tashkiloti O‘zbekistonni to‘rt yil ketma-ket “overperformer” – ya’ni, mamlakatning iqtisodiy darajasiga nisbatan kutilganidan ancha yaxshi natija ko‘rsatayotgan davlat deb tan oldi. Boshqacha aytganda, biz faqat boyligimizdan emas, aql-zakovatimizdan foydalanib yutuqlarga erishmoqdamiz.

Uchinchidan, yuqorida aytilgan ikki qonun va “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” orqali mamlakatda birinchi marta ilm-fan va innovatsiya uchun yaxlit huquqiy negiz yaratildi. Bu – ko‘rinmas, lekin juda muhim natija: endi har bir keyingi qaror shu negizga tayanadi.

Mas’uliyatli bosqich

Bilamizki, poydevor – hali imorat degani emas. Bugun biz balki eng mas’uliyatli bosqichga kirmoqdamiz: to‘qqiz yil davomida yaratilgan qonunlar, institutlar, infratuzilma va boshqaruv tizimi endi amaliyotga aylanishi, kundalik foyda berishi kerak. Boshqaruv ancha integratsiyalashgan va mustahkamlangan – ammo bu yo‘l hali tugamagan. Aksincha, aynan shu bosqichda yana ham ko‘proq e’tibor, sabr va mablag‘ talab etiladi, chunki endi vazifa faqat qonun qabul qilish yoki institut tuzish emas, balki o‘sha qonun, o‘sha institut, o‘sha infratuzilmani fermer, olim, tadbirkor va oddiy fuqaroning kundalik hayotida ishlatib ko‘rsatishdir.

Bu yerda men gazeta o‘quvchilaridan hech narsani yashirmoqchi emasman: 2022-yilgi Milliy ma’ruza hisobotda o‘zimiz yozgan muammolar – ilm-fan va biznes o‘rtasidagi zaif aloqa, tadqiqotlarni tijoratlashtirish mexanizmlarining yetishmasligi, Toshkentdan tashqarida ilmiy faoliyatning sustligi – bular haligacha to‘liq hal bo‘lgani yo‘q. Shuni ham ochiq aytish kerak: ilm-fanga ajratilayotgan mablag‘ yalpi ichki mahsulotning 0,14 foizidan oshmaydi, dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 2,63 foizni tashkil etadi – ya’ni, bizdan 15-20 barobar yuqori. Bu – zaiflik belgisi emas, balki nimaga ko‘proq e’tibor berish kerakligining aniq ko‘rsatkichidir: poydevor qurib bo‘lindi, endi uning ustiga imorat qurmoq, ya’ni, amaliy natija, foyda va ishonchga erishmoq zarur, degani.

Kelajakka bog‘liq vazifa

Endi kelajakka nazar tashlaylik. Har yili mamlakatimizda deyarli bir millionga yaqin chaqaloq dunyoga kelmoqda, aholimizning uchdan bir qismiga yaqini esa o‘n besh yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlardan iborat. Bu – oddiy demografik raqam emas, bu – kelajak o‘n yillikda qanday jamiyat qurishimizga bog‘liq masala.

Shu yoshlar uchun biz nima tayyorlab qo‘yyapmiz? Agar ular faqat imtihon topshirish, diplom olish va ish qidirishni o‘rgansa, biz katta imkoniyatni boy beramiz. Agar ular maktabdanoq ilm, tajriba va tadbirkorlik ruhida tarbiyalansa, ularning har biri kelajakda olim, fermer-innovator yoki startap asoschisi bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekiston endi faqat mamlakat ichida emas, mintaqada ham mas’uliyatni zimmasiga olmoqda. 1993-yilda Orol dengizini saqlash xalqaro jamg‘armasiga asos solgan davlatlardan biri sifatida O‘zbekiston 2027–2029-yillarda bu jamg‘armaga uchinchi marta raislik qiladi. Suv, iqlim, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamli boshqaruv kabi masalalarni faqat milliy emas, mintaqaviy miqyosda hal qilish – bu bizning oldimizdagi navbatdagi katta vazifa.

Reytingdan ekotizimga, ekotizimdan kelajakka

To‘qqiz yil oldin mamlakatimiz oldida savol turardi: ilm-fan nima uchun ko‘rinmaydi? Bugun savol boshqacha: ilm-fan kimga xizmat qilmoqda? Ilm-fan quyi qatlamgacha yetib borib, nazariyadan ishonchga, yoshlar uchun kelajakka qo‘yilgan qadamga aylanishi shart.

Biz, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari o‘z ilmimiz bilan nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizni rivojlantirishga ham mas’ulmiz. Shunda ilm-fandagi peshqadamligimiz milliy yutuq emas, umumiy taraqqiyotga aylanadi hamda dunyo uchun namuna darajasiga ko‘tariladi.

Davlatimiz rahbari ilm-fanga, yoshlarga va kelajakka qat’iy ishongan holda belgilab bergan marralarga hali yetganimiz yo‘q. Bu marra sari davom etayotgan yo‘limiz hozir yangi, yanada kengroq va chuqurroq bosqichga kirmoqda.

Imkoniyat bilim bilan uyg‘unlashsa…

Bu maqolani turli kasb, turli yosh va turli qarashdagi odamlar o‘qishini hisobga olib, quyidagicha murojaat qilishni ma’qul topdim.

O‘tgan to‘qqiz yillik davr – Prezidentimiz rahbarligida butun davlat tizimi yo‘nalishi qanday o‘zgarganining isboti. Endi har bir vazirlik, har bir hokimlik o‘z sohasida ilm-fan va innovatsiyani qo‘shimcha emas, asosiy vosita sifatida ko‘rishi kerak. Ilm-fan va ta’lim jamoasiga: siz yaratgan har bir maqola, har bir patent, har bir tarbiyalangan talaba – bu milliy boylik, deb uqtirmoqchiman, bu yo‘ldan aslo to‘xtamang. Lekin bu bilim qayerda, kimning hayotida ishladi, degan savolni o‘zimizga muttasil berishimiz kerak.

Yoshlar va yosh tadbirkorlarga yuzlanib, xalqaro reytinglarda ko‘tarilishimiz har biringizga imkoniyat yaratish uchun xizmat qilsin, deyman. Startap, laboratoriya, fermer xo‘jaligi – barchasi sizning g‘oyalaringizni kutmoqda. Sizlardagi ishtiyoq, intilish va bunyodkorlik tashabbuslari juda muhim omil. Ilm-fanga, innovatsiyalarga, ta’limga ajratilayotgan har bir so‘m – xarajat emas, uzoq muddatli investitsiya, qachonki, ular sizning kuchingiz va bilimingiz bilan uyg‘unlashsa. Yuqorida keltirilgan raqamlar, o‘sib borayotgan tadqiqotchilar soni, ko‘tarilayotgan reyting, bularning barchasi sizga, albatta, qanot bo‘ladi.

Ibrohim ABDURAHMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik

“Jadid” gazetasining 2026-yil 14-avgustdagi 33-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605