Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.08.2026 | 15:07

img1068

UMR SAODATI

O‘zbekiston sud-huquq tizimi darg‘alaridan biri Halima Muhitdinova (1916–1984) xotirasiga bag‘ishlanadi.

Yaqin tariximizning eng og‘ir va murakkab davrida O‘zbekiston Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari, Adliya vaziri o‘rinbosari, Oliy sud raisi singari yuksak mansab va martabalarga erishgan Halima Muhitdinova butun umri va faoliyatini jafokash xalqning hayotida imkon qadar adolat ustuvor bo‘lishiga bag‘ishlagan, deyish mumkin.

Hayot kitobini varaqlar ekansiz, bu millatparvar ayolning nafaqat yuqori lavozimlardagi tashkilotchilik salohiyatiga, balki qaltis va tahlikali sharoitda ko‘rsatgan yuksak insoniylik fazilatlariga ham guvoh bo‘lasiz.

Davlatimiz rahbari sud tizimida kechayotgan islohotlar samaradorligini oshirish shaffoflik, halollik va adolat muhitiga bog‘liqligini ta’kidlab, bu borada malakali kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu ma’noda, xalq orasida “haqiqat posboni” nomini olgan huquqshunos Halima Muhitdinovaning hayot yo‘li ibratlidir.

Iste’dodli shoir Salim Ashur qalamiga mansub doston-poemada Halima ayaning o‘z xalqiga bo‘lgan cheksiz muhabbati va fidoyiligi badiiy yo‘sinda ochib beriladi.

Dunyo ajdar kabi to‘lg‘ongan chog‘da,
Temir iskanjada qolganda Vatan,
Yigit-qizlar kirdi metin saflarga,
Kurashga kirdilar – bir jon-u bir tan.

Millat yelkasiga oftob tegsin deb,
Millat ko‘kragini ko‘tarsin deya,
Millat huquqini anglatdi ular,
Maqsaddan chekinmay biror soniya.

Ular qatorida bir otashyurak
Qiz bor, lekin ko‘pga ma’lum emas u.
Xalqning og‘irini yengil qilmoqchi,
Halima bo‘lsa ham halim emas u.

O‘qib-o‘rganish va puxta tajriba
Yosh o‘zbek qizining kamoli bo‘ldi.
Sud-huquq tizimi zahmatlarida
Vatan manfaati a’moli bo‘ldi.

Ishni boshlar ekan, qarshi to‘lqinlar
Po‘latdek tobladi uning fe’lini.
Hayot ummon bo‘lsa, kurashga kirdi
Baxtiyor ko‘ray deb yurt-u elini.

…O‘ttizinchi yillar oxiri edi,
Asriy Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda
Kutib olib minglab cho‘lquvarlarni,
Tashkilotchi bo‘ldi shu qiyin ishda.

Yozda kaftdek soya, qishda cho‘p, o‘tin,
Tunda chiroq, kunduz tashnaga suv yo‘q.
Yo‘qni yo‘ndirguvchi Halima bilan
Mehnatkash qavmning ko‘ngli bo‘ldi to‘q.

…Insonlik huquqi, axloq huquqi,
Yaxshilik huquqi – hidoyat bo‘ldi.
Nokaslar nohaqdan bosh ko‘tarsa gar,
Adolat – eng oliy qadriyat bo‘ldi.

Sevib tanlagani behalovat ish,
Biladi so‘z cho‘g‘in kim aytishini.
Kech qolsa, ko‘chada kutadi ona,
Qizin to‘rt muchasi sog‘ qaytishini.

…O‘lkaning tang qolgan go‘shalarida
Kezganda Ikkinchi Jahon urushi
Bolalar, ayollar, qariyalarni
Tahqirlaganida fashist yurishi.

Xudo yorlaqagan tuprog‘imizga
Eshelon-eshelon xor-zorlar keldi.
Onasiz go‘daklar, majruh onalar,
Xo‘rlangan, abgorlar, ozorlar keldi.

Xalqim, sening mehr-u saxovatingga
Ta’zim qilar edi olisda Shimol.
Muhtojlar boshini silagan qo‘llar –
O‘zbek ayollari – Hazrati ayol!

Ayondir – oqibat, xayr-saxovat
Qilinmas hech bitta tilga tarjima.
Halima tug‘ilgan yurt Namanganda…
O‘zbekning timsoli bo‘ldi Halima.

…Erkaklar urushda, bolalar yupun…
Mag‘zini chaqarkan mahzun so‘zlarning,
Shu og‘ir turmushni yengil qilay deb
Yetakchisi bo‘ldi xotin-qizlarning.

Paxtada, g‘allada, poliz, chorvada
Oshdi ayollarning mehnat ulushi.
Shaxs va rahbar bo‘lib toblandi obdon,
Ortdi Halimaning ishi, yumushi.

Tajribali rahbar, tashkilotchi deb
Toshkentga, poytaxtga chaqirildi u.
Oliy idorada faoliyati,
Murod-u orzusi xayrli, ezgu.

Qirq to‘rtinchi yili, urush kunlari
Yana dahshat qo‘pdi, nomi – Jo‘ylangar.
Bartaraf etishga Halima boshliq
Yuzlab mutaxassis bo‘ldi safarbar.

Jo‘ylangar-u Sarmich, Sovot, Changovul…
Olis qishloqlarda tarqaldi vabo.
Har kuni yigirma, o‘ttizdan ortiq
Odamni yamlamay yutar bu balo.

Vazifa, topshiriq va mas’uliyat
Uni shu o‘latning ichiga otdi.
O‘zini o‘ylamay, jonni ayamay,
Odamlar tashvishi, g‘amiga botdi.

Bir tomonda urush, bir yoqda vabo,
El boshiga tushdi chinakam g‘orat.
Qishloqlar huvillab qoldi, aslida
Urushdan kam emas edi bu holat.

Sog‘lom bolalarni olib chiqdi u,
El-elat iqbolin asrab qololdi.
Halima – bir so‘zli, azamat ayol,
Vaziyat tizginin qo‘liga oldi.

Zamon – qahri qattiq, davr-chi, qattol,
Halima yurmadi pana, ko‘lkada.
Bu yuragi katta, oromi kichik
Ayol tanilgandi butun o‘lkada.

Kutib tursa hamki o‘z yumushlari,
Muhimroq deb bildi el tashvishini.
Har qanday ayollik parvarishidan,
Muhimroq bildi yurt parvarishini.

Oqillik, donolik, iqtidor bilan
Boshlagan har ishi kelaverdi o‘ng.
Taqdir ham bearmon siyladi, mana, –
Mansab, lavozimlar, vazifalar cho‘ng.

O‘zining boshqaruv uslubi, ayon
Ko‘rindi rahbarlik qobiliyati.
Oddiy zinalardan yuksak-yuksakka
Olib chiqdi uni ezgu niyati.

U – prokuror, sudya, adliya ishi,
Eng go‘zal insoniy xulq-u fazilat.
Hayot sandonida toblandi rosa,
Ko‘ngli – guldek nozik, iroda – po‘lat.

BMT – jahonning oliy minbari,
Ilk bor olqishladi o‘zbek ayolin.
Dunyo ko‘rdi ulkan ko‘zlari bilan
O‘zbek ayolining shahd-u kamolin.

Diydasi to‘q edi, biror kimsaning
Urvoqcha ko‘rinmas na mol, na zari.
Har qanday odamni turgan yeriga
Mixlab qo‘yar edi o‘tkir nazari.

Bir adolat afzal ming ibodatdan:
Ishondi haq so‘zning qudrat, kuchiga.
Xalqqa xizmat kasbi, sharafi, shoni,
Sodiq qoldi doim vijdon burchiga.

Umr saodatin mehnat deb bilib,
Kamolot ko‘kida ayladi parvoz.
Shogirdparvar bo‘ldi ishda, hayotda,
Shogirdlar dedilar: “Muhtaram ustoz!”

Jinoyat va jazo – qadim dunyoning
Ming yillardan buyon “sodiq” hamrohi.
Bir yoqda Hamzaning faryod-dodi va
Bir yonda Mashrabning tinmagan ohi.

Nur bor yerda soya bor, derlar doim,
Oyning ham o‘n beshi yorug‘, qorong‘u.
Saksoninchi yillar taloto‘pida
Unga ham chang soldi qatag‘on, qayg‘u.

Unga ham chang soldi qabih razolat,
Qabohat uning ham bo‘g‘zidan tutdi.
Davlat oldidagi fidokorona,
Ulkan xizmatini darhol unutdi.

Aslida kir, qonli qo‘llari bilan
Vatanga chang solgan edi istibdod.
Hurriyatga tashna O‘zbekistonning
Qanotin qirqmoqchi bo‘ldilar, hayhot!

“O‘zbek ishi”, “paxta ishi” deb to‘qib,
Qo‘rquvda tutmoqchi bo‘ldilar xalqni.
Nogoh hamla qilgan ajdarga ayol
Qarshi qurol qildi haqiqat, haqni.

Halima ojiza ayol emas, yo‘q,
Mardona turdi u, loyqa suv tindi.
“Desantchi”lar tutgan, qonni qo‘msagan
Dahshatli yovuzlik qilichi sindi.

O‘zbekni kishanda tutmoqchi bo‘lgan
Istibdod zamoni edi u zamon.
O‘lim bu dunyoda yomon emas, yo‘q,
Tobelik dunyoda yomondan yomon!

O‘tgan u kunlari xotira, yodgor,
Yovni tutdi ajri arzi-dodlarning.
Vulqondek uyg‘ondi ruhda nomus, or,
Orzusi ushaldi ne-ne zotlarning.

Erk – Humo qush bo‘lib keldi yurtimga,
Tobelik zanjiri to‘zdi, yo‘qoldi.
Davronlar, zamonlar o‘tdilar, biroq
O‘zbek, O‘zbekiston manguga qoldi!

Istiqlol negizi bo‘ldi diyonat,
Dilga ko‘chdi o‘tmish kalimalari.
Vatanni quyoshdek yoritib turar
O‘zbekning mardona Halimalari.

Bu taqdirdan saboq chiqargil, Inson,
Boq tarixda qolgan o‘chmas iziga,
Tasanno aytaylik, ta’zim qilaylik,
Halima – millatning buyuk qiziga.

O‘zbek ayollari – egachilarim,
Yorug‘ kunlar uchun to‘lagan badal.
Ayolga, Onaga, Yorga va Qizga
Avvalo ko‘ngilda qo‘yaylik haykal!

O‘zbek e’zoz topdi shu zamonamda,
Mustaqillik bergan baxtdan ko‘ngil to‘q.
Bir bo‘lib, birlashib, birgalashaylik!..
“Hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q!”

Salim ASHUR

“Jadid” gazetasining 2026-yil 14-avgustdagi 33-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600