06.06.2024 | 17:50
288
AVLODLARGA IBRAT BO‘LMOQ SAODATI
Soch-soqoli oqargan, hayotning achchiq-chuchugiga rosa to‘ygan, sinovlarning baridan iymoni mustahkamlangan holda o‘tgan kishilardan biri sifatida so‘nggi haftalarda internetning o‘zbek kesimini band qilib kelayotgan shov-shuv bahonasida ayrim fikrlarimni bildirishni lozim topdim. Balki, kimgadir nafi tegib qolar.

O‘zbek afkor ommasini mamlakatning taqdiri yoki Yer yuzida hayotga xavf solayotgan voqealar emas, jamiyat oldida turgan o‘tkir muammolar emas, taniqli shaxslarning mashhurligi sabablari ham emas, faqatgina ularning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq shov-shuvli gaplar ko‘proq qiziqtiradi.
Doim shunday bo‘lganmi? Yo‘q. Jadidlar harakati faollashganda xalqimiz dunyoqarashida kuchli evrilish boshlangan edi. Agar xalqda olomonlik xususiyati hamon g‘olib kelayotgan bo‘lsa, bunga “tish-tirnoqsiz” matbuot va markaziy televideniye kanallarini asosiy sababchi deb bilaman. Do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘raylik, azizlar.
Kapitalizm odamlarni boylik va shon-shuhrat ketidan quvishga undaydi, shunga sharoit yaratadi. Hatto “chopmaysanmi?” deya qamchilaydi. Natijada chindan o‘ta boylar va mashhurlar ko‘payadi. Bu umuman olganda yaxshi. Faqat shuni e’tibordan qochirmaslik lozimki, aynan boylik, qudrat, shon-shuhrat – shaytonni ko‘proq qiziqtiradigan omillardir. Unutmaylikki, boylik bilan shaytonga malaylik qilish ham, Rahmonga intilish ham mumkin. Kuch-qudrat bilan la’nat ham, rahmat ham eshitsa bo‘ladi. Shon-shuhrat bilan avlodlarga ulug‘ ibrat qoldirish yoki aksincha, ular o‘rtasida nizoga sababchi bo‘lish ham mumkin.
Har bir inson boshiga osmon uzilib tushayotgan bo‘lsa ham, nafrati olamni bossa ham, boshqaning onasini haqorat qilmasin. Chunki bu Allohga ma’qul emas, Allohning farishtalari onaga haqoratni haqoratlovchining o‘ziga qaratishini unutmaslik kerak.
Otami yo ona qoldirayotgan moddiy yoki ijodiy merosi katta bo‘lsa, o‘lim kelmasidan burun meros masalasini adolatli hal qilib qo‘ymog‘i lozim.
Boylik, kuch-qudrat, shon-shuhrat sohiblari, unutmangki, bularning baridan ahil, bir-biriga mehr-oqibatli, tirikligida ham, vafot etganidan so‘ng ham ota-ona duosiga, xalqning tasannosiga sazovor bo‘ladigan farzandlar tarbiyalash million marta yaxshiroqdir.
Pedagogikada ham, targ‘ibot-tashviqotda ham, dinda ham ming arava pand-nasihat, quruq gap, chiroyli va’z bir soniyalik ijobiy ibratchalik kuchga ega emas. Aksincha, ibrat salbiy bo‘lsa, pand-nasihat, targ‘ibot-tashviqot-u va’z aks natija beradi – salbiy ibratning kasofatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Internetning “og‘ziga-ku elak” tutib bo‘lmas. Ammo manfaat deya xalqning ma’naviyatiga, yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga putur yetkazayotgan ommaviy axborot vositalarining rahbarlari aslida xalqning dushmanidir.
Bugun farovon yashayotgan xalqlar bunga yo oiladagi tarbiya tufayli (misol: Yaponiya), yo maktab ta’limi tufayli (Finlyandiya), yo kattalarning ibrati tufayli (Shveytsariya), yo davlatning adolat to‘g‘risida qayg‘urishi tufayli (Singapur) erishgan. Oila tarbiya bermasa, maktab ta’lim bermasa, kattalar ijobiy ibrat bermasa, davlat adolat to‘g‘risida qayg‘urmasa, bunday millatning kelajagi voy.
“Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” (Abulla Avloniy). Bugun biz uchun ta’lim-tarbiya sifati yo hayot – yo mamot, dissertatsiya yoqlayotganlar va yoqlatuvchilarning halolligi yo najot – yo halokat, ta’lim tizimi mutasaddilarining halolligi yo saodat – yo falokat masalasidir.
Abdulla A’ZAM
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 17-may | 21-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



