20.08.2026 | 10:39
2320
TARIX VA BUGUN UYG‘UNLIK KASB ETGAN FILM
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan qaroriga muvofiq, joriy yilda buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi bo‘lgan ajdodimiz xotirasiga bag‘ishlangan ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, aprel oyida Ispaniya Qirolligining poytaxti Madrid shahrida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton ssenariysi asosida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, rejissyor Yolqin To‘ychiyev tomonidan suratga olingan “Ulug‘ amir va donna Mariya” nomli yangi tarixiy-badiiy filmning taqdimot marosimi o‘tkazildi. Kartina xorijiy tomoshabinlarning katta qiziqishi va e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Mamlakatimizning Madriddagi elchixonasida ikki davlat kinosan’atkorlarining uchrashuvi ham tashkil etilib, unda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma ijodiy loyihalar ham muhokama qilindi.
Xususan, Amir Temur kabi betakror shaxslarning badiiy siymolarini yaratish orqali yosh avlodni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda ispaniyalik taniqli kinossenarist, rejissyor va prodyuser Alexandro Olivera ham ishtirok etdi.
Quyida uning toshkentlik hamkasblari tomonidan yaratilgan mazkur film haqidagi fikr-mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.

* * *
– Avvalambor, Madriddagi “Palacio de Hielo” kinoteatrida namoyish etilgan “Ulug‘ amir va donna Mariya” filmining premyerasiga taklif qilinganim uchun minnatdorlik bildiraman.
Taqdimot marosimi kinokartinaning yaqqol bo‘rtib turgan badiiy va texnik xususiyatlarini, shuningdek, bunday katta ko‘lamdagi tarixiy voqelikni ekranda jonlantirishdek muhim vazifani amalga oshirgan jamoa mehnatini munosib baholash uchun menga imkoniyat tug‘dirdi.
O‘zbekistonga, uning qadimiy tarixi va qahramonlarini sharaflashga bag‘ishlangan ushbu bayramona kunda o‘z taassurotlarimni asar ijodkorlari hamda o‘zbek jamoatchiligi vakillari bilan o‘rtoqlashish meni, albatta, quvontiradi.
Mazkur fikr-mulohazalardan asosiy maqsad – filmning yutuqlarini e’tirof etgan holda, uning xalqaro ahamiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan alohida jihatlariga e’tibor qaratishdan iborat.
Filmning dramatik qurilishi yagona personaj – Mariya siymosi vositasida ikki davriy qatlamni o‘zaro birlashtiradi. Bu ijodiy topilma o‘z navbatida ssenariy yechimining muvaffaqiyatini ta’minlashga xizmat qiladi. Bunday badiiy usul bosh qahramon bosib o‘tgan olis va mashaqqatli yo‘lga qo‘shimcha ramziy ma’no yuklagan holda, uning vizual jihatdan tiniq, yorqin va jozibador zamonaviy obrazini Samarqand muhiti bilan uzviy bog‘lash imkonini beradi.
Asrlar o‘rtasidagi vaqt evrilishlari film to‘qimasiga tabiiy ravishda singdirib yuborilgan bo‘lib, bu holat uzoq o‘tmish va bugungi hayot voqeligi uyg‘unlik kasb etgan manzaralarda, ayniqsa, to‘laqonli namoyon bo‘ladi, hikoya tarzining konseptual ruhiy-hissiy ko‘lamini yanada kengaytiradi.
Butun film davomida rejissyorning badiiy ifoda yo‘sini va uning botiniy ohangini mahorat bilan boshqara olish iste’dodi yaqqol sezilib turadi. Ekshn-sahnalarning “uzun” planlar yordamida ta’sirchan usulda talqin etilishi rejissyorning murakkab postanovkalar ustasi ekanidan, uning badiiy makonni tasvirlashda aniq-ravshan tafakkur yurita olishi, har bir sahnaning ichki ritmini nozik his qila bilish salohiyatidan dalolat beradi. Boz ustiga, filmning vizual konsepsiyasi qiziqarli shakl-shamoyillardan foydalanish, xususan, shisha va oyna vositasida qahramonlar qiyofasi yoki voqea-hodisalarning takroran aks ettirilishi orqali tasvirning qo‘shimcha talqinlarini yaratishga imkon tug‘diradi.
Xorijiy tomoshabinlar talabi va saviyasi bilan baholaganda, filmning xalqaro aktyorlar tarkibi uni chet ellarda, jumladan, ispan tilli mamlakatlarda keng tarqatish uchun katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
Kartinaning montaj ishlari ham mohirona bajarilganini qayd etish lozim. Filmda “uzun” planlarning uzluksizligi va ularning ichki ruhiyati – botiniy muhiti yetarli darajada yaxshi saqlangan. Bu esa tasviriy barqarorlik va ifodaviy yaxlitlikni ta’minlab, kartinaning butun dramatik tadriji mobaynida tomoshabinning unga bo‘lgan diqqat-e’tiborini bir zum bo‘lsa-da, susaytirmaydi.
Kinofilmdagi vizual effektlar ishonarli chiqqan, bir qator epizodlarda ular kishiga alohida ta’sir ko‘rsatadi. Yildirim Boyazid bilan bo‘lib o‘tgan ulkan muhoraba oldidan piyoda askarlar va suvoriylarni jangga tayyorlash sahnalari shular jumlasidandir. Ushbu lavhalarda qo‘llanilgan raqamli texnologiya unsurlari sodir bo‘layotgan voqealar ko‘lamini epik shaklda ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Asar musiqasi voqealar rivojiga xalal bermasdan, aksincha, uning ma’no-mazmunini badiiy jihatdan to‘ldirishga harakat qilgani va shu tariqa o‘z dramatik vazifasini to‘liq ado etganini ta’kidlash joiz. Faqat ayrim o‘rinlarda epik musiqa imkoniyatlaridan kengroq foydalanish hal qiluvchi epizodlarning hissiy kuchi va tomoshabinga ko‘rsatadigan ta’sirini oshirishi mumkin edi.
Filmning e’tiborga loyiq jihatlaridan yana biri – uning badiiy-tashkiliy postanovka qismi bilan bog‘liq. Rang-barang suratga olish maydonchalari, tarixiy davrga oid manzaralar, libos va rekvizitlarning to‘g‘ri va oqilona tanlangani, ommaviy sahna ishtirokchilarining sa’y-harakatlari uyushqoqlik bilan tashkil etilgani – bularning barchasi yuksak, to‘laqonli vizual olam uchun ishonchli zamin yaratgan. Bu boradagi badiiy yechimlar asarning ko‘lami va miqyosi, loyihaning puxta o‘ylangani, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yganini tasdiqlabgina qolmasdan, filmni xalqaro darajadagi yirik tarixiy postanovkalar qatoriga olib chiqadi.
Mening bu mulohazalarim filmning ilk namoyishidan so‘ng tug‘ilgan fikrlar bo‘lib, ular, albatta, dastlabki taassurotlar mahsuli, xolos. Uni takroran, sinchiklab tomosha qilish esa tahlilni chuqurlashtirish, kartinaning yangi qirralarini kashf etish imkonini berishi shubhasiz.
Muxtasar aytganda, umumiy xulosa ijobiy: salmoqli ishlab chiqarish salohiyatiga tayanib, katta orzu-intilishlar bilan, o‘ziga xos betakror bir uslubda yaratilgan bu asar murakkab audiovizual loyihadir. Shu bois “Ulug‘ amir va donna Mariya” deb nomlangan ushbu ajoyib filmning ijodiy va texnik jamoasini, kartinaning dunyoga kelishiga hissa qo‘shgan O‘zbekiston kinematografiyachilarini chin dildan tabriklash uchun barcha asoslar mavjud.
Alexandro OLIVERA,
kinossenarist, rejissyor va prodyuser
Ispaniya, Madrid
“Jadid” gazetasining 2026-yil 14-avgustdagi 33-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
329



