Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


31.08.2026 | 14:27

img590

DO‘STLIK VA JO‘MARDLIK AYYOMI

“…Kavokib sayrini shab to sahar bedor o‘landan so‘r” deb lutf etgandi buyuk turkiy shoiri Fuzuliy hazratlari. Darhaqiqat, ayni zamonda dunyoda kechayotgan oshkor va gizli evrilishlarni qalb ko‘zi teran, tafakkur charog‘i nurafshon uyg‘oq insonlargina ilg‘aydi. Yurtimizda va tevarak-atrofda ro‘y berayotgan olamshumul yuksalish va o‘zgarishlarni his qilish va qiyosan xulosayi xolis chiqarish uchun teran nigohning o‘zigina kifoya bo‘lmay, idrok yetagidagi insof va shukrona ham joiz. Ulug‘ ayyom arafasida biz kuni kecha ro‘y bergan muhim hodisa – o‘zbek va ozarbayjon qardoshlar hamkorligi misolida yangi tarixiy sahifaga nazar solamiz.

* * *

Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari tarixiy yuksalishni boshdan kechirmoqda. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning ikki muhim davlatlari o‘rtasidagi muloqotlar rasmiy ittifoqchilikdan Abadiy do‘stlik darajasigacha ko‘tarildi. Prezident Ilhom Aliyevning davlat tashrifi davomida imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma va Oliy davlatlararo kengash qarorlari ortida shunchaki siyosiy kelishuvlar emas, balki xalqlarimizning ming yillik orzu-intilishlari, mushtarak kelajakni birgalikda barpo etishdek ezgu orzulari mujassam.

“Abadiy do‘stlik shartnomasi” – bu davlatlarning kelajak avlodlariga tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va xavfsizlikni meros qilib qoldirish haqidagi oliy darajadagi siyosiy va huquqiy va’dasidir. Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonning oliy mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning esa Ozarbayjonning eng yuksak mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlangani bu ikkiqardosh xalqning bir-biriga bo‘lgan samimiy ehtiromi va e’tirofining yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.

Diplomatik amaliyotda davlat tashrifi davlat rahbarining xorijiy tashriflarining eng yuqori shakli bo‘lib, o‘z protokol maqomiga ko‘ra rasmiy va amaliy tashriflar, tranzit safarlar hamda xalqaro sammitlarda ishtirok etish uchun amalga oshiriladigan tashriflardan ustun turadi. Shu kungacha Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida bunday darajadagi davlat tashriflari 2022 va 2024-yillarda bo‘lib o‘tgan edi.

Muloqotlarning bunday tez-tezligi ikki yetakchiga ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi masalalar bo‘yicha muntazam ravishda fikr almashish imkonini beradi. Bu yerda Ilhom Aliyev bir necha bor do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch munosabatlari deb baholagan ikki yetakchi o‘rtasidagi shaxsiy muhit ham muhim ahamiyatga ega. Aynan ushbu doimiy muloqot Boku va Toshkentga strategik sheriklikdan yanada yaqinroq hamkorlik shakliga tezroq o‘tishga imkon bergan omillardan biri bo‘ldi.

Tashrif jiddiy transport-logistika ko‘lamiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston uchun Ozarbayjon Janubiy Kavkazdagi oddiy hamkor emas, aksincha, Kaspiy, Kavkaz, Turkiya va undan keyin Yevropa bozorlariga chiqishning asosiy yo‘llaridan biridir. Ozarbayjon uchun esa O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorlardan biri va O‘rta koridor uchun muhim yuk bazasi manbayi sifatida namoyon bo‘lmoqda. 2024-yildayoq ikki mamlakat o‘rtasidagi tranzit tashishlar 18 foizdan ko‘proqqa o‘sdi. Biroq uzoq muddatli istiqbolda yuklar hajmini oshirish bilan cheklanib qolinmaydi.

Boku Alyat porti quvvatlarini, rivojlangan temir yo‘l tarmog‘ini, muhim transport koridorlarini va g‘arb bozorlariga bevosita chiqish yo‘llarini taklif etayotgan allaqachon shakllangan logistika zanjiri Toshkent uchun o‘z jadal o‘sayotgan iqtisodiyoti yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish nuqtayi nazaridan strategik manfaat kasb etadi.

Toshkent Markaziy Osiyodagi eng yirik aholiga, jadal o‘sayotgan iqtisodiyotga hamda butun mintaqaning asosiy logistika va sanoat markazlaridan biriga, uzoq muddatli istiqbolda esa to‘laqonli o‘rtacha qudratli davlatga aylanish bo‘yicha jiddiy ambitsiyalarga ega.  

Boku esa, o‘z navbatida, ushbu koordinatlar tizimida noyob geografik afzallikka ega bo‘lgan va Markaziy Osiyoning “g‘arbiy darvozasi” kabi strategik rol bajaradigan tabiiy hamkor sifatida maydonga chiqadi.

Ma’lumki, Fuzuliy shahrida O‘zbekistonning qardoshlarcha qo‘llab-quvvatlashi bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi zamonaviy o‘rta maktab qurildi. Bundan tashqari, Xonkendida O‘zbekistonning faol ishtirokida ikki mamlakat yetakchilari shaxsan tashrif buyurgan yirik tikuvchilik fabrikasi allaqachon faoliyat yuritmoqda. Bu loyihalarning biz uchun ahamiyati juda chuqur bo‘lib, iqtisodiy yoki gumanitar funksiya doirasiga sig‘maydi. O‘zbekiston aslida Markaziy Osiyoda Ozarbayjon suverenitetini qayta tiklashga nafaqat diplomatik yordam ko‘rsatgan, balki jabr ko‘rgan hududlarni amaliy qayta tiklashga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi. O‘z navbatida, Ozarbayjon ham O‘zbekiston hududida yirik loyihalarni amalga oshirishda – eng avvalo, sanoatda (shu jumladan, qurilish materiallari ishlab chiqarishga kiritilgan investitsiyalar), energetika sektorida (SOCAR liniyasi bo‘yicha), shuningdek, qurilish va transport infratuzilmasi sohasida faol ishtirok etmoqda. Shu sababli ushbu tashrif davomida investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligi va hamkorlikning mintaqaviy institutsionallashuvi mavzulari alohida o‘rin tutdi.

Ikki qardosh mamlakat barcha masalalarda hamisha bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani fikrchan fuqarolarda faxr-iftixor uyg‘otadi. Bu pozitsiya nafaqat ikki tomonlama munosabatlar uchun muhimdir. Boku va Toshkent xalqaro maydonlarda faol hamkorlik qilmoqda va pozitsiyalari mos keladigan joylarda bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bugungi kunda ikki mamlakat BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda Qo‘shilmaslik harakati doirasida hamkorlik qilmoqda.

Munosabatlarimizdagi siyosiy hamkorlikning yanada kengroq ko‘lami Markaziy Osiyo bilan bog‘liq. Ozarbayjon so‘nggi yillarda mintaqadagi sifat jihatidan barcha davlatlar bilan munosabatlarni izchil mustahkamlab kelmoqda. Uning Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida to‘laqonli ishtirok etishi haqidagi qarori muhim voqea bo‘ldi. Bu qaror o‘tgan yilning noyabr oyida Toshkentda O‘zbekiston raisligida o‘tgan 7-Maslahat uchrashuvida qabul qilingan edi.

Boku uchun mazkur format Markaziy Osiyoning beshta davlati yetakchilari bilan birgalikda mintaqaviy masalalarni bevosita muhokama qilish imkoniyatini berdi.

Ozarbayjon ishtirokida Markaziy Osiyoning beshta davlatini birlashtirgan avvalgi “C5” formati yangi mazmun kasb etdi. Ilgari “C5” deb atalgan hamkorlik formati aslida “C6” formatiga aylandi, mintaqaviy muloqot va strategik sheriklik esa yangi mazmun va ko‘lamga ega bo‘ldi. Geografik jihatdan bu qaror mutlaqo qonuniyatdir: Ozarbayjon Janubiy Kavkazda, Markaziy Osiyo mamlakatlari esa Kaspiy dengizining berigi qirg‘og‘ida joylashgan. Ularning yagona siyosiy format doirasida birlashishi ikki qo‘shni mintaqa o‘rtasida bevosita hamkorlikning qo‘shimcha kanalini yaratadi.

Mustaqillik – fidoyilik va bunyodkorlik demak

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakat hayotidagi eng muhim qadriyatlardan biri – inson mehnati va fidoyiligini e’tirof etish an’anasi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarni taqdirlash marosimi xalqimizning munosib farzandlariga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmatning yorqin ifodasi bo‘ldi. Tantanali tadbirda davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni ulug‘ ayyom – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.

So‘nggi o‘n yilda iqtisodiyot va ijtimoiy sohada salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi. Mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirib keldi. Iqtisodiyot hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi.

Joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 180 milliard dollardan oshirish maqsadi belgilangan. Sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligida 5 million 700 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi. Ta’lim va tibbiyot sohalarida ham katta ishlar amalga oshirildi. Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 500 ming o‘rinli maktablar, 342 ming o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 62 ming o‘rinli shifoxonalar barpo etildi.

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan 558 nafar fidoyi vatandosh yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ularning har biri turli sohalarda samarali mehnat qilib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan. Xorazmda ko‘p yillar davomida bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shib, bugun nuroniylarga boshchilik qilayotgan Rustam Sultonovning xizmatlari – avlodlar davomiyligi va el-yurtga sadoqat namunasidir. Surxondaryoda cho‘llarni o‘zlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirishga umrini bag‘ishlagan mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonovning hayot yo‘li matonat va mehnat qahramonligini namoyon etadi.

Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan beri po‘lat erituvchi bo‘lib ishlayotgan Gʻulomjon Turonovga “Xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvonining berilishi esa butun metallurglar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Paxtachilik va g‘allachilikda yuqori natijalarga erishgan namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, pillachilikda yuqori hosil olayotgan buxorolik Jamila Xudoyberdiyeva, chorvachilikda ilg‘or texnologiyalarni joriy etayotgan qoraqalpog‘istonlik Esenbay Aytimuratov hamda suv tejamkor tizimlarni rivojlantirayotgan samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulov kabi yurtdoshlarimiz mehnati o‘z sohasidagi minglab insonlarning fidoyiligini ifodalaydi. Demak, mukofot bir shaxsga berilgan taqdir tuhfasi emas. U muayyan kasb, soha va mehnat jamoasining mamlakat rivojidagi o‘rnining e’tirofidir.

Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro va ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyat ekanini ta’kidladi. Ushbu fikr mustaqillikning mazmun-mohiyatini chuqur ifodalaydi. Chunki Istiqlol faqat davlat chegaralari yoki rasmiy ramzlar bilan cheklanmaydi.

U avvalo insonning o‘z taqdiri, oilasi va yurti kelajagiga ishonch bilan qarashida namoyon bo‘ladi. O‘z fikri, tashabbusi va mehnati bilan jamiyat hayotiga ta’sir ko‘rsata oladigan fuqaro – mustaqillikning eng katta mevasidir.

Mustaqillikning 35 yilligi bosib o‘tilgan yo‘lni faxr bilan eslash, erishilgan yutuqlarni munosib baholash va kelgusi vazifalarni belgilash uchun muhim tarixiy palladir.

Bugungi davlat mukofotlari adolat va qadr timsoli bo‘lib, xalqimizning eng yaxshi fazilatlari – halol mehnat, sadoqat, jasorat va bunyodkorlikni yanada rag‘batlantiradi.

Mukofot muborak, aziz nazarkarda yurtdoshlar!

Istiqlol atalmish Tangri inoyati va yorlig‘i qutlug‘ bo‘lsin, toleyi yorug‘ zamondosh!

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 28-avgustdagi 35-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img105

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img616

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img612