01.09.2026 | 14:54
625
DEVOR ORASIDAGI KITOB
Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz sakkizinchi yilning boshlari, ayni qish chillasi edi. Ayozdan-da sovuq mish-mish tarqaldi: yozuvchi Julqunboy qamoqqa olinibdi! Xabar kimning qulog‘iga yetsa, birinchi aytar so‘zi “Yo‘g‘-e!” edi. Qanday qilib? Odamlar qo‘ldan qo‘ymay o‘qiyotgan “O‘tkan kunlar” ro‘monini yozgan adib qamaladimi?! Shubha-gumonlar shu qadar bolaladiki!.. Ivir-shivirlar shu qadar urchidiki!.. Yozuvchi qamalsa, u odam yozgan kitobning taqdiri nima kechadi? Ana shu savolga javob yo‘q edi.
Abdurahmon ikki kun-u uch tunda o‘qib bitirdi ro‘monni. Azbaroyi boshqa odamga aylanib qolgandek bo‘ldi. O‘zini qo‘yarga joy topolmas, duch kelgan katta-kichikka mutolaa taassurotlaridan tug‘ilgan his-hayajonini hikoya qilishdan charchamasdi. Kitobni na uyda, na ishda qo‘ldan qo‘ymas, dam Otabekning Mirzakarim qutidor xonadonida o‘tgan mehmondorchilik tasvirini qayta o‘qir, dam Kumushbibining kelinlik tasviriga xayoli qochar, yanayam muhimi, arab yozuvini o‘rgangach, hijjalay-hijjalay birinchi o‘qigan kitobi ham “O‘tkan kunlar” edi!

Kitobni oq surpga o‘rab, belbog‘iga qistirib yurdi, nazarida, shunday qilsa, hech kim uni topolmaydigandek edi.
Yolvorib-o‘tinib so‘raydiganlar bor, bir-ikki kunda qaytaraman deb, holi-joniga qo‘ymaydiganlar bor. Chunki kitob sotuvga chiqarilmagan, faqat kutubxonalarga tarqatilgan edi. Yo‘q, Abdurahmon kitobni kimgadir bersa, ichi, ichiga qo‘shilib dunyo huvillab qoladigandek bo‘lardi. Nima, ikki qo‘llab kitobni olib borib topshiradimi?! Kutubxona xodimi uyiga keldi, kitobni zudlik bilan qaytarishini talab qildi, Abdurahmon esa turli bahonalar bilan galga soldi.
Uyqusi qochdi. Xayoli buzildi. Shu kunlarda tarqalgan navbatdagi ovoza avvalgisidan-da sovuq edi:
– Julqunboy tomonidan yozilgan “O‘tkan kunlar” kitobi kimning qo‘lida bo‘lsa, zudlik bilan kutubxonaga qaytarsin! Kimda-kim kitobni qaytarmasa…
Abdurahmon qulog‘ini kar, ko‘zini ko‘r qilib oldi, biroq kitobni qo‘lda ko‘tarib yurish yoki uyda saqlash yanayam xavotirli. U kun o‘yladi, tun o‘yladi. Eshik tiq etsa, “Kelishdi!” degan vahimadan yuragi o‘rtanib-la ketardi. Ustiga-ustak, u ayoli, ikki qizi bilan yashayotgan xonadon rahmatli otasining uzoq bir jiyani Asqar akaga qarashli, ya’ni, o‘zining bu manzilda yashashi ham omonat edi.
Uyda hech kim yo‘qligini poylab, butun uy-hovli devorini ko‘zdan kechirdi, shunda og‘ilxona devorining qo‘shni hovliga tutash bir quloch keladigan joyi negadir qo‘sh sinchli ekanini ko‘rdi. “Shu yerga!” dedi o‘ziga-o‘zi. Yarim tunda bordi-da, paypaslamay-netmay, oq surpga o‘ralgan “O‘tkan kunlar”ni odam bo‘yidan balandroq qo‘sh sinch devor orasiga tashladi.
Oradan ikki kun o‘tdimi-yo‘qmi, “kutilgan mehmon”lar bir guruh bo‘lib keldi: mahalla oqsoqoli, uchastka noziri, kutubxona xodimi, yana ikki notanish kimsa. Kutilgan mehmonlarning savollari ham kutilgan edi.
– Vahobov Abdurahmon siz bo‘lasizmi?
– Ha, men.
– Kutubxonadan Julqunboyning qalamiga mansub “O‘tkan kunlar” ro‘monini olgan ekansiz? Tasdiqlaysizmi?
– Tasdiqlayman. Olgandim.
– Nima sababdan uni kutubxonaga qaytarmadingiz?
Abdurahmon necha qayta takrorlab, puxtalab qo‘ygandi, biyron-biyron javob qaytardi:
– U kitobning bahridan o‘tdim.
– Qanday qilib?
– Yoqib yubordim.
– Nima sababdan yoqdingiz? O‘qib tugatgan edingizmi?
– Endigina o‘qiy boshlagandim. To‘satdan qulog‘imga chalindi. U yozuvchi xalq dushmani ekan. Xalq dushmani yozgan kitob nafaqat kishilarning xonadonida, balki kutubxonada ham saqlanishga nomunosib, degan qarorga keldim.
– Barakalla! – deb yubordi “notanish”ning biri. – Tushungan odam ekansiz. Faqat bizga aytgan gaplaringizni tilxat o‘rnida yozib berasiz.
Abdurahmon qog‘oz-qalam olib, shoshmay yozdi. “O‘tkan kunlar”ni nima qilgan bo‘lsa, “aynan” qog‘ozga tushirdi. Keluvchilar uni qo‘lma-qo‘l olib ko‘z yugurtirishdi. Abdurahmon yengil tortgandek nafas rostladi. Biroq…
– Imzosiz tilxat qabul qilinmaydi, – dedi uchastka noziri dimog‘ida to‘ng‘illab. Abdurahmon varaqning adog‘iga imzo chekdi.
– Endi, – dedi “notanish”ning ikkinchisi, – o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, uyni tintuv qilamiz.
Ochig‘i, Abdurahmon buni kutmagandi. Yuragi shuv etib ketdi. Sir boy bermay, xonadon sohibi Asqar akaga zimdan nigoh tashladi…
* * *
Abdurahmon oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish idorasida ishlar edi. Ishda, ko‘chada, uyda, mahalla-ko‘y – qayerda to‘rt-besh kishi to‘plansa, albatta, Julqunboy, uning “O‘tkan kunlar”i va adibning taqdiri haqida so‘z ochilar, taxminiy, uzuq-yuluq gaplar, ro‘mon voqealaridan gap ochilsa, hayajon to‘la taassurotlar tugamasdi. Abdurahmonning ichi yig‘ilib yotgan taassurotlardan qaynab ketar, u ham suhbatlarga qo‘shilib, asar haqidagi o‘ylaganlarini o‘rtoqlashgisi kelar, lekin ko‘ngil mayli va tiliga erk bersa… odamlar unga shubha bilan qarayotgandek bo‘lib tuyular, qo‘sh sinch orasida jon saqlayotgan ro‘monni oshkor qilib qo‘yadigandek xavotirga tushardi. Abdurahmon o‘z qo‘li bilan yashirgan “xazina”ni butkul unutishga qaror qildi.
Adibning ism-sharifini, kitobni unutgandek, xayol qatlaridan chiqarib tashlagandek yurdi go‘yo, biroq bo‘sh qoldi deguncha, oyog‘i ko‘mirxona va o‘tinxonaga aylantirilgan sobiq molxona tomonga tortar, qo‘rqa-pusa va zimdan tasodifan qo‘sh sinch qilib urilgan burchak devorni ko‘zdan kechirar, devor o‘sha-o‘sha o‘zgarishsiz turganini ko‘rgachgina ko‘ngli joyiga tushar, xotirjam tortardi.
* * *
“Abdulla Qodiriy-Julqunboy otilibdi!” – degan ovozani ilk bor eshitgan joyida Abdurahmon yig‘lab yubordi. Ko‘z yoshlarini tiya olmadi. O‘zi hayotda bir bor ko‘rmagan, uchratmagan, biroq ro‘monni, undagi bir-biridan ajoyib va g‘aroyib tasvirlar, ayniqsa, yaqin tug‘ishgan odamlardek qondosh-jondoshiga aylangan qahramonlarni yaratgan insonning “xalq dushmani” degan qora tamg‘a ortidan qatl etilishi nafaqat Abdurahmonni, balki yuzlab, minglab oq ko‘ngilli odamlarni larzaga soldi. Bu bilan Julqunboydek adibga odamlar qalbidagi mehr-muhabbat sovumadi, balki yanayam harorati ortdi. Hatto, ayrimlar qasdma-qasdiga adib va uning asari haqida namoyishkorona suhbatlasha boshladilar. “O‘tkan kunlar”ni tunda yashirincha o‘qiydiganlar ko‘paydi. Shunda Abdurahmon qo‘sh sinch orasidan oq surpga o‘ralgan kitobni olishni, uni qayta-qayta o‘qishni istadi, lekin zamon notinch edi, tahlikali edi. Sabr qildi.
Shunday kayfiyat 1941-yilning ayni yozida urush boshlangan kunlarga qadar o‘zgarmadi.
* * *
Abdurahmon frontga otlanar ekan, bir ko‘ngli ayoliga sirni ochmoqqa og‘iz juftladi, biroq o‘ylab qoldi: bu yog‘i hayot qanday kechadi, noma’lum. Ayolini tahlikada qoldirishni istamadi. Bir hisobda to‘g‘ri qilgan ekan, hali jangga kirishga ulgurmay olgan ikkinchi xatida ayoli xat yo‘llab, ro‘zg‘ordan qiynalib qolganini aytib, vaqtincha bo‘lsa-da, ota-onasining xonadoniga ko‘chib o‘tishga izn so‘radi. Abdurahmonning ruxsat berishdan o‘zga iloji yo‘q edi. Janglar davom etar, u xotiniga, qizlariga yozgan xatlarida jang tafsilotlari, o‘zining sog‘-omonligi qolib, takror-takror, “Asqar akaning uy-joyi o‘z joyidami?” – degan mazmunda so‘rab qo‘ymas, “Borib, o‘zimiz yashagan uylardan xabar olib kelinglar”, deb tayinlashdan charchamas, biroq buning sirini ochmasdi.
Dnepr daryosi kechuvi sertalofat bo‘ldi. Tungi shturm tongga qadar davom etdi, aksiga olib, qo‘shin narigi qirg‘oqqa o‘tganda asosiy qism bilan aloqa uzilib qoldi. Aloqa o‘rnatish hayot-mamot masalasiga aylandi. Manaman degan aloqachilarning harchand urinishlari besamar ketdi. Shunda omad Abdurahmonga kulib boqdi – uning sa’y-harakati bilan aloqa tiklandi!
Toshkentning Chaqar mahallasidan chiqqan o‘zbek jangchisining ko‘ksini bezagan “Qizil yulduz” ordeni ham unga ana shu xizmati uchun ravo ko‘rilgan edi.
* * *
Ne-ne janggohlardan omon-eson chiqqan Abdurahmon Berlin shahrini ishg‘ol etishda ishtirok etgach, ona yurtiga qaytdi. Oilasi, farzandlari quchog‘iga joni omon holda qaytganiga bir suyunsa, Chaqarga – Asqar akaning xonadoniga yetib kelib, o‘z vaqtida unga va uning oila a’zolariga boshpana bergan xonadonni o‘sha-o‘sha ahvolda ko‘rib o‘n suyundi. Faqat oqibatli qarindosh Asqar aka bandalikni bajo etgan ekan.
– Adam vasiyat qildilar, – dedi o‘g‘li Muhiddin, – Abdurahmon akang urushdan qaytsa, farzandlari bilan shu yerdagi uyida yashasin.
* * *
Urushdan keyingi mashaqqatli yillar Abdurahmon oilasi bilan Chaqardagi Asqar akadan meros xonadonda – ikki uy, bir ayvonda istiqomat qildi. Ikki yil o‘tgandi chog‘i. Qadimdan qolgan mahalla uy-joylari buzila boshlandi. Mahalliy aholi uchun shaharning turli mavzelaridan yer maydonlari ajratildi. Abdurahmon akaning o‘y-xayoli qo‘sh sinchli devorda edi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qariyb o‘n yil o‘tgan bo‘lsa-da, qo‘sh sinch orasiga yashirilgan – oq surpga o‘ralgan “O‘tkan kunlar”, chang-chungni aytmaganda, qanday bo‘lsa, o‘shanday saqlangan edi!
* * *
…Hikoyaning nihoyasini Abdurahmon otaning o‘g‘li Shuhrat Vahobovdan eshitamiz:
– Otam 1985-yilda, 75 yoshda vafot etdilar. Xasta yotgan holda meni yuzma-yuz, uzoq suhbatga tortdilar. Yuqoridagi hikoyani aytib berdilar. Uni qanday aytgan bo‘lsalar, o‘shanday, so‘zma-so‘z qog‘ozga tushirdik. Xotiralarni aytib bo‘lgach, yostiq ostidan oq surpga o‘ralgan kitobni olib qo‘limga tutqazib dedilar: “Mana shu kitob 1925-yilda chop etilgan. Noyob nashr, arzanda nashr. Uni 47 yil mobaynida yashirincha saqlab keldim. Oltin yombini yashirgandek saqladim. O‘zimdan bo‘lak boshqa biror kishiga ko‘rsatmadim, aytmadim ham. Avval qo‘shsinch devor orasida, so‘ngra qalbimda-yuragimda saqladim, asradim. Hatto, Abdulla Qodiriy oqlangach ham, uni o‘zgalarning nazar-nigohiga ravo ko‘rmadim. Biz bandalar o‘tib ketamiz, lekin bu kitob, bu ro‘mon o‘lmaydi…”
Otamdan qolgan ushbu vasiyat xotira va “O‘tkan kunlar” romanining adib hayotining so‘nggi yillarida arab imlosida chop etilgan ushbu nusxasi noyob ilmiy-amaliy ahamiyatga ega, u haqdagi tarixiy voqeani o‘zim 75 yoshga to‘lgan kunim – zamon o‘zgardi, axir – odamlarga hikoya qilib berish niyati tug‘ildi. Mana, nihoyat, niyatimga yetdim…
Xurshid DO‘STMUHAMMAD
“Jadid” gazetasining 2026-yil 21-avgustdagi 34-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



