28.02.2025 | 16:21
959
IKKI KITOB SHIMMASI
Bahodir Karimning Afg‘onistonda nashr bo‘lgan “Ikki daho, ikki bebaho” kitobi haqida so‘z
Har bir kitobning o‘lchami katta yoki kichikligidan qat’i nazar, o‘z o‘rnida ahamiyatlidir. “Ikki daho, ikki bebaho” kitobi hajmi-ko‘rinishiga ko‘ra kichik bo‘lsa-da, mazmun va ma’no jihatidan juda ko‘lamli. Chunki bu kitob ikki buyuk inson – Zahiriddin Muhammad Bobur va Abdulla Qodiriyning eng mashhur asarlari – “Boburnoma” va “O‘tkan kunlar”i haqida tadqiqot hamda qiyosiy tahlilni o‘z ichiga oladi.

Ushbu asarning muallifi, adabiyotshunos olim va filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim kitobga juda mos nom tanlagan. U asarini quyidagicha ta’riflaydi: “Ikki daho – ikki bebaho”… Muqovada o‘qiganingizdek, risolaning nomidagi ikki daho – Zahiriddin Muhammad Bobur va Abdulla Qodiriy. Ikki bebaho esa “Boburnoma” va “O‘tkan kunlar”dir. Haqiqatan ham, kitob mavzusiga juda mos, ma’noli nom tanlangan.
Bizga ma’lumki, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda va boburiylar sulolasining asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilda tug‘ilib, 1530-yilda 47 yoshida vafot etgan. Zamonaviy o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, shoir, yozuvchi, tarjimon va o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy esa 1894-yilda tug‘ilib, 1938-yili 44 yoshida shahid etilgan. Bobur milodiy o‘n beshinchi va o‘n oltinchi asrlarda yashab o‘tgan bo‘lsa, Qodiriy yigirmanchi asrda yashagan. Bu ikki buyuk olim o‘rtasida tarixiy jihatdan katta masofa mavjud, ammo ularning fikriy nuqtai nazarida juda muhim ma’naviy yaqinlik va katta o‘xshashlik bor.
Hazrat Bobur siyosiy va harbiy ishlar bilan band bo‘lishiga qaramasdan, mumtoz adabiyotimizda yuqori arzishli “Boburnoma” asarini yozib, kelajak avlodlarga o‘zidan bebaho meros qoldirdi. Bu kitob dunyo bo‘ylab tan olingan tarixiy va voqeiy asar sifatida qadrlanadi. Aynan, Abdulla Qodiriy ham eng og‘ir davrlarda vatan erkinligi uchun kurashgan va siyosiy to‘siqlarga qaramay, yangi o‘zbek adabiyotiga tegishli bo‘lgan “O‘tkan kunlar” romanini yozib, yangi avlod uchun o‘zidan o‘lmas yodgorlik qoldirdi. Ushbu asar ham o‘z o‘rnida, voqelikni haqqoniy aks ettiruvchi tarixiy roman sifatida millatlararo tan olingan.
Nega “Ikki daho, ikki bebaho” kitobi joriy o‘zbek alifbosidan arab alifbosiga o‘zgartirilgan, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu savolga javobim shuki: birinchi navbatda, kitobning muallifi, hurmatli ustod Bahodir Karim “Ikki daho, ikki bebaho”ning kiril, lotin alifbosida yozilgan nusxasini menga sovg‘a qilgan va men bu kitobni ishtiyoq bilan o‘qib ko‘rdim. Haqiqatan ham, “Boburnoma” va “O‘tkan kunlar”ning shimmasi bo‘lgan ekan. Har bir o‘quvchi bu kitobni o‘qib chiqsa, bu ikki tarixiy asarni to‘liq o‘qigandek bo‘ladi. Kitob muallifi mahorat va zarofat bilan bu ikki asarni taqqoslagan, bunday tarixiy asarlarni qiyoslash ko‘pchilikning tasavvuriga kelmasligi ham mumkin.
Matnni arab alifbosida nashr qilishdan maqsad: Afg‘onistonda o‘zbek tili va adabiyoti sohasida ishlayotgan kishilarga bu kitobni tarixiy, adabiy-qiyosiy asar sifatida o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini ko‘zladim.
Afg‘onistonlik o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun matn ichidagi yozuvchi tomonidan keltirilgan ruscha so‘zlar va adabiy atamalarni imkon qadar ma’nosi bilan qo‘shtirnoq ichida berishga harakat qildim. Har bet so‘ngida so‘zlarning lotin alifbosidagi shakli ham keltirildi. Matndagi oyat birikmalari ham diqqat bilan ko‘rilib, har betda Qur’on manbayi asosida to‘liq oyat matni ko‘rsatildi.
Ushbu kitob mening tashabbusim va ma’naviyatga qiziqqan do‘stim Suhrob Turonning moliyaviy yordamida, milodiy 2024-yili O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Afg‘onistonning poytaxti Kobulda, qadimiy “Xoroson” bosmaxonasi tomonidan ming nusxada bosildi. Kobul, Foryob va Badaxshon viloyatlarida yo‘lga qo‘yilgan tadbir hamda ko‘rgazmalarda kitob taqdimoti o‘tkazildi. Keyinchalik Taxor, Saripul va Juvzijob viloyatlariga tarqatildi.
Asosan, bu kitobni tayyorlashda vaqtini ayamay, diqqat bilan o‘qib chiqqan va sahifalarni tartibga solgan zahmatkash do‘stim Mahbubulloh Turobga, lotincha matnini o‘qishga yordam bergan qadrli do‘stlarim Sirojiddin Panjiyev va Husniddin Azimjonovga minnatdorlik bildiraman. So‘zimni yakunlab, qadrli ustozimiz Bahodir Karimga uzoq umr, sog‘lom hayot va ma’naviy ishlarda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Ehsanullah QUVANCH,
afg‘onistonlik tadqiqotchi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
114
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
143
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
333



