Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.09.2026 | 14:14

img892

OTAYURTDAN ONADO‘LIGA

Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va Islom sivilizatsiyasi markazida “Hirotga, bobomning huzuriga!” kitobining taqdimoti bo‘lganidan xabaringiz bor. Shundan keyin qardosh davlatlardan tanitim o‘tkazish haqidagi takliflar kela boshladi.

TADORIK 

Yo‘lga chiqadigan kishi odatda nima qiladi? Ot-ulovi, tuyoq-tushovi, yalovi-yu olovini hozirlaydi. Biz ham bobolar udumini tutib, ikki xurjunni to‘ldirib-to‘ldirib… kitob ortdik. Yo‘l odami non oladi, kiyim soladi, tag‘in u-bu narsa degandek… Ammo biz xurjunning bo‘g‘ziga dovur kitob soldik. Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topilar, Istanbulday shahri azimda boshyalang, och-u nahor qolmasmiz, degan umidimiz bor edi-da…

Bu yog‘i ham hangoma bo‘ldi. To‘rvamizni uyda o‘lchamabmiz… Sakkiz kilodan bir misqol og‘ir bo‘lsa ham yukingni o‘tkazmayman, degichlarning labi cho‘chchaydi. Mahshar kuni ikki paysa savob yetmagan gumrohdek atrofga alanglab, “Jon aka, shuginani so‘mkangizga solib keting! Bizni yuk sag‘al og‘ir keldi.

Eson-omon qo‘ngach, qaytib olamiz!” deya zorlanganimizni ko‘ring. Bechoralar maktabda ancha yurak oldirib qo‘ygan, shekilli, kitobni ko‘rsa, tepa sochi tikka-tikka bo‘lib, burun jiyirib o‘tdi. Tag‘in olomon oralab o‘tgan-ketganga gadoydek shumshayib “Bittagina kitob oling!” deya elanamiz. Endi haligilarni ko‘ring, xuddi chaqib oladigandek, go‘yo biror dardi bedavo yuqadigandek, o‘zlarini ikki farsang nari olib, yetti mahalla nari qochishdi. Bir tomoni xavfsizlik nuqtayi nazaridan ularni ham tushungim keladi. Lekin… Tashlab ketay desang, uvol… O‘zi shuning uchun ketayotgan bo‘lsak. Kinoda aytilganidek, “Ha, o‘nta qo‘y nima bo‘lardi…”

Bundan bir ish chiqmasligini chamalab, yana tarozibonga mo‘ltaydik. Yetmaganiga zo‘rlik qilamiz ham: “Bu jonivor kitob bo‘lsa, nimasi ortiqcha? Ilmning og‘ir-yengili bo‘larkanmi? Anavi yo‘lovchi naqd ikki yuz kilo chiqishi aniq. Ikkimizni qo‘shib hisoblasangiz, kalla-poycha aralash yuz yigirma tosh bosamizmi-yo‘q, Xudo biladi. O‘lsin endi, to‘rtta kitob solingan qopchiq yigirma kilo bo‘lsa…” Xullas, u dedik, bu dedik, har qalay, kitoblarni tekinga o‘tkazib oldik. Basavlat bir amakining biqini tomonda amal-taqal qilib joylashgach, kamarni bog‘ladik, havoga ko‘tarildik. 

YEVROPADAGI ILK TAQDIMOTIMIZ

Bir zamonlar farang imperato‘ri bo‘lgan Napoleon Bonapartga nisbat beriladirg‘an bir kalom bor: “Agar butun dunyo bir davlat bo‘lsa, aning poytaxti Konstantinopol bo‘lur erdi”. Bu so‘zni u qachon va qay holda aytgani bizga ma’lum emas. Ammo bir haqiqat borkim, Napoleon bu shaharni biz kabi uchoq oynasidin tomosha qilish baxtiga hargiz muyassar bo‘lmagan. Voy-bo‘… Quyida Ovro‘po va Osiyoni naqd ikkiga bo‘lib turgan afsonaviy Bosfor ko‘rindi! Bo‘g‘oz bag‘ridagi ulkan po‘lat kemalar kitlardek sokin suzib bormoqda. Ular suv yuzini tilib o‘tarkan, ortlaridan ko‘pikli iz qoldiradi. Kema parraklarining suv ostidagi shiddatli harakati suv qa’rining tinchini buzadi. Bu kuchli bosimdan karaxt bo‘lgan mayda jonzotlar sarosima ichra tuyqus yuzaga qalqib chiqadi. Shu fursatni poylab uchgan chag‘alaylar sho‘rlik o‘ljalarini osongina tutib, laqqa-laqqa yutadi.

Ha-a, oltinsoch shoirlardan biri “Men Bosforda bo‘lmaganman hech…” deya o‘ksinib kuyganicha bor. Shaharning bir tomonini Marmar dengizi, bir yonini Qora dengiz yuvib turadi. Bu makon qadimda Vizantiy, keyin Konstantinopol, nihoyat, Istanbul bo‘ldi. Har devor, har tosh, har binoda bir tarix. Ayo Sofiyani ko‘rdik. Binosi azim. Gumbazi ulkan. Avval kaliso, keyin jome, bir muddat muzey, bugun yana masjid bo‘lgan. Yaqinida Sulton Ahmad jomesi-da bor. Uni turklar qadimgilarga bahs o‘laroq tiklagan. Koshinlari bisyor moviy. Galata minorasi ham qadim shaharning mashhur yodgorligidur. Allazamondan qolmish bu minorga chiqqan kishiga Istanbulning surati kaftdek namoyon bo‘lur. Gumbazlar, minorlar, qizil tomlar, ko‘priklar…

“Buyuring, efendim!” deya tavoze qiladigan tujjorlari bisyor. Ko‘chada o‘rindiq qo‘yib, mo‘ylabini bardoqqa bosgan, bir qo‘lida tasbehni aylantiradigan choyxo‘rlari-da ko‘p va xo‘p. Istanbulning ko‘cha taomi ham o‘ziga yarasha. Issiq simit sotarlar. Usti kunjutga to‘la. Do‘ner, ya’ni, biroz kuygan et hidi ko‘chani ishg‘ol aylagan. Paxlavasidan asal o‘lgur chakillab tomib turadi. Mayizli, pistali, shirindan shirin… Bir qo‘lingda simit, birida turkcha qahva, ikki ko‘zing Bosforda, e-he, bundan ortiq maza bormikan?

Madaniyati ham serqirra. Bir ko‘chaning o‘zida ham masjid, ham kaliso, ham sinagoh qad ko‘targan bo‘lsa, ulardan biroz narida devorga suyangancha sigar tutatib, g‘alati iljayib, kavush qaytarayotgan nojinslar-da topilur… Metro to‘la, avtobus, metrobus, funikulyor – hammasi liq to‘la. Ko‘chalar tirband. Turli tillardagi tinimsiz gap-so‘zlar, osmono‘par kulgular, paromlarning bo‘g‘iq ovozi, turkcha va arabcha kuylar, tramvay hamda mashina signallari, muzqaymoq sotuvchisining chaqiriqlari, ishqilib, shovqindan shovqin… Ammo ko‘ngilga xush yoqadigan allanechuk sokinligi bor… Bizning taqdimot esa shaharning Yevropa qit’asida joylashgan tomonida bo‘lib o‘tarkan. Demak, o‘tgan-ketganga “Kitobimiz Yevropada ham o‘qiladi!” deb bemalol maqtansak bo‘ladi.

“KELDI OCHILUR CHOGʻING…”

Istanbuldagi taqdimot “Turkiston ellari” ta’lim, madaniyat va o‘zaro yordam jamiyati boshqaruv kengashi raisi Hoshim Hamdam boshchiligida tashkil etildi. Boshdan oyoq milliy o‘zlikka yo‘g‘rilgan bu kishining bosib o‘tgan yo‘lini qalamga olsak, bir kitob bo‘lar… Uni, avvalo, “Bu kimning tili?” deb nomlangan mashhur she’ri orqali yaxshi tanishadi. Esingizda bo‘lsa, bundan bir necha yil avval Tabassum Jasur ismli qizcha ushbu she’rni to‘lqinlanib o‘qigan va tarmoqda mashhur bo‘lgan edi. She’rda Mahmud Koshg‘ariy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur kabi buyuk bobolarimiz yuksak hurmat va faxr bilan yodga olinadi. Muallifning fikricha, ushbu she’rda zamonaviy o‘zbek adabiyotining buyuk shoirlaridan biri Erkin Vohidov ijodi, ayniqsa, “O‘zbegim” qasidasining ta’siri kuchli seziladi. Hoshim afandi bir muddat Toshkentda yashagach, Turkiyaning Anqara shahriga ko‘chib o‘tgan va madaniy faoliyatini davom ettirgan.

Xullas, u kishi bizga butun safar davomida yo‘lchi yulduz bo‘ldi. Keyin bilsak, barcha dongdor darvozalarning kaliti uning cho‘ntagida ekan.

Hol-ahvol so‘rashib, taqdimot bo‘ladigan joyga yuzlandik…

MADANIYAT MAHALLASI

Istanbulning Zeytinburnu tumanidagi tarixiy To‘pqopi madaniyat bog‘iga kirib borarkanmiz, bizni butunlay boshqa bir olam kutib oldi. Bu yerda “Turkiy dunyo madaniyati mahallasi” (Türk Dünyası Kültür Mahallesi) joylashgan ekan. Unga 2009-yilda asos solingan, qariyb o‘n ming kvadrat metrlik ulkan maydonni egallagan. Kirishimiz bilanoq Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Shimoliy Kipr, Tatariston va Boshqirdiston kabi sakkiz qardosh o‘lkaning milliy uylari yelkadosh bo‘lib qad rostlaganini ko‘rdik. Har bir yog‘och uyning peshtoqida o‘sha davlatning milliy bayrog‘i hilpirab turibdi. Shundoqqina darvoza yonida VI-VIII asrlarga oid mashhur Kultegin va Bilga xoqon toshbitiklarining o‘z o‘lchamidagi maketlari o‘rnatilgan. Qadimiy turkiy yozuvlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, ajdodlarimizning shonli o‘tmishini his qildik. Biroz yurib, haqiqiy kigiz va teridan tikilgan, qurilishida birorta mix ishlatilmaydigan qozoq va qirg‘iz o‘tovlariga kirdik. U yerdagi qadimiy beshiklar, egar-jabduqlar, teridan qilingan idishlar kishini to‘lqinlantiradi. 

Shuningdek, maydonda Bokuning “Qiz qal’asi” va Qirg‘izistondagi XI asrga oid “Burana minorasi”ning kichiklashtirilgan me’moriy nusxalarini ko‘rib quvondik. Majmuaning eng ramziy nuqtasi – ulug‘ mutafakkirimiz Xo‘ja Ahmad Yassaviyning Turkistondagi maqbarasi maketi va u zotning sukunatga boy hayotiga bag‘ishlangan ramziy o‘tovi bo‘ldi.

Tabiiyki, bizga ajratilgan hududning hozirgi holati sizni qiziqtiryapti. Borganimizda, u yerda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli Sherzod Abdunazarov, O‘zbekiston madaniyat, birdamlik va hamkorlik jamiyati rahbari Cho‘qay Ko‘char va ikki nafar dizayner qiz yurgandi. Salomlashib, gaplariga quloq tutdik. To‘g‘ri, madaniy qiyofamizni o‘zida aks ettirishi kerak bo‘lgan ushbu moʻjaz uyda o‘ziga yarasha milliy ashyolarimiz bor. Masalan, devorlarni bezab turgan Samarqand, Xiva, Buxoro suratlari va Surxondaryoning rang-barang so‘zanalari, Marg‘ilon atlasi, Buxoroning zardo‘zlik to‘nlari va qo‘l mehnati bilan yaratilgan milliy cholg‘ularimiz – dutor, tanbur, naylarni ko‘rib, dilimiz ravshan tortdi. Lekin, bizningcha, bu kam, hatto juda kam… Biz borganda ayni shu kamomadni kamol toptirishning istiqbolli rejasi va muhandislik chizmasini tuzish bilan band bo‘lib turishgan ekan.

MAHALLA RAISI KIM?

Avgust oyining boshlari, tashqarida dim va nihoyatda issiq havo hukmron. Bizni o‘tov shaklida ishlangan, shinam, oynavand xonaga boshlashdi. Milliy tusdagi bu zamonaviy ofis devorlariga temuriylar davri me’morchiligiga xos naqshlar, xususan, musamman aks ettirilgandi va bu bizni g‘ururlantirdi, albatta. Chunki bu rahbarning xonasi! 

Ichkariga kirishimiz bilan nafis naqshlar bilan bezatilgan an’anaviy qirg‘iz namati – kiyizini ko‘rdik. Devorlardagi har bir ashyo turkiy xalqlarning boy merosidan namuna edi. Bir tomonda qadimiy sovut va qalqonlar turgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda ipak gilamlar va naqshinkor sopol idishlar ko‘zga tashlanardi. Xona ichi ancha salqin bo‘lib, tashqaridagi jazirama issiqdan so‘ng insonga chinakam rohat bag‘ishlardi.

“Turkiy dunyo madaniyati mahallasi” rahbari Abdulmetin Keskin bizni ochiq chehra bilan kutib oldi. U turkiy davlatlarning kichik milliy bayroqlari qator qilib terib qo‘yilgan ish stoli tomon taklif qilib, o‘tirishga joy ko‘rsatdi. Suhbat asnosida, u o‘zini tanishtirar ekan, asli Pomir qirg‘izlaridan ekanini aytdi.

Bu o‘rinda qisqacha tarixiy tushuntirish berib o‘tish joiz. Aslida, “Pomir xalqlari” deganda, Tojikistonning Tog‘li Badaxshon viloyati, Xitoyning Shinjon-Qashqar hududi hamda Afg‘onistonning shimoli-sharqiy qismlarida yashovchi, asosan, pomir tillarida so‘zlashuvchi qadimiy ellar tushuniladi. Ammo bu baland tog‘ tizmalarida qirg‘izlar nima qilib yuribdi, degan haqli savol tug‘iladi. Gap shundaki, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Chor Rossiyasining bosqinchilik siyosati va tazyiqlaridan qochgan bir guruh Farg‘ona va Oloy qirg‘izlari Pomir tog‘lari bag‘riga, xususan, Afg‘onistonning baland va iqlimi nihoyatda sovuq Vaxon vodiysi, Ulug‘ va Kichik Pomirga borib o‘rnashgan edi. Ular Rahmonqul xon boshchiligida o‘zlarining an’anaviy ko‘chmanchi turmush tarzini saqlab, uzoq yillar davomida deyarli mutlaq qamal – izolyatsiyada yashadilar.

Biroq 1978-yilda Afg‘onistonda Savr inqilobi yuz berib, mamlakatda kommunistik rejim o‘rnatilgach, urush girdobi va siyosiy ta’qiblardan xavfsiragan qirg‘izlar Rahmonqul xon rahnamoligida Pomirni tark etib, Pokiston orqali qochishga majbur bo‘ldilar. Issiq iqlim va sanitariya sharoiti og‘ir bo‘lgan qochqinlar lagerlarida tog‘ havosiga moslashgan bu xalq juda katta talofatlarga uchradi. Oxir-oqibat, 1982-yilda Turkiya hukumati ularga boshpana berib, rasman muhojir sifatida qabul qildi. Hukumat ularga Van viloyatining Erkish tumanidan yer ajratib, shu yerda “Ulupomir” qishlog‘ini barpo etdi. Mana shu tariqa tarix solnomalarida “Van qirg‘izlari” nomi bilan tanilgan, o‘z madaniyati va tilini nisbatan sof holda saqlab qolgan o‘ziga xos bir jamoa Turkiya bag‘ridan qo‘nim topdi.

Qarshimizda turgan Abdulmetin akamiz aynan ana shunday murakkab, mashaqqatli va ayni paytda matonat talab qilgan tarixiy ko‘chishlarni boshidan kechirgan mag‘rur xalqning farzandi edi. Uning har bir so‘zida milliy qadriyatlarga bo‘lgan cheksiz sadoqat, Pomir tog‘larining mahobati va butun Turk olamiga bo‘lgan yuksak muhabbat yaqqol sezilib turardi. Suhbatdoshimizning aytishicha, taniqli qirg‘iz olimi, folklorshunos va etnograf professor Sulaymon Kayipov Turkiyaga ko‘chib kelgan Pomir qirg‘izlari orasiga borib, ular bilan naq o‘n yil birga yashaydi. Zamonaviy madaniyatdan uzilgan, deb o‘ylangan bu jamoa bag‘rida boshqa hech bir jug‘rofiy hududda saqlanib qolmagan qadimiy turkiy maqollar, unutilgan noyob iboralar va eng qimmatli etno-folklor qo‘shiqlar xuddi ming yil avvalgidek toza holatda saqlangan edi. Olim yillar davomida ularning og‘zidan eshitgan har bir so‘zni tasmalarga muhrlaydi va yakunda ularni “Turkiyada yashayotgan Pomir qirg‘izlarining maqol va laparlari” nomli muhtasham kitob holiga keltiradi. Eng hayratlanarlisi, hozirgi Qirg‘iziston davlati aynan Sulaymon Kayipovning mana shu noyob asarlarini qirg‘iz xalqi madaniyati va til tarixining eng bosh poydevori hamda sof asosi sifatida qabul qilgan.

Bizningcha, hali-hanuz yurtimizning chekka qishloqlarida, qo‘shni davlatlarda, ayniqsa, borish qiyin bo‘lgan tog‘li va sahro hududlarda sof o‘zbek tilining nodir so‘zlari, unutilayotgan matallar, laparlar, iboralar va shunga o‘xshash noyob nomoddiy madaniy meros parchalari saqlanib kelmoqda. Biroq ularni vaqt shafqatsizlarcha yutib yubormasidan avval qog‘ozga tushirish, tasmalarga muhrlash uchun bugun bizga “mingta Firdavsiy kerak”.

Tilning asl jozibasi insonning ichki kechinmalarida namoyon bo‘ladi. Avvalo, qirg‘iz professori Sulaymon Kayipov Pomir tog‘liklari bilan nega naq o‘n yil davomida bitta o‘tovda birga yashagan, deb o‘ylaysiz? Tilning ijtimoiy va ruhiy qatlamlarini faqatgina shunday yashash orqali kashf etish mumkin. Ular jahli chiqsa, qanday so‘zlar bilan g‘azabini sovutadi? Qaysi vaziyatda, qanday iboralar bilan so‘kinadi? Oyog‘iga to‘satdan og‘ir buyum tushib ketsa, og‘zidan qaysi so‘z otilib chiqadi? Hayratdan hapqirib ketganda yoki yaqin qardoshini yo‘qotganda qanday yig‘i-sig‘i qiladi, qanday ovunadi? Mana shu insoniy va jonli lahzalarni tarixga muhrlash uchun ham bizga hozir elkezar, ziyrak va fidoyi tilshunoslar, folklorshunos-etnograflar suv va havodek zarur.

Zero, bugungi kunda o‘zbeklar faqatgina O‘zbekiston ichida yashamaydi. Turkiy tillar jug‘rofiyasi va ko‘chishlar tarixini o‘rgangan olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, sof o‘zbek shevalari va qadimiy madaniy qatlamlar Janubiy Qozog‘iston (Chimkent, Turkiston vohasi), Gʻarbiy Qirg‘iziston (O‘sh, Jalolobod, Botken), Shimoliy Afg‘oniston (Mozori Sharif, Maymana, Qunduz), Gʻarbiy va Janubiy Tojikiston (Xatlon, So‘g‘d viloyatlari, Pomir atrofi) hududlarida, hatto tarix bo‘ronlari bilan Pokiston (Peshovar) va Turkiyaga (Hatay, Istanbul) borib joylashgan vatandoshlarimiz orasida hamon tirik. Ular yashayotgan iqlim va muhit tilni tashqi ta’sirlardan ma’lum ma’noda himoyalab, unda qadimiy turkiy ildizlarni saqlab kelmoqda. Agar biz bugun ekspeditsiyalar tashkil qilib, bu ulkan hududdagi til xazinasini yig‘masak, globallashuv davrida bebaho merosni bir umrga yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas.

KITOB TANITIMI

8-avgust kuni “Turkiy dunyo madaniyati mahallasi”da “Hirotga, bobomning huzuriga!” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Turk dunyosining umumiy merosi: Alisher Navoiy va Hirot xotiralari” mavzusida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv adabiyot, tarix va milliy xotira masalalari atrofida fikr almashilgan muhim madaniy tadbirlardan biri bo‘ldi.

Uchrashuvni “Turkiston ellari” jamiyati rahbari Hoshim Hamdam olib bordi va unda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov, taniqli olim va jamoat arbobi Temur Xo‘ja o‘g‘li, Bahrom Irzayev, Ziyo Qaysariy, doktor Ahmad Jovid Turko‘g‘li, Abdulla Atoyi, Nurali Qahramon, Ahmad O‘zbek, Aziz Elsever, Nur Ahmad Yurtdosh, Shugufa Urganch, “Turkiy dunyo madaniyati mahallasi” rahbari Abdulmetin Keskin, O‘zbekiston madaniyat, birdamlik va hamkorlik jamiyati rahbari Cho‘qay Ko‘char va boshqa olimlar, ijodkorlar hamda jamoat faollari ishtirok etdi. Ozarbayjon, Afg‘oniston, Suriya, Iroq va boshqa davlatlardan kelgan jamoat va madaniy tashkilotlar vakillari ham tashrif buyurdi. Turli mamlakat vakillarining bir davrada jam bo‘lishi tadbirning turkiy xalqlarning umumiy tarixiy xotirasi va madaniy aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan muloqot ekanini ko‘rsatdi.

Tadbir davomida Alisher Navoiy merosi, Hirotning turkiy adabiy va madaniy tarixidagi o‘rni, Abu Rayhon Beruniy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va adabiy merosi haqida fikrlar bildirildi. Olim va jamoat arbobi Temur Xo‘ja o‘g‘lining tarix, milliy o‘zlik va jadidlar merosi haqidagi fikrlari tadbir mazmunini boyitdi. Tarixchi Bahrom Irzayev esa umumiy merosni o‘rganish va uni keyingi avlodlarga yetkazish zaruratini ta’kidladi. Ziyo Qaysariy, doktor Ahmad Jovid Turko‘g‘li va boshqa ishtirokchilarning mulohazalari kitobda ko‘tarilgan tarixiy va ijtimoiy masalalarni yanada kengroq muhokama qilish imkonini berdi.

Tadbirda kitob taqdimoti bilan bir qatorda, yangi adabiy va ma’rifiy nashrlarni keng targ‘ib qilishga ham e’tibor qaratildi. “Jadid kutubxonasi” ruknida nashr etilgan “Millat fidoyilari”, “Botmasin chiqqan quyosh”, “Tilda, fikrda, ishda birlik!” kabi kitoblar va “Jadid” gazetasining ayrim sonlari ishtirokchilarga taqdim etildi. Shuningdek, “Yoshlik”, “Bobolar izidan Oltoyga” va “Bobolar izidan Ozarbayjonga” jurnallari ham o‘quvchilarga yetkazildi.

Tashkilotchilarning aytishicha, bu maskan Istanbuldagi o‘zbeklar uchun ham alohida ahamiyatga ega. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan madaniy tadbirlar ham shu yerdagi amfiteatrda tashkil etib kelinadi. Demak, To‘pqopidagi ushbu maskan turk dunyosining madaniy merosini namoyish etuvchi maydon bo‘libgina qolmay, xorijdagi o‘zbeklarning milliy bayramlari, madaniy uchrashuvlari va ma’rifiy tadbirlari o‘tadigan muhim manzillardan biri hisoblanadi.

Biz uchun uchrashuv kitobning navbatdagi taqdimotidan ko‘ra kengroq ma’no kasb etdi, u Hirotdan boshlangan ma’naviy safarning davomi bo‘ldi, desak-da, ayni haqiqatdir.

TIRIK TARIX BILAN SUHBAT

Istanbuldagi ushbu muhtasham taqdimotdan atigi bir kun avval tarix bizni yana bir taniqli siymo bilan yuzma-yuz keltirdi. Biz asli-nasli o‘zbek bo‘lgan, jahon miqyosidagi mashhur olim, professor Temur Xo‘ja o‘g‘li bilan uchrashdik. U kishi va yurtimizdan birga borgan millatsevar tarixchi olim Bahrom Irzayev hamrohligida g‘oyat maroqli va ta’sirli bir suhbat kechdi.

Tasavvur qilyapsizmi, qarshimizda turgan bu nuroniy zot – Buxoro Xalq Sovet Respublikasining birinchi Prezidenti, ulug‘ jadid rahnamosi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning farzandi edi. Ayni paytda Temur Xo‘ja o‘g‘li AQSHning nufuzli Kolumbiya universitetida doktorlik unvonini olgan va uzoq yillar Michigan hamda Turkiya oliygohlarida dars bergan ilk o‘zbek olimi sifatida dunyo ilm-fanida ham alohida mavqega ega. U o‘z umrini Turkiston tarixi va jadidlar merosini dunyoga tanitishga bag‘ishlagan tirik qomusdir. Ishlari tig‘iz bo‘lishiga qaramay, biz bilan soatlab millat dardi, ajdodlar armoni va o‘tmish saboqlari haqida gurunglashganidan boshimiz ko‘kka yetdi. Ochig‘i, bu muloqot yurakni titratadigan tarixiy dramaning jonli namoyishi edi. Biz ustozning har bir so‘zi, qarashlari, armonli boqishlari, titroq ovozlari va ishoralarini tasmalarga muhrlab oldik. Bu xotiralar yaqin kunlarda alohida bir katta maqola, yaxlit bir ko‘rsatuv bo‘lishi, shubhasiz.

Suhbatda olim Buxoro jadidlarining rahnamolaridan bo‘lmish Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning sovetlar ta’qibidan qochib, Afg‘oniston, Pomir tog‘lari va Pokiston oralig‘idagi muzliklarda kechgan achchiq qismati haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, siyosiy o‘yinlar qurboniga aylanib, aslida, otasini o‘ldirish uchun yollangan o‘z jigarbandini tanib qolgan va uni bir bor bo‘lsin bag‘riga bosa olmagan sho‘rlik otaning iztirobli daqiqalarini ko‘zda yosh bilan hikoya qildi. Ayniqsa, Buxoro oliy hukumatining qimmatli arxivlari va millat xotirasi bo‘lgan, lekin Turkiyaga ko‘chish jarayonida Marmar dengizi tubiga cho‘kib ketgan minglab nodir kitoblar fojiasini eshitganimizda, dahshatdan bir seskanib oldik.

Muhojirlikning so‘nggi zahmatli kunlari, umid va armonlar to‘qnashgan ushbu hayotiy drama asosida Temur Xo‘ja o‘g‘li yangi tarixiy roman yozayotganini ma’lum qildi. Mazkur samimiy mulohazalar va millat ko‘zyoshlari muhrlangan maqolamizni tez orada o‘quvchilar e’tiboriga havola etishdan umidvormiz.

“OLING-OLING, KELING-KELING”

Keyingi manzilimiz O‘zbekiston madaniyat, birdamlik va hamkorlik jamiyati binosi bo‘ldi. Eshik tepasida O‘zbekiston va Turkiya bayroqlari hilpirab turibdi. Liftga kirganda uchinchi qavat belgisi yonida bayrog‘imizni ko‘rib sevindik. Jamiyatda milliy qadriyatlarimizga aloqador deyarli barcha narsa bor. Bu yer Istanbulda o‘zbek madaniyati, milliy qadriyatlari va tarixiy merosini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanayotgan jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Uning rahbari Cho‘qay Ko‘char Turkiyada yashovchi o‘zbeklar va O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan faoliyati bilan tanilgan. U Adana shahrida tug‘ilgan, kelib chiqishi marg‘ilonlik o‘zbek oilasiga borib taqaladi.

Jamiyat 2022-yil mart oyida tashkil etilgan. Qisqa vaqt ichida u Istanbuldagi o‘zbek madaniyatiga bag‘ishlangan tadbirlarda faol ishtirok eta boshladi. Xususan, o‘zbek san’ati, adabiyoti, milliy taomlari va an’analarini keng jamoatchilikka namoyish etishga qaratilgan madaniy kechalarda jamiyat va uning rahbari muntazam ishtirok etgan. Milliy liboslarimiz va an’anaviy cholg‘ularimiz bilan bezatilgan devorlarda Sherali Jo‘rayev, Nasiba Abdullayeva, Tojibar Azizova singari o‘zbek san’ati vakillari suratini ko‘rib, qalbimizda faxr va quvonch uyg‘ondi. 

Jamiyat vakillari 2023-yil 6-fevralda Turkiyaning Qahramonmarash viloyati markazida sodir bo‘lgan kuchli zilzilalardan keyin hududdagi qutqaruv va gumanitar yordam ishlarida ham faol ishtirok etgan. Ular zilziladan jabrlangan hududlarda istiqomat qiluvchi o‘zbeklardan xabar olib, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatgan, O‘zbekistondan yuborilgan qutqaruvchilarning faoliyatiga ham yordam bergan. Keyinchalik zilzila oqibatlarini bartaraf etish jarayonida yangi maktablar va turar joylar barpo etilishi bilan bog‘liq ishlarga ham hissa qo‘shgan.

Bu yerdan chiqqach, Cho‘qay og‘a bizni Istanbulning butunlay boshqa, shinamgina go‘shasiga boshlab bordi. Bir eshikni asta taqillatdi. Bizni uxlaganda “tish”ini piyolaga solib qo‘yadigan ikki mushtipar onaxon ochiq chehra bilan kutib oldi. Bilsak, Cho‘qay og‘aning tug‘ishgan opalari ekan. Ismlarining ajoyibligini qarang, biri Yulduz, biri Farg‘ona… Suhbat qizigandan qizidi. Ular bizga bir-biridan ta’sirli, yurakni sel qiladigan xotiralarini so‘zlab berishdi. Alqissa, bu kichik xonada Vatanning qadri, Istiqlol va Mustaqillik deb atalmish ulug‘ ne’matning qanchalik bebaho ekani haqida dunyoni yum-yum yig‘latadigan gaplar aytildi. Muhojirlik zahmatini chekkan bu onaxonlarning tilidan to‘kilgan har bir ibora, lug‘atlarda topilmas toza so‘zlar, o‘zbekona go‘zal aytimlar biz uchun chinakam kashfiyot bo‘ldi. Farg‘ona ismli onamiz hech qachon O‘zbekistonda bo‘lmagan. Ismini otasi qo‘ygan. Azbaroyi Marg‘ilonni sog‘inganidan qiziga shunday ism qo‘ygan. “Agar bugun O‘zbekiston uchun joningni berasanmi, deyishsa, hech ikkilanmasdan berardim!” deydi Farg‘ona aya…

Tabiiyki, o‘zbeklar dasturxon atrofida jam bo‘lsa, bir-biriga “oling-oling, keling-keling”, deya mehmonnavozlik ko‘rsatadi. Ushbu so‘zlardan yuragi hapqirib, o‘tmishni eslagan Yulduz ayaning ko‘zlariga yosh keldi: “Otam rahmatlining bir gapi bo‘lardi. “Oling-oling, keling-keling” deb, Vatanni ham yovlarga qo‘shqo‘llab topshirib qo‘yganmiz…” Shukurki, qaytib oldik! Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! Bilasizmi, O‘zbekiston jumhuriyati mustaqillik e’lon qilganida, men o‘zim ayol boshim bilan ikkita qo‘y so‘yib, beva-bechoraga tarqatganman. Butun mahalla ko‘chaga chiqib bayram qilganimiz hali-hali esimda…”

MILLAT KUTUBXONASIGA HADYA

Ertasi kuni tongda Anqaraga jo‘nadik. Shahar markaziga yaqinlasharkanmiz, bizga uzoqdan ko‘zga tashlanib turgan muhtasham va mahobatli binolarni ko‘rsatib, bu Turkiya Jumhuriyati Prezidentlik majmuasi, ya’ni mashhur Beshtepe ekanligini aytishdi. Uning hududida joylashgan, ushbu qarorgoh bilan uzviy bir butunlikni tashkil etuvchi dunyodagi eng yirik ma’rifat maskanlaridan biri – Millat kutubxonasi darvozasiga yaqinlashgan ham edikki… birdan osmonni tutib qarsa-qasr miltiqlar va zambaraklar ovozi yangradi! To‘satdan bir cho‘chib tushganimizni ko‘rgan hamrohlarimiz kulimsirab, xavotirga o‘rin yo‘qligini, Prezidentlik qarorgohining bosh maydonida oliy martabali xorijlik mehmon tantanali, rasmiy protokol asosida – 21 palla to‘p otish marosimi bilan kutib olinayotganini tushuntirishdi. Bu to‘plar bizning sharafimizga otilayotgandek his etib, kutubxona sari odimladik. Aslida, bu tarixiy uchrashuv doirasida Anqaraga kelgan oliy martabali mehmon – AQSH Prezidenti Donald Tramp edi. O‘sha lahzada biz Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va NATO doirasidagi eng yirik siyosiy muzokaralar kechayotgan xalqaro shov-shuvlar markazining qoq o‘rtasida turganimizni bilmasdik, albatta. Chunki biz ushbu muazzam bilim maskaniga faxrli yumush bilan kelgan edik.

Hoshim Hamdamning yozma iltimosnomasiga ko‘ra, bizni Turkiya Prezidentlik kutubxonalar departamenti boshlig‘i Ayhan Tug‘lu janoblari hurmat va samimiyat bilan kutib oldi. U kishiga “Jadid” gazetasi tahririyati tomonidan berib yuborilgan kitoblarni taqdim etdik. “Jadid” kutubxonasi” ruknida chop etilgan kitoblar, gazeta va jurnallarning bir necha sonlarini qabul qilib olgan Ayhan Tug‘lu samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ma’lumot uchun: Turkiyadagi eng ulkan ma’rifat maskani hisoblangan ushbu muassasa bir vaqtning o‘zida 5 ming kitobxonga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Binoda ilm-fan ummoni poydevorini tashkil etuvchi 5 milliondan ortiq bosma kitob, 2 milliondan ziyod davriy nashrlar hamda elektron shakldagi misli ko‘rilmagan 550 milliondan ortiq raqamli hujjat va maqolalar jamlangan. “Jahon adabiyoti” zalida esa dunyoning 134 mamlakatidan keltirilgan 100 dan ortiq tildagi nodir asarlar saqlanadi. Biz, albatta, kutubxonaning eng tabarruk qismlaridan biri bo‘lmish “O‘zbekiston” bo‘limini alohida hayajon bilan ko‘zdan kechirdik. Bu yerda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan chop etilgan muhtasham “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik bebaho asarlar majmuasi, shuningdek, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining eng sara namunalari jahon kitob xazinasi to‘ridan joy olganidan quvondik, g‘ururlandik. Haftaning 7 kunida 24 soat uzluksiz ishlaydigan majmuada barcha tashrif buyuruvchilarga choy, qahva, shirinliklar, kunda ikki mahal sho‘rva hamda non mutlaqo bepul tarqatiladi.

E’tiborli jihati, kutubxonaning 2020-yil 20-fevralda bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida Turkiya Prezidentining shaxsiy taklifiga binoan, eng oliy martabali va yagona xorijiy davlat rahbari sifatida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga ishtirok etib, nutq so‘zlagan.

Yangi taqdim etilgan o‘zbekcha kitoblar ham ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy ko‘prikning davomi bo‘lishidan umidvormiz.

TURKSOYNI KO‘RDIK…

Aytgancha, bu orada Anqaraning eng go‘zal go‘shalaridan biri bo‘lmish xalqaro TURKSOY tashkilotining bosh ofisida ham bo‘ldik. Bu qutlug‘ maskanning eshiklari ham biz uchun madaniy hamkorimiz Hoshim Hamdamning beminnat yordami va ehtiromi bilan ochildi. Anqaraning shovqindan xoli, sokin va go‘zal bir manzilida qad rostlab turgan ushbu ma’rifat saroyiga yaqinlasharkanmiz, bino peshtoqida hilpiragan bayroqlar yonida “2026-yil uchun Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti – Andijon!” degan mahobatli yozuvga ko‘zimiz tushib, benihoya quvondik.

Binoda bizni umumturk birdamligi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan jonkuyar insonlar – TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf, tashkilotning Muzeylar ittifoqi koordinatori, doktor Javid Barish Movsumli hamda tashkilotning O‘zbekiston bo‘yicha bosh mutaxassisi Avazxon Umarxonov o‘zbekona samimiyat bilan kutib olishdi. Biz ularga yangi chop etilgan kitobimizni taqdim etdik. Sovg‘amizni yuksak ehtirom bilan qabul qilishdi. So‘ngra tashkilotning keng va noyob kutubxonasi, madaniy bo‘limlari hamda istiqboldagi buyuk maqsad-vazifalari bilan yaqindan tanishdik.

Xalqaro TURKSOY tashkiloti umumiy madaniy merosimizni dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning ilk Bosh kotibi sifatida 1993-yildan 2008-yilgacha faoliyat yuritgan ozarbayjonlik taniqli madaniyat arbobi Po‘lat Bulbulo‘g‘li xalqaro tizimning asosini yaratgan bo‘lsa, undan keyingi davrda, ya’ni, 2008–2022-yillarda qozog‘istonlik professor Dyusen Kaseinov ushbu ezgu harakatni muvaffaqiyatli davom ettirdi. Bugungi kunda tashkilotga qirg‘izistonlik taniqli yozuvchi va jamoat arbobi Sulton Rayev rahbarlik qilmoqda. Aynan Sulton Rayev boshchiligida hozirgi davrda O‘zbekiston bilan madaniy aloqalar yangi, yuksak bosqichga ko‘tarildi va ko‘plab noyob adabiy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

QO‘NIYAGA, MAVLOMNING HUZURIGA!

Shu kuni tunda Qo‘niyaga otlandik. Nihoyat, turkiy ellarning faxri, mutafakkir shoir Mavlono Jaloliddin Rumiy (Balxiy) hazratlarini ziyorat qilish nasib etdi! Yil boshida Mavlono tug‘ilib o‘sgan va bolaligi kechgan tuproqlarga borib, otasi Bahouddin Valad qurgan xonaqohni ko‘rib edik.

Avval, bu yerda tahsil olayotgan o‘zbek do‘stlarimiz bilan uchrashib, mushoira o‘tkazdik. Suhbatimiz davomida Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Mavlono Rumiy merosini yodga oldik. Ular orasida afg‘onistonlik o‘zbek talabalar ham tahsil olmoqda. Mahalliy aholi ba’zan qiziqib: “Bu yerlarga nega keldingiz?” derkan. Ular muloyimlik bilan: “Mavlonodan so‘rang!” deyisharkan. Bu qiziq javobni ikki xil ma’noda tushunish mumkin. Birinchisi, “Biz Mavlono izidan ilm istab keldik”. Ikkinchisi esa yanada og‘riqli, Mavlono ham bolalik yillarida mo‘g‘ullar zulmidan, Chingizxon bosqinidan qochib, shu tuproqlardan qo‘nim topgandi. Turkiya esa asrlar osha o‘z an’anasiga sodiq qolib, ilm ahliga xavfsiz boshpana va tinch qo‘nimgoh hadya etdi.

U yerdan chiqib, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi Qo‘niya bo‘limi rahbari Ahmed Ko‘seo‘g‘li bilan ko‘rishdik. U kishining hamrohligida turk dunyosining fidoyi olimi, doktor Mehmet Dog‘an kutubxonasini ko‘zdan kechirdik.

Ma’lumot uchun: olimning bashariyat va turk olami oldidagi eng buyuk ilmiy jasorati – bir o‘zi mualliflik qilgan, zamonaviy turk tilining eng muhtasham va mukammal xazinasi hisoblanuvchi “Büyük Türkçe Sözlük” (Katta turkcha lug‘at) asaridir. 1981-yilda ilk bor chop etilgan ushbu lug‘at ustida olim o‘nlab yillar davomida kunni tunga ulab, millatning til sofligini saqlab qolish uchun yakka o‘zi kurash olib borgan. Mehmet Dog‘an 1978-yilda bugungi kunda Turkiyadagi eng nufuzli adabiy tashkilot bo‘lmish Turkiya Yozuvchilar birligiga (TYB) asos solgan va uzoq yillar unga rahbarlik qilgan fidoyi tashkilotchi edi. Uning tashabbusi bilan 1992-yildan buyon har ikki yilda bir marta dunyoning turli qardosh o‘lkalarida (jumladan, O‘zbekistonda ham) o‘tkazib kelinayotgan mashhur “Turkiy tilli shoirlarning xalqaro she’r festivali” loyihasi qardosh ijodkorlarni bir adabiy dasturxon atrofida jamlashga xizmat qildi.

Mezbonimiz Ahmed Ko‘seo‘g‘li ham safarnoma yozar ekan. O‘zining aytishicha, “Shahar adabiyoti” bilan shug‘ullanadi. Yo‘lbitiklarining nomi ham qiziq: “O‘zini asragan shahar”, “O‘zini izlagan shahar” va “O‘zini topgan shahar”. Oxirgi kitobida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda ko‘rgan-kechirganlarini yozgan, ya’ni, bu shaharlar “O‘zini topgan”!

U kishi Xivaga borganda, ajib bir holga tushibdi. O‘zlaridan “eshiting”: “Sizga aytsam, efendim, garchi o‘zim Qo‘niyada tug‘ilib o‘sgan bo‘lsam-da, O‘zbekistonga borganimda ona tilim asli o‘zbekcha ekanini angladim. U yerdagi odamlar ayni onamning shevasida so‘zladilar. Bu yaqinlik, ayniqsa, efendim, Xivada yaqqol sezildi! Onam aytgan “somsa“ kalimasi u yerda ham aynan bir shaklda yangradi! Ayni bir ohangda, ayni bir talaffuzda, anglayapsizmi, efendim, mana shu quloqlarim bilan, mana shu yuragim bilan sog‘ingan kalimalarimni yana bir tinglab, huzur tuydim, bale, chok duyg‘ulandim!”

Mavlono maqbarasini ziyorat qildik. Kiraverishda mayin musiqa yangrab, allaqanday xush ifor kishini sokin qilib qo‘yarkan… Mana, “Ma’naviy masnaviy” kabi dunyoni titratgan, zamonlar osha bashariyat tafakkurini lol qoldirib, qalblarga ishq olovini yoqqan buyuk mutafakkir, muhabbat va tasavvuf shoirining so‘nggi manzili… Saljuqiylar davlatining poytaxti bo‘lgan Qo‘niya shahri Mavlono sharofati bilan asrlar davomida tasavvuf va ilm markazi bo‘lib kelgan. Uni “Huzur shahri” ham deyisharkan. Qiziq payrovlari ham bor. Birov chetdan telefon qilib, “Qayerdasan?” desa, shu shahardagilar “Huzurdaman”, der ekan. Ya’ni, “Huzur shahrida”, “Mavlononing huzurida”, “Shu shaharda ekanimdan huzurdaman!” ma’nosida.

ORTGA YO‘L…

Bular safar davomida yo‘lma-yo‘l yozib olganlarimiz edi. Bu taassurotlar va yig‘ilgan materiallar yuzasidan yana ko‘plab maqolalar yozish mumkin.

Ortga qaytarkan, yo‘l boshida o‘ylaganimiz, “Qaytishda chamadonlar bo‘sh bo‘ladi”, degan o‘yimiz xomxayol ekani ma’lum bo‘ldi. Qayga borsak, kitob olib, kitob tutishdi. Alqissa, “Turkiston ellari” va O‘zbekiston madaniyat, birdamlik va hamkorlik jamiyatlari, Anqaradagi Millat kutubxonasi, Xalqaro TURKSOY tashkilotining bosh ofisi, Turkiya Yozuvchilar uyushmasining Qo‘niya bo‘limi, “Turkiy dunyo madaniyati mahallasi”, Temur Xo‘ja o‘g‘lining qutlug‘ dargohidan quruq qaytmadik… Qaytanga, chamadonimiz kelishdagidan-da og‘ir bo‘ldi. Endi buni qardosh tarozibonlarga tushuntirish qoldi. Kitob tortgan ma’rifat karvoni deganlari shu bo‘lsa kerak-da…

Shahriyor SHAVKAT, Nozima HABIBULLAYEVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 36-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605