Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.09.2026 | 14:35

img747

TIL VA TEXNOLOGIYA

Bugungi shiddatli raqamlashish va sun’iy intellekt (AI) asrida tillar nafaqat yolg‘iz muloqot vositasi, balki strategik kuch, ilmiy-texnologik raqobat omiliga aylandi. Globallashuv jarayonida o‘z raqamli ekotizimi, ilmiy bazasi va texnologik jozibadorligiga ega bo‘lmagan tillar iste’moldan chiqib ketish xavfi ostida qolmoqda.

Shu bois, o‘zbek tilini davlat tili maqomidagi ijtimoiy muloqot vositasidan raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til darajasiga ko‘tarish – milliy xavfsizlik, suverenitet va kelajak avlodlar oldidagi eng ustuvor vazifamizdir. Zero, o‘z tilida ilm yaratmagan millat boshqalar yaratgan texnologiyalarning qaram foydalanuvchisi bo‘lib qolaveradi. Sun’iy intellekt va katta til modellari dunyoni boshqarayotgan davrda o‘zbek tili ham bu tizimlarga mukammal uyg‘unlashtirilmasa, raqamli boshqaruv va axborot makoni ustidan nazorat yot madaniyatlar qo‘liga o‘tishi mumkin.

Bugungi kunda dunyodagi yetakchi axborot tizimlari (masalan, OpenAI, Google yoki Anthropic modellari) asosan ingliz tilidagi va g‘arb dunyoqarashiga xos bo‘lgan katta ma’lumotlar bazasi (Big Data) asosiga qurilgan. Agar sun’iy aql o‘zbek tilini, ulus tarixi va milliy qadriyatlarini xorij manbalari asosida o‘rgansa, u o‘zbek foydalanuvchisiga ma’lumot uzatishda o‘sha yot madaniyatlarning fikrlash tarzi, axloqiy qarashlari va siyosiy g‘oyalarini singdira boshlaydi. Milliy kontent va raqamli til bazasi yetarli bo‘lmagan taqdirda, sun’iy aql o‘zbek tilidagi so‘rovlarga ingliz yoki rus tilidagi mantiq va madaniyatni shunchaki “so‘zma-so‘z tarjima” ko‘rinishda o‘girib javob beradi. Bu esa kelajak avlodning milliy o‘zlikdan uzilib, global raqamli qoliplar asosida fikrlashiga olib keladi.

Raqamli dunyoda kontentni boshqarish, qidiruv natijalarini saralash va ijtimoiy tarmoqlardagi axborot oqimini neyrotarmoqlar nazorat qiladi.

Shu jihatdan, agar global algoritmlar o‘zbek tilining asl mazmunini, matni va milliy mentalitetning nozik jihatlarini mukammal tushunmasa, ular bizning axborot makonimizda qaysi yangiliklar tarqalishi yoki to‘sib qo‘yilishini o‘z mezonlari asosida hal qiladi. O‘z tilida sun’iy aql modellariga ega bo‘lmagan millat o‘z kibermakonida sodir bo‘layotgan raqamli jarayonlarni boshqara olmaydi. Bu esa axborot makoni ustidan nazoratni butunlay chet el texnogigantlari ixtiyoriga topshirib qo‘yish bilan barobardir. Zamonaviy davlat boshqaruvi, bank tizimi, ta’lim va tibbiyot yaqin yillarda to‘liq sun’iy intellekt agentlari boshqaruviga o‘tadi. Demak, davlat va jamiyat boshqaruvi uchun ishlatiladigan AI tizimlari o‘zbek tilida algoritmik fikrlay olmasa, biz har bir raqamli xizmat, dastur va tizim uchun xorijiy korporatsiyalarga moliyaviy va siyosiy jihatdan qaram bo‘lib qolamiz.

Mahalliy startaplar va dasturchilar o‘z tilida mukammal ishlaydigan milliy axborot bazasiga ega bo‘lmasa, ular xorij tizimlarining ijarachisiga aylanadi. Bu esa milliy intellektual mulk, aql egalari va kapitalning doimiy ravishda chetga chiqib ketishini ta’minlaydi. Inson faqat o‘z ona tilida fikrlagandagina, eng murakkab kashfiyotlarni, kreativ g‘oyalar va noyob yechimlarni o‘ylab topa oladi. Ilmni o‘z tilimizda yaratish ta’lim sifatini keskin oshiradi.

O‘zbek tilini axborot texnologiyalari tizimlariga integratsiya qilish – bu, shunchaki lingvistik yoki texnik vazifa emas, bu davlat mustaqilligi va xavfsizligi masalasidir. Til global algoritmlar tizimida o‘z o‘rnini topmas ekan, kibermakondagi chegaralarimiz ochiq qolaveradi. Biz raqamli dunyoda o‘z madaniyatimiz va axborot muhitimizni asrab qolmoqchi bo‘lsak, sun’iy intellektni o‘zbek tilida fikrlashga, baholash va yaratishga majbur qiladigan milliy raqamli infratuzilmani bugundan boshlab qurishimiz shart. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda bu masalaga alohida strategik vazifa o‘laroq e’tibor qaratganining zamirida ana shu asoslar yotibdi.

O‘zbek tilini raqamli dunyoda yetakchi tilga aylantirish xomxayol emas. Bu borada biz uchun ulgi olishga arzigulik tajriba yo‘llari bor. Jahon tajribasida o‘z milliy tilini global texnologiya va innovatsiyalar tili darajasiga ko‘targan davlatlar mavjud. Ayniqsa, Janubiy Koreya va Isroil davlatlarining o‘z milliy tillarini ilm-fan va yuqori texnologiyalar tiliga aylantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli yo‘li milliy tillar uchun nihoyatda muhim hisoblanadi.

Janubiy Koreya o‘z milliy alifbosi Xangil tizimini raqamli asrga moslashtirish orqali ulkan texnologik inqilobni amalga oshirdi. Koreyaliklar Google yoki Yahoo tizimlariga qaram bo‘lib qolmaslik uchun o‘z tillarida mukammal ishlaydigan Naver qidiruv tizimi va Kakao raqamli ekotizimini yaratdilar. Bugungi kunda Naver sun’iy aql va katta til modellari sohasida o‘zbek tili uchun ham namuna bo‘la oladigan milliy baza hisoblanadi. Davlat tomonidan eng murakkab muhandislik, robototexnika va mikroelektronikaga oid qo‘llanmalar, xalqaro ilmiy maqolalar zudlik bilan koreys tiliga tarjima qilindi va raqamlashtirildi. Natijada koreys yoshlari o‘z ona tilida dunyodagi eng ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish va yaratish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Isroil tajribasi esa yuzyilliklar davomida faqat diniy matnlarda saqlanib qolgan, zamonaviy ilmiy atamalardan yiroq bo‘lgan tilni dunyoning eng ilg‘or startaplar tiliga aylantirish mumkin ekanini ko‘rsatdi. Isroilda davlat darajasida faoliyat yuritadigan Ibroniy tili akademiyasi kiberxavfsizlik, harbiy texnologiyalar, biotexnologiya va sun’iy aql sohasida paydo bo‘layotgan har bir yangi xalqaro atama uchun zudlik bilan ibroniycha muqobil yoki moslashtirilgan shaklni yaratib beradi. Isroilning Unit 8200 bo‘linmasi dunyodagi eng qudratli kiberxavfsizlik hamda elektron razvedka markazlaridan biridir. Bu bo‘linma shunchaki harbiy tuzilma emas, balki Isroilning yuqori texnologiyalar va startaplar mamlakatiga aylanishining asosiy poydevori va aqliy manbayi hisoblanadi. Shuningdek, eng yetakchi Isroil texnologiyalar institutida murakkab dasturiy algoritmlar, harbiy texnologiyalar va tadqiqotlar ibroniy tilida olib boriladi. Bu esa ibroniychaning zamonaviy kodlash va muhandislik dunyosi bilan to‘liq integratsiyalashuvini ta’minlagan.

Bu ikki davlat tajribasi bir haqiqatni anglatadi. Texnologiya tili bo‘lish uchun global til, masalan, ingliz tili bo‘lishi shart emas. Buning uchun milliy tilning raqamli infratuzilmasini yaratish, uni sun’iy aqlga o‘rgatish va davlat darajasida ilmiy kontentni milliylashtirishning o‘zi yetarli. Bizning nazarimizda, o‘zbek tilini global raqamli maydonda yetakchi tillardan biriga aylantirish uchun quyidagi strategik yo‘nalishlarga jiddiy e’tibor qaratish va davlat darajasida tizimli ishlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi.

Milliy korpus va sun’iy aql bazasini kengaytirish birinchi navbatdagi masala sanaladi. Chunki texnologiya va sun’iy aql matn hamda ma’lumotlar (big data) bilan oziqlanadi. ChatGPT, Gemini kabi global tizimlar o‘zbek tilini mukammal tushunishi va unda murakkab kodlar yoza olishi uchun millionlab so‘zlardan iborat Milliy matnlar korpusini yaratish va ochiq ma’lumotlar bazasiga joylashtirish kerak. Shuningdek, raqamli nutq texnologiyalarini kuchaytirish zarur. O‘zbekcha ovozli buyruqlarni tushunadigan va ko‘p ming soatlik audiobazani nutqni matnga, matnni nutqqa aylantiradigan sifatli algoritmlarni ishlab chiqish dolzarb masala sanaladi. Hozirda sun’iy aql o‘zbek talaffuzini tanishda oqsaydi.

Zamonaviy ilmiy-texnologik atamalarni shakllantirish ham nihoyatda muhim. Tilda yangi texnologiyalarni ifodalaydigan so‘zlar bo‘lmasa, u tilda texnologiya yaratib bo‘lmaydi. IT, biotexnologiya, nanotexnologiya, yadro fizikasi va kosmik tadqiqotlar sohasidagi xalqaro atamalarni o‘zbek tiliga moslashtirish yoki to‘g‘ri qabul qilish tizimini tezkor ishlab chiqish lozim. Matnlarda sun’iylikdan qochish va ilmiy muomalada qulay va tushunarli bo‘lishiga e’tibor qaratish to‘g‘ri bo‘ladi.

Ilmiy matnlarni raqamlashtirish va ochiq manbalarga joylashtirish ham zarur masala. Dunyo ilm-fani o‘zbek tilida so‘zlashishi, o‘zbek olimlari esa o‘z tilida dunyoga chiqishi kerak. Jahonning eng nufuzli ilmiy jurnallari, Wikipedia maqolalari va texnologik qo‘llanmalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish hajmini yuzlab barobarga oshirish lozim. Mahalliy olimlarimizning ilmiy ishlari, dissertatsiyalari va ixtirolarini raqamlashtirib, internetda ochiq va qidiruv tizimlari topa oladigan shaklda joylashtirish shart.

Axborot texnologiyalari va dasturlashning o‘zbek tilidagi ekotizimini yaratish ham o‘ta dolzarb masalalardan biridir. Birinchi galda dasturchilar va muhandislar avlodini o‘z tilimizda tarbiyalashimiz zarur. Dunyoda eng ommabop bo‘lgan dasturlash tillari (Python, JavaScript, Go) ma’lumotlar bazalari va bulutli texnologiyalarning rasmiy texnik hujjatlarini va eng nufuzli onlayn kurslarni (Coursera, edX) o‘zbek tiliga tizimli tarjima qilish va raqamli platformaga joylashtirish hamda o‘zbek tilida kodlash qo‘llanmalari va ochiq kodli loyihalarni ko‘paytirish ham kerak bo‘ladi.

O‘zbek tilida texnologiyalar yaratayotgan mutaxassislarni iqtisodiy va huquqiy rag‘batlantirish masalasi ham muhim. Dasturiy mahsulotlarni, raqamli xizmatlarni birinchi bo‘lib o‘zbek tilida taqdim etadigan startaplar va kompaniyalarga soliq imtiyozlari yoki grantlar ajratish hamda  ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash kerak. Davlat subsidiyalari hisobidan o‘zbek tilida mukammal ishlaydigan milliy qidiruv, xarita va sun’iy aql yordamchilarini (Janubiy Koreyaning Naver tajribasi asosida) yaratuvchi mahalliy kompaniyalarga grantlar ajratib rag‘batlantirish zarur. Shuningdek, O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan har qanday xorijiy raqamli mahsulot, maishiy texnika, operatsion tizimlar (masalan, Apple, Microsoft, Google) va dasturiy ta’minotlarning (avtomobillar multimediasi, smart-uy tizimlari) to‘liq va sifatli o‘zbekcha interfeysga ega bo‘lishi talabini huquqiy jihatdan mustahkamlash lozim.

Biz asrlar davomida o‘zbek tilining naqadar boy, jozibali va tarovatli ekanini, uning badiiy adabiyotdagi betakror imkoniyatlarini Navoiy g‘azallari-yu, Bobur tuyuqlari bilan isbotlab keldik. Bu, shubhasiz, milliy faxrimiz va ma’naviy xazinamizdir. Biroq bugun dunyo o‘zgardi. To‘rtinchi sanoat inqilobi va sun’iy aql asri tillar oldiga butunlay boshqa, shafqatsiz talablarni qo‘ymoqda. Bugun tilning yashab qolishi uning nafosati bilan emas, balki uning pragmatik va texnologik vazifasi bilan o‘lchanmoqda. Shu bois, bu masalaga ochiq va tik boqib, mavjud jarayonni tan olishimiz shart. Endi tilning kelajagi uning qanchalik chiroyli she’r yozishga moslashganida emas, balki qanchalik murakkab algoritmlarni ifodalay olishi, yangi ilmiy kashfiyotlarga poydevor bo‘la olishi bilan bog‘liqdir. Shu jihatdan, adabiyot – tilning o‘tmishi va yuragi, raqamli dunyo tili esa uning kelajagi, qonini yurgizadigan asosiy mushagidir.

Til yashashi uchun unda kiberxavfsizlik kodlari yozilishi, ma’lumotlar zanjiri (blokcheyn tizimi) tahlil qilinishi, neyrotarmoqlar o‘qitilishi va oliy matematika formulalari ifodalanishi lozim. Qachonki, o‘zbek dasturchisi murakkab kod tuzilmasini, mashina ta’lim algoritmini o‘z ona tilida ingliz yoki rus tilidan kam bo‘lmagan aniqlikda ifoda eta olsagina, tilimiz raqamli olamning to‘laqonli a’zosiga aylanadi. Azaldan dunyo qonuniyati shunday. Qaysi tilda ilm-fan yaratilsa, o‘sha til hukmron bo‘ladi. Alaloqibat, shu til egalari dunyoni boshqaradi. Temuriylar davrida mumtoz o‘zbek adabiy tilining qudrati yolg‘iz o‘sha davrda yaratilgan asarlar badiiyatida emas, balki Navoiyning til bilimida, Ulug‘bekning falakiyot ilmida, Ali Qushchining matematikasida ham namoyon bo‘lgan. Biz mana shu yo‘qotilgan muvozanatni tiklashimiz kerak.

Bugun yadro fizikasi, gen muhandisligi va neyrobiologiya sohasidagi yangi kashfiyotlar o‘zbek tilida tafakkur qilinmasa, chet elda yaratilgan tayyor texnologiyalar va g‘oyalarning iste’molchisi sifatida davom etsak, qaramlik ruhiyatidan chiqa olmaymiz. Ilm va texnologiya yaratiladigan til milliy mustaqillikning bosh garovidir. Chet tilini o‘rganish majburiyat, lekin ilmni o‘z tilida yaratish milliy sha’n va huquqdir.

Xulosa shuki, tilimizni asrash va yuksaltirish haqidagi balandparvoz va’zxonlikdan amaliy raqamlashtirishga o‘tadigan kez keldi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida koreyslarning bu borada ilgarilab ketganini ta’kidlab, ko‘ptarmoqli hamkorlik rejasini kun tartibiga qo‘yganida ham ana shu talab va ehtiyoj mavjud.

Tilning chinakam sofligi va buyukligi uning qanchalik qadimiyligida emas, balki zamonaviy dunyo bilan qanchalik hamnafas qadam tashlay olishidadir. Biz o‘g‘il-qizlarimizga nafaqat go‘zal g‘azallarni o‘qib beradigan, balki ularga sun’iy aql bilan o‘z tilida muloqot qilish, kosmik texnologiyalarni o‘z tilida dasturlash imkonini beradigan qudratli va jonli tilni meros qoldirishimiz shart. Yuqorida qayd etilgan raqamli infratuzilmani, ilmiy baza va til jozibadorligini yarata olsak, o‘zbek tili yaqin kelajakda yolg‘iz Markaziy Osiyoning emas, balki global raqamli dunyoning eng qudratli ilm va texnologiya tillaridan biriga aylanadi. Bu esa Uchinchi Renessansning haqiqiy amaliy poydevori bo‘ladi.

Qudratulla OMONOV,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 18-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605