Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.09.2026 | 09:40

img695

ODIL OG‘ANING ARMONI

Xotira-esse

O‘zbekiston xalq yozuvchisi  Odil Yoqubov bilan yillar davomida ko‘p bor xizmat safarlarida bo‘ldim, rasmiy tadbirlar, adabiy anjumanlar, xalqaro uchrashuvlarda birga qatnashdik. Viloyatlarga xizmat safarlarida biz bilan ulkan yozuvchi, atoqli romannavis, o‘ziga e’tibor talab qiladigan amaldor emas, boladay beg‘ubor, dilkash, o‘ta kamtarin bir inson yurdi. Olmaotada O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilganda, qozoqlar bu insonni, yana bir hamrohimiz Nosir Fozilovni bag‘oyat e’zozlashdi. Qozoq adabiyotining yirik oqsoqoli Abjemil Nurpeisovning uyidagi ziyofatda Odil akani tug‘ishgan inilariday hurmat qilishdi. Abjemil og‘a: “Adil, Chingiz senga bejiz xat yozmagan, Ulug‘bek haqidagi romaning shunday e’tiborga sazovor, xo‘b kelishtirib yazgansan, qo‘lingdan keladi, yana shunday romanlar yazaber”, dedi.

Bir yili Odil aka, Yoqubjon Xo‘jamberdiyev va men Andijon orqali qo‘shni Jalolobodga yo‘l oldik. Taniqli tadbirkor Qodirjon Botirov zamonaviy jihozlangan xususiy universitet ochgan ekan, yangi oliy o‘quv yurtining “betochar”iga taklif etilganmiz.

Dovondagi postlardan birida hujjatlarimizni erinmay tekshirishdi (u paytda tamoyil shunday edi). Serjant yigit Odil akaga tikilib qaradi-da, pasportlarini bizlarnikidan ko‘ra ko‘proq, qiziqsinish bilan varaqlay boshladi. Hujjatdan ko‘zini uzib, yana Odil akaga qaraydi. Ustoz buni sezib: “Hay, bala, chol kishining nimasini tekshirasan, meni qo‘yib, mana bularni tekshir, kunda shu yerdan bir nimalarni ko‘tarib o‘tadi”, dedi. Serjant biroz o‘ylanib turdi, so‘ng ishonchsizgina: “Siz… Odil Yoqubov ekansiz-da?” dedi. “Ha, shunday, pasportga yazib qo‘yibdi-ku”, degan javobni eshitgach, bizni shu holda qoldirib, yo‘l chetidagi xizmat xonasiga kirib ketdi, zum o‘tmay qo‘lida kitob bilan, xonadagi sheriklarini boshlab qaytib keldi. “Ko‘hna dunyo”, o‘qilaverib titilib ketgan. Yigitlar Odil akadan shu kitobga dastxat yozib berishni iltimos qilishdi. Odil aka ko‘nmadi. “Kitobni juda eskitib yubaribsizlar, Toshkentga borsalaring, bittadan kitob yazib beraman”, dedi. Yo‘l soqchilari xursand bo‘lib, bizga oq yo‘l tilashdi.

Yo‘lga tushdik, deyarli gap-so‘zsiz Jalolobodga yetib keldik. Mezbonlar Odil akaga shunday hurmat ko‘rsatishdiki, bunaqasi kamdan kam bo‘ladi. Qodirjon ustozni xuddi otasiday kutib oldi. Qiz-kelinlar o‘rab olishgan, savol ustiga savol berishadi. So‘zlarini e’tibor bilan tinglashadi, yuziga diqqat bilan qarashadi. Keyinroq bu e’tiborning sirini bildim. Xayrlashayotganimizda ayol yozuvchilardan biri Odil akaning oldiga kelib: “Romanlaringizni qirg‘izcha yozsangiz yaxshi bo‘lardi-da”, deb qoldi. Ustoz ayolga qarab emas, bizga sal o‘girilib, “Ha, yazamiz, yazamiz”, dedi. Hazil-mutoyibani to‘xtatmay, Andijonga qaytdik, Shahrixonga kelib to‘xtadik. Bizni bir guruh ijodkorlar kutib turgan ekan. Nazirjon Saidov ustoz yelkasiga to‘n yopdi, shu yerlik taniqli tadbirkor, ko‘p yillik do‘stim Nozimjon Hasanov Odil akaga mahalliy ustalar yasagan serhasham qilich sovg‘a qildi.

Bunday xotiralar juda ko‘p. 1996-yili Toshkentda Chingiz Aytmatov va Odil Yoqubovning harakatlari bilan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasi tuzildi. Bu xususda Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori qabul qilindi. Unda ushbu yangi tashkilot oldiga mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlikni mustahkamlash, mushtarak merosni avaylab-asrash, yondosh-qondosh xalqlarning tarixiy birligi g‘oyasini ulug‘lash vazifasi qo‘yildi. Tashkiliy qurultoyda Chingiz og‘a assambleyaning Prezidenti, Odil Yoqubov va Abdulla Oripov vitse-prezidentlari etib saylanishdi. Umidbaxsh ishlar boshlanib ketdi. Olimlar, shoir-yozuvchilar, madaniyat vakillari o‘rtasidagi uzilib qolgan ijodiy hamkorlik aloqalari tiklana boshladi. O‘zbek matbuotining darg‘alaridan biri darajasiga ko‘tarilgan iste’dodli jurnalist Anvar Jo‘raboyev rahbarligida “Markaziy Osiyo madaniyati” nomli gazeta faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘sha kunlarni eslashimning boisi – qurultoyga ikki-uch kun qolganida, qo‘shni respublikalarning faol ziyolilaridan iborat vakillar Toshkentga keldi. “Shelkovichnaya” deb ataladigan chog‘gina mehmonxona ikki kecha-kunduz his-hayajonli, uyqusiz shtab-kvartiraga aylandi. “Har to‘kisda bir g‘avg‘o” deganlaridek, bo‘lajak assambleya faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilayotganida Chingiz og‘a juda horidi. Odil aka tinim bilmadi. Ertalabgacha uxlamay, ko‘zlari qizargan holda murosa yo‘lini qidirishdi. Birgina assambleya nomi xususida rosa ikki kun tortishuv bo‘ldi. Taklif kiritishda qozog‘istonlik va tojikistonlik vakillar o‘z fikrlarini ochiq bayon qilishdi, turkmanistonliklar o‘zlarini vazmin tutdilar. O‘shanda men Chingiz Aytmatovni o‘zim uchun tajribali diplomat-muzokarachi, Odil Yoqubovni sabr-qanoatli, har qanday holatda ham hissiyotga berilmaydigan kengfe’l rahbar sifatida kashf etganman. Oradan yillar o‘tdi. Aytmatov tez-tez Toshkentga kelib turdi, boshqa vaqtlari Lyuksemburg, Parijdan turib bo‘lsa ham boshqaruvni qo‘lida saqladi. Asosiy ish Odil akaning zimmasiga tushdi.

2001-yili edi. Qo‘shni mamlakatda ayrim deputatlar oqin suv taqsimoti bilan bog‘liq masalani parlamentda muhokama qilib, amalda mavjud xalqaro konvensiyaga mos kelmaydigan taklifni o‘rtaga qo‘yishdi. Katta rahbar meni chaqirib: “Chingiz qayerda, eshitgan bo‘lsa kerak, nega jim turibdi? Topib aytinglar, bir nima desin”, dedi. O‘sha zahotiyoq Odil akaning oldiga bordim. Masalani tushuntirdim. “Chingiz Aytmatovga o‘zingiz tushuntirasiz-da”, dedim. Odil aka biroz o‘ylanib turdi-da, yordamchi yigitni chaqirdi. U Parijdagi mehmonxonalardan biriga bog‘landi va oradan bir-ikki daqiqa o‘tgach, Aytmatov bilan salomlashib, qo‘l telefonini Odil akaga uzatdi. Odil aka “Chingiz, salam, amansinbi”, deb gap boshladi va “Mening oldimda davlat maslahatchisi, sen taniysan – jerdeshing Axmatjan o‘tiribdi, senga bir og‘iz gapi bor ekan”, deb telefonni menga bersa bo‘ladimi?

Hayajon bosdi. Ammo o‘zimni tutib, aytmoqchi bo‘lgan gapimni aytdim. Chingiz og‘a biroz o‘ylanib turib, “Ay, men buyaqda bolsam, tiyaqda (u yoqda) bunday gaplar boliptir, uqdim, emi Axmatjan, men aralashsam qanday bolot eken-a?” dedi. Bildimki, aralashish niyati yo‘q. Bir nima desa, “Aytmatov kimning tomonida?” deb uning o‘ziga tashlanib qolishlari aniq. Qisqasi, Aytmatov o‘rtaga tushmadi. Keyinroq, bu voqeaga mutlaqo daxli yo‘q boshqa muammo bois, hamma ish chappasidan ketdi. Assambleya o‘z-o‘zini tarqatib yubordi. Bu endi – boshqa mavzu.

Shundan keyin Odil aka hayotida qandaydir sokinlik yuzaga keldi. Bir tahririyat yangi roman qo‘lyozmasini o‘ziga qaytarib berdi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 50 yilligini o‘tkazayotganimizda ozroq asabiylashdi. Tug‘ilgan kunining 80 yilligida qozog‘istonlik do‘stlari Toshkentga kelib, katta dasturxon yozishdi. Nomi ro‘yxatlarda kamroq ko‘rinadigan bo‘ldi. Bunday paytda biz ustozga qo‘ldan kelgancha ko‘makdosh bo‘lib turdik. Odil aka har-har zamonda tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib: “Ay, hadeb ishlayverasizlarmi, kelinglar-da bir, norin tayyor, boshqa narsalardan ham bor”, der edi. Bir gal “Yardamlaring kerak bo‘lib qoldi. Bizning ko‘chada uch kundan beri chiroq yo‘q. Eski Magnitagorskiy ko‘chasi. Rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilinglar-chi. Mendaqa qari cholning aytgani boshqa, sizlarniki boshqa”, deb qoldi. O‘sha kuniyoq Yunusobod tumani hokimining o‘rinbosarini topib, undan iltimos qildim. Xayriyat, Odil Yoqubov degan yozuvchi borligini bilar ekan, “E, biz u kishini hurmat qilamiz, hozir o‘zim shug‘ullanaman”, dedi. Kechga yaqin telefon go‘shagidan yana ustozning ovozi keldi: “Ay, hammani oyoqqa turg‘izib yuboribsizlar-ku, kelib yaqib berishdi. Rahmat. Endi kelinglar, chiroq yanganini yuvaylik…”

Oradan bir-ikki kun o‘tgach, Murod Abdullayev bilan ustozni ko‘rgani bordik. Biroz horg‘inliklari bizni ko‘rishi bilan tarqab ketganday bo‘ldi. Dasturxon mo‘l. Shunday kelib turinglar-da, deya bir yayradi, bir yayradi ustoz.

Suhbatimiz uzoqqa cho‘zildi. Odob saqlab tinglab o‘tirdik. “Osiy banda”ning qo‘lyozmasi jurnaldan qaytganini aytib, biroz asabiylashdi. Ozod akani qahramonlik unvoni bilan qanday tabriklaganini esladi, Chingiz Aytmatovning “Qulayotgan tog‘lar” romanini o‘qigan ekan, “Chingiz – Chingiz-da, nima yozishni biladi”, dedi. Shu joyda ustozdan bir-ikkita o‘zim uchun muhim narsalarni so‘rab olishga jazm etdim. Odil aka o‘ylanib turib, shunday javob qildi: “Chingiz ulug‘ yazuvchi. Hech birimiz qilmagan ishlarni qildi. Ammo… bu dunyoda siz-u biz tushunmaydigan narsalar ham ko‘p-da. Katta adamlarning xatasi ham katta bo‘ladi. Beayb Parvardigor. Shunday…”

 Bu gaplar biz uchun nechog‘li qiziq va muhim bo‘lmasin, ustozni charchatib qo‘ymaslikni o‘ylab, taraddudlanamiz. Hadeb bir nimalarni so‘rayverishdan o‘zimizni tiyamiz. Ammo Odil aka gapdan gapga ochilib borardiki, biz shunday ulug‘ ijodkor bilan yonma-yon o‘tirganimizdan, u kishiga zamondosh bo‘lganimizdan ich-ichimizdan g‘ururlanib o‘tirardik. Faqat, bu go‘zal suhbat ustoz bilan bizning so‘nggi muloqotimiz ekanini bilmasdik…

Bir xotira. Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Issiqko‘lda an’anaviy forum o‘tkazildi. Ibrohim Gʻafurov, Hamidulla Boltaboyev, men va yana uch-to‘rt kishi ishtirok etdik, adib yashagan uyda tashkil etilgan muzeyni borib ko‘rdik. Chingiz og‘aning O‘zbekistonda chop etilgan kitoblaridan olib borgan edik, ularni muzey fondiga topshirdik. Tadbirlarda yozuvchining singlisi Roza (Rozaliya) Aytmatova bilan uchrashib, O‘zbekistonda ulug‘ yozuvchi xotirasini abadiylashtirishga doir qilinayotgan ishlar, ilmiy tadqiqotlar to‘g‘risida so‘zlab berdik. “Akamning O‘zbekistonda do‘stlari ko‘p edi. Parij yoki Bryusseldan qaytishda Toshkentga qo‘nib o‘tar, qadrdonlari bilan miriqib suhbatlashmasa, ko‘ngli o‘rniga tushmasdi, – deya gap boshladi opa. – Odil Yoqubov bilan chin do‘st edi. Uning rus tilida chiqqan “Ulug‘bek xazinasi” romanini o‘qib, shunday ta’sirlandiki, bir necha kun shu asar voqealari xayolini band etganini bizga o‘zi gapirib bergandi. Oradan ko‘p o‘tmay, roman muallifiga xat yozganini eshitdik. Men ham bu asarni o‘qib chiqqanimda, Odil og‘a ham akam kabi hayotning ko‘p chag‘ir yo‘llarini bosib o‘tgani, urush qatnashchisi ekanini bilib oldim. Akam bilan uchrashganimizda gap, albatta, o‘zbek qadrdonlariga burilardi. Odil Yoqubovni “xuddi ismiday odil, rostgo‘y, to‘g‘riso‘z, sodda odam, ammo qalami o‘tkir, fikri teran”, deb tanishtirgan, yana: “Odil do‘stim men kelishim bilan qo‘y so‘yib, mehmon qiladi, oilasi, farzandlari juda mehmondo‘st. Odil yaqinda yana ikki do‘stim – Suyun Qorayev, Ziyod Yesenboyev bilan Talasga, mening yubileyimga keladi, biz ham ularni yaxshi siylashimiz kerak”, degani yodimda. Akam Abdulla Oripovni “O‘zbek poeziyasining yangi quyoshi” degan. Sharof Rashidovning inisi Asil Rashidovdan ham minnatdor bo‘lib yurdi”.

Odil akadan katta adabiy meros qoldi. “Odil Yoqubov necha yuz yillardan keyin ham qancha-qancha avlodlarimizga suyukli bo‘lib qoladi. Kitoblari o‘qiladi, – degan edi Abdulla Oripov. – Chingiz Aytmatov “Ulug‘bek xazinasi”ni o‘qib, unga yozgan xatining o‘zi nomini abadiylashtirib qo‘ydi. Qani, yana kimga shunday xat yozgan?! Bir vaqtlar ikkalamiz SSSR xalq deputati bo‘lib saylanganmiz. O‘shanda Moskvada syezdning bosh minbariga chiqib, jasoratli nutq so‘zladi. Minbarga chiqish uchun navbatga yozilish oson bo‘lgani yo‘q. Bu ishga delegatsiyamiz rahbari aralashdi. Odil aka qat’iy turdi, jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. O‘zbekistonni, o‘zbekni, paxtani, paxta dalalarida umri o‘tayotgan mushtipar, xasta o‘zbek ayolini mutlaqo bilmaydiganlar ham o‘rinlaridan turib, uzoq qarsak chaldi. Aytsa, gapirsa bo‘lar ekan-ku, deyishdi. Syezd ruhi o‘zgardi. Ozod Sharafiddinov: “Odil, umr bo‘yi yozganing bitta-yu, shu chiqishing bitta!” deb uzoq vaqt maqtab yurdi, “Nutq” degan katta maqola yozdi. O‘sha paytda to‘kilib borayotgan qudratli mamlakatning Boltiqbo‘yi qismida o‘ziga xos norozilik isyonlari bo‘lib turardi. Bir-ikki kun biror voqea yuz berishi mumkinday, hammamiz olazarak bo‘lib turdik. Odil akaga, har qalay, tegishmadi, boshqa payt bunday shakkoklik uchun qamalib ketishi hech gap emasdi. Yillar o‘tsayam, Odil aka el-yurt xotirasida albatta qoladi. Hali qancha xotiralar yoziladi”.

Xotira-essega shu yerda nuqta qo‘ymoqchi edim. Ammo unga o‘zim qo‘ygan sarlavha yodimga tushdi. Darvoqe, Odil Yoqubovning armoni nima edi?

Boshqa bir gal Odil akaning oldiga jiddiy ish bilan borganimda, suhbatimiz o‘z-o‘zidan Moskvadagi jasoratli chiqishga burildi. Odil aka zerikibroq o‘tirgan ekan, yayrab gapirdi: “Avvaliga hayajon bosdi. So‘zni sal cho‘zvorganlarni syezdga raislik qilayotgan Lukyanov to‘xtatib turibdi. Meni to‘xtatmadi. Gapirib bo‘ldim. Prezidiumda o‘tirganlarni bilmadim, ammo butun zal o‘rnidan turib, qarsakni urib turibdi. Ular orasidan o‘tib, joyimga borishim kerak. Ko‘zim Saxarovga tushib qoldi. Bu ulug‘ inson ham o‘rnidan turib qarsak chalmoqda. Yuragim gupurlab ketdi. Tanaffus bo‘ldi. Hamma meni o‘rab olgan. Tabrik ustiga tabrik. Men bo‘lsam, Saxarovning oldiga borib, bu buyuk insonga rahmat deb qo‘yishni unutibman. Shu narsa armon bo‘lib qoldi-da…”

Ustozning boshqa armonlari ham bor edi. Armon deganlari kimda bo‘lmaydi, deysiz. Ammo bu xususda biror marta bo‘lsin, gap ochmadi. Negaki, ko‘ngli xotirjam, hammasi o‘rniga tushishini yaxshi bilardi. Shunday bo‘ldi ham.

Ahmadjon MELIBOYEV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 18-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600