22.09.2026 | 11:35
798
XORAZM JADID MAKTABLARI
Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fani bo‘yicha falsafa doktori, “Do‘stlik” ordeni sohibi Umid BEKMUHAMMAD bilan suhbat

– Qadim Turkistonning nisbatan chekka hududi – XIX asr ikkinchi yarmi va XX asrning boshida jug‘rofan “markazdan uzilib qolgan xonlik”ka jadid harakati kirib kelishi va ishni aynan maktablar tashkil qilishdan boshlashlari e’tiborli holat. Ta’lim sohasidagi bu jarayon qanday boshlangan?
– Muhammad Rahimxon soniy tashabbusi bilan Xiva, so‘ngra Yangi Urganch shaharlarida jadid maktablari tashkil etilguncha bo‘lgan davrda, Turkistonning boshqa hududlari singari Xorazmda ham an’anaviy, asosan diniy bilim beriladigan maktablar hamda rus-tuzem va Oqmachit qishlog‘idagi nemis mennonitlarining maktabi mavjud edi. Ya’ni, ta’lim sohasida, oz bo‘lsa-da, o‘ziga xos raqobatchi dargohlar faoliyat yuritardi. Garchi, xonlik davridagi maktablar Sharqning taraqqiyot yo‘liga kirgan davlatlari, Yevropa mamlakatlariga qaraganda biroz ortda qolgan bo‘lsa ham, ta’lim sohasi o‘z davrining savodxon qatlamini yuzaga chiqarishga xizmat qilgan. Bu maktablar Xiva xonligining har bir bekligidagi qishloqlarida bo‘lgan. Maktabni bitiruvchilar madrasalarda o‘qish uchun imkoniyatiga qarab Xiva, Buxoro va boshqa shaharlarga yo‘l olganlar.
Alloma Abdulla Boltayev keltirgan Xiva shahri va uning atrofidagi madrasalar ro‘yxatida XIX asr oxiridagi 64 ta madrasa nomi, barpo etilgan yili, hujralar soni va vaqf yerlari qayd etilgan. Undan tashqari, xonlikdagi bekliklarda ham madrasalar, tabiiyki, maktablar ham faoliyat ko‘rsatgan. Ana shunday vaziyatda o‘z nomi bilan yangi – jadid maktablarining ish boshlashi uchun davlat miqyosida xayrixoh kerak edi. Chunki, XIX asr oxirida Turkistonning turli hududlari: Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Buxoro amirligida tashkil etilgan jadid maktablari mutaassib qadimchilar tomonidan tazyiqqa uchragan holatlar ko‘p kuzatilgan. Xorazmda esa hukmdor Feruzxonning xayrixohligi va jadid maktablari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi bois, ta’lim sohasidagi yangiliklarga qarshilik ko‘rsatilmagan. “Tarjimon” gazetasining 1898-yildagi xabariga ko‘ra, dastlab Xiva, so‘ngra Yangi Urganchda jadid maktabi tashkil etilgan. Xorazmning birinchi jadid pedagoglari esa orenburglik Muhammad Vafo, mulla Abdurahmon afandilar bo‘lishgan. Maktabga o‘qituvchilar mahalliy yoki qo‘shni hududlardan emas, Orenburgdan taklif qilinganining sababi, ularda yangi usuldagi maktablar oldin tashkil etilgan va tajriba, o‘qitish uslubi yuqori edi. Vaqt o‘tib, xonlikdagi jadid maktablari Xivadan to Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot, Chimboy singari hududlarda ham ochilgan va 1920-yilda ularning soni 20 tani tashkil qilgan.
Jadid maktablariga dastlab Orenburg, Qozon, Qrim, Toshkent, Namangandan o‘qituvchilar taklif qilingan bo‘lsa, keyinchalik ular safida mahalliy pedagoglar ham faoliyat ko‘rsatgan. Ayni paytda, Ismoil G‘asprali Xorazmda jadid maktablariga davlat rahbarlari, amaldorlarining xayrixohligidan quvongani holda, boshqa bir zarur masalaga ham e’tibor qaratib o‘tgandi: “Maktablar ochilishi, ko‘payishi lozim… Boqchasaroydan olingan dars kitoblari, Qozondan chaqirilgan muallimlar Xivaga endi to‘g‘ri kelmaydi, yarashmaydi. Endi Xivaning o‘zidan muallimlar yetishtirmoq kerak va Xivada chop etiladigan alifbolarni yaratmoq kerak” (“Tarjimon” gazetasi, 1913-yil, 278-son).
– Jadid maktablarini Feruzxon, bosh vazir Islomxo‘ja va boshqa amaldorlar qo‘llab-quvvatlashidan tashqari, ishni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun qanday ishlar amalga oshirilgan?
– “Tarjimon” gazetasidagi xabarga ko‘ra, 1907-yilning 28-mayida Asfandiyor va Islomxo‘ja, 31-may kuni qozikalon, mudarris, oxunlar ishtirokidagi imtihon hay’ati o‘quvchilarni sinovdan o‘tkazadi. Ya’ni, Xivadagi dastlabki ikkala jadid maktabning 113 nafar talabasi hay’atga imtihon topshiradi va hayratlanarlisi, hammasi “a’lo” baho oladi. Imtihon natijasidan ruhlangan valiahd Asfandiyor, bosh vazir Islomxo‘ja va qozikalon Salimoxunlar o‘zaro maslahatlashib, Qozon shahridan ushbu maktablar uchun yana ikki nafar o‘qituvchi taklif qilishga qaror qilishadi. Shu bilan birga, Xorazmda jadid maktablarini ko‘paytirish, o‘quv jihozlari, adabiyotlari bilan ta’minlash, ulardagi ta’lim sifatini nazorat qilish uchun Ramazon Muhammad Karimzodani maktablar noziri qilib tayinlashadi.
Ya’ni, keyinchalik sovet davrida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, deya nomlangan tashkilotlardan ancha oldin – 1907-yilda bunday boshqaruv tizimiga birinchi bo‘lib Xivada asos solingandi. Jadid pedagogi Ramazon Karimzodaga Xiva, Yangi Urganch shaharlaridan boshqa hududlarda ham “usuli savtiya” maskanlarini tashkil etish, ularga malakali pedagoglarni jalb qilish, darslik, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan edi. Bundan tashqari, bosh vazir Islomxo‘ja tomonidan tashkil etilgan “Ta’sisoti xayriya”, Husayin Qo‘shayev tashabbusi bilan “Yangi Urganch savodxonligi jamiyati”, Bekjon Rahmon tashkilotchiligi asosida “Turk adamiyati markazi Xorazm bo‘limi” singari jamiyatlar faoliyat olib borgan. Ularning asosiy maqsadi ham jadid maktablari uchun binolar barpo etish, kambag‘al oilalar farzandlari uchun to‘lov qilish, iqtidorli yigit-qizlarni xorijda o‘qitish, ta’lim dargohlarini darslik, kitoblar bilan ta’minlash, pedagoglarga zarur sharoit yaratib berishdan iborat edi.
– Tarixdan bilamizki, Xivada toshbosma 1874-yilda tashkil qilingan. So‘ramoqchi bo‘lganim, jadid maktablari uchun Xivaning o‘zida ham darslik chop etilganmi yoki faqat chetdan keltirilganmi?
– Bu maktablarda Ismoil Gʻasprali asarlari, shuningdek, Behbudiy, Ibrat, Munavvar qori, Avloniy kabi jadidlarning darsliklari bilan birga, Bobooxun Salimov, Bekjon Rahmon yaratgan “O‘qish kitobi” va “Alifbe” darsliklari ham o‘qitilgan. Xivadagi Otajon Abdolovning matbaaxonasida Qozon, Qrim, Toshkentda yaratilgan darslik, fanga oid kitoblar qaytadan ko‘p nusxada chop etilgan va maktablarga tarqatilgan. Shuningdek, shoir Avaz O‘tar 1906-yili Kavkazdan qaytishida Safarali Valibeyovning “Vatan tili”, “Usuli jadid”, “Lisoniy forsiy” nomli asarlari va “Xazinai axbor” nomli ikki jildlik qomusiy lug‘atini Xorazmga olib keladi. Qozi Maulik nomi bilan tanilgan, boshqird millatiga mansub Abbos Amantev esa Buxorodagi madrasani 1912-yilda tugatib, Chimboyda tashkil qilingan jadid maktabi bolalarini bepul ovqatlantirib, ularga ta’lim bera boshlaydi. Qozi Maulik Chimboyda kitob do‘koni ham ochib, unga turli shaharlardagi bosmaxonalarda chop etilgan kitoblarni keltiradi va o‘zi ham kotiblar jamoasini tashkil qilib, darsliklardan nusxalar ko‘chirtiradi. Namanganlik So‘fizoda ham 1910–1913-yillarda Qo‘ng‘irotdagi jadid maktablarida ustozlik qilish bilan birga, o‘zi bilan birga ko‘plab darsliklarni olib kelgan.
– Jadid maktablarida ijodkor pedagoglar ham bo‘lganmi?
– Ha, albatta. Vodiydagi qadimchilar tazyiqi sabab, Muhammadsharif So‘fizoda 1910–1913-yillarda Qo‘ng‘irotdagi jadid maktabida faoliyat ko‘rsatgan. U Namangandagi Is’hoqxon Ibratning bosmaxonasida chop etilgan, shuningdek, Bokuda nashr qilingan darslik va kitoblarni Xorazmga olib kelib, uch yil davomida samarali faoliyat olib boradi va mahoratli pedagog sifatida taniladi.
Tarixdan ma’lumki, Qo‘ng‘irot savdo va iqtisod rivojlangan, tabiati xuddi vodiyniki singari bahavo hudud sifatida ham mashhur edi. Bu vaqtda faqat So‘fizoda emas, Toshkent, Qozon, Orenburgdan yana ko‘plab pedagoglar Xorazmda faoliyat olib borishardi. Asli qozonlik va 1912-yildan Qo‘ng‘irotdagi jadid maktabida pedagoglik qilgan, keyinchalik Qoraqalpog‘istonda ta’lim taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan Seyfulg‘abid Majidov ham shoir bo‘lgan. Orenburglik Abdurahmon afandi, qozonlik Abdulla Salim, Maryam Agisheva, Husayin Qo‘shayev, Komila Qo‘shayeva, David Bakirov, Muxtor Bakirov, Ramazon Saydashev, toshkentlik Husayn Ibrohimov va boshqalar Xorazm ta’lim taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan pedagoglar hisoblanadi.
Shuningdek, “Tarjimon” gazetasiga dastlab To‘rtko‘l, so‘ngra Xivadagi pochta-telegrafdan Qrimga, Ismoil Gʻaspraliga maqolalar, xabarlar jo‘natib turgan Ramazon Saydashev va Gʻofur Usmoniy Xorazmning old jadid pedagoglari, jurnalistlari bo‘lishgan. Afsuski, ushbu ikki ijodkor pedagogning hayoti va faoliyati to‘liq tadqiq qilinmagan. Shu bois, ular faoliyatiga qisqacha razm solsak. Ramazon Saydashev dastlab Xivadagi rus-tuzem, 1906-yildan esa Mamat mahramning jadid maktabida faoliyat ko‘rsatgan. Ayni vaqtda, Xorazmdan Qrimga – “Tarjimon” gazetasi bosh muharriri Ismoil Gʻaspraliga maqolalar jo‘natib turgan. Ismoilbek Gʻasprali Xorazmdan kelgan har bir xabarni gazetada “Xivadan maktub” ruknida “Mulla Ramazon”, “Ramazon Saydashev”, “R.Saydashev” nomlari bilan e’lon qilib borgan. Oldinlari Rossiya, Kavkaz, Turkistondagi gazetalar va muxbirlar orqali yoritilgan Xorazm bilan bog‘liq jarayonlar bevosita Ramazon Saydashevning jurnalistlik faoliyati orqali Qrimda nashr etilib, turli hududlarga yetib bordi.
Gʻofur Usmoniy Xiva, Yangi Urganch shaharlaridagi jadid maktablarida o‘qituvchilik qilgan. Ramazon Saydashevning ta’lim va matbuot sohasidagi shogirdi. Uning Xorazmdagi ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar to‘g‘risidagi maqolalari “Vaqt”, “Tarjimon” gazetalarida muntazam chop qilingan. Qrim, Qozon, Toshkent, Xiva shaharlaridagi arxivlarda izlanishlar olib borilsa, “Xorazmning jadid pedagog ijodkorlari faoliyati va ularning ta’lim, adabiyot va matbuot sohalariga qo‘shgan hissasi” mavzusida dissertatsiya, monografiya yozish imkoni mavjud.
– Pedagoglar orasida ayollar ham bo‘lganmi?
– Albatta. Xiva, Yangi Urganch, To‘rtko‘l shaharlarida qiz bolalar ta’lim oladigan alohida jadid maktablari faoliyat olib borgan. Komila Qo‘shayeva Xorazmdagi jadid maktablarida faoliyat ko‘rsatgan ma’rifatparvar Husayn Qo‘shayevning turmush o‘rtog‘i edi. Komila Qo‘shayeva o‘quvchilarga matematika fani, G‘aspralining “Xojai sibyon”, Munavvar qorining “Usuli hisob”, Saidrasul Aziziyning “Ustozi avval”, Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim” kitoblaridan saboq bergan. 1904-1906-yillarda Xivadagi jadid maktabida, 1906-yildan esa Yangi Urganchdagi jadid maktabida o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirgan. Komila Qo‘shayeva o‘quvchilarga saboq beribgina qolmay, Yangi Urganch shahridagi jadid maktabiga rahbarlik ham qilgan. Asosan qiz bolalar ta’lim oladigan ushbu maktabda Maryam Agisheva, Zaynab Siddiqova ham faoliyat ko‘rsatgan.
Komila Qo‘shayevaning maslakdosh hamkasblaridan yana biri Maryam Agisheva bo‘lib, tatar millatiga mansub bu ayol bosh vazir Islomxo‘ja tomonidan 1907-yilda Qozon shahridan taklif qilingan. Maryam Agisheva Xiva shahridagi jadidlarning qizlar maktabida, so‘ngra Yangi Urganch shahridagi jadid maktabida o‘qituvchilik qilgan. Xorazmlik jadid pedagog ayollarining yana biri Zaynab Siddiqova edi. U ham Komila Qo‘shayeva, Maryam Agisheva bilan hamkorlikda Yangi Urganch shahridagi maktabda faoliyat ko‘rsatgan. Maryam Agisheva, Zaynab Siddiqova o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili fanlaridan, Behbudiyning “Risolai jug‘rofiyai Rusiy”, “Kitobat ul-atfol”, “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom” kitoblari, Is’hoqxon Ibratning “Lug‘ati sittati alsina” singari darsliklari va qo‘llanmalari asosida saboq berishgan. Ushbu uch nafar pedagog ayol yangi usul maktablari tugatila boshlagan 1920-1921-yillardan keyin sovet maktablarida faoliyatini davom ettirgan. Ularning nomlari Xorazm jadid pedagog ayollari sifatida tarixdan joy olgan.
– Siz oliygohda talabalarga saboq ham berasiz. Yoshlarning jadid harakatiga qarashlari qanday?
– Talabalar orasida tarixga, xususan, jadid harakatiga qiziqish katta. Bugungi axborot oqimi kuchaygan va har bir ta’lim maskanida kitoblar yetarli bo‘lgan davrda jadidlarga oid kitoblar, tadqiqot ishlarini darrov internetdan, kutubxonalardan topish mumkin. Ammo, eng asosiysi – ana shu kitoblarni o‘qib tahlil etishda, jadidlar singari qat’iyatli, irodali, dunyoqarashi keng bo‘lib, jarayonlarni tahlil qilib, mohiyatiga yeta bilishdadir. Bugungi avlod orasida jadidlar merosini o‘rganish, anglash qatorida, ular singari xorijiy tillarni biladigan, bugungi zamonaviy texnologiyalarni egallagan yoshlar ko‘p. Urganch davlat pedagogika instituti, Ma’mun universitetida “Jadidlar bog‘i” tashkil qilingani tahsinga loyiq. Quvonch bilan aytishim kerakki, kutubxonalarda talabalarning “Jadid” gazetasida chop etilgan maqolalarni qizg‘in muhokama qilayotganini ko‘p kuzataman.
– Shunday yoshlarimiz ko‘paysin. Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.
Ro‘zimboy HASAN suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 18-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



