Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.03.2025 | 11:20

img724

QARDOSHLIKNING OYDIN MAKTABI

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Ismoil Gʻasprali tomonidan asos solingan jadidlik harakati faoliyatiga teran nazar solsak, bu turkiy musulmon xalqlar o‘tmishdagi noyob hodisa ekaniga amin bo‘lamiz. Negaki, strategik istiqbolli g‘oya, amaliy faoliyat bobida bu qadar ko‘lamli, oqil va shiddatli harakat tarixda kamdan kam yuz bergan.

Jadidlar tarix uchun g‘oyatda qisqa bo‘lgan muddat – atigi 20-30 yillik davr ichida xalqning ijtimoiy ongini o‘zgartirib, turkiy millatlarning jipsligi uchun xizmat qildilar.

Ana shunday favqulodda hodisa, tabiiyki, Xorazmni ham qamrab olgan va vohadan yetuk namoyandalar yetishib chiqishiga asos yaratgan. Ma’lumki, jadidlik harakatining ibtidosi boshlang‘ich maktab edi.

Xorazmda jadid maktablari Xiva xoni Feruzxon (1844–1910), valiahd va keyinchalik 1910–1918-yillarda hukmdorlik qilgan Asfandiyor hamda bosh vazir Islomxo‘janing tashabbusi va mablag‘i asosida tashkil etilgan.

Qrimda nashr etilgan “Tarjimon” gazetasining 1887-yil 15-avgust sonidagi xabarga ko‘ra, “Xivada xon tarafidan maktab ochilib, unda bolalar rus tili o‘rganadilar; maktab xon sarmoyasi bilan ta’minlanadi; maktab uchun 34 xonali bino qurilgan”.

Professor Zaynobiddin Abdirashidovning yozishicha, “1898-yili Xivada orenburglik Muhammad Vafo va mulla Abdurahmon afandilar tomonidan usuli savtiya (jadid) maktabi ochiladi. Lekin bir oy davom etgan faoliyatidan keyin maktab Xivadan Urganch shahriga ko‘chiriladi”.

1907-yil 30-martda “Tarjimon” gazetasi Asfandiyorning “Xiva valiahdi usuli savtiya maktabi ochtirish uchun Barudiy madrasasini tamomlagan ikki muallimni chaqirtirdi. 25-fevralda keldilar, kelishlari bilan maktabda dars boshlaganlari haqida”gi xabarini ham chop qilgan. Shuningdek, 1905-yilda xon amaldori  Muhammad mahram ham Dishonqal’adagi uyida jadid maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Shu tarzda Xorazmda 1898-yilda dastlab tashkil etilgan usuli savtiya ta’lim maskanlari “Maktabi mahramiya” (Muhammad mahramning mablag‘iga barpo etilgan maktab), “Maktabi jadid” (Islomxo‘janing mablag‘iga barpo etilgan) deya nomlangan.

Aynan yuqoridagi jadid maktablarida o‘qituvchilar qatorida qozonlik, orenburglik ma’rifatparvarlar ham faoliyat ko‘rsatishgan. 1907-yilning 28-mayida valiahd Asfandiyor va bosh vazir Islomxo‘ja, 31-may kuni esa qozikalon Salimoxun boshchiligidagi mudarris, oxunlar tomonidan har ikkala maktabning 113 nafar talabasi imtihon qilinib, a’lo baho olishgan. Imtihondan so‘ng Asfandiyor, Islomxo‘ja va qozikalon Salimoxun o‘zaro maslahatlashib, Qozon shahridan ushbu maktablar uchun yana ikkita o‘qituvchi taklif qilishadi. Shuningdek, Xorazmda jadid maktablarini ko‘paytirish, o‘quv jihozlari, adabiyotlar bilan ta’minlash, ulardagi ta’lim sifatini nazorat qilish uchun tatar pedagogi Ramazon Muhammad Karimzoda maktablar noziri qilib tayinlangan.

Ismoil Gʻasprali Qrimda asos solingan jadid maktablarining Xorazmdagi faoliyatini “Tarjimon” gazetasida doimo yoritib, qo‘llab-quvvatlab turgan. 1908-yil 18-yanvarda mazkur gazetada “Xivada usuli jadida maktablari” nomli maqola chop etiladi. Unga ko‘ra, “1898-yil dekabrda Orenburgdan Muhammad Rifo Karvonboshi bilan muallim Abdurahmon afandi Xivaga keldi va bir oy turdi, taassub kuchliligidan Urganchga ketdi va usuli savtiya maktabi ochib, 1 yil bola o‘qitdi, vafot etdi. Keyinroq xon amaldori Muhammad mahram ochgan maktab xalq tarafidan yaxshi qabul qilindi va xalq 1907-yili valiahdga murojaat qildi. Natijada Muhammad Rifo Karvonboshi vositasida Qozondan ikki nafar pedagog taklif qilindi. Tatar o‘qituvchilari Xivadagi “Maktabi mahramiya” va “Maktabi jadid”ga muallim qilib tayinlandi. Bu maktablarga nozir tayinlandi, may oyida imtihonlar bo‘ldi, valiahd bularni ko‘rib Qozondan bir muallim chaqirib yana bir maktab ochdi. Kelayotgan may oyida rushdiya maktabi ochiladi, uning sohibi vazirlardan Islomxo‘ja, muallimi Ahmad Nuriddin”.

Ismoil Gʻasprali 1908-yilning 4-aprelida yana shu gazetada maqola chop qilgan va unda “O‘tgan yil Xiva xoni Qozondan ikki muallim chaqirib ikki usuli jadid maktablari ochgan, muallimlar Yusuf va Husayn afandi. 4-5 oy o‘tgach, imtihonlar bo‘ldi. Yangi o‘quv yilidan Qozondan uch muallim chaqirildi, ular ishga jiddiy kirishdilar”, deb xabar beradi.

Shu tarzda Ismoil Gʻasprali Xorazmda jadid pedagoglari ko‘payayotgani, ularni bevosita hukmdor Feruzxon, valiahd Asfandiyor va bosh vazir Islomxo‘ja singari taraqqiyparvarlar qo‘llab-quvvatlayotganini e’tirof etgan holda, “Tarjimon” gazetasining 1909-yilgi 40-sonida “Maktablarning ochilishi, ko‘payishi lozim. Boqchasaroydan olingan dars kitoblari, Qozondan chaqirilgan muallimlar Xivaga endi to‘g‘ri kelmaydi, yarashmaydi. Endi Xivaning o‘zidan muallimlar yetishtirmoq kerak va Xivada chop etiladigan alifbolarni yaratmoq kerak”, deya strategik vazifa qo‘yadi.

Ana shu ma’lumotlardan ayon bo‘ladiki, Xorazmda jadid maktablarini ochish 1898-yildan boshlangan va XX asr boshlariga kelib nafaqat Xiva va Yangi Urganch, balki Gurlan, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Toshhovuz shaharlarida ham tashkil qilingan. Bitiruvchilar orasidan Bekjon Rahmon, Nizomiddinoxun, Inoyatoxun, Jumaniyoz Ollaquliyev, Ibrohim Ollaquliyev, Qurbon Beregin, Karim Boltayev, Maryam Sultonmurodova singari ko‘plab namoyandalar yetishib chiqdi.

Xorazmdagi jadid pedagoglari orasida nomlari mashhur o‘qituvchi sifatida e’zozlanadigan, asli qozonlik bo‘lgan quyidagi shaxslarga to‘xtalib o‘tsak.

Salim Abdulla – 1911-yilda Islomxo‘janing taklifi bilan Xorazmga kelgan. Xivadagi jadid maktabi va 1920-yildan keyingi Xorazm respublikasi, 1925-yildan so‘ng Xorazm okrugi davridagi maktablarda faoliyat ko‘rsatgan.

Maryam Agisheva – Xorazmdagi jadid maktabi va respublika, okrug davridagi maktablarda faoliyat olib borgan pedagog. Islomxo‘ja tomonidan 1907-yilda Qozon shahridan taklif qilingan. Xiva shahridagi qizlar maktabida, so‘ng Yangi Urganch shahridagi jadid maktabida o‘qituvchilik qilgan. Maryam Agisheva, Zaynab Siddiqova singari Xorazmga Qozondan kelib ta’lim taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan pedagoglarning hayoti va faoliyati alohida badiiy va ilmiy asarlarga mavzu bo‘la oladi.

Nuriddin Ahmad – Xivadagi jadid maktabida faoliyat ko‘rsatgan tatar pedagogi. Islomxo‘ja tomonidan tashkil etilgan maktabda o‘qituvchilik qilgan. Ushbu ta’lim maskani “Maktabi rushdiya” (o‘rta maktab) deya nomlangan. O‘z davrida Ahmad Nuriddinning xorazmlik o‘quvchilarga berayotgan ta’limi yuqori baholanadi. Uning hayoti va Xorazmdagi pedagogika taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, afsuski, o‘rganilmagan.

David Bakirov – XX asr boshlarida Xorazmdagi jadid va 1920-yildan keyingi sovet maktablarida faoliyat olib borgan. Islomxo‘ja tomonidan Xivaga taklif qilingan. Nurillaboy saroyi qarshisidagi Sobir mahramning jadid maktabida o‘qituvchilik qilgan. 1920-yilda xonlik tugatilgach, respublika va 1925-yildan so‘ng Xorazm okrug davridagi maktablarda faoliyatini davom ettirgan.

 Muxtor Bakirov – David Bakirovning ukasi. Ular Xorazm ta’lim taraqqiyoti uchun katta hissa qo‘shishgan.

Yusuf Ahmedov – 1907-yilda Feruzxon tomonidan Husayn Ibragimov bilan birga taklif qilingan va Xivadagi jadid maktabida o‘qituvchilik qilgan. Yusuf Ahmedov ishlagan maktab tezda o‘quvchilar, ota-onalar e’tiborini tortib, ta’lim sifati bo‘yicha Xorazmdagi rus-tuzem, jadid va an’anaviy eski maktablar o‘rtasida obro‘ qozongan. Xorazmdagi ta’lim taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan tatar qardoshlarimiz ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Afsuski, ularning fidoyi faoliyati atroflicha tadqiq qilinmagan.

Shu bois Qrim, Qozon, Orenburg shaharlaridagi arxivlar, kutubxonalarga ekspeditsiya uyushtirib, turkiy xalqlar milliy uyg‘onishi yo‘lida kamarbasta bo‘lgan oydinlar faoliyatini ilmiy o‘rganish biz olimlar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Umid BEKMUHAMMAD,
Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600