Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.09.2026 | 15:51

img755

FIKRLASH MADANIYATI

Jadid ma’rifatparvarlari taraqqiyotning eng muhim sharti sifatida ta’limni ko‘rdilar. Ularning nazarida, maktab faqat savod chiqaradigan joy emas, balki insonni dunyoni anglashga, mustaqil fikrlash va zamon bilan hamnafas bo‘lishga tayyorlaydigan maskan edi. Bugun, oradan bir asrdan ortiq vaqt o‘tib, ta’lim oldida turgan savol mohiyatan o‘sha-o‘sha: biz yosh avlodga bilim beryapmizmi yoki fikrlashni ham o‘rgatyapmizmi? Bu savol, ayniqsa, matematika ta’limiga tegishli. Chunki matematika deyilganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga formulalar, tenglamalar, murakkab hisob-kitoblar keladi. O‘quvchi uchun esa matematika ko‘pincha “formulani yodlash – misolni yechish – javobni topish” zanjiriga aylanib qoladi.

Aslida, matematikaning vazifasi bundan ancha katta. Matematika insonni hisoblashga emas, avvalo, fikrlashga o‘rgatadi.

JAVOBDAN KEYINGI SAVOL

O‘quvchi masalani yechdi. Javob to‘g‘ri. Dars tugadimi? Yo‘q. Matematik nuqtayi nazardan eng qiziqarli qism ba’zan aynan shu yerdan boshlanadi. Nega bu yechim to‘g‘ri? Boshqa usul bilan ham yechish mumkinmi? Masaladagi biror shartni o‘zgartirsak nima bo‘ladi? Bu natija faqat shu misolda to‘g‘rimi yoki umumiy qonuniyat bormi? Mana shu savollar oddiy hisob-kitobni tafakkur mashqiga aylantiradi. Haqiqiy matematika “Javob nechchi?” bilan emas, ko‘pincha, “Nega?” degan savol bilan boshlanadi.

YODLASH BOSHQA, TUSHUNISH BOSHQA

O‘quvchi o‘nlab formulalarni yodlab olishi mumkin. Lekin nima uchun ular to‘g‘ri ekanini tushunmasa, bu bilim uzoq yashamaydi. Masalan, Pifagor teoremasini deyarli hamma eshitgan. Ammo matematik uchun teoremani yoddan aytishning o‘zi yetarli emas. Nega aynan shunday munosabat hosil bo‘ladi? Uni boshqa yo‘l bilan isbotlash mumkinmi? Tekislik o‘rniga egri sirtda uchburchak olinsa-chi? Oddiy maktab teoremasidan boshlangan shunday savollar insonni zamonaviy geometriyaning murakkab g‘oyalarigacha olib borishi mumkin. Ilm-fanning kuchi ham shunda: bir javob ko‘pincha yangi savolni tug‘diradi.

XATO – TAFAKKURNING DUSHMANI EMAS

Ta’limda biz ko‘pincha xatoni yomon natija sifatida qabul qilamiz. Matematikada esa xato juda foydali bo‘lishi mumkin. Ba’zan tadqiqotchi bir necha kun davomida isbot quradi va oxirida uning bir joyida xato borligini aniqlaydi. Ba’zan to‘g‘ri deb o‘ylangan fikr oddiy qarshi misol bilan rad etiladi. Bu – behuda mehnat emas. Chunki inson aynan o‘z fikrini tekshirish jarayonida chuqurroq tushunishni boshlaydi. Matematika odamni “Menimcha, shunday” degan fikrdan “Buni qanday asoslayman?” degan savolga olib keladi.

Bu esa nafaqat fan, balki kundalik hayot uchun ham muhim ko‘nikmadir.

RAQAM KO‘RDIK – ISHONAMIZMI?

Bugungi inson bir kunda avvalgi avlodlar bir necha oyda uchratmagan miqdordagi axborot bilan to‘qnash keladi. Ijtimoiy tarmoqda bir statistikani ko‘ramiz. “70 foiz odam shunday fikrda”, deyiladi. Matematik tafakkurga odatlangan inson esa darhol savol beradi: “70 foiz kimlarning orasida? Necha kishi so‘ralgan? Tanlov qanday amalga oshirilgan? Boshqa ko‘rsatkich bilan taqqoslansa, natija o‘zgarmaydimi?” Raqamning mavjudligi hali xulosaning to‘g‘riligini anglatmaydi.

Demak, matematik savodxonlik bugun faqat qo‘shish, ayirish yoki tenglama yechishni bilish degani emas. U axborotga tanqidiy qaray olish qobiliyatini ham anglatadi.

SUN’IY INTELLEKT VA MATEMATIKA

Bugungi texnologiyalar katta hisob-kitoblarni soniyalar ichida bajaradi. Sun’iy intellekt tenglama yechadi, grafik quradi, dastur yozadi. Shunda savol tug‘ilishi tabiiy: insonning o‘zi matematikani o‘rganishi shartmi? Aynan bugun bu yanada muhim. Chunki mashina hisobni bajarishi mumkin, lekin inson oldida boshqa vazifa paydo bo‘ladi: “qaysi masalani yechish kerak? Natija to‘g‘rimi? Qaysi shartlarda to‘g‘ri? Mashina bergan javobdan qanday xulosa chiqarish mumkin va qaysi xulosani chiqarish mumkin emas?” Texnologiya kuchaygan sari insonning mexanik hisoblash qobiliyatidan ko‘ra, tahlil qilish va savol qo‘yish qobiliyati qimmatroq bo‘lib boradi.

QANDAY O‘QITYAPMIZ?

Bu yerda ta’lim tizimi uchun muhim masala paydo bo‘ladi. O‘quvchi matematikani faqat imtihondan o‘tish uchun o‘rgansa, formulani imtihondan keyin unutishi mumkin. Agar matematika tafakkur vositasi sifatida o‘qitilsa, uning samarasi butun umr qoladi. Buning uchun darslarda faqat to‘g‘ri javob emas, fikrlash jarayoni ham qadrlanishi kerak. Bir masalani ikki xil usulda yechgan o‘quvchining izlanishi rag‘batlantirilishi kerak. Noto‘g‘ri yechim nima sababdan noto‘g‘ri ekanini muhokama qilish ham darsning bir qismi bo‘lishi kerak. O‘qituvchi “Formulani eslab qol” deyish bilan cheklanmasdan, “Nima uchun?” degan savolni ham muntazam berishi kerak. Shunda darsning maqsadi javob topishdan fikr qurish tomon o‘zgaradi.

TARAQQIYOT POYDEVORI

Biz zamonaviy texnologiyalarning tayyor mahsulotlarini ko‘ramiz: telefon, sun’iy intellekt, navigatsiya, tibbiy diagnostika, raqamli aloqa. Ularning ortidagi matematikani esa ko‘pincha ko‘rmaymiz.

Holbuki, zamonaviy dunyoning katta qismi matematik modellar, algoritmlar, geometriya, ehtimollar nazariyasi va boshqa matematik g‘oyalar asosida ishlaydi. Shu sababli, mamlakatning matematika ta’limiga munosabati faqat bitta fan taqdiriga munosabat emas. Bu uning kelajak muhandislari, dasturchilari, olimlari va texnologiyalariga munosabatidir. Bundan ham muhimi, matematika dalil bilan fikrlaydigan insonni tarbiyalaydi. Dalilni talab qiladigan jamiyatda yolg‘on ma’lumotning yashashi qiyinroq. Savol berishga odatlangan avlod tayyor fikrni shunchaki qabul qilmaydi. Muammoni tahlil qila oladigan yoshlar esa yangi yechim yaratishga qodir bo‘ladi.

O‘quvchi bir kun kelib ayrim formulalarni unutadi. Lekin u maktabda savol berishni, fikrini asoslashni, dalil izlashni, xatosini tekshirish va muammoni mustaqil hal qilishni o‘rgangan bo‘lsa, ta’lim o‘zining eng muhim vazifasini bajargan bo‘ladi. Chunki matematikaning eng katta mahsuli yechilgan misollar soni emas. U – tartibli, erkin va dalilga tayangan tafakkurdir. Shu ma’noda, matematika shunchaki fan emas. Matematika fikrlash madaniyatidir.

Jasurbek ASLONOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti

“Jadid” gazetasining 2026-yil 18-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605