15.10.2026 | 15:32
1267
BIR SURAT TARIXI
Taxminan 80-yillar edi. Uyimizda ingichka temir romchaga solingan, chamasi 35×25 hajmdagi bir fotosurat paydo bo‘lib qoldi. U 1928–1930-yillarda bobomizning loyihalari asosida qurilgan “Katta uy”da turardi.
– Bu qanaqa surat? – deb so‘radim dadamdan.
– Buvangni qamoqdagi surati, – dedilar suratga ma’yus boqib.
– Kim olib keldi?
– Bir guruh ziyoli yoshlar, – deya menga ma’noli qaradilar.
Bobomizga tegishli xat-hujjatlar va suratlar orasida ilgari bunaqasini ko‘rmagandim. Unda soch-soqoli biroz o‘sgan, ko‘zlari g‘amgin bir siymo boqib turardi…

O‘shanda ushbu surat haqida ijikilab so‘rashga botina olmagandim. Chunki u paytlarda dadam bu mavzuda kamroq gapirardilar…
1990-yili O‘zbekiston televideniyasi mendan Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi haqida hujjatli film uchun ssenariy yozib berishimni so‘radi. “Xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir”, deb nomlangan mazkur film, rejissyor Shuhrat Bizzatov tomonidan suratga olinib, o‘sha yili namoyish etilgandi. Ssenariyimda bir she’rdan foydalangandim:
O‘tmishda o‘tib ketgan
bir adib rasmini ko‘rdim:
Alpomishday bir yigit
g‘amgin boqib turar jim.
Soch-soqoli sal o‘sgan,
nigohi – buyuk tilsim,
Filhaqiqat,
izohlab berolmas uni hech kim!
Men ajib moʻjizani
ko‘rgan kabi lol qotdim,
Shu boismi,
adibni Alpomishga o‘xshatdim.
Yo‘q, u ko‘proq o‘xshardi
Otabekka… xususan,
O‘rdaga keltirilgach,
Oyoq-qo‘li kishanband,
Xondan adl tilagan
Otabekka o‘xshardi.
Keyinchalik Yozuvchilar ushmasining “Do‘rmon” ijodiy uyida Tohir Qahhorni uchratdim. Shoir akamiz kulib suhbatlasha turib, birdan jiddiylashdilar-da:
– Bobongiz haqlarida ishlangan hujjatli filmni ko‘rgandim. Undagi “Surat” nomli she’rimni yozilish tarixi bunday bo‘lgandi. …Ancha yillar avval, shoir Miraziz A’zam aka: “Bu Abdulla Qodiriyning qamoqdagi surati ekan”, deb menga uni ko‘rsatgandi. Qodiriyning nigohlari menga hech tinchlik bermagandi… – dedilar.
Keyinchalik rassom Aziza Mamatova mazkur fotosurat asosida Abdulla Qodiriyning rus o‘rmondagi holatini tasvirlab, mashhur asarini chizdi. Asardagi adibning g‘amgin va iztirobli ko‘zlari insonni befarq qoldirmasdi. Daraxtlarga qo‘nib turgan qora qarg‘alar esa ko‘p ma’nolarni anglatardi…
Shoir Muhammad Yusuf esa mazkur suratdan olgan taassurotlarini:
“…Tushimga kiradi
Qodiriy bobom,
Bemador, bemajol,
behol, beorom.
Egniga eski bir to‘n
kiyib olgan,
(Shineldir balki u,
kimdandir qolgan.)
O‘sha to‘n yengida
poxol ham borday,
Bobomning yuzlari
oqargan qorday.
Yo‘q, yuzi somonga o‘xshaydi uning,
Charaqlab turuvchi
ko‘zi to‘la mung…”
– deya ifodalagandi.
Oradan yillar o‘tdi. Bir ijodiy yig‘inda kaminani mashhur hofizimiz – Dadaxon Hasanov bilan tanishtirishdi. U kishi uzoq o‘yga tolib:
– 80-yillarda tanish ziyolilardan biri: “Manavi Abdulla Qodiriyning qamoqdagi surati”, deb kichkinagina qog‘ozchani ko‘rsatdi. Uni qo‘limga olib uzoq tikildim… Birdan xayolimga suratchani kattalashtirib, ko‘paytirib odamlarga tarqatish fikri keldi. Oradan biroz o‘tib, niyatimni amalga oshirdim… Undan birini olib hovlingizga ham borgandik. O‘zim esa uyalib uyingizga kirmay, do‘stlarim qaytib chiqqunlaricha ko‘changizda aylanib yurganman, – deb suhbatga yakun yasagandilar.
Uyga kelib, Dadaxon akadan eshitgan gaplarni oqizmay, tomizmay dadamga yetkazdim. Dadam esa:
– O‘sha suratni men o‘zim tarqatganman, – dedilar ming‘ayida kulib.
– Qachon?
– 1956-yil bobongni oqlash ishlari boshlandi. Meni maxsus idoraga chaqirib, otamning “hujjat”lari bilan tanishtirishgan. Ularning orasida ikkita surat bor ekan. Biri dadamni old tomonlaridan, ikkinchisi yon tomonlaridan olingan. O‘shanda bittasini berkitib olib chiqqandim… 1956-yil 9-oktyabrda hukumat bobongni oqladi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, kichkina suratdan nusxa ko‘chirtirib, ishonchli tanishlarning biriga bergandim. Bu surat bobongning birinchi qamalishidagi, ya’ni 1926-yildagi surati, – degandilar.
1988-yili “Yosh leninchi” gazetasida, hozirda tarixchi olim Abror Xidirning “Imonim tazyiqi ostida so‘zlayman”, nomli maqolasi chop etilgandi. Unda bobomizning 1926-yili birinchi marta qamalishlari haqida hujjatli ma’lumotlar berilgan. O‘shanda adibning qamoqda yon tomondan tushirilgan surati ham matbuotda ilk marotaba e’lon etilgandi. Keyinchalik Abror Xidir: “Sherkon aka, negadir Abdulla Qodiriyning qamoqda old tomondan olingan surati yo‘q edi”, dedi. Men esa u suratning kechmishini bilsam-da negadir aytgim kelmagan…
Yaqinda bir qarindoshimiz: “Bobongiz “Sharq” nashriyoti majmuasida 1926-yili qamoqda o‘tirgan ekan”, deb qoldi. Men darrov ushbu xabarning iziga tushdim…
Natijada, quyidagi ma’lumotlarni oldim:
…Hozirgi Buyuk Turon ko‘chasida joylashgan “Sharq” nashriyoti majmuasining eng birinchi tarixiy qismi, Turkiston general-gubernatorligining rasmiy xabarnomalari va davlat hujjatlarini chop etish niyatida barpo etilgan ekan.
Ushbu majmuaning ichki hovlisida joylashgan, 1914-yilda qurilgan tarixiy uch qavatli g‘ishtli binosida; XX asrning 20–30-yillarida CHK (Cheka) va keyinchalik NKVDning maxfiy tergov idorasi hamda siyosiy hibsxonalar bo‘lgan ekan. Aynan shu binoning yerto‘la qismida mashhur o‘zbek ziyolilari, xususan, Abdulla Qodiriy saqlangan…
Bino juda qalin g‘ishtli devorlar va chuqur kazematsimon yerto‘lalardan iborat bo‘lib, ovozlar tashqariga eshitilmaskan.
Sho‘rolar davri oxirida va mustaqillik yillarida, bu yerto‘lalardan “Sharq” nashriyotining eski gazeta-jurnallar arxivi va buxgalteriyasi sifatida ham foydalanilgan…
– … Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimovning (2024-yil 23-yanvardagi) xabariga ko‘ra, “Sharq” nashriyot-matbaa binolari xususiylashtirilibdi.
– Bizningcha: “Jamoat faollari va tarixchilar tomonidan ushbu yerto‘lalarni buzib tashlamasdan, qatag‘on davriga bag‘ishlangan maxsus “Qatag‘on qurbonlari muzey-filiali”ga aylantirish tashabbusini qo‘llash maqsadga muvofiq ko‘rinadi.
Sherkon QODIRIY
“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



