Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.01.2026 | 12:24

img1203

MADANIY ISLOHOT TARIXI

Taniqli ma’rifatparvar Hoji Muinning “Marhum Behbudiy va rafiqlarining shahid bo‘lg‘anliklari va ular tomonidan yozilgan vasiyatnoma” (“Mehnatkashlar tovushi”, 1921-yil 28-mart) hamda “Mahmudxo‘ja Behbudiy” (“Zarafshon”, 1923-yil 25-mart) kabi maqolalari behbudiyshunoslar va jadidsevarlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Maqolalarda yozilishicha, Mahmudxo‘ja Samarqand shahri yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li oilasida tug‘ilgan. Otasi asli turkistonlik bo‘lib, Xoja Ahmad Yassaviy avlodlaridan, ona tomondan bobosi Niyozxo‘ja asli xorazmlik bo‘lib, XVIII asr oxirlarida Samarqandga ko‘chib kelgan. Mahmudxo‘ja otasi vafotidan so‘ng tog‘asi Mulla Odildan arab tili bo‘yicha saboq olgan. Shuningdek, qozixonada mirza bo‘lib ishlagan Mulla Odil Yaxshiboy o‘g‘li va Samarqand madrasasida tog‘asi Mulla Siddiqdan tahsil ko‘radi, keyin Buxoro madrasalarida o‘qiydi.

Behbudiy 1899—1900-yillarda to‘ng‘ich farzandi vafotidan so‘ng haj ziyoratini o‘tagan, unga buxorolik ma’rifatchi Hoji Baqo yo‘ldosh bo‘lgan. U ziyoratga Kavkaz – Istanbul – Qohira orqali borganini “Qasdi safar” asarida yozib o‘tgan. Behbudiy Misr va Istanbulda bir muddat yashaydi. 1903–1904-yillarda Moskva va Peterburgga boradi. Safardan so‘ng o‘zining maslahati bilan ochilgan Saidahmad Siddiqiy va Abduqodir Shakuriyning jadid maktablari uchun dastur va qo‘llanmalar yozishga kirishadi.

1906-yil 23-avgustda Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan Rusiya musulmonlari qurultoyida Turkiston delegatsiyasining rahbari sifatida qatnashadi va musulmon madaniyati to‘g‘risida nutq so‘zlaydi.

Safardan qaytgach, Samarqandda “Behbudiya” kutubxonasi va qiroatxonasini tashkil qiladi. 1913-yil 16-apreldan “Samarqand” gazetasini chiqara boshlaydi, “Behbudiya” matbaasini tashkil etadi. Gazeta yopib qo‘yilgach, “Oyina” jurnalini ta’sis etib, uning bosh muharriri va noshiri sifatida faoliyat yuritadi.

1914-yilning 9-mayidan yana safarga otlanib, Bayramali, Ashxobod, Krasnovodsk kabi turkman shaharlaridan o‘tadi va Kaspiy dengizi orqali Odessaga keladi, Istanbul, Adirna kabi turk shaharlarida bo‘ladi. So‘ngra Quddus, Bayrut, Xubrun, Damashq, Qohira, Makka kabi yirik shaharlardan o‘tib, yana Odessa orqali Yevropaga qaytadi. Safar davomida ko‘rgan-kechirganlari va ma’rifiy maslahatlari “Oyina” jurnalida davomli berib boriladi.

Jurnal iqtisodiy tanglik va mustamlaka ma’murlarining qistovi bilan yopilgach, Mahmudxo‘ja Behbudiy Kobul qozixonasida muftiy vazifasida ishlaydi. Oradan bir yil o‘tgach, “Zarafshon” shirkatini tashkil etadi. Bu shirkatning yirik ishlaridan biri “Hurriyat” gazetasining tashkil etilishidir. Gazetaga dastlab 1917-yilning 15-aprelidan Mardonqul Muhammadzoda muharrirlik qiladi, nashrning 27-sonidan Behbudiy taklifi bilan Abdurauf Fitrat muharrirlikka jalb etiladi. Shu yilning o‘zida “Nashri maorif” jamiyatini ta’sis etadi, bir qator xayriya jamiyatlarining ishlarida qatnashadi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning qizg‘in faoliyati nafaqat “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnali, balki butun Turkiston matbuotida faol qatnashgani, biri yopib qo‘yilgan taqdirda yangi noshirlik va matbaa idoralarini ochishga intilgani uning Vatan ozodligi uchun tolmas kurashchi bo‘lganidan dalolat beradi.

Shu o‘rinda Mahmudxo‘ja Behbudiyning Samarqand muftiysi bo‘lib ishlab yurgan davrida Rusiya III Davlat Dumasi Musulmon fraksiyasi uchun tayyorlagan “Turkiston madaniy islohoti loyihasi” haqida kengroq to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Ushbu loyiha matni 9 bob, 4 qo‘shimcha bo‘lim va 25 banddan iborat. Tartib bo‘yicha 1 dan 25-raqamga qadar joylashtirilgan. Matn “III Dumaning ehtiromli Musulmon fraksiyasi g‘ayratli vakillarining majlis ahliga murojaat” deb boshlanadi.

Kirish matnida yozilishicha, Turkiston uchun II Dumaga yozilgan bu hujjat Duma tarqatib yuborilgach, qabul etilmagan. Shuning uchun muallif uni III Duma qatnashchilariga Rusiyaning 20 million musulmon xalqi nomidan murojaat bilan boshlagan va hujjatga:
“1907-sana, noyabr. Samarqanddan ittifoqi muslimin idora markaziyasi a’zolarindan muftiyi dorulqazo Samarqandiy Mahmudxo‘ja Behbudxo‘ja o‘g‘li” — deb imzo qo‘ygan.

Hujjatning 1-bo‘limi Duma xususida bo‘lib, uning birinchi moddasida davlat Dumasi uchun Turkiston aholisi nomidan “islomiyag‘a mutanosib vakil” saylanishi aytilgan, chunki Turkiston ahlining aksariyati mahalliy musulmonlardir. Keyingi moddalarda hukumat ishlari va majlislariga Turkiston aholisining adadidan kelib chiqib o‘rin ajratilishi va jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

2-bo‘limda Rusiya musulmonlarining raisi o‘z vazifasini ijro etishi uchun Peterburg shahrida “mahkamayi islomiya” barpo bo‘lishi va uning rahbari musulmonlar tomonidan saylanishi lozimligi aytilgan.

3-bo‘lim Turkiston idorasi xususida bo‘lib, “Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Semirechenskiy – Yettisuv, Zakaspiy o‘lkasi Bahri Hazar oblastlaridan iborat Turkiston o‘lkasiga bir idorayi ruhoniya va doxiliya barpo bo‘lishi” va uning mahkamasi Toshkent shahridan boshqarilishi so‘ralgan. So‘ngra Turkiston idorayi doxiliya tarkibi, uning viloyatlardagi sho‘balari xususida so‘z boradi.

4-bo‘lim “Idorayi ruhoniya va doxiliya a’zolarining xatti-harakati” deb nomlanib, unda mahkama ishiga mutasaddi bo‘lgan shayxulislom va oxund vazifalari belgilanadi va mazhabchilik ayirmasi, ya’ni “boshqa vajhg‘a sunniy va shi’a orasida farq bo‘lmasligi” uqtiriladi.

5-bo‘limda bu idora tasarrufidagi ishlar: mahalliy rus mahkamalariga savolnoma va raddiya (protest) berish va “xalq huquqini hukumati mahalliyadan talab etmoq va himoya qilmoq” deb belgilangan. Bu idora meros-valodat (tug‘ilish), usubat, hazonat (bola boqib olish va tarbiyalash), nikoh-taloq, ro‘zg‘or va oila ishlari, ko‘char va ko‘chmas mulk masalalari hamda nomus da’volari bilan mashg‘ul bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur bo‘limning keyingi moddalarida masjid, madrasa, maktab, vaqf, vasiyat ishlariga mas’ul shaxslar, ulardagi mutavalli (hisobchi) va nozirlar faoliyati, diniy va dunyoviy tahsil tartibi maktab va madrasa dasturlarida aks etishi lozimligi ta’kidlangan. Turkiston qozilari “shar’iy, urfiy, tijoriy va zamoniy ishlarni so‘ramoqlari uchun dasturulamal va qonunnomalar tasnif etmog‘i” lozimligi bayon qilingan. “Urf va rasm nomi bilan joriy odoti qabihalarni tadrijiy yo‘q bo‘lishiga sa’y va tadbir qilmoq”ligi aytilgan. Ayni masalada Behbudiyning bir qator maqolalari ham e’lon qilingan bo‘lib, unda to‘ylardagi ortiqcha hasham va isrofgarchilik, o‘lim munosabati bilan o‘tkaziladigan noshar’iy marosimlar haqida tanqidiy fikr yuritilgan.

Barcha maktablar — xoh ruhoniy bo‘lsin, xoh milliy va doxiliy bo‘lsin — ularga ishga kiradigan o‘qituvchilar va tahsil oladigan o‘quvchilar uchun imtihonlar belgilanishi, maktabni bitirgach shahodatnoma berilishi va ularning tartibli ravishda bajarilishi uchun nazoratlar o‘rnatish talabi bayon qilingan. Yer-suv masalalarini hal etishda Turkistonning doxiliy maishiy hayotini yaxshi bilgan kishilarning mutasaddi bo‘lishi, bu borada qonunlar chiqarib, unga amal qilish ta’minlanishi ham so‘ralgan.

Hujjatning 6-bo‘limi “Idorayi ruhoniya va doxiliya mas’uliyati” haqidadir. Idora, sho‘balar va ijroiya mahkamalar ishlari bo‘yicha dorulqazo, rais va a’lamlar, ularning xiyonat va jinoyatlari doimiy suratda taftish qilib turilishi mahkamaning birinchi ishi ekanligi anglatilgan.

7-bo‘lim “Turkiston qozilari xususida” bo‘lib, ularning saylanish tartiblari, o‘z kasbiga munosibliklari, ishga tayin etilishi va bo‘shatilishi mazkur idora ixtiyorida ekanligi alohida qayd qilingan. Bir qozi ishidan norozi kishi to‘rt qozidan iborat hay’atga murojaat etishi, qozilar tomonidan yoziladigan hujjatlar, hukmnoma va qayd daftarlari turkcha (o‘zbekcha) yozilishi talab etilgan. Turkiston hududida umumiy tijorat xonalarida, ajnabiylar (chet elliklar) da’vosi, g‘ayridinlar bilan bo‘ladigan mojarolarda ham qonunnomalarga muvofiq ish yuritilishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatning 8-bo‘limi “joniy va badkorlar” (jinoyatchi va axloqsizlar)ga bag‘ishlangan bo‘lib, Turkistonda uch marotabadan ortiq o‘g‘rilik va boshqa jinoyatlarni sodir etganlar yurt hududidan muvaqqat (ma’lum muddatga) yoki muabbad (bir umrga) haydalishi aytib o‘tilgan. Turkistonlik bo‘lmaganlar sodir qiladigan jinoyatlar ham tegishli tartibda hukm etilishi lozimligi ta’kidlangan.

Loyihaning so‘nggi 9-bo‘limi “Turkiston yahudiylari va ajnabiylari” deb nomlanib, Turkiston hududida qonun barchaga barobar ekanligi, sodir bo‘ladigan mojaro va savdolar qonun doirasida amalga oshirilishi, turkistonlik bo‘lmaganlar uchun ham mahalliy qozi va idoralar tomonidan belgilangan qonunlarga rioya etilishi, bular amalga oshmagan taqdirda ularga ko‘riladigan choralar Turkiston qazoyi mahkamalarida amalga oshirilishi so‘ralgan.

“Vaqflar xususida”, “Umumiy maktablar” va “Suv va yerlar xususida” kabi moddalar ham Turkiston yerli aholisi himoyasi nuqtayi nazaridan tartibga solingan. Qo‘shimcha qilingan masalalar asosiy hujjatda bayon qilingan moddalarning ijrosi uchun ko‘rsatmalardir: “Rusiyaga umumiy o‘qituv masala va moddasi Turkistonni musoviyayi mushtamil bo‘lsin; Turkiston maktab va madrasalari hukumat nazoratida bo‘lsin; umumiy o‘rta va oliy maktablarga musulmonlardan komissiya tayinlansin; rus harfi musulmon maktabiga jabriy bo‘lmasin”.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning buyuk islohotchilik qarashlarini yanada chuqur o‘rganish va anglashga yordam beradigan mazkur “Turkiston madaniy islohoti loyihasi” Ismoil G‘aspiralining shaxsiy arxividan topilgan. Bu loyiha Dumada ko‘rilgani yoki nashr etilgani haqida ma’lumotga ega emasmiz.

Loyiha keyinchalik G‘aspiralining farzandlari tomonidan taniqli jadidshunos olim Temur Xo‘jaga taqdim qilingan. Olim uning matnini turkcha tarjimasi bilan nashr etgani tufayli endilikda ushbu manbani o‘qib, tahlil qilish imkoniyati tug‘ildi.

Hamidulla BOLTABOYEV,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-dekabrdagi 52-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599