Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.10.2026 | 12:51

img876

JADIDLAR JAVHARI

O‘zbekiston xalq artisti Gavhar ZOKIROVA bilan suhbat

– Gavhar opa, Sizning teatr va kinodagi rollaringizni sahifa-sahifa ta’riflash mumkin. Siz faqat san’at emas, adabiyot ahlining  ham sevimli namoyandalaridansiz. Ayniqsa, adib va shoirlar bilan bog‘liq qimmatli xotiralaringiz, go‘zal she’rlarning dilbar ijrolari muxlislar qalbidan joy olgan. Bizni esa gazetamiz mundarijasidan kelib chiqib, bir savol qiziqtiradi: Siz rostdan ham Abdulla Avloniyning evarasimisiz?

– Bugun buni faxr bilan baralla aytishim mumkin. Ha, men ulug‘ jadid Abdulla Avloniyning avlodidanman. Buni bolaligimdan bilar edim. Chunki onamning onasi, Avloniyning katta qizi Sora buvi talabalik yillarimda ham hayot bo‘lib, ularnikiga tez-tez borib turardim. Onamning ismi Turg‘unoy. Uyda Abdulla Avloniyning katta portreti turardi.

Keyin afg‘on sayohatidan olib kelingan bir madrasaning surati bor edi. Hozir shu rasm bizning uyimizda. O‘sha davr uchun jadidlar yoki madrasa rasmini uyda saqlash hazilakam ish emasdi. Birinchi marta “Bu kim?” deb so‘raganimda, buvim: “Bobong bo‘ladi, o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan professor Abdulla Avloniy”, degan. Boshqa hech qanaqa ma’lumot aytilmagan.

1960-yildan keyin Begali Qosimov o‘sha hovliga kelib, birinchilar qatorida jadidlarni o‘rganishni Abdulla Avloniydan boshlagan ekan. Qosimov domlani ko‘rganman, o‘sha hovlida kitob va gazetalarni arab imlosidan kirillga ko‘chirib o‘tirardi. Har kuni kechgacha ishlardi. Chunki birorta ham qog‘ozni olib ketishga bermagan buvim. Uch yilgacha qatnagan. Buvim u kishini aziz mehmon bilib siylardi. Buyuk erkakning orqasida buyuk ayol turadi, degan gap bor. Buyuklarning ortida buyuk ayol qolishi ham kerak ekan. Abdulla Avloniy 1934-yilda olamdan o‘tgan bo‘lsa, keyingi 30-35 yilda uning nomini, merosini asrab-avaylash oson bo‘lgan, deysizmi? Begali Qosimovning “Abdulla Avloniy” kitobi o‘z-o‘zidan bino bo‘lmagan.

Bilasiz, o‘sha davrda kimning uyida Qodiriyning, Cho‘lponning kitobi chiqsa, o‘shani otib tashlashardi yo qamashardi. Abdulla Avloniyning asarlariga munosabat nisbatan iliqroq bo‘lgan. Nega? Chunki u kishi 1934-yilda tishini oldiradi va zaharlanib vafot etadi. Ya’ni, qatag‘on qilinmay qoladi. Agar bu voqea bo‘lmaganda ham, baribir, bir-ikki yil ichida omon qolmas edi. Bir yilgacha professor nafaqasini buvim olgan, lekin keyin to‘xtatib qo‘yishgan. Birin-ketin qizlarini ishdan olishgan. Ular olamdan o‘tgandan keyin ham oilalariga zulm yetkazilgan. Onam o‘zi bu haqda gapirib bergandi. Onam ikki yoshligida otasi chet elda o‘qigani uchun ta’qibga uchrab, Turkiyaga ketadi. Buvim va onam Abdulla Avloniyning hovlisiga keladi. Onam o‘n uch yoshgacha Abdulla Avloniyning qo‘lida tarbiya ko‘rgan.

Bobomizning o‘limiga doir yana bir qarash olimlar tomonidan ilgari surilyapti. 1934-yilda Abdulla Avloniyni o‘ldirishgan, degan gumon ham yo‘q emas. Ya’ni, u paytda ochiqchasiga qatag‘onlar hali bo‘lmagan. Katta nufuzga ega bo‘lgan olimga esa tish davolatish bahonasida qasd qilingan bo‘lishi mumkin. Shunaqa gumonlar bor. Buvim: “Xudo meni kechirsin, bobong vaqtida o‘tib ketdi. Safdoshlarining azoblarini ham, sovetlarning zo‘rliklarini ham ko‘rmadi. Yo‘qsa, o‘ziga qo‘shib butun oilasi qirib tashlanardi”, deb ko‘p aytardi. Hayot ekan-da.

– Gavhar opa, Siz bilan suhbat teatr mavzusisiz bo‘lmaydi. Spektakllar haqidagi xotiralar, mulohazalar bilan bo‘lishsangiz.

– Bilasizmi, hayotda nimaki bo‘lsa, o‘sha baribir yaxshilikkadir. Masalan, Milliy teatrga Nurilla Abbosxon “O‘zbekcha raqs” asarini olib kelganda, menga juda ham kichkina rol berishgan – rus qizning onasini. Negadir ajnabiylarni o‘ynardim. Keyin-keyin o‘zbeklarni beradigan bo‘lishdi. Kumushni ham, Gulnorni ham, Jamilani ham, Gulbahorni ham o‘ynadim.

Menga Nurilla Abbosxonning qalami yoqdi, tili yoqdi. Pyesa yozish qonun-qoidalarini biladigan zo‘r dramaturg. Yoqub Ahmedov rahbarimiz edi, Nurilla Abbosxonga yangi pyesa yozdiramiz, dedi. Jamshid aka ikkalamiz telefon qildik, er-xotin. “Nurilla aka, shunaqa, bir er-xotin, uch dugona bo‘lsa, o‘sha uch dugona yigitning oldiga boradi-da, biri o‘sha yerda o‘zining baxtini topadi. O‘sha ikkalamiz bo‘laylik, Jamshid akam bilan men bo‘laylik”, dedik. “Bo‘ldi”, dedi. Teatrda ellik yildan oshiq ishlayotgan bo‘lsak, bunaqasini ko‘rmaganmiz. Ikki haftadan keyin telefon qilib, “Men birinchi kartinani yozdim”, dedi. “Yo‘g‘-e”, dedik. U bizga o‘qib beryapti. Jinni bo‘lib qoldik-da. Jiddiy komediya. Bitgach, Yoqub akaga berdik, ma’qulladi. Valijon Umarov rejissyorligida “Tanho yulduz” asari qo‘yildi. Shundan keyin Yoqub aka bosh rol so‘raganlarga yo rolidan norozilarga bizni misol keltiradigan bo‘ldi: “Yuribsiz hammangiz, rol bermayapti, deb. Oltmish aktyorga qanaqa qilib bosh rol olib beraman? Ha, qidiringlar, mana, qilyapti-ku er-xotin”, der edi.

Men “O‘zbekcha raqs”da Dilbar Ikromova bilan dublyor bo‘lganimda ham, baribir ikkinchi bo‘lardim. Lekin bu asarda Jamshid aka ikkalamiz tanho ijrochilar edik. Ko‘rdingizmi? Ba’zan bitta narsadan xafa bo‘lamiz-u, lekin siz shunga to‘g‘ri yondashsangiz, o‘zingiz uchun xulosa chiqarib, yaxshilikka yo‘ysangiz, sizni boshqa yo‘lga olib ketadi bu narsa. Hayotda bunday misollar juda ko‘p bo‘lgan. Shunda tushunganman, agarda nimadir bo‘lsa ham, hech tushkunlikka tushish kerak emas ekan.

– Siz san’at bo‘yicha o‘qigan, shu sohaga kirib kelgan vaqtda qizlarning sahnaga chiqishiga hamma ham rozilik beravermagan ekan. Siz bu bosqichdan qanday o‘tgansiz?

– To‘g‘ri. Bilganlar Avloniyning avlodi-da, deydi. Lekin yoshligimda katta bobomizning aktyor, rejissyor, dramaturg bo‘lganini bilmas edim. Bolaligimdan negadir shu kasb egasi bo‘lishni xohlaganman. Onam injener, otam harbiy.

San’atkorning toshi yengil, degan tushuncha bo‘lgan. Shuning uchun mening politexnika institutiga o‘qishga kirishimni istagan uydagilar, shunday ham bo‘lgan. Ammo bir yil zo‘rg‘a chidaganman. Keyin onamga yorilganman. Shuni bilardimki, faqat aktyorlikni xohlayapman. Puli uchun yo mashhur bo‘lish uchun emas, negadir xohlayapman. Onam uch kun yig‘lab-yig‘lab, oxiri ko‘ndi. O‘zim tayyorlanib, o‘zim kirganman Teatr va rassomlik san’ati institutiga. Hech kim orqamdan yurmagan. Uchrashuvlarda so‘rashsa, hazillashib aytaman: “Onam, Ilohim, bolam, institutga kirmagin, Allohu akbar”, deb jo‘natgan. Otang bilmasin, ikkalamizni uydan haydab yuboradi, degan. Dadamga to‘rtinchi kursgacha ham “Gavhar pedinstitutda o‘qiyapti”, deyishgan.

To‘rtinchi kursda Botir Zokirov sovchilikka kelgan. “Gavhar aktrisa bo‘ladi”, desa, “Yo‘q, mening qizim o‘qituvchi bo‘ladi. Siz bilmas ekansiz, Botirjon”, degan dadam. “Yo‘q, Akmal aka, siz bilmas ekansiz. Sizning qizingiz mening ukamga tegadi”, desa, “Yo‘g‘-e, ukangiz bormi, Botirjon?” degan. Tasavvur qiling, o‘sha paytda butun dunyoga mashhur odam 1971-yilda kirib kelsa hovlimizga. Men ham bilmaganman, menga ham aytmagan Jamshid akam.

– Gavhar opa, maktabda rus tilida o‘qib, milliyligimizni va ona tilimizni yuksak darajada saqlab qolgan ziyolilardansiz…

– Biz haqiqatan rus maktabda o‘qiganmiz. Sovet davrida rus tilini bilmasa, hech kim o‘smasdi ham. Bu siyosat bo‘lgan. Katta bo‘lganimda maktabdagi tabelimni ko‘rdim. Bilasizmi, nima jumla bor edi u yerda? “O‘zbek tilidagi baho sinfdan sinfga o‘tishga xalaqit bermaydi”, ya’ni, “оценка по узбекскому языку не влияет на переход из класса в класс”. Demak, sen ona tilingni bilishing shart emas, bilmasang ham sinfdan sinfga o‘taverasan, degani bu. Lekin o‘zbek tiliga tabiiy muhabbat bo‘lgan. Bu oilaga, atrof-muhitga bog‘liq. Ota-ona bolasiga mehr bersa, to‘g‘ri yo‘naltirsa, bola o‘nta tilni bilsa ham ona tilidan voz kechmaydi.

– Ayol kishi oilaning fidoyisi bo‘lishi kerak, degan tushuncha bor. Ayting-chi, ayol kishi hamma narsani, oilani, ijodni, baxtni ham birdek mukammal ushlab tura olishi mumkinmi? Yoki baribir nimaningdir evaziga nimadandir voz kechiladimi?

– Jadidlarni o‘qiganimda hayron qolganim shu bo‘ldiki, ularning onalari o‘qimishli bo‘lgan. Ular o‘z-o‘zidan jadid bo‘lgan emas.

Men o‘z taqdirimni Xudoning marhamati deb bilaman. Jamshid akam insonni tushunar edi. Masalan, ikkalamiz ishdan barobar kelsak, u kishi o‘tirib olib, ovqat tayyorla, demasdi. “Sen ham ishdan kelyapsan, men ham, birga qilamiz”, derdi. Bilasizmi, hayotda ikkita yaxshi odamning birlashishi qiyin. Men yaxshi emas edim oilada. Hamma ayollarga o‘xshagan tez edim, birpasda jahlim chiqardi. Jamshid akam kulib vaziyatdan chiqib ketardi.

Bir rivoyatda uch qiz bo‘ladi. Birining muomalasi qo‘pol, ikkinchisi dangasa, uchinchisi risoladagidek. Qizlar voyaga yetgach, oynada qarashsa, aravada bir kampir kelayotganmish. Yuringlar, qizlar, sizlarni erga beraman, debdi. Uchalasini aravaga o‘tqazibdi-yu, olib ketibdi. Bir qishloqda muomalasi chiroyli yigit bor ekan, hamma undan maslahat olar ekan. Kampir qo‘rs, qo‘pol qizga, bu sening ering, debdi. Ikkinchi qishloqda bir yigit dalada shunaqa ishlayotgan ekanki, go‘yo yerdan olov chiqayotganday emish. Dangasa qizga bu sening ering, debdi kampir. Uchinchi qishloqqa borishganida, qishloqning chetidagi buzilgan, xaroba uyda devday bo‘lib bir mast yigit yotgan ekan. Kampir risoladagidek qizga bu sening ering, debdi. Qiz: “Nega, menga munosibmi shu er, opalarimga qanaqa er topdingiz. Men hamma yoqni gullatadigan qiz bo‘lsam, qo‘limdan ish keladi, menga shuni ravo ko‘rdingizmi?” deb so‘rasa, kampir: “Qizim, aslida, sen eng zo‘r yigitga munosibsan, lekin sen bunga tegmasang, u o‘ladi”, degan ekan. Xalqimiz ta’biri bilan aytganda, bir yaxshiga bir yomon har joyda bor. Oilada ham shu.

– Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!

Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img64

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584