19.10.2026 | 11:05
993
MILLAT BARQARORLIGI GAROVI
Insoniyat tarixi, jamiyatlar tamadduni shuni isbotlaydiki, millat va mustaqil davlat uning milliy tili borligi uchun mavjuddir. Yana ham soddaroq aytganda, o‘zbek tili borligi uchun o‘zbeklar va ozod O‘zbekiston bor. Binobarin, buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, milliy tilni yo‘qotmoq – millat ruhini, demakki, xalq-u davlatni yo‘qotmoq bilan barobardir. Bu haqiqatni chuqur anglab yetgan ajdodlarimiz asrlar davomida ona tilimiz birligi va rivoji uchun kurashib keldilar. Bundan qariyb ming yil oldin Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” asari orqali qadimiy til sifatida o‘zbek tili yashash va taraqqiy qilishga qodir ekanini isbotlab berdi.

Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” dostonini yaratish asnosida tilimizning mavqeyini oshirish, uning madaniy-adabiy hayotdan munosib o‘rin egallashi uchun kurashdi.
550 yil avval Hazrat Alisher Navoiy o‘zining mangulikka daxldor asarlari bilan bugungi o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. U 1499-yilda yozgan “Muhokamatul-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asari va boshqa barcha turkiy nazm hamda nasrlari bilan “o‘zbek tili boshqa tillar oldida ojiz, u qo‘pol, harbiy sohagagina mos”, degan safsata va uydirma, eng muhimi, tuhmatlarni yo‘qqa chiqardi.
XX asr boshidagi jadidlar ona tilini milliy uyg‘onish, davlatchilik va o‘zlikni anglashning eng muhim poydevori sifatida baholaganlar. Jadidlar ta’lim tizimini isloh qilib, boshlang‘ich ta’limni albatta ona tilida olib borish kerakligini qat’iy talab qildilar. O‘z navbatida, jadidlarning peshqadamlaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy millat taraqqiyoti uchun birgina emas, bir nechta tilni bilish lozimligini yoqlab chiqdi. Shuning barobarida, u tilning sofligi uchun zarur bo‘lgan vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. Abdurauf Fitrat tilimizning naqadar boy, mukammal va tarixiy ildizlari chuqur ekanini ilmiy jihatdan isbotlab berdi. Birgina misol: u o‘zbek tilidagi “bil” degan o‘zakdan qariyb 100 ta so‘z yasash mumkinligini aniq isbotladi. Keyinchalik u o‘zbek tili grammatikasiga oid ilk darsliklarni ham yaratdi. O‘z safida Cho‘lpon, Qodiriy va boshqa buyuklarni jamlagan, 1918-yilda tuzilgan “Chig‘atoy gurungi” tashkilotining a’zolari ham ona tilimiz barqarorligi uchun jonkuyarlik qildilar. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, jadidlarning til borasidagi asosiy maqsadlari: turkiy xalqlar o‘rtasida umumiy va tushunarli adabiy tilni yaratish; o‘zbek tilini faqat maishiy emas, balki fan, matbuot, siyosat va zamonaviy texnika tiliga aylantirish; eng muhimi, tilni mustabid tuzum va ortiqcha tashqi ta’sirlardan asrab, xalqning o‘zligini qaytarish edi.
Biroq, mustabid davrda millat ruhini milliy til vositasida ko‘tarishga urinishlar shafqatsizlarcha bostirildi. Qatag‘on yillarida ko‘plab ma’rifatparvar, ziyoli insonlar aynan ona tili taqdiri uchun qayg‘urgani sababli, “millatchi” tamg‘asi bilan qatl qilindi.
Ona tilimizda bitilgan minglab durdona asarlar yoqildi, til ravnaqiga xizmat qiluvchi dargohlarga o‘t qo‘yildi. Bunday jaholat va razolat prokuratura xodimlarini ham chetlab o‘tmadi. Xalqni zulmatdan chiqarish va adolat yo‘lida fidoyilik qilgan qariyb 200 nafar prokuratura xodimi qatag‘on qurboni bo‘ldi. Bunday siyosat bosqinchilik va mustamlakachilikning sinalgan usuli edi, chunki ona tilidan faxrlanib, uni qadrlay boshlagan millatni uzoq vaqt tutqunlikda ushlab turish mumkin emas edi. O‘z navbatida, mustamlaka zanjiridan xalos bo‘lishga intilish birinchi navbatda milliy tilga e’tibor va hurmatdan boshlanadi. Mustabid tuzum hukm surib turgan o‘tgan asrning oxirlarida bu haqiqatni chuqur anglab yetgan ziyolilarimiz, millatimiz va tilimiz jonkuyarlari milliy istiqlol sari eng muhim qadamni tashlashga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni, mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uni davlat tili darajasiga olib chiqish bo‘yicha harakatlar boshlandi. 1989-yilning 21-oktyabrida O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan millat va mamlakat mustaqilligining o‘ziga xos ramzi, tom ma’nodagi istiqlol sari muhim hamda dadil qadam sifatida “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilindi. O‘zbekiston Konstitutsiyasida o‘zbek tilining davlat tili sifatida qat’iy belgilab qo‘yilgani esa, ozodlik harakati g‘alabasining avj nuqtasi bo‘ldi, deyish mumkin. Shu tariqa millat barhayotligining, davlat suverenitetining garovi bo‘lgan o‘zbek tilini rivojlantirish, uning imkoniyatlari va jozibadorligini xalqaro miqyosda ham targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning ona tilimiz boqiyligi va ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlari biz yuqorida tilga olgan buyuk ajdodlarimiz xizmatlari kabi ulkan va tarixiydir. Zotan, taraqqiyotimizning yangi bosqichida Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbuslari bilan ona tilimizning rivojiga xizmat qiluvchi katta qadamlar tashlandi. 2019-yilda o‘zbek tiliga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda muhtaram Prezidentimizning tahliliy ma’ruzalari tilimiz rivojidagi mutlaqo yangi va tarixiy bosqichni boshlab berdi.
O‘sha yili imzolangan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.
21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb e’lon qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli minbarlarda Davlatimiz rahbarining o‘zbek tilida ma’ruza bilan chiqayotganlari tom ma’noda tarixiy va inqilobiy hodisadir.
Xalqimizning bashariyat oilasidagi munosib o‘rnini yana bir karra ko‘rsatib beradigan bunday voqelik milliy g‘ururimizni osmon qadar yuksaltirayotgani ham haqiqatdir. Umuman, o‘tgan qisqa davrda davlat tili rivoji, ravnaqi yo‘lida yigirmaga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilindi. Bular qatorida Davlatimiz rahbarining 2025-yil 20-oktyabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 308-sonli Qarorini alohida ta’kidlash o‘rinli. Zero, ushbu Qaror bilan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish, ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish, xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar aniq belgilab berildi. O‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha 2025-2026-yillarda amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar yuzasidan Dastur tasdiqlandi. Ona tilimizning nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham ta’sir doirasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Hukumatning joriy yil 28-yanvardagi qarori bilan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tizimi joriy etildi. Quvonarlisi, hozirgi kunga qadar 700 ga yaqin o‘zga millat vakillari o‘zbek tilini o‘rganib, tegishli muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lishdi.
Bu tadbirlar qatorida xorijdagi vatandoshlarning farzandlari, boshqa millat va elatlar vakillari uchun sun’iy intellekt yordamida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi modul ishga tushirilgani, yurtimizda tahsil oluvchi xorijlik talabalar uchun tanlovlar o‘tkazilishi belgilangani hamda jahonning turli qit’alaridagi 80 ga yaqin nufuzli universitet va markazlarda o‘zbek tili o‘qitilayotgani ham alohida e’tirofga loyiq.
Ta’lim muassasalarida o‘zbek tilining o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tili guruhlaridagi qamrov 91,6 foizga yetkazildi, ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan maktablar uchun davlat tili majburiy fan sifatida belgilandi. Ta’lim boshqa tilda olib boriladigan maktablarning bitiruvchilari uchun davlat tilidan yakuniy imtihon joriy etildi. Tegishli milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining oylik maoshiga 50 foiz qo‘shimcha ustama berilmoqda.
Yana bir muhim jihat shundaki, keyingi yillarda 200 mingga yaqin geografik obyekt nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirildi.
O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish talabi rasman belgilandi va bu kabi ishlar tilimizning mavqeyini ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Eng asosiysi, Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bugungi kunda biz yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanmoqdamiz.
Mutafakkirlarimiz qayd etganidek, ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliydir.
O‘zbek tilini o‘zbekman deya faxr bilan yashayotgan har bir shaxs qadrlamog‘i, hurmat qilmog‘i lozim. Binobarin, biz ham avvalo tizimimizning o‘zida, davlat tilining nufuzini oshirish, xodimlarni unga cheksiz hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Prokuratura organlari tomonidan davlat tiliga oid qonunchilik hujjatlari ijrosi yuzasidan nazorat kuchaytirildi. Reglamentimizga muvofiq, prokurorlar qaysi qonun ijrosini tekshirishidan qat’i nazar, tekshirilayotgan idorada davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ahvolini majburiy ravishda o‘rganmoqda. Hozir prokurorlarimiz har qanday tekshirishni, avvalo, davlat tiliga munosabat ahvolini o‘rganishdan boshlab, keyin asosiy masalaga o‘tmoqda. O‘tgan uch yilda prokuratura organlari tomonidan davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablarini buzish bilan bog‘liq 19 mingdan ziyod holat aniqlandi. Ularning asosiy qismi ish yuritishda o‘zbek tilining imlo qoidalariga rioya qilmaslik, ichki hujjatlarni qabul qilishda davlat tili talablarini buzish, tashqi reklamalar va axborot matnlarida til me’yorlaridan chetga chiqishda ifodalanadi. Bunday tekshirishlar natijasida davlat idoralariga 700 ga yaqin taqdimnoma kiritildi, qonun talabini buzgan 200 dan ortiq shaxs intizomiy hamda ma’muriy javobgarlikka tortildi, joylarda uch mingdan ziyod targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Albatta, biz bu borada keng jamoatchilik, ayniqsa, madaniyat, san’at va adabiyot ahli bilan hamkorlikka tayanamiz.
Davlat tiliga bo‘lgan hurmat va yuksak e’tibor har bir jabhada kundan kunga ortmoqda. Prokuratura xodimlari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinayotgan nufuzli tanlov ham fikrimiz dalilidir. Olti yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan tanlovda shu paytga qadar yiliga o‘rtacha 500 nafarga yaqin xodimlarimiz qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda esa, tanlovning qamrovi keskin oshdi. Ya’ni, 2,5 ming nafardan ziyod hamkasblarimiz tanlovda bevosita ishtirok etishdi. Muhimi, bu yil ham “Millat ona tili bilan tirikdir” mavzusida o‘tkazilgan tanlov qizg‘in kurashlar, do‘stona va samimiy raqobat muhitida kechdi. Quyi bosqichlarda 50 nafardan ortiq xodim g‘olib deb topildi va respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, 13 nafar hamkasbimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Eng muhimi, mazkur tanlov ma’lum ma’noda aksariyat xodimlarimiz ma’naviyati, ona tilimiz, o‘zbek va jahon adabiyoti haqidagi bilimlarining yuqori ekanini ham namoyish etdi. Ular tanlov davomida ona tilimizning cheksiz imkoniyatlarini, uning boshqa tillardan ustun jihatlarini, jozibasi va go‘zalligini chuqur anglashlarini amalda isbotlashdi. O‘zbek tilida bitilgan mumtoz va zamonaviy asarlardagi g‘oyalar, badiiy vositalar ahamiyati hamda mohiyatini soha mutaxassislariga xos tarzda tahlil qilib berishdi. Bundan tashqari, ko‘plab xodimlarimiz o‘zlarining ijod namunalarini ham hakamlar hay’atiga taqdim etishdi.
Bugun dunyodagi siyosiy, ijtimoiy jarayonlar shiddatli tus olmoqda. Hatto, minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘layotgan urushlarning asosiy sabablaridan biri sifatida u yoki bu tilning himoyasi ko‘rsatilmoqda. Darhaqiqat, til aloqa vositasi bo‘lish barobarida har bir millat barqarorligi garovi bo‘lgan ulkan ijtimoiy hodisa hamdir. Agar qaysi til kamsitilsa, mag‘lub etilsa, shu tilda so‘zlovchilarning barchasi kamsitilgan va mag‘lub etilgan sanaladi. Demak, tilga tajovuz – millat va davlatning borligiga, ozodligiga tajovuzdir. Agar biz o‘z ona tilimizga ana shu nuqtayi nazardan ogohlik bilan munosabatda bo‘lsak, mustaqilligimiz ham abadiy, milliy taraqqiyotimiz barqaror va bardavom bo‘ladi. O‘zbek tilining beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, uning jahon miqyosida nufuzi va jozibadorligini oshirish uchun hali oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi.
Avvalo, davlat tili butun jamiyatni, tili va millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi zarur. Bu borada ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, vazminlik bilan ish tutish lozim. Zero, davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki ko‘pmillatli butun xalqimizning birgalikdagi sa’y-harakatlari, aql-zakovati, ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi.
Nig‘matilla YO‘LDOSHEV,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



