23.10.2026 | 15:07
1124
MATQULOV – XULUSIYEV
2009-yili ”Şarq” naşriyotida çop etilgan ”Qatağon qurbonlari (1938-yil fevral, sentyabr). Beşinçi kitob”da Ahmad Xulusiyev haqida ham qisqagina ma’lumot berilgan. Unda 1888-yili tuğilgan qöqonlik Ahmad Xulusiyev ”bosmaçilar yugurdagi”, ”aksilinqilobiy taşkilotlar” iştirokçisi sifatida ayblanib, 1938-yil 9-fevralda Özbekiston SSR Içki işlar xalq komissarligi huzuridagi ”Uçlik” qarori bilan otuvga hukm qilinganlar qatorida tilga olingan. Oradan ön yetti yil ötib qölimizga tuşgan yangi arxiv hujjatlari esa, bu qisqa ma’lumot ortida ança murakkab, ziddiyatlarga boy inson taqdiri turganini körsatdi. Endi Ahmad Xulusiyev hayotini unga öqilgan sönggi hukm orqali emas, balki bosib ötgan yöli, kasb-kori, harbiy va siyosiy faoliyati hamda u yaşagan davr voqealari bilan boğliq holda kuzatiş imkoniyati paydo böldi.

Ahmad Xulusiyev çarmgar-batrak oilasida dunyoga kelgan. Ayrim hujjatlarda uning tuğilgan joyi Yangiobod mahallasi, boşqa bir hujjatda esa Kuybişev rayonining Sariqand qişloği sifatida körsatiladi. Tergov materiallarida uning avvalgi ismi Jöra Matqulov yoki Jöra Xöja, familiyasi esa Matqulov bölgani haqida ham ma’lumotlar uçraydi. Biroq bu ism-familiya qaçon va qanday sabab bilan özgargani aniqlaştirilmagan. Bu kabi tafovutlar qatağon davri tergov materiallariga tanqidiy yondaşiş zarurligini yana bir bor eslatadi.
Uning yoşlik yillari haqidagi ma’lumotlar ham asosan tergov jarayonida töplangan körsatmalar orqali yetib kelgan. 1937-yil 22-noyabrda söroq qilingan guvohlardan biri Xulusiyevni ança avvaldan tanişini aytgan. Uning körsatmasiga köra, Ahmad Xulusiyevning singlisi Sariqandda öttiz yil davomida mingboşi bölgan Sanjar Musayevning öğliga turmuşga çiqqan. Xulusiyev şu xonadonga tez-tez kelib turgan va guvoh uni öşa kezlardan beri yaxşi bilgan. Körsatmada yana bir e’tiborli tafsilot uçraydi. U taniş bölgan yillarda Ahmad Xulusiyev Jöra Matqulov ismi bilan yurgan. Guvoh uning ism-familiyasi qaçon va nima sababdan özgarganini bilmasligini ham aytadi. Söroq davomida esa ança oğir da’vo örtaga taşlanadi: 1904-1905-yillar atrofida Jöra Matqulov qöqonlik bir boyning katta miqdordagi pulini öğirlab, Makkaga ketgan. Tergov materiallarida bu da’voni tasdiqlovçi boşqa dalil keltirilmagani bois, uni Xulusiyev hayotining aniq fakti sifatida mutlaqo qabul qilib bölmaydi. Guvoh, qolaversa, Xulusiyevning Buxoro amiri saroyidagi xizmati va Turkiya bilan boğliq ayrim tafsilotlarni bevosita özi bilmagan. U bu gaplarni Qaroteginda uçratgan Mullo Isomiddindan eşitganini söroq paytida qayd etgan.
Rasmiy ayblov xulosasida esa uning xorijdagi hayoti 1912-yildan boşlanadi: unga köra, Ahmad Xulusiyev şu yili Turkiyaga muxojir bölib, 1919-yilga qadar Turkiya armiyasida ofitser sifatida xizmat qilgan. Demak, qölimizdagi hujjatlar sanalar va tafsilotlarda bir-birini töliq takrorlamaydi. Ammo ularni birlaştirib turgan muhim jihat bor: Xulusiyev hayotining katta bir qismi Vatandan taşqarida ötgan, Makka va Turkiyadagi yillar esa uning keyingi harbiy-siyosiy faoliyatida muhim örin tutgan.
Uning Buxoroga qaytişi bilan hayotida yangi, yanada murakkab bosqiç boşlanadi. Ayblov xulosasida 1919-yili Turkiyadan Buxoroga kelgani va ”Taraqqiyparvar” milliy taşkiloti vakili sifatida ”Milliy ittihod”ni taşkil etişda iştirok etgani yozilgan. Boşqa arxiv ma’lumotlarida esa uning Buxoro amiri saroyida harbiy askarboşi bölib xizmat qilgani tilga olinadi. Şu örinda yana bir ziddiyatga duç kelamiz: bir ma’lumotda Xulusiyev 1917-yili inqilobiy faoliyati uçun Buxoro amirligi tomonidan qamoqqa olinib, Qorateginga surgun qilingani aytilsa, 1938-yilgi ayblov xulosasida uning 1919-yilgaça Turkiya armiyasida xizmat qilgani körsatiladi. Şuning uçun bu davr voqealarini qat’iy hukm bilan emas, turli arxiv manbalarida saqlangan ma’lumotlar sifatida baholaş töğriroq böladi. Har holda, uning hayotida harbiy faoliyat tasodifiy epizod bölmagan. Manbalar uni Turkiya armiyasi ofitseri, Buxoro amiri saroyida harbiy askarboşi, keyinçalik esa Beşariqda joylaşgan köngillilar eskadroni komandiri sifatida tilga oladi. Bu ma’lumotlar uning muayyan harbiy tajribaga ega şaxs bölganini anglatadi.
1920-yillardan keyingi hayoti haqida hujjatlar ança siyraklaşadi. Ilgari naşr etilgan ma’lumotlarda 1930-yili ”bosmaçilik harakati” uçun javobgarlikka tortilgani keltiriladi. Şu bilan birga, arxiv hujjatlarida uning 1919-yildan partiya a’zosi bölgani ham qayd etilgan. Bu ikki holatning bir şaxs tarjimayi holida yonma-yon turişi davrning özi qançalik murakkab bölganini körsatadi. Uning hayotini keyingi yillarda faqat bir siyosiy qolip bilan izohlaş qiyin: turli davrlarda turli kuçlar bilan boğlangan, harbiy va siyosiy jarayonlarda qatnaşgan bu inson 1930-yillarning oxirida endi ötmişdagi faoliyati uçun javob berişga majbur etilayotgan edi.
1937-yilga kelib vaziyat keskin özgardi. Endi tergov organlarining diqqati Xulusiyevning ötmişidan köra, uning kimlar bilan uçraşgani, nimalar haqida suhbatlaşgani va siyosiy voqealarga qanday munosabat bildirganiga qaratildi. Ayniqsa, Fayzulla Xöjayev bilan boğliq gaplar keyinçalik unga qöyilgan ayblarning muhim qismini taşkil etdi.
1937-yil yozida Söxdagi Qodirov nomli kolxozda hisobçilar kursi davom etayotgan edi. Kurs qatnaşçilaridan biri gazetani varaqlab ötirib, Fayzulla Xöjayevning ”xalq duşmani” sifatida hibsga olingani haqida gap oçadi. Şu yerda bölgan Ahmad Xulusiyev bu xabarga işonmaydi. U Xöjayevning Buxoro voqealaridagi xizmatlarini eslab, uni hibsga olişlari mumkin emasligini, aksinça, ÖzSSR Xalq Komissarlari Soveti raisi lavozimiga yana tayinlangani haqida eşitganini aytadi. Köp ötmay davraga Mirzajon Rahimov va Orif Ziyayev ham keladi. Ular Moskvadan qaytganlarini aytib, Xulusiyevning gapini quvvatlaydilar. Şu tariqa, gazeta ustida boşlangan oddiy suhbat Fayzulla Xöjayev taqdiri haqidagi bahsga aylanadi. Xulusiyev bu davrada özining Buxoro voqealari bilan boğliq ötmişini ham tilga oladi. Turkiyadan qaytgaç, Fayzulla Xöjayevga yordam berganini, 1936-yili Toşkentdagi bir slyotda uning inqilobiy faoliyati haqida nutq sözlaganini va bu çiqişi uçun 1000 söm mukofot olganini aytadi.
Öşa paytda aytilgan bu gaplar bir neça oydan keyin tergov bayonnomalarida Xulusiyevning öziga qarşi qayd etiladi. Uning Fayzulla Xöjayev haqidagi fikrlari ”maqtaganlik”, hibs xabarini inkor etişi esa ”iğvogarona gaplar tarqatganlik” deb baholanadi. Gazeta atrofida boşlangan öşa suhbat endi tergov işida Xulusiyevga qöyilgan siyosiy ayblovlardan biri edi. Şu tariqa, uning ötmişdagi harbiy-siyosiy faoliyati bilan 1937-yildagi oğzaki mulohazalari tergov materiallarida bitta ayblov zanjiriga halqalanib-halqalanib boravergan.
1937-yil 7-dekabrda Ahmad Xulusiyev Qöqon turmasiga taşlandi. Oradan ikki oyça vaqt ötmay, 1938-yil 29-yanvarda davlat xavfsizligi kiçik leytenanti Vokulenko 13998-sonli ayblov xulosasini rasmiylaştirdi. Unda Xulusiyevning Turkiyadagi xizmati, Buxorodagi faoliyati, ”Milliy ittihod” bilan boğliqligi, Fayzulla Xöjayev va Akmal Ikromov haqidagi fikrlari bir butun ”aksilinqilobiy faoliyat” sifatida talqin qilindi. Oradan ön bir kun ötib, 1938-yil 9-fevralda Özbekiston SSR Içki işlar xalq komissarligi huzuridagi ”Uçlik”ning 70-sonli bayonnomasi bilan 114 mahbus otuvga, yana 43 kişi ön yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Otuv jazosi belgilanganlar orasida 50 yoşli Ahmad Xulusiyev ham bor edi. Uning ortida ayoli Marhamatoy, qizi Rahbarxon va öğli Pölat qoldi. Nohaq hukmning qayta körib çiqilişi uçun esa yarim asrdan köproq vaqt kerak böldi. 1989-yil 24-mayda Ahmad Xulusiyev reabilitatsiya qilindi. Oradan 51 yil ötib qabul qilingan bu qaror uning fojiali qismatini özgartira olmasdi. Ammo u Xulusiyev nomi bilan birga önlab yillar saqlanib kelgan ayblovlarga huquqiy nuqta qöydi.
Endi tarixçilar zimmasida arxiv hujjatlarini qayta öqiş, ulardagi ayblovlar ortida qolgan voqealarni tiklaş, Ahmad Xulusiyevning hayot yöliga öz davri voqeligi nuqtayi nazaridan baho berişdek muhim va maşaqqatli vazifa turibdi. Şundagina ”qatağon qurboni” degan ikki söz ortida bir insonning qançalik murakkab va fojiali hayot yöli turganini tölaroq anglaymiz.
Rustambek ŞAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



