Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.11.2026 | 10:06

img558

FAYZLI INSON

Nizom Komilov – şoir, tarjimon, muharrir, bağri keng ustoz, sadoqatli döst edi. Bularning barini bitta söz bilan ifodalaş lozim bölsa – Inson. Ha, aynan boş harf bilan yoziladigan Inson edi. Bunday şarafga, bunday maqomga muyassar böliş oson emas. Zero, boş harf bilan yoziladigan Inson darajasiga kötariliş uçun dunyoni hayratga soladigan kaşfiyotlar qiliş, jahon adabiyotida iz qoldiradigan asarlar yaratiş, odamlar uzoq yillar aytib yuradigan aşulalar kuylaş yoxud katta mansabdor böliş şart emas. Çunki odam bolasi Alloh bergan qobiliyat va iste’dodiga yaraşa olim, yozuvçi, san’atkor, davlat arbobi bölişi mumkin, lekin katta harf bilan yozişga loyiq Inson böliş oson emas. Binobarin, bandaning iste’dodi bilan insoniy fe’l-atvori hamişa ham uyğun kelavermaydi. Kimdaki, bu fazilatlar bir darajada mavjud bölsa – nur ustiga nur, bunday insonlarni Yaratganning suyukli bandalari, deyiş mumkin.  Yana ham Alloh bilguçidir.

Nizom aka kaşfiyotlar qilmagani, aşula kuylamagani-ku aniq, şular barobarida, adabiyotimizda şov-şuv bölgan asar ham yaratgani yöq. Ammo u kişining milliy adabiyotimiz rivojiga, özbek öquvçilari dunyoqaraşining kengayişiga qöşgan hissasi unça-munça şoir-u yozuvçi xizmatidan köp bölsa köpki, kam emas. Nizom Komilov ijodning murakkab, maşaqqatli sohasini, janrini tanladi. Bu – tarjimonlik. Buning ma’lum sabablari bor.

Yuqorida Nizom Komilovga ta’rif berganimizda, şoirligini aytdik. Aksariyat ijodkorlar singari Nizom aka ham faoliyatini şe’r yozişdan boşlagan, şe’rlari gazeta va jurnallarda, töplamlarda naşr etilgan. Şunday kezlarda, ya’ni, ötgan asrning 50-yillari oxirlari, 60-yillarining boşlarida matbuotda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov degan yoş şoirlarning şe’rlari çiqa boşlaydi. Ularning har bir şe’ri tilga tuşadi, bahs-munozaralarga sabab böladi. Ularni kitobxonlar hayrat va hayajon bilan öqiydi, eşitadi. 1965-yilda Özbekiston xalq şoiri Mirtemir sözboşisi bilan Abdulla Oripovning “Mitti yulduz” kitobi naşrdan çiqadi. Yupqagina bu kitob yetuk adabiyotşunoslar, şe’riyat muxlislari e’tiboriga tuşadi, özbek şe’riyatida mutlaqo yangi ovoz, yangi iste’dod paydo bölgani aytiladi.

Bularni kuzatgan Nizom Komilov hayratga tuşadi… Va şe’r yozişdan voz keçadi. Özining iqtidori darajasini biliş, uni tan oliş qudrati hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uçun odam jasoratli, mard bölmoği lozim. Nizom Komilov ana şu fazilatlarini namoyon eta oldi. Qoyil qolmay ilojingiz yöq. Bunday mardlik boşqa ayrim şoirlarda ham bölsa edi, adabiyotimiz baçkana narsalardan, biroz bölsa-da, tozalanarmidi…

Tarjimonlikni maşaqqatli kasb, dedik. Öylab köring, dunyoga maşhur asarni tarjima qildingiz, kitobxonlar qiziqib öqiydi. Falon yozuvçining romani zör ekan, degan şov-şuv böladi. Şu zör asarni kim tarjima qilgani xususida deyarli gapirilmaydi. Kitobda ham bir çekkada kiçkina qilib Falonçi Pismadonçi tarjimasi, deb yozib qöyiladi, xolos. Holbuki, bir romanni tarjima qiliş uçun mutarjim ozmunça mehnat sarflaydimi?! Muallif öz asarini özi xohlagan uslubda, tafakkur doirasi yetgança erkin yozaveradi. Tarjimonda bunday erkinlik, imkoniyat yöq. U muallif uslubini buzişga, muayyan asarda tasvirlangan doiradan çiqişga haqqi yöq. Iboralar, obrazlar, öxşatişlar, sözlarning özbekça muqobilini topişdagi maşaqqatlarni-ku, aytmay qöya qolaylik. Şu ma’noda, Qodir Mirmuhamedov, Vahob Rözimatov, Hasan Törabekov, Mirziyod Mirzoidov, Miad Hakimov, Ibrohim Ğafurov kabi atoqli tarjimonlarimizning sabr-toqatiga qoyil qolaman. Ular tarjima qilgan ayrim asarlarni öqişning özi qança mehnat, sabr, bilim talab qiladi. Endi, ularni özbek tiliga ögiriş, ögirganda ham kitobxonga ma’qul böladigan darajada tarjima qiliş, aytişga oson.

Nizom Komilov ana şunday maşhur tarjimonlarimiz safidan munosib örin olgan. U kişi özbek tiliga ağdargan ba’zi asarlarni keltiraman: Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni”, “Oq bayroqlar” romanlari, “Kukaraça” qissasi, Erix Mariya Remarkning “Uç oğayni”, “Ğarbiy frontda özgariş yöq” romanlari, Aleksandr Belyayevning “Kes yulduzi” ilmiy-fantastik romani, Irving Şouning “Tungi darbon”, Jorj Simenonning “Megri ministr huzurida”, “Megri va daydi” romanlari, şuningdek, Arkadiy Gaydar, Fozil Iskandarning ayrim asarlari. U kişi tarjima qilgan filmlarni, pyesalarni aytmaysizmi. Xalq iborasi bilan aytganda, sayratib yuborgan. Bular turli millat yozuvçilari, ularning har biri öz uslubiga ega, bir-biriga yaqin ham kelmaydi, bu asarlar turli davr, turli tuzum haqida. Ularning barçasini özbek öquvçisiga manzur böladigan darajada tarjima qiliş uçun mutarjim qança narsani bilişi kerak. Eng asosiysi, tarjimon özbek tiliga har qanday asarni ögiriş mumkinligini, buning uçun özbek tilining söz boyligi yetarli ekanini amalda körsatmoği darkor. Nizom Komilov buni uddasidan çiqqan. U kişi tarjima qilgan asarlarni öqiganda, kitobxon uning tarjima ekanini unutadi, xuddi özbek tilida yozilganday ravon öqiladi.

Şu örinda kolumbiyalik maşhur yozuvçi, Nobel mukofoti sovrindori Gabriel Garsia Markesning Nizom Komilov tarjima qilgan “Atirgulning tikoni” novellasi va tarjimon mahorati töğrisida ikki oğiz söz aytişni lozim topdim. Hikoya  “Tafakkur” jurnalining 2000-yil 4-sonida bosilgan.

Avvalo şuni ta’kidlaş kerakki, Markesning mazkur hikoyasi uslubi, ohangi jihatidan adibning boşqa asarlaridan farq qiladi. Hajman unça katta bölmagan novellada baxt va baxtsizlik, omad va omadsizlik, şohona hayot-u ğariblik, taqdir hukmi oldida har qanday inson – u boy-badavlatmi, kambağalmi, dasti darozmi yoki qöli kaltami – ojiz ekani haqida hikoya qilingan. Nena Dakonte ham, Billi Sançes de Avila ham qöli har tomonga yetadigan oilaning farzandlari. Hali yigirmaga ham bormagan bu yoşlar bir muddat ayş-u işrat oğuşida, osmon-u falaklarda yaşaydi. Ammo arzimagan sabab – atirgulning tikoni Nena Dakontening barmoğiga kirib ketişi oqibatida ular köp maşaqqatlarga duçor böladi. Avvaliga qiz ham, eri Billi Sançes ham bunga unçalik e’tibor bermaydi. Mana şu e’tiborsizlik, loqaydlik oğir fojiaga olib boradi. Begona yurtda ular oddiy odamlar köyiga tuşadi. Ota-onasining yordamisiz heç narsa qila olmasligi ayon böladi. Xotini şundoqqina yonida, qöl uzatsa yetgulik joyda ölim bilan kuraşadi, ammo u – Billi Sançes çorasiz, qölidan heç narsa kelmaydi. Dahşatli joyi şundaki, xotini vafot etganini ham uç kundan keyin biladi. Xullas, dunyoga maşhur yozuvçining uşbu hikoyasi öquvçini çuqur öyga toldiradi,  undan turli xulosalar çiqariş mumkin. Ana şunday dardli, iztirobli hikoyani Nizom Komilov qöşiqday tarjima qilgan. Uni öqişga kirişgan odam oxiriga yetganini bilmay qoladi. Tarjimon tilimizning naqadar boy, gözal, serjilo ekanini namoyon etgan.

Nizom Komilovni bağri keng ustoz, dedik. Bunga bitta misol keltiraman. 1970-yillar, men “Özbekiston madaniyati” gazetasida işlar edim. Gazeta-jurnallarda, turli töplamlarda hikoyalarim çiqib turardi. Bir kuni xonamga Nizom aka kirib keldi. U kişi Ğafur Ğulom nomidagi adabiyot va san’at naşriyotida işlar, bizning tahririyat ham, naşriyot ham maşhur “Navoiy-30” binosida edi. Töğrisi, ajablandim. U paytda Nizom aka bilan juda yaqin emasdik, özimdan katta yozuvçilar bilan salom-alikdan nariga ötmagan edim. Nizom aka yoş yozuvçilarning hikoyalaridan iborat töplam tayyorlanayotgani, şunga beş-oltita hikoya berişimni aytdi. Tabiiyki, xursand böldim. Bir neça kundan keyin hikoyalar berdim. Oradan ma’lum muddat ötgaç, Nizom aka yana xonamga kirib keldi. Qölida mening hikoyalarim. Tahrir qilingan. Keçagidek esimda, zangori ruçkada tahrir qilingan. “Şu tahrirlarni kiritib, köçirtirib bering”, dedi. Şunda men Nizom akaning yoşlarga mehribonligini, kamtarligini körib hayratga tuşganman. Holbuki, çaqirsa bölardi, uçib borardim oldiga.

Keyinçalik u kişi bilan yaqinlaşib ketdik. Turli tadbirlarda,  katta-kiçik davralarda köp suhbatlaşganmiz. Nihoyatda odamoxun, köngli oçiq, dangal, çörtkesar, hazil-mutoyibaga öç, dilkaş inson edi. Döstlariga, safdoşlariga, şogirdlariga sodiq edi, Nizom aka. U kişi ötirgan davra fayzli bölardi. Öziyam juda fayzli odam edi-da…

Nizom Komilov haqida köp gapiriş, köp yoziş mumkin. Yodnomamiz avvalida ta’kidlaganimizdek, u kişi boş harf bilan yozişga loyiq Inson edi. U kişini yaqindan bilganlar, jumladan, mening xotiramda ana şunday taassurot qoldirgan.

Mamatqul HAZRATQULOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-oktyabrdagi 44-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583