16.05.2024 | 10:20
409
HAQGO‘Y ADIB VA INSON

Tog‘lar uzoqlardan haybatli ko‘rinadi va yaqiniga borsangiz, ularning qorli cho‘qqilari ko‘klarga tutashib ketganday tuyuladi.
Har qaysi odamning bir o‘zak xislati bo‘ladi. Boshqa barcha xislatlarini shu o‘zak xislat boshqaradi va o‘z ortidan ergashtiradi.
Shoir, adib dramaturg Shuhrat (Gʻulom Alimov)ning ham shunday o‘zak xislati bo‘lgan.
Uning haqgo‘yligi – odamiyligi va adiblik faoliyatining o‘zak-negizi edi.
Shuhrat aka haqgo‘y inson edi.
U haqiqat uchun mahkam turardi.
U o‘z hayotini romanlarga, o‘z qalbining noyob ko‘tarinki kechinmalarini she’rga, dostonga, balladaga aylantirardi.
Zotan, uning hayoti xuddi romanga – yirik, keng planli, bag‘irdor, tayyor romanga o‘xshardi.
Esimda: “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas”larni ilk bora o‘qiganda, bu ikki o‘ziga xos bag‘rikeng asarning Elmurod va Sodiq ismli bosh qahramonlari baayni Shuhrat akaning o‘zi ekanligini ko‘rib, tuyib, hayratga tushganman.
Yozuvchi, iloji yo‘q, ma’lum ma’noda va darajada, me’yorda bichib-to‘qiydi, yozayotganlariga jindak yolg‘on ham qo‘shadi, qahramonlari va ular boshiga tushgan voqealar, ko‘rgiliklarni bo‘rttiradi, ideallashtiradi, bir so‘z bilan aytganda, har tomonlama boyitadi. Salmoqli, yaxlit adabiy hodisaga aylantiradi.
Albatta, Shuhrat o‘zbek adabiyoti qahramonlari galereyasida juda yorqin o‘rin tutgan o‘z qahramonlariga o‘zidan nimalarnidir qo‘shgandir, umumlashtirgandir (tanqidchi, adabiyotshunoslar tili bilan aytganda) – agar shunday bo‘lsa, bu adabiy mehnatda, badiiy hunarda juda tabiiy hol, – lekin “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas” va sal so‘ngroq “Jannat qidirganlar”ni o‘qiganda men buni bir o‘quvchi sifatida sezmagan, payqamagan, qayeri to‘qima, qayeri real, deb o‘ylab o‘tirmaganman. Menga bu romanlar nihoyatda hayotiy – voqealarning bari rost, real bo‘lib ko‘ringan. Shuhrat romanlarini estetik idrokimga shunday qabul qilganman.
Yozuvchi bamisoli hech narsani bo‘rttirmagan, hech narsani boridan ko‘ra chiroyliroq, yombiroq, qabariqroq qilaman deb bosh qotirmagan, balki borini boricha yozgan.
Noyob va adabiy ijodda behad qimmatli hayotiylikka, hayotiy qabariqlikka erishgan. Buni qarangki, shu bilan birga Shuhrat romanlari ayni chog‘da, yana adabiyotchilar tili bilan aytadigan bo‘lsak, hayotdan nusxa ko‘chirish ham emasdi. Biron-bir tasvirda naturalizm ko‘rinmas va g‘ashga tegmasdi. Va uning tasviri “fotografiya” usulidan, fotografiya rostgo‘yligi va aniqligidan ham juda yiroq edi.
Shuhrat romanlarida hayotga bu qadar yaqinlik, bu qadar hayotiylikning siri nimada edi?
Bu sirning kalitini men adibning o‘zida, uning yorqin, azamat, devkor fe’l-atvorida, odamlarga, o‘z yozuvchilik va insonlik qismatiga bo‘lgan yondashuvlarida, qoyaday mustahkam ma’rifatli prinsiplarida – hech yo‘ldan toymas, og‘mas, bo‘yalmas, o‘zgarmas olijanob adolatida ko‘raman.
Shularning yaqinligida u Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Avloniy, Munavvar qori, Cho‘lpon, Ubaydullaxo‘ja, Usmon Nosirlarga kelbati tortardi.
70-yillar tugayotgan bir pallada Shuhrat uyiga chaqirdi. Oydin bilan birga bordik. Olcha pishgan payt edi. Mehmondo‘st Tursunoy opa bir chinni tovoqda obdon pishgan “shponka” olcha terib kelib dasturxonga qo‘ydi. Ular Oydin bilan ichkarida dardlashisharkan, biz Shuhrat aka ikkimiz yoz oqshomining salqinida orom olib, bo‘rtib, tarang tortib pishgan bir tovoq “shponka”ni paqqos tushirganmiz. Olchaning hushyor torttiruvchi turush va juda yoqimli ta’mi ko‘ksimizni to‘ldirardi.
Sir yo‘q: men jadidlarga, ularning ishlari, asarlariga mubtalo edim. Asarlari ham, ishlari ham yuragimga sarimoyday yoqardi. Suhbat chog‘ida ma’lum bo‘ldiki, Shuhrat aka mendan ko‘ra yuz karra, balki ming karra ortiq jadidlar mubtalosi ekan. Ular ijodini xo‘b o‘qigan, ularning hayoti qirralari, fojialari, ajib qahramonliklaridan boxabar ekan.
O‘shanda ulkan, chuqur, serob, serto‘lqin daryo bo‘yida ikki soat birga o‘tirganday, daryo shukuhi, fayzi, ulug‘vorligidan bir umrga yetgulik bahra olganday bo‘lganman.
Uyga qaytarkanman, butun o‘y-xayolimni Shuhrat aka bilan bo‘lgan suhbatning nashidasi chulg‘agan edi.
O‘ylardim: nega Shuhrat aka shunday balog‘at pallasida jadidlar haqida roman yozmaydi? Nega bu noyob qahramonliklarni aks ettirmaydi? Axir, bu xalqimiz uchun boshqa hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydigan va boshqa hech narsa bilan o‘rni to‘lmaydigan ibrat, kurash, iroda maktabi bo‘lishi mumkin edi-ku? Ammo ajab! Bu bo‘shliqning o‘rni xalqimiz uchun hanuz to‘lmagan! Hanuz bu ulug‘vor cho‘qqilar adabiyotimiz tomonidan zabt etilmagan, hamon bu ulkan ijtimoiy qimmatga ega ish adiblar bo‘ynida qarz bo‘lib turmoqda! Agar Shuhrat jadidlar haqida bir emas, hatto bir necha roman yozishga o‘tirsa, bunga qurbi-qudrati yetar va bular o‘zbek xalqining ulug‘ va o‘lmas, qurimas romanlari – hayot va go‘zallik buloqlari bo‘lurdi! – o‘sha kech suhbatimiz ta’sirida shunday o‘ylardim va xayolim go‘yo o‘sha yozilmagan romanlarning sahifalarini birma-bir varaqlardi. Zotan, Shuhrat akani jadidlarday ulug‘ millatparvar va ijtimoiy muborizlar haqida asarlar yozishga baayni yetilgan, yuksak insoniy, ziyoli, balog‘atga erishgan adib, deb tanirdim.
Ko‘p yillardan buyon hayotda roman-adiblar bo‘ladi deb yuraman. Behbudiy shunday roman-odam edi. Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon, So‘fizoda, Hamza… shunday roman-odamlar edi. Nazarimda, bizning katta zamondoshimiz, shoir va adib Shuhrat ham xuddi shunday va mana shularday roman-odam va roman-adib edi. Hali hamon shu fikrdaman, shu o‘ydaman.
Roman-odam fikrimcha, yirik, salobatli, o‘z g‘oyalari, o‘z hayotiy prinsiplari, o‘z ijodiy, insoniy falsafasiga ega shaxsdir. U voqealar atrofidamas, voqealar uning atrofida, uning orbitasida gulduros solib aylanadi. Zotan, roman-odam katta hayot fazosi – orbitasi bor odamdir. Bu orbitada davrning juda ko‘p rang-barang voqeliklari, inson taqdirlari, bir-biridan ulug‘, serzarda, ziddiyatli voqealar charx uradi va zamon kishilarini o‘z aylanish doirasiga ohanraboday tortadi.
Shuhrat akani zamondoshlari va tengdoshlari shunday ulug‘ orbitaga ega inson, adib deb bilishar, qadrlashardi. Uning barcha tengdoshlari, safdoshlari: Said Ahmad, Shukrullo, Yong‘in Mirzo, Vosit Sa’dulla, Turob To‘la, Asqad Muxtor, Ne’mat Toshpo‘lat, Hibziddin Muhammadxonov, Po‘lat Mo‘min, Hakim Nazir, Pirimqul Qodirov, Ibrohim Rahim… uni g‘oyatda e’zozlashardi, qayda bo‘lmasin, buyuk hurmat-ehtirom bilan Shuhrat haqida so‘zlashardi.
Shuhrat aka ham o‘zi bilardi, kuch-qudrati nimalarga yetishi, nimalarga qodirligini anglar, his qilardi. Bir kuni u aytgan ekan: “Men bu hayotning atrofidamas, naq ichida bo‘lganman!” Bu o‘ta mardona gap! Haqgo‘y insonning ulug‘ mashaqqatlar, urinishlarda topgan jo‘n gapi! Shuhrat aka: Sodiq bu – men, Elmurod bu – men! – deb balki aytmagandir. Lekin barcha fozil zamondoshlari sezar edilarki: ha, Sodiq bu – Shuhrat, Elmurod bu – Shuhrat!
O‘tmish hukumatdorlarining barcha to‘p-zambaraklari, ajal qurollari, buni qarangki, ayni haqgo‘ylarga qarshi qaratilgan edi. Haqgo‘yga o‘zini mehnatkashparvar qilib ko‘rsatishni sevadigan davlat tuzumida ham kun yo‘q edi!
Shuhrat she’riyat, nasriy so‘zlarida, hayot ichida haqgo‘y edi – urushning butun dahshatlarini ko‘rdi, Stalin lagerlari azoblarini boshidan kechirdi, nisbatan tinch, yaxshi zamonlar kelganda ham bu haqgo‘yni katta hayotdan chetlatishga, iloji boricha uni cheklash, ovozini o‘chirishga, asarlarini bo‘g‘ishga, e’tiborsizlik, qadrsizlik chakalakzorlariga uloqtirib tashlashga ko‘p urindilar. Metindan bino bo‘lgan Shuhrat esa o‘zining jadid ustozlari kabi titramadi, adolatsizliklar oldida bosh egmadi, alp qomatini hamisha tik tutdi. Adib O‘tkir Hoshimov Shuhratning bu xususiyatini xo‘b yorqin qilib aytgan: “Shoir, adib, dramaturg Shuhrat zamon azoblaridan yiqilib, to‘shakka yopishib qolgan chog‘ida ham titroq qo‘llari bilan haqiqat oldida titramaydigan asarlar yozdi”.
1998-yilda Shuhratning “Mashrab” romanining ilk fragmentlari va zamondoshlarining u haqdagi xotiralari bir kitob holida nashr qilindi. Bu kitobda Shuhratni yaxshi bilgan bir qator adiblar, uning iqtidorli shogirdlari, zamondoshlarining juda qimmatli guvohliklari, ma’lumotlari, qalbdan quyilib chiqqan izhorlari jamlangan. Bu kabi xotiralar ayni chog‘da adiblar va o‘quvchilarning Shuhratga bo‘lgan ulkan muhabbati ehtiromining ovozidir. Shunday muhabbatga sazovor bo‘lish insonga mangu sharaf, odamiylik shuhratining chinakamligidir.
Ibrohim GʻAFUROV,
O‘zbekiston Qahramoni
“Jadid” gazetasi 2024-yil 10-may 20-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



