Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 16°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Iqbol MIRZO: ÖMONDAN TO NAMANGANGAÇA ✏️Halima XUDOYBERDIYEVA: DA’VAT ✏️Mirtemir QURBONOV: IZLANIŞDAN NATIJAGA ✏️Otabek ISROILOV: TAQDIRLAR ÖZGARMOQDA ✏️Yorqin INOĞOMOV: ŞAXMAT HAM, ŞE’R HAM ABADIY... ✏️Zulayho ALIMOVA: ULKAN XAZINA ✏️Jasmina ISROIL: ANRI BORIS KAGAN – ASRIY JUMBOQNI YEÇGAN NOBELÇI ✏️Bahodir KARIM: XARAKTER MUSAVVIRI ✏️Abdumutallib ÖKTAMOV: ZIYOLI MAS’ULIYATI ✏️Diyorbek SOATALIYEV: BARI BOLA BIRDAY ✏️Z.MAMATOV: BIR BAYROQ OSTIDA ✏️Valişer ABIROV, E’zoza MAMASIDDIQOVA: TILNI ASRAGAN JADIDLAR ✏️Jamoliddin BADALOV: TEATR KUNLARI ✏️Örolboy QOBIL: ABDULLA GULŞANIY KIM EDI? ✏️Muyassar IBROHIMOVA: SAN’AT VA SUN’IY ONG UÇRAŞUVI ✏️Abbos ŞOYIMOV: “ÖTKAN KUNLAR” BUGUNGI KUNIMIZDA ✏️Nigina ISKANDAROVA: TARIX PARÇALARI

TAVSIYA QILAMIZ


24.11.2026 | 12:18

img86

TILNI ASRAGAN JADIDLAR

Bundan bir asr avval Turkistonda til masalasi faqat tilşunoslar bahsi emas, millat kelajagi masalasi edi: maktabda qaysi tilda öqitiladi, gazeta qaysi tilda çiqadi, yozuv nimaga asoslanadi? Fitrat, Aşurali Zohiriy va ularning safdoşlari şu savollarga javob izlab, özbek adabiy tilining zamonaviy qiyofasi şakllanişiga ulkan hissa qöşdi.

Jarayon tabiiy ravişda maktablarda ta’lim qaysi tilda olib borilişi kerakligi masalasini ham kun tartibiga olib çiqdi. 1918-yilda Maorif şörosining yiğilişlaridan birida boşlanğiç maktabning dastlabki uç yilida ona tilida, ya’ni,  özbek tilida, undan keyingi bosqiçlarda esa umumiy adabiy turkiy tilda ta’lim beriş taklifi ilgari surildi. Bu qaror jadidlarning barçasi tomonidan birdek ma’qullanmadi. Şunday tarixiy şaroitda Abdurauf Fitrat boşçiligida Toşkentda “Çiğatoy gurungi” taşkil topdi. Tadqiqotçilarning aniqlaşiça, uyuşma 1918-yilning oxirgi çoragida şakllangan, 1919-yil boşida esa Milliy işlar komissarligi tomonidan rasman tasdiqlangan. Uning asosiy maqsadi Turkistondagi eski va yangi turkiy asarlarni töplaş, ona tilini jonlantiriş, luğat va adabiyotni boyitiş edi. Gurung a’zolari yangi adabiyot va adabiy tilni Navoiy davri adabiyotining vorisi deb bildi va uni milliy özbek tili sifatida yangi tarixiy şaroitda yuksaltirişni istadi.

Gurung faqat nazariya bilan çeklanmadi. 1919-yilda öqituvçilar uçun “Bitim yöllari” nomli imlo qöllanmasi naşr etildi, öşa yilning bahorida esa öqituvçilar uçun ikki oylik ona tili kursi oçildi; unda Şokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon va Fitrat dars berdi. 1921-yil yanvarida gurung taşabbusi bilan Toşkentda Til va imlo qurultoyi çaqirilib, eski imlo isloh qilindi va gurungning imlo asoslari qabul qilindi. Gurungçilar qurultoyni “Özbek qurultoyi” deb atab, faqat özbeklarning öz şevasi va öz imlosidan foydalanişini maqsad qilgani ham diqqatga sazovor. Gurung vakillari özbek tiliga yot unsurlarni kamaytiriş, me’yoridan ortiq işlatilayotgan arabiy va forsiy sözlar örniga özbek tilining içki imkoniyatlaridan foydalanişga e’tibor qaratdi. Bundan taşqari, ular yangi özbek adabiyoti va adabiy tilini yangi şaroitda yaratişga urindi.

Gurungning rasmiy faoliyati uzoq davom etmadi. 1921-yil boşida uyuşma faoliyati töxtatilib, uning işlari Maorif komissarligi huzuridagi Özbek bilim hay’atiga topşirildi, biroq ğoyalar yaşaşda davom etdi. Gurung a’zolari Fitrat, Qayum Ramazon, Elbek, Şokirjon Rahimiy, Çölpon, Botu va boşqalar keyingi yillarda ham til, imlo va yozuv masalalarida faol böldi, ayrimlari özbek yozuvini lotin alifbosiga köçiriş işida iştirok etdi. Ularning aksariyati keyinçalik qatağon qurboni böldi.

***

Fitrat til haqidagi konsepsiyasida har bir tilning öziga xos imkoniyatlari mavjudligi va til öz içki qonuniyatlari asosida rivojlanişi kerakligini ta’kidladi. Şu jihatdan uning qaraşlarini progressiv purizm tuşunçasi bilan izohlaş mumkin. (Purizm – tilni begona unsurlardan tozalaş tarafdorligi.) U keng ma’noli purizm tarafdori bölib, ijtimoiy aloqa natijasida tillarning bir-biridan söz özlaştirişini e’tirof etgan holda, tilning sofligi uçun kuraşdi. “Bizning heç qaysi tilga xusumatimiz yöq”, degan edi u. Fitrat özbek tilida ifodalaş imkoniyati mavjud bölgan arabça va forsça sözlarning turkiy, xususan, özbekça muqobillarini izlaş lozimligini aytadi. Uningça, özbek tilining imkoniyatlarini oçiş uçun grammatik qurilişi, luğat boyligi, şevalari va xalq oğzaki ijodini çuqur tadqiq etiş kerak. Yozuv haqidagi fikrlari ham şu mantiqqa tayanadi: “Boşqa ellarning yozuv va alifbolarida qurilgan tartib, intizom, qulaylik bizni yozuvimizda, bizni alifbomizda yöq… Bizniki tartibsiz, buzuq ham qiyin”.

Fitrat özbek adabiy tilining tarixiy ildizlariga ham katta ahamiyat berdi. Uning asosiy maqsadi özbek tilining imkoniyatlarini boşqa bir tilning tayyor me’yorlari asosida belgilaş emas, balki öziga xos xususiyatlarini ilmiy jihatdan oçib beriş va aniq grammatik qoidalarini işlab çiqiş edi. Bu qaraşlar davr ruhi bilan hamohang edi. 1921-yilgi til va imlo qurultoyi qarorida şunday deyilgan: “özbek adabiyoti butun çet millat va qabilalarning ta’siridan qutulib çin ma’nosi bilan asl özbek xalqining adabiyoti bölsin”.

U muhim bir muammoni ham tan oldi: özbek tilining aniq va tizimli grammatik qoidalarini hali töliq işlab çiqiş zarur edi. Ma’lum ehtiyojdan “Özbek tili qoidalari töğrisida bir tajriba” asari tuğildi. Ikki qism – “Sarf” va “Nahv”dan iborat bu asar özbek tilining fonetik, morfologik va sintaktik xususiyatlarini izçil tavsiflaşga qaratilgan edi. “Sarf” 1925-yilda birinçi marta, 1927-yilda esa beşinçi marta çop etilgan, ya’ni, ma’lum muddat maktablarda darslik sifatida foydalanilgan. Mutaxassislar uni ona tili egasi tomonidan yaratilgan birinçi özbek tili grammatikasi, deb baholaydi. Uşbu grammatika keyinçalik yaratilgan tadqiqotlar uçun ham muhim asos böldi.

Fitrat özbek tilining tabiiy boyligini izlaşda xalq tiliga ham katta ahamiyat berdi. Uning kuzatişiça, şaharliklar nutqida arabça va forsça unsurlar nisbatan köproq uçraşi mumkin edi. Şu sababli, u qişloq şevalarini, xalq orasida keng tarqalgan doston, ertak va hikoyalarni örganişni muhim deb hisobladi. Çunki xalq oğzaki ijodida tilning tabiiy va milliy imkoniyatlari, xalqona söz boyligi va grammatik şakllari yaxşiroq saqlangan.

***

Aşurali Zohiriy maktab ta’limi uçun zarur darslik va qöllanmalarni yaratişga katta ahamiyat berdi. 1916-yilda yozilgan “Imlo” kitobida arab grafikasi asosidagi özbek yozuvida töğri yoziş qoidalari hamda punktuatsiya masalalari tizimli bayon etilgan. 1920-yillarga kelib özbek yozuvi masalasi yanada dolzarb tus oldi. Jadid ziyolilari arab yozuvining özbek tili fonologik tizimini töliq ifodalaşdagi imkoniyatlari çeklangani, harf şakllari esa tez va qulay yoziş talablariga töliq javob bermasligini ta’kidlay boşladi. 1926-yilda Bokuda ötgan turkologlar qurultoyida turkiy xalqlarning lotin yozuviga ötişi masalasi muhokama qilinib, bu borada muayyan qarorlar qabul qilindi.

Zohiriyning özbek tiliga munosabati matbuotdagi çiqişlarida ham yaqqol körinadi. 1924-yil 21-iyunda “Farğona” gazetasida e’lon qilingan “Olti yillik özbek adabiyoti (bosma sözi)ga bir qaraş” maqolasida u matbuot tilida uçrayotgan özbek tiliga yot leksik va grammatik birliklarni, ayniqsa, tatar va usmonli turk tiliga xos şakllarning ortiqça qöllanişini tanqid qiladi. Şu bilan birga, özbek tilining tabiiy imkoniyatlarini namoyon qiluvçi naşrlarni ijobiy baholaydi. Jumladan, 1920-yil 9-aprelidan “Yoş buxoroliklar” çiqargan “Teng” jurnalining atigi uç soni naşr etilgan bölsa-da, uning tili sof özbekçaligi va mazmunining muhimligini alohida ta’kidlaydi. Demak, Zohiriy özbek tilini boşqa turkiy tillardan uzib qöyişni emas, uning öziga xos imkoniyatlarini asrab-avaylaşni istagan.

Zohiriyning amaliy xizmatlaridan yana biri – “Rusça-özbekça mukammal luğat” (ikki jild, 1927-1928) edi. Luğatda taxminan 34 ming söz bor; Zohiriy qozonlik “Rusça-tatarça mukammal luğat”ning tatarça tomonini özbekçaga ögirib, xalqning jonli sözlaşuv tilidan köplab söz va birikmalarni kiritgan. Zaki Validiy bu luğatni özbeklar ilmiy faoliyatining oxirgi ikki yildagi eng muhim işlaridan biri deb baholagan. Zohiriy uçun “tilni özbekçalaştiriş” luğat va terminlarni xalq tili zaxirasi bilan boyitiş demak edi. Zohiriyning til masalasidagi qaraşlari 1929-yil 29-martda “Qizil Özbekiston” gazetasida “Til, atama va imlo bahslari” rukni ostida e’lon qilingan “Til va imlo masalasi” maqolasida yanada aniq ifodalangan. Unda adabiy til va jonli sözlaşuv tili örtasidagi munosabat, adabiy tilning tayanç şevalari, terminologiya va imlo masalalari haqida fikr yuritiladi. Zohiriy yangi tuşunçalarni ifodalaş uçun imkon qadar özbek tilining içki boyligidan foydalaniş kerakligini uqtiradi; biroq öz tilida muayyan tuşunçaga mos birlik bölmasa, boşqa tillardan – arabça, forsça yoki Yevropa tillaridan söz oliş mumkin, deydi.

Bu saboq bugun ham öz kuçini yöqotmagan: til – şunçaki aloqa vositasi emas, millatning tarixi, tafakkuri va ma’naviy mulki. Uni asraş esa begona sözdan qoçiş emas, öz tilimizning içki boyligini biliş, örganiş va undan oqilona foydalanişdan boşlanadi.

Valişer ABIROV,
Toşkent davlat şarqşunoslik universiteti dotsenti,

E’zoza MAMASIDDIQOVA,
universitet talabasi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-noyabrdagi 47-sonida


SAN’AT VA SUN’IY ONG UÇRAŞUVI

Joriy haftada poytaxtimizdagi “Akademiya” galereyasida Özbekiston xalq rassomi, “Fidokorona xizmatlari uçun” ordeni sohibi, Özbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Javlon Umarbekovning “Absurdlar” nomli körgazmasi bölib ötdi. San’at arbobi tavalludining 80 yilligi munosabati bilan taqdim etilgan asarlar muallifning zamonaviy dunyoga munosabati va inson tafakkuridagi evrilişlar xususidagi muşohadalarini aks ettirgani bilan e’tiborlidir. AKSDAGI ASL KIM? Bugun inson hayotiga kirib […]

25.11.2026 | 16:02

img85

ANRI BORIS KAGAN – ASRIY JUMBOQNI YEÇGAN NOBELÇI

HAYOTI 1930-yil 15-dekabrda Fransiyaning Bulon-Biyankur şahrida tavallud topgan. Milliy kimyo oliy maktabi va Sorbonna universitetini bitirgan. 1954-yildan 1962-yilgaça Milliy ilmiy tadqiqotlar markazida (CNRS) işlagan. 1960-yilda doktorlik darajasini oldi. Bir neça yil Alen Oro qöl ostida ilmiy xodim bölib işladi va Fransiya kollejida laboratoriya direktorining örinbosari böldi. 1967-yilda Orse şahridagi Parij-Sud universitetining Fanlar fakultetida tadqiqot guruhini […]

25.11.2026 | 09:24

img121

SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI

Hayoti Syukuro Manabe 1931-yil 21-sentyabrda Yaponiyada tuğilgan. Tokio universitetida tahsil olgan. 1958-yilda doktorlik işini muvaffaqiyatli himoya qilgaç, AQŞga köçib ötgan. Avval Milliy okeanografiya va atmosfera tadqiqotlari boşqarmasida işlagan, bir muddat Yaponiyada yaşagaç, yana Prinston universitetiga qaytib kelgan. Hozirda şu universitetda faxriy meteorolog. 2007–2014-yillarda Nagoya universitetida maxsus taklif qilingan professor sifatida işlagan. Kaşfiyoti Insoniyat uçun hayotiy […]

19.11.2026 | 09:08

img791