Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.10.2025 | 17:39

img937

TILNI ASRASH MILLATNI ASRASHDIR

OZODLIK FALSAFASI

Yurt deganda ko‘z oldingizga nimalar keladi? Yaratgan bizga xalq o‘laroq yashashimiz uchun ato etgan tabarruk tuproq, tog‘-u toshlar, dasht-u dalalar, daryo-yu ko‘llar, cho‘llar-u o‘rmonlardan iborat makon, yana bizni qurshab katta qilgan ota-ona, qavm-qarindosh, do‘st-u yor, mahalladoshlar, to‘y-ma’raka, urf-odat, an’ana va qadriyatlarimiz kelmaydimi? Axir, yurt – shular bilan yurt-ku! Ammo bu omillar bilangina yurt haqidagi tasavvur to‘kis bo‘lmaydi. U kemtik bo‘lmasligi uchun yana bir muhim vosita kerak – bu, ona tilimizdir.

Til nafaqat aloqa vositasi, balki millat tafakkuri, madaniyati va xotirasini tashuvchi eng muhim unsurdir. Tilsiz millat bo‘lmaganidek, tilsiz davlat ham bo‘lmaydi. Shu ma’noda, davlat tili – suverenitet ramzi, milliy birlik va siyosiy barqarorlikning ma’naviy kafolati, davlatning mavjud bo‘lish shartlaridan eng muhimidir. Davlat tilining falsafiy mohiyati shundaki, u millatning ruhiy tafakkurini siyosiy va huquqiy makonga aylantiradi. Ya’ni, xalq ruhiyati davlat ramzlarida, huquqiy hujjatlarda va siyosiy muomalada aynan milliy til vositasida o‘z ifodasini topadi. Shu sababli, til faqat grammatik yo leksik tuzilma emas, balki millatning ong, tarix va qadriyatlar tizimi hamdir.

Til va davlatchilik o‘rtasidagi bog‘liqlik nafaqat madaniy, balki siyosiy, iqtisodiy va hatto xavfsizlik jihatidan ham muhim. Bir millatning tili zaiflashsa, uning siyosiy irodasi ham zaiflashadi. Ona tili va milliylikni unutganlar millat sifatida tarixga aylanadi, hatto erki o‘z qo‘lida bo‘lsa ham. Mustamlaka zamonida ona tilini, e’tiqodi va qadriyatini yo‘qotmagan millat esa, kul ostidan bosh ko‘targan Qaqnus kabi o‘z erkini qayta topishiga shubha yo‘q. Bu so‘zga tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Masalan, Xitoy – “ming yillik bosqinlar ortidan qayta tirilgan madaniyat”. Bu xalq mo‘g‘ullar (XIII asr), manjurlar (XVII–XIX asrlar), yaponlar (XX asr), keyinchalik Gʻarb mustamlakachilari hukmronligi ostida bo‘lganda ham, o‘z tili, e’tiqodi va yozuv tizimini asrab qola olgani uchun XX asrda milliy uyg‘onish davrini boshlab, XXІ asrda dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylandi.

Yoki Hindistonni olaylik. 1757-yildan 1947-yilgacha ingliz mustamlakasi bo‘lgan bu davlat sanskrit, urdu va hind tillarini saqlab qola olgani, o‘z e’tiqodini asrab, G‘arb ta’siriga qarshi ma’naviy qarshilik ko‘rsatgani tufayli ozodlik harakati g‘alaba qildi va davlat sifatida qayta tiklandi.

Xaritadan yo‘qolib qolgan bo‘lsa-da, tili va e’tiqodi sabab saqlanib qolgan yana bir millat bor – polyaklar. 1795–1918-yillarda Polsha Rossiya, Prussiya va Avstriya tomonidan bo‘lib olingan. Ammo polyak xalqining o‘z dini va ona tilini, milliy ruhni saqlab qola olgani bois, Birinchi Jahon urushidan so‘ng mustaqil Polsha davlati qayta tashkil topdi.

Aynan shunday qismat O‘zbekistonga ham begona emas. XIX asr oxirida chor hukumati mustamlakasiga aylangan, keyin sovet tuzumi iskanjasida bo‘lgan o‘lkamiz donishmand xalqimizning o‘z tilini saqlab qola olgani, ilmga va milliy ozodlikka intilishi bois, 1991-yili mustaqil davlat sifatida qaror topdi. Bu qismat sobiq ittifoq tarkibidagi barcha mustamlaka davlatlarga xosdir.

Ona tilini, himoya qilgan yurt o‘z mustaqilligini himoya qilishiga bundan ortiq misol keltirib o‘tirish shart bo‘lmasa kerak. Shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, davlat tili – bu faqat filologik yoki lingvistik emas, balki davlatchilikka oid masaladir.

G‘OYANING TUG‘ILISHI

Davlat tili degan so‘zni deyarli hamma ishlatadi. Ammo ko‘pchilik bu so‘zning qayerdan paydo bo‘lgani va asl mohiyati nima ekanini o‘ylab ko‘rmasa kerak. Keling, bu so‘zning tarixiga bir nazar tashlaylik.

“Davlat tili” atamasi ilk bor XV–XVI asrlarda, Yevropada milliy davlatlar shakllana boshlagan davrda huquqiy va siyosiy mazmun kasb etgan. Bu jarayonning boshlanishi Fransiya tarixidagi 1539-yilgi “Viller-Kotre ordonansi” bilan bog‘liq. Fransiya qiroli Fransua I bu ordonans (normativ-huquqiy hujjat) orqali barcha rasmiy hujjatlar, sud qarorlari va davlat yozishmalarini faqat fransuz tilida yuritishni majburiy deb e’lon qilgan. Bu hujjat til orqali milliy davlat yaratish g‘oyasining boshlanishi edi. Keyinchalik Angliya, Germaniya va Ispaniyada ham shunday jarayonlar boshlangani ortidan XVI–XVII asrlarga kelib, davlat ishlarida ingliz, nemis, ispan tillari Yevropada umumiy til bo‘lgan lotin tilini muomaladan asta-sekinlik bilan siqib chiqardi.

Shunday qilib, davlat tili g‘oyasi Yevropada milliy davlat g‘oyasining yuzaga kelishi va huquqiy-idoraviy boshqaruvda yagona til orqali markazlashuv zarurati tufayli shakllandi. Bismark Germaniyasida “bir millat, bir davlat, bir til” shiori milliy birlikni ta’minlovchi siyosiy tamoyilga aylandi. Bu shior keyinchalik Yevropa davlatlarining barchasida turli ko‘rinishlarda davom etdi.

XX asrning ikkinchi yarmida Yevropada davlat tili masalasi yangi bosqichga ko‘tarildi. 1994-yili Fransiyada qabul qilingan “Loi Toubon” (Tubon) qonuni bu jarayonning tarixiy burilish nuqtasi bo‘ldi, deyish mumkin. Qonunning asosiy maqsadi – fransuz tilini inglizlashuv va globallashuv ta’siridan himoya qilish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida majburiy qo‘llanishini ta’minlash edi. Unga ko‘ra, davlat idoralari, ta’lim muassasalari, reklama va ommaviy axborot vositalarida faqat fransuz tilidan foydalanish, davlat xizmatchilari va fuqarolar o‘rtasidagi rasmiy yozishmalar boshqa tilda bo‘lmasligi, madaniy va ilmiy tadbirlarda fransuz tili ustuvor bo‘lishi shart qilib belgilangan. Aynan shu qonun tufayli fransuz tili nafaqat madaniy, balki huquqiy himoya obyektiga ham aylangan. Fransuz davlatining bu qat’iy siyosati ba’zi muhitlarda “milliy til ihotasi” deb baholangan bo‘lsa-da, amalda u davlat mustaqilligining ma’naviy kafolatini ta’minlagan. Bu singari qonunlar Kanada, Belgiya va Ruminiyada ham milliy tilni himoya qilish maqsadida qabul qilingan.

DAVLAT TILI MILLATCHILIK EMAS, DAVLATCHILIKDIR

Ko‘pincha til siyosatiga oid bahslarda: “Davlat tilida so‘zlashni talab qilish millatchilik emasmi?” degan savolga duch kelamiz. Hatto, bu savol goh-gohida ig‘vogarona tus olib, ancha-muncha shov-shuvlarga ham sabab bo‘ladi. Tabiatan andishali xalqimizning oqil oydinlari esa, negadir, bu savolga dangal javob qilishga shoshilmaydi. Aslida, bu savolga javob juda aniq: davlat tilini talab qilish millatchilik emas, balki fuqarolik mas’uliyati va davlatchilikning ifodasidir. Agar shunday bo‘lmasa, AQSH, Germaniya, Polsha, Fransiya, Rossiya, Yaponiya kabi davlatlar bu borada o‘zlarining qat’iy pozitsiyasini ko‘rsatmagan bo‘lar edi.

Masalan, Germaniyada doimiy yashash uchun kelgan shaxslar hatto vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ham nemis tilini B1 yoki B2 darajada bilishi shart. Bu talab odamni kamsitish emas, balki jamiyatga to‘liq integratsiya qilish uchun joriy etilgan. Fransiyada fransuz tilini bilmagan odam davlat xizmatiga qabul qilinmaydi, chunki til nafaqat aloqa vositasi, balki davlat madaniyatining ramzi ham. Polshada ham shunday: polyak tilini bilmagan kishi mamlakat fuqaroligini ololmaydi.

Til orqali davlat o‘z hududiy va ma’naviy yaxlitligini saqlaydi. Agar davlat tili qonun bilan himoya qilinmasa, u holda davlatning madaniy suvereniteti xavf ostida qoladi. Natijada davlat idoralari turli tillarda ish yuritadi, hujjatlar tarjima orqali aylanadi, ta’lim tizimida bir xil dastur va atamalar bo‘lmaydi, ommaviy axborot vositalarida til va ma’no tarqoqligi kuzatiladi. Bunday holatda davlat boshqaruvida ma’muriy parokandalik yuzaga keladi. Agar shu holat yuz bersa, qonunlar turlicha talqin qilinadi, davlat xizmatchilari va fuqarolar o‘rtasida tushunmovchiliklar ko‘payadi. Bunga Yugoslaviya tarixi misol.

BUGUN O‘ZBEKISTONDA…

2021-yili Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Bu esa O‘zbekiston rahbarining tarixda ilk marotaba xalqaro minbarda o‘z ona tilida so‘zlagan nutqi bo‘ldi. Yurt rahbarining bu dadil qadami o‘zbek tilini ilk bor xalqaro siyosiy muloqot tili sifatida qo‘llash mumkinligini isbotladi va nafaqat o‘zbek tilining, balki davlatning ham, yetakchining ham siyosiy nufuzi oshishiga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda davlat idoralari, elchixonalar, ta’lim muassasalari va media maydonida o‘zbek tilining o‘rni sezilarli darajada mustahkamlanmoqda. Davlat xizmatchilari uchun til darajasi bo‘yicha malaka tizimini joriy etish, terminologiyani yangilash, axborot tizimlarini o‘zbek tilida yaratish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Til siyosati davlat boshqaruvining uzviy qismiga aylanib borayotir. Uning strategik vazifalarini belgilab bergan Davlat tilini rivojlantirish konsepsiyasi o‘zbek tilini faqat madaniy belgi tarzida emas, balki milliy xavfsizlikning ma’naviy ustuni sifatida ilgari surish siyosatini ifodalaydi.

HAYOT-MAMOT MASALASI

Ba’zan: “Nega, davlat tili deb buncha kuyib-pishishadi? Nima, o‘zbek tili kimningdir himoyasiga muhtojmi? Shuncha vaqtdan beri yashab keldi, bundan keyin ham yashayveradi”, degan yozg‘irishlarni eshitib qolamiz. Bunday gaplarni uzoqni o‘ylamagan, tarixdan, ona tilimizga bo‘lgan xurujlardan bexabar kishilar aytadi. Bu holatga loqayd qarash mumkin emas. Keling, gapni ozgina uzoqroqdan boshlab, shunday malomatlarga nisbatan mulohazali javob qilaylik.

O‘zbek tiliga nisbatan eng yovuz munosabat sobiq ittifoq davrida kuzatilgan va bu qardosh tillarning ham boshiga tushgan. Ittifoq davrida turkiy xalqlarning til yaqinligi siyosiy xavf sifatida baholangan. Shu sababli, SSSRda turkiy tillarni alohida-alohida milliy tillar sifatida mustahkamlash, dialektologik farqlarni mayda-mayda tarzda tadqiq va tasnif qilishga katta resurs ajratilgani hujjatli holda qayd etilgan.

1970–1980-yillarda “turkiy tillar o‘rtasidagi farqlar ilmiy jihatdan chuqur, umumiylik esa faqat tarix nuqtayi nazaridan mavjud”, degan qarash ilgari surilgan. Natijada har bir turkiy xalqning tili mustaqil “dialekt sistemasi” sifatida tasniflanib, “umumturkiy madaniy birlikda ilmiy asos yo‘q”, degan qarash shakllantirilgan. Bu til orqali siyosiy parchalash bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy tajriba edi. O‘sha davrda aynan tilshunoslik orqali ham mafkura shakllantirilgan.

Garchand sobiq ittifoq parchalanib ketgan bo‘lsa-da, bugun o‘sha siyosatning yangi – raqamli ko‘rinishlari tez-tez ko‘zga tashlanib qoladi. XX asrda sovet tilshunosligidagi “interdialekt farqi” nazariyasi turkiy tillar o‘rtasidagi yaqinlikni kamaytirish maqsadida ilgari surilgan bo‘lsa, hozir bu holat “sheva orqali parchalash” ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda. Internet olamida shevali yozuvlar, imlo “erkin”ligi va grammatik me’yorsizlik sababli til qoidalarining zaiflashayotgani, o‘zbek tilining qo‘llanish sohasi qisqarib, ayniqsa, aksar yoshlar suhbatida ruscha yo inglizcha aralashmalarning ko‘payib borayotgani madaniy suverenitetga nisbatan til orqali mafkuraviy bosim yuzaga kela boshlaganini anglatadi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Bu kishim – ustoz, biz – shogird” nomli essesida bir dalil keltiriladi. Taniqli olim Matyoqub Qo‘shjonov talabalarga tarixchi Jumaniyoz Sharipov arxivdan topgan chor hukumatining maxfiy hujjati haqida gapirib bergan ekan. Hujjat Turkiston general-gubernatorining maxfiy buyrug‘i bo‘lib, unda o‘zbek ziyolilari maktab ochsa yo darslik yaratsalar, har bir maktabda dars o‘sha hudud lahjasida olib borilishi, darsliklar o‘sha joy shevasida yozilishi kerakligi uqtirilgan ekan. Mohiyatan: “O‘zbek adabiy tilining yaratilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, negaki, adabiy til – o‘zbeklarning boshini birlashtiradi. Bu esa bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi”, deya izohlangan hujjatning qanday qabih maqsadga xizmat qilganini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak…

Millat adabiy til orqali bir-birini tushunadi, tarixini, madaniyati va qadriyatlarini anglaydi. Afsuski, bugun o‘zbek tilining ichki tizimidagi eng muhim muammolardan biri – adabiy til va sheva munosabati bo‘lib qolmoqda. Sheva me’yorsiz ravishda ommaviy muhitga chiqadigan bo‘lsa, u millatning ma’naviy va til birligini zaiflashtiradi. Shu bois, adabiy tilni – millatning ma’naviy birligini muhofaza qilish shart. Mayli, sheva folklorda, mahalliy muloqotlarda yashasin, undagi nodir so‘z va atamalar adabiy tilni boyitsin, lekin davlat boshqaruvida, ta’lim-tarbiyada, ilmiy va axborot sohasida adabiy til muqim va ustuvor bo‘lishi lozim.

YANGI SO‘ZLAR QANDAY QABUL QILINADI?

O‘zbek tili so‘nggi yillarda faol rivojlanayotgan tillar qatorida turibdi. Shu o‘rinda rivojlangan til deganda, qanday til nazarda tutilishini oydinlashtirib olish lozim. Rivojlangan til – ilmiy, texnik, huquqiy, madaniy yo boshqa istalgan sohada fikrni erkin ifoda etish imkonini beradigan, o‘z standarti va leksik tizimi to‘liq shakllangan til. U ilmiy va huquqiy terminologiyasi rivojlangani uchun ta’lim va davlat boshqaruvida birdek qo‘llanadi. Yagona orfografik va grammatik standartga ega bo‘lgani uchun texnologik va raqamli muhitda ham foydalanish imkoni mavjud. Yuksak badiiy va axborot salohiyatiga ega.

Ayni vaqtda, o‘zbek tili tez rivojlanayotgani barobarida, chet tillarning unga ta’siri ortib borayotganini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Global axborot muhiti, ayniqsa, raqamli axborot olamida o‘zbek tili tarkibida ko‘plab xorijiy so‘zlar iste’molga kirib boryapti. Shu bois, yangi so‘zlarni o‘zbekchalashtirishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Garchand O‘zbekistonda bu borada so‘nggi yillarda qator ishlar amalga oshirilib, yangi o‘zbekcha atamalar yaratilgan bo‘lsa-da, hali ayrim muammolar mavjud. Joriy etilgan yangi so‘zlarni ommaviy axborot vositalari va ta’lim tizimida faol qo‘llash yetarli emas. Til siyosatini ilmiy, ijtimoiy va axborot yo‘nalishlarida uyg‘unlashtirish zarurati kuzatilmoqda.

Misol tariqasida Yaponiya va Koreya davlatlarini oladigan bo‘lsak, ularda tilga milliy o‘zlikni muhofaza qiluvchi institut sifatida yondashuv mavjud. Yaponiyada har yili “Shingo-Ryūkōgo Taishō” (“Yilning yangi so‘zi va moda ifodasi”) mukofoti beriladi. Sanoat, iqtisod va hokazo sohalarga kirib kelgan yot xorijiy so‘zlarga yaponcha muqobil o‘ylab topish bilan shug‘ullanishning tantanasi sifatida o‘tkaziladigan bu tadbir nafaqat tilshunoslarni rag‘batlantiradi, balki jamiyatdagi fikr oqimini kuzatuvchi ijtimoiy “barometr” vazifasini ham o‘taydi. Shu tariqa, yapon tiliga joriy etilgan yangi so‘zlar qoida tariqasida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, “Gendai Yōgo” ensiklopediyasiga kiritiladi.

Koreyada esa “Urimalsaem” onlayn lug‘ati va “Neologism Investigation Project” tizimi orqali yangi so‘zlar ilmiy asosda koreyschalashtirib borilar ekan. Bu jarayonda har bir yangi atamaning fonetik qulayligi, ma’nosining aniqligi va milliy til qoidalariga mosligi jiddiy tarzda nazorat qilinishiga nima deysiz!

Demak, globallashuv tufayli kirib kelayotgan xorijiy so‘zlarni o‘zbekchalashtirishga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Shu jihatdan, O‘zbekiston uchun ham Yaponiya va Koreya tajribasi juda muhim: yangi so‘zlar jarayonini omma bilan muhokama qilish, ilmiy va ijtimoiy ongni birlashtirish albatta shart.

QISSADAN HISSA

Buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy 1915-yili “Oyina” jurnalining 11-12-sonlarida e’lon qilgan “Til masalasi” deb nomlangan maqolasida: “Ona tili, ona tili”, bu yaxshi orzu. Ammo tilsiz onalar tilig‘a maktabiy kitoblar yozila bersa, Turkistonda adadsiz buzuq ona tillar shevasig‘a adadsiz kitoblar yozmoq lozim kelurki, Andijonda yozilgani Buxoroda, Avliyootada yozilgani Qarshida anglashilmaydur. Chunki bu onalarni tili bir-biridan farqlikdur. Taraqqiy etgan millatlar onalarni o‘qutar ekan, biz avval onamizni o‘qutub, anga til o‘rgatmog‘imiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandur”, deb yozgan. Demak, adabiy til mavqeyini mustahkamlash jadidlarning ham orzusi bo‘lgan.

Bugun milliy tillar uchun har qachongidan ko‘ra o‘ta jiddiy xatar mavjud. Bu internet qarshisida milliy tillarning raqamli qoloqligidir. Aksar tillar internet yoki boshqa axborot texnologiyalari yoxud dasturlashda zarur qo‘llab-quvvatlashga ega emas. Ularning alifbo, imlo, maxsus belgilarni kiritish, tarjima, tilni aniqlash borasida ustunliklari mavjud emas. Aynan shu holat o‘sha tillardan virtual olamda faol foydalanish imkonini bermaydi. Natijada bu tillar raqamli muhitda “ko‘rinmas” bo‘lib qoladi va foydalanuvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ingliz, rus yoxud internetda foydalanish imkoni bo‘lgan boshqa tildan foydalanishga o‘tadi. Shu tariqa, yillar mobaynida milliy tillar sekin-asta iste’moldan chiqib, ojizlashib boraveradi.

Aslida, milliy tillarni qayta tiklashda katta imkoniyat yaratgan internet kelajakda qo‘llab-quvvatlovchi dasturlar yetishmovchiligi va algoritm siyosatlari tufayli milliy tillarning raqamli zaiflashuviga, hatto yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Demak, internet uchun davlat tilida dasturlar ishlab chiqish, undagi dominant tillarda yaratilgan dasturlarni o‘zbekchalashtirish, global dasturlarda albatta o‘zbek tilini joriy etishga e’tibor qaratish zarur.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”, deya ta’kidlagani bejiz emas.

Davlat tili – davlatning ichki birligi, xalqning o‘ziga ishonchi va madaniy mustaqilligining asosi. Unga nisbatan ehtiyotkorlik va mas’uliyatli munosabat har birimizning ma’naviy burchimizdir.

Abdulhamid MUXTOROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 42-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596