Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.04.2024 | 17:47

img316

KELAJAK KAFOLATI

Hozirgi global dunyoda inson kapitali uchun kurash ketyapti. Bu kurash zamirida mafkuraviy xurujlar orqali odamlar ongini egallash, oqibatda ularni o‘ziga xizmat qildirish istagi yotibdi. Dunyo sahnidagi bunday g‘irrom o‘yinlar bugun hech kimga sir emas. Ana shunday tahlikali zamonda o‘zlikni saqlab qolish, yoshlarni el-yurt istiqboli uchun xizmat qiladigan avlod qilib tarbiyalash oson emas. Zamonga mos yangicha yondashuvlar kerak. Ammo yangicha yondashuv degani qanday bo‘ladi?
Uning ma’lum bir shaklini ishlab chiqsak, samara berishiga kafolat bormi? Axir, bu uzoq davom etadigan va natijasi keyin bilinadigan jarayon hisoblanadi. Shular haqida o‘ylaga­nimda hazrat Alisher Navoiyning:

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,

Har ne istarsen, o‘zungdin istagil, – 

degan bayti yodimga tushadi. Dar­haqiqat, o‘zbek xalqi boy madaniyat, shonli tarixga ega. Mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tashqaridan najot izlashimizga hojat yo‘q. Milliy qadriyatlarimizni qayta tiklasak, ularni zamonimizga moslay olsak bas. Bugun mamlakatimizda aynan shu jihatga katta e’tibor qaratilayotgani kishini quvontiradi. Buni Yangi Toshkent shahrini barpo etish bilan bog‘liq jarayon misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Ulkan saltanatga asos solgan Amir Temur bobomiz Samarqandni o‘z davri­ning madaniyat va sivilizatsiya mar­kaziga aylantirgan edi. Sohibqironning sa’y-harakati bilan dunyoning eng bilimdon kishilari, usta hunarmand va quruvchilari bitta joyda jamlandi. Ular bugungacha jahon ahlini lol qilib kelayotgan Samarqand shahrini bunyod etish­da ishtirok etdi. Amir Temur himmati bilan yongan mayoq hamon bizga yo‘l ko‘rsatib turibdi. Sohibqironning sharofati bilan O‘rta Osiyoda o‘ziga xos Uyg‘onish davri voqe bo‘ldi. Bu ulug‘ daryodan suv ichib Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi daholar ulg‘aydi. Shu bois ham Alisher Navoiyning yuqorida tilga olingan hikmatlari bizga to‘laligicha dasturilamal bo‘la oladi. Xususan, keyingi yillarda mamlakatimizda boshlangan o‘zgarishlar Uchinchi Renessansni yaratishga qaratilgani bilan e’tiborlidir. Davlatimiz rahbari yangi Uyg‘onish davrini boshlash tashabbusini ilgari surganida barchamiz birdek quvongan edik. Bugungi kunda ana shu xayrli tashabbus amaliy tus ola boshladi.
Prezidentimiz joriy yil 3-aprel kuni ­Yangi Toshkent shahrining ilk inshootlari qurilishini boshlab, ta’bir joiz bo‘lsa, ularga oq fotiha berdi. Marosimda yangi shahar, avvalo, ma’naviy-ma’rifiy markazlardan boshlanishi kerakligi ta’kidlanganida biz Uyg‘onish davriga qadam tashlayotganimizni yana bir bor yurakdan his etdim. 
Xususan, bu yerda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazining barpo etilishi mamlakatimiz tarixida nihoyatda unutilmas voqeaga aylanishiga ishonchim komil. Ehtimol, buning ahami­yatini hozir to‘la anglab yetmasdirmiz, ammo vaqt o‘tgani sari uning hayotimizda qanchalik muhim o‘rin tutishini chuqurroq idrok qilib boraveramiz. Negaki, bu joy juda katta ilmiy salohiyatni, milliy qadriyatlarni o‘zida jamlagan markaz bo‘ladi. Fikrlarimni komil ishonch bilan aytayotganim sababi, markazning kelgusi faoliyati borasida puxta rejalar ishlab chiqilgan. Ya’ni, bu markaz majmua tarzida tashkil etiladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Adabiyot muzeyi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti o‘sha yerga ko‘chiriladi. Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, Maqom markazi ham shu hududga joylashtiriladi.
Bilamizki, hazrat Navoiy Samar­qand­ga kelib ta’lim olgan. Chunki Sohibqiron Amir Temur bu yerda noyob ilmiy maktablarga asos solgan edi. Bugun ham yurtimizda ta’limga jiddiy e’tibor berilmoqda. Ayniqsa, Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari yoshlarning orzu-istak­lari­ni amalga oshirishda katta yo‘l ochyapti. ­Yangi Toshkent shahri timsolida shu an’ana davom etayotgani bizda faxr uyg‘otadi. Kelgusida yangi majmuada Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi ham tashkil etiladi. Yurtimizda yoshlar doim hal qiluvchi kuch bo‘lib kelgan. Nihol qanday parva­rish qilinsa, xuddi shu shaklda o‘sadi. ­Uning to‘g‘ri unib-o‘sishi bog‘bonga bog‘liq. Shu ma’noda, ijod maktabi yurtimizdagi eng yaxshi “bog‘”lardan biri, uning tarbiyachilari, bog‘bonlari Davlatimiz rahbari boshchiligidagi ziyolilar qatlami bo‘ladi.
Ijod maktabida zamonga mos ravishda bir nechta xorijiy tillarni biladigan, vatanparvar, tafakkuri keng, ijodkor yoshlar tarbiyalanadi. Ular kelajakda boshqalarni o‘z orqasidan ergashtiruvchi kuchga aylanadi. Chunki bu yerda beriladigan bilimlar yoshlarning har tomonlama yetuk avlod bo‘lib voyaga yetishiga qaratiladi. Ular avvalo ma’naviy jihatdan baquvvat, sog‘lom e’tiqodli, o‘z Vataniga sadoqatli yoshlar bo‘lib kamol topadi.
Yangi ijod maktabida Alisher Navoiy siymosi orqali bizning qadimiy madaniyatimiz va shonli tariximiz gavdalanadi. Milliy g‘ururimizga asos bo‘ladigan barcha jihatlar mana shu yerda jamlanadi va bu – dunyoda mafkuraviy kurashlar avj olgan hozirgi tahlikali davrda mamlakatning tayanch kuchi hisoblangan yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashning eng yaxshi usuli hisoblanadi.
Yangi Toshkentning yangi majmuasi o‘zi­ga xos ilm va ma’naviyat qo‘rg‘oni bo‘­ladi. Negaki, bu yerda juda katta ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Bu ishlar xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Ilmiy izlanishlar madaniyatimiz, tilimiz, qad­riyatlarimizni o‘rganish, ularni keng tar­g‘ib etishga qaratiladi. Ya’ni, butun dunyodan olimlar kelib, biz bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Ular ishtirokida o‘zbek adabiyoti, tili va madaniyati bo‘yicha konferensiyalar, tadbirlar o‘tkaziladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganishga katta e’tibor berilyapti. Ayniqsa, ilmiy tadqiqot ishlaridagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida hur­matli olimlarimiz, professor va dotsentlarimiz safi kengaydi. Bo‘lg‘usi majmua bu ishlarning mantiqiy davomidir.
Ilmiy salohiyat, milliy madaniyatimiz haqida gap ketganda muzeylar haqida ham to‘xtalib o‘tish joiz. Zero, xalqlar­ning o‘tmishidan so‘zlaydigan muzeylar ularning madaniyatini ham, ilmiy salohiyatini ham o‘zida jam etadi. Darhaqiqat, elimizning boy madaniy merosi bor. Uni yanada ko‘proq targ‘ib-tashviq etishimiz zarur. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sayyohlar bu merosni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, ilmiy salohiyatimizga hayrat ila boqsa, bu albatta, kamol topib kelayotgan yoshlar tarbiyasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularda milliy g‘urur degan eng go‘zal tuyg‘uni mustahkamlaydi. Shu ma’noda, Yangi Toshkentda Adabiyot muzeyi uchun zamonaviy bino qurib berilishi ma’naviyatimiz ravnaqi yo‘lida yaxshi samara be­rishiga ishonaman.
Bugungi kunda Adabiyot muzeyi Navoiy ko‘chasidagi tor, ta’mirtalab binoda faoliyat yurityapti. Shu sababli undagi eksponatlar ham, keluvchi mehmonlar soni ham cheklangan. Yangi markazdagi muhtasham muzeyda esa qadimgi davrlardan boshlab bugungi kungacha adabiyotimiz va madaniyatimiz, ayniqsa, Ali­sher Navoiy bilan bog‘liq mavzular yangi texnologiyalar asosida namoyish etiladi. 
Davlatimiz rahbari majmua hududida Milliy kutubxona va Milliy teatr binolari ham barpo etilishini ta’kidladi. Bu ham ayni muddao. Biz yuqorida majmuani ilm qo‘rg‘oniga qiyoslagan edik. Albatta, qo‘rg‘on tugal bo‘lishi uchun unda kutub­xona bo‘lishi zarur. Adabiyotning, madaniy hayotimizning jonli tasviri bo‘lgan teatr ham shu safdan joy olishi esa nur ustiga nur bo‘ladi.
Yangi majmuaga tamal toshi qo‘yish marosimida mana shunday xayrli yangiliklarni eshitib, ko‘nglim quvonchga to‘l­di. Beixtiyor shu kuni boshlangan ezgu ishlarning samarasi ko‘z oldimga keldi. Hurmatli Prezidentimizning “Yangi shahar qurilishini avvalo mana shunday ma’naviy-ma’rifiy maskanlardan bosh­lashimiz chuqur ramziy ma’noga ega, biz zamonaviy osmono‘par binolar bilan bir qatorda bebaho madaniyatimizni dunyo­ga namoyon etadigan, xalqimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadigan ochiq osmon ostidagi ma’naviyat markazini ham barpo etishimiz zarur”, degan so‘zlari barchamizning ko‘nglimizdagi gap bo‘ldi. Ular­ning zamirida katta hayotiy haqiqat bor. Zero, dunyoda buyuk shaharlar, binolari osmonga tutash kentlar bisyor. Albatta, ular­ning har birining o‘ziga xos tarovati, jozibasi bor. Shunday shaharlar borki, ularda hayot asosan moddiyat, biznes ustiga qurilgan. U yerda faqat savdo, sayyohlik rivoj topadi. Shubhasiz, bu­ning hech yomon tomoni yo‘q. Chunki xalq farovonligi uchun bu jihatlar juda zarur. Yangi Toshkentning poydevori ma’naviyat asosida qurilayotgani esa xalqimizning dunyoga ezgulik nigohi bilan qarashining yorqin dalilidir.
Buni bugun yurtimizdagi xalqchil ijtimoiy islohotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Inson qadri uchun deya boshlangan o‘zgarishlar sharofati bilan odamlarda ertangi kunga ishonch kuchaydi. Bugun yurtdoshlarimiz halol mehnat orqali hurmat, e’tibor topish mumkinligini dildan his etyapti. Masalan, Navro‘z bayrami arafasida farrosh opalarimizga ham davlat mukofoti berildi. Bu ham avvalo inson, uning mehnati qadr topayotganini ko‘rsatadi. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan bir vaqtda ma’naviy-ma’rifiy ishlarga ham katta e’tibor berilayotgani kelajakning kafolati desak, mubolag‘a bo‘lmas. Negaki, bunday o‘zgarishlar pirovard natijada Uchinchi Renessansning poydevori mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu Yangi O‘zbekis­tonning gullab-yashnashiga, ertaga dunyo­dagi rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olishiga zamin yaratadi.
Oradan yillar o‘tadi, biz ko‘zlagan marralarimizga yetib borganimizdan keyin bugungi qilinayotgan ishlar sarhisob qili­nib, hozirgi intilishlarimizga munosib baho beriladi. Bir zamonlar Samarqand iqtisodiy barqaror, yuksak madaniyat va ilm maskani sifatida dunyo­da nom qozongan edi. Kelajakda Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent ham Uchinchi Renessansning mayog‘i bo‘lib dunyoga dong taratishiga ishonchimiz komil.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori,

akademik

“Jadid” gazetasi 2024-yil 19-aprel 17-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605