07.05.2024 | 20:40
356
MARDLARNING AVLODI MARD BO‘LAJAK!

Bir paytlar Chingizxonday yovqur sarkardaning xayolini rom etgan ko‘hna Xorazm uzra hamonki, sulton Jaloliddin zafariyatining tug‘i hilpiraydi. Urganch shahri markazida Manguberdining mahobatli haykali barpo etilib, uning nomi bilan ataladigan harbiy-akademik litsey tashkil qilingani mislsiz jasorat va yengib bo‘lmas qudrat ramzidir, aslida. Yaqinda muhtaram Prezidentimiz Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomli harbiy-akademik litsey faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘quvchilarning qalbiga vatanparvarlik g‘oyalarini chuqur singdirish, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish va huquqiy bilimlarini oshirishga mo‘ljallangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli ravishda tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shunga asosan yaqinda bir guruh taniqli ijodkorlar, teatr va kino aktyorlari hamda ma’naviyat targ‘ibotchilari safida ushbu maskanda bo‘ldik. Biz dastlab ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdining Urganch shahrida qad rostlagan mahobatli haykaliga hurmat bajo keltirish maqsadida hududiga 18 mingga yaqin manzarali daraxtlar, gul va butalar ekilgan ko‘rkam memorial bog‘ga keldik. Harbiy orkestrning “Jaloliddin Manguberdi” marshi sadolari ostida haykal tomon yurar ekanmiz, maydonda mag‘rur hilpirayotgan O‘zbekiston bayrog‘i va bo‘yi-bastiga harbiy libosi yarashgan alp yigitlarning saf tortib turganini ko‘rib yuragimizda quvonch va shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh urdi. Shu asnoda muhtaram Prezidentimizning “Chaqmoqdek qisqa umri mobaynida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatini namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi. Ishonaman, oradan yillar, asrlar o‘tadi, Sulton Jaloliddin hamisha yurtimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-e’tiqod bilan xizmat qilishning o‘chmas timsoli bo‘lib qoladi”, – degan so‘zlari yodimizga tushdi. Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyning muhtasham binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanisharkanmiz, mazkur o‘quv maskani haqiqatan ham buyuk lashkarboshiga xos kamolot qasri bo‘lib yoshlarni o‘z bag‘riga olganiga ishonch hosil qildik. 300 o‘ringa mo‘ljallangan harbiy-akademik litseyda 2023-2024-o‘quv yilida sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 150 nafar o‘quvchi ta’lim olishmoqda. Dastlab muassasa rahbari, polkovnik Ixtiyor Saidov mehmonlarga litsey faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Xususan, 1,5 gektar maydonda joylashgan ushbu o‘quv dargohida yoshlarga har tomonlama yetuk ta’lim-tarbiya berish uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Bu yerda matematika va fizika, ingliz tili fanlari chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi. Litseyda 13 nafar oliy va 10 nafar birinchi toifali o‘qituvchilar, 12 nafar harbiy xizmatchilar – ofitser va serjantlar faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy axborot-resurs markazida bizni kutubxonachi Inobat Rahimova kutib oldi. – Kutubxonamizda 7 mingdan ortiq o‘quv adabiyotlari va badiiy kitoblar, 11 mingdan ziyod elektron adabiyotlar jamlangan. Bundan tashqari, ko‘plab davriy nashrlarga obuna bo‘lganmiz. Ziyo maskanimiz doimo gavjum. O‘quvchilarimizning kitobxonlikka qiziqishini ko‘rib o‘z kasbim bilan faxrlanaman. Bizda elektron kitoblarga ham qiziqish katta. Kutubxonamiz Urganch davlat universiteti axborot-resurs markazi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasining elektron bazasiga ulangan, – deydi Inobatxon. – O‘quvchilarimizning kutubxonaga qattiq bog‘lanishining asosiy sabablaridan biri – bizda ularning qo‘liga mobil telefonlar umuman berilmaydi. Yigitlar ota-onalari bilan xohlagan vaqtda gaplashishi uchun navbatchilik xonasida telefon o‘rnatilgan. Kitob mutolaa qilish va badiiy asarlar yuzasidan o‘zaro fikr almashish, mulohaza yuritish o‘quvchilarning dunyoqarashi va bilim doirasini kengaytirishga xizmat qilmoqda. O‘quvchilarga o‘tmishda yashab o‘tgan shavkatli sarkarda ajdodlarimizning harbiy-jangovar merosiga oid ma’lumotlar chuqur o‘qitilmoqda. Bu yerda tashkil qilingan “Zakovat” intellektual klubi va axborot texnologiyalari to‘garagi muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda. Harbiy-akademik litseyning mashg‘ulotlar maydonlarida shug‘ullanayotgan o‘quvchilarning shijoatli xatti-harakatlarini ko‘zdan kechirarkanmiz, Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni, general-mayor Farhodjon Shermatovning so‘zlari e’tiborimizni tortdi: “Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu litseyga birinchi yildayoq o‘qishga kirish uchun har bir o‘ringa 17 nafardan yoshlar da’vogar bo‘lishdi. Bu yil ularning soni yanada oshishi kutilmoqda. Bu bizni, albatta, quvontiradi. Chunki farzandlarimiz orasida harbiy sohaga, Vatan himoyachisi degan sharafli kasbga qiziqish kun sayin ortib bormoqda”. Sport zalida erkin kurash bo‘yicha 5 karra O‘zbekiston chempioni, sport ustasi Umrbek Allayarov, milliy kurash bo‘yicha 4 karra O‘zbekiston chempioni, sport ustasi Doniyor Boltayev rahbarligida mashg‘ulot o‘tayotgan o‘g‘lonlarning shiddati bizga sulton Jaloliddin Manguberdining suvda cho‘kmas, o‘tda kuymas, yovqur askarlari shijoatini eslatdi. Ay-Ti to‘garagining faol a’zosi Vahob Shamsuddinov ustozi Bekzod Jumaniyazov rahbarligida mobil telefon orqali boshqariladigan avtorazvedka uskunasi va o‘ziuchar qurilma modelini ixtiro qilganini ko‘rib bir hayratimizga o‘n hayrat qo‘shildi. – Men Navoiy viloyatining Konimex tumanida tug‘ilganman, – deydi Vahobjon. – Bolaligimdan harbiy uchuvchi bo‘lishni orzu qilar edim. Jaloliddin Manguberdi nomli harbiy-akademik litseyga o‘qishga kirishim – ana shu maqsadimga erishish yo‘lida dastlabki katta qadam bo‘ldi. Men bu yerda orzumdagi harbiy texnikalar modelini yaratishni o‘rganmoqdaman. Shu tariqa ko‘nglimda aviakonstruktorlik kasbiga kuchli ishtiyoq paydo bo‘ldi. Tajribali ustozlarim yordamida ana shu maqsadimga erishishimga ishonaman. Harbiy-akademik litsey o‘quvchilari turli rusumdagi avtomashinalarni boshqarish sirlarini puxta o‘zlashtirib, haydovchilik guvohnomasini ham olishar ekan. – Ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdining umri ot ustida o‘tgan. Uning bugungi avlodlari ham chavandozlik mahorati va otlarni parvarish qilish sirlarini puxta o‘zlashtirishlari lozim. Biz shuni nazarda tutib, Milliy gvardiya bilan hamkorlikda chavandozlik darslarini ham yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi litsey rahbari Ixtiyor Saidov. Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyning anjumanlar zalida poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida sermazmun adabiy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi. Mamlakatimiz madhiyasini jo‘rlikda kuylashdan boshlangan ushbu tadbirda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, ustoz adib Xayriddin Sultonov vatanparvarlik, mardlik va jasorat fazilatlari haqida qimmatli fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Mudofaa vazirining o‘rinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda Yangi O‘zbekistonda yoshlarni har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalash borasidagi ustuvor vazifalar haqida ma’ruza qilishdi. O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, taniqli ijodkorlar Eshqobil Shukur, Gʻayrat Majid, Farog‘at Xudoyqulovaning el-yurt, ona Vatan tarannumiga bag‘ishlangan she’rlari hamda izlanuvchan kinorejissyor Hilol Nasimovning chiqishi anjumanga alohida fayz bag‘ishladi. Ayniqsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mehriddin Rahmatov va Tohir Saidov ijrosidagi sulton Jaloliddin Manguberdi hamda Sohibqiron Amir Temur monologlari barchada katta taassurot uyg‘otdi. Mardlarning avlodi mard bo‘lajak. Vatanga sadoqat – nasldan nasllarga o‘tadigan qudratli kuchdir. Yurt uchun yashaganlar abadiy hayotdir. Shular haqida o‘ylarkanman, hassos shoirimiz Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasidagi quyidagi satrlar ko‘nglimda jaranglab aks sado berdi: Mangulikdan joy olgan – yashar abadiy, Men-ku, Manguberdiman, olam biladi. Ko‘klardanmi, suvdanmi, yo yer tagidan, Balki sahro bag‘ridan, tog‘ etagidan, Bir kun paydo bo‘laman shu yurt, shu yerda, Yurt shaydosi ko‘milmas g‘urbatda – go‘rda. Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal, Kim yurtdan yov quvsa – mendirman o‘shal…
Zulfiya MO‘MINOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zosi “Jadid” gazetasi 2024-yil 26-aprel 18-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



