10.05.2024 | 22:21
676
XALQ TAQDIRINI ANGLASH
Esimda, 1981-yilning 17-18-mart kunlari sobiq Ittifoqning o‘nlab mashhur adiblari “Sharq mash’ali” deb nom olgan Toshkentga yig‘ilib, badiiy adabiyot targ‘iboti bo‘yicha ulkan anjuman o‘tkazishdi. Anjumanda Sarvar Azimov, Rimma Kazakova, Nazir Safarov, Lev Oshanin, Turob To‘la, Vladimir Karpov, Rahmat Fayziy va boshqalar so‘zga chiqdi. Mashvaratda eng qisqa va lo‘nda gapirganlardan biri atoqli qoraqalpoq adibi, ardoqli ustozimiz To‘lepbergen Qaipbergenov bo‘ldi.
Adib anjuman kun tartibiga “O‘z onasini sevmagan, unga loqayd bo‘lgan, uni ko‘z qorachig‘idek asray olmagan insonni inson, yozuvchini yozuvchi deb bo‘ladimi?!” degan keskin savolni qo‘ydi. O‘sha chog‘lari “Sharq yulduzi” jurnalida uning “Ko‘z qorachig‘i” romani bosilayotgan edi. Ko‘z qorachig‘i deganda adib ona sayyoramizni, ona O‘zbekistonimizni, ona Orolimizni nazarda tutgan edi. “Inson umrining ma’nosi, – deydi adib “Qoraqalpoqnoma” roman-essesida, – mudom o‘z-o‘ziga hisob berishi va o‘z-o‘zini tergab yurishidan iborat. Ana shundagina odam kechmish-kechirmishlariga teranroq nazar tashlaydi. O‘z taqdiriga chuqur nazar tashlash esa, xalq taqdirini teranroq anglash demakdir. Axir, har bir odam – xalq tarixini o‘zida muayyan darajada aks ettiruvchi ko‘zgudir!”
To‘lepbergen og‘a ko‘plab unvonlar, mukofotlar sohibi bo‘ldi. Atoqli ustozlarimizdan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Said Ahmad, Ozod Sharafiddinovdan keyin 2003-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. U 1967-yili Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston, 1971-yili Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat mukofotlariga ham sazovor bo‘ldi. Ustozim “Men – o‘z xalqimning sodiq navkariman!” deyishni yaxshi ko‘rardi. Sakson bir yillik sermazmun umrining qaymog‘ini ana shu ulug‘ va jabrdiyda xalq xizmatiga baxsh etdi, butun hayoti davomida badiiy ijod bilan shug‘ullandi. Asrlar osha sahro mashaqqatlarini boshdan kechirgan, turli talon-u to‘fonlarga duch kelgan matonatli xalqning “Qoraqalpoq dostoni” nomli solnoma-trilogiyasini yaratdi. Trilogiya uchun sobiq Ittifoq davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ustoz bilan zamondosh bo‘lgan adiblardan Chingiz Aytmatov “Alvido, Gulsari” qissasi, Zulfiya opa “Kamalak” she’riy turkumi, Nabi Hazriy “Dengiz cho‘qqilardan boshlanadi” she’riy to‘plami, Abdijamil Nurpeisov “Qon va ter” trilogiyasi, Fozil Iskandar “Chegemlik Sandro” romani uchun ana shu nufuzli siylovga musharraf bo‘lgan edilar.
To‘lepbergen og‘a o‘z zamonasining zabardast adiblari bilan do‘st-u birodar edi. 1998-yilning 4-noyabrida “Правда Востока” gazetasida atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning To‘lepbergen og‘aga yo‘llagan samimiy maktubi e’lon qilindi. U shunday boshlanardi: “Qadrli birodarim! Har xil sabablarga ko‘ra sening “Qoraqalpoq dostoni”ngni bafurja o‘qib chiqishga hech vaqt topolmasdim. Nihoyat, kechagina kitobingni oxirigacha huzur qilib o‘qidim. Rostini aytsam, keyingi yillarda, ayniqsa, o‘zim ishlayotgan paytlarim taqdiri azal ato etgan umrning har bir daqiqasini avaylab-asrashga, hatto mutolaadan ham o‘zimni tiyishga harakat qilayotirman. Nazarimda, o‘zing ham xuddi shunday tashvishda yurgan bo‘lsang kerak. Bizning yoshimizga yetgan odamlar (yanglishmasam, kelasi yili sen ham 70 yoshga to‘lasan) ko‘proq ish qilishni istaydi. Shunga qaramasdan, sening “yostiqdek” trilogiyangni o‘qib chiqdim. O‘qiganda ham nihoyatda qiziqib, ochiqchasiga aytadigan bo‘lsam, huzur qilib o‘qidim…”
O‘z navbatida, ustoz To‘lepbergen Qaipbergenov ham 1999-yilning 25-martida Chingiz Aytmatov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan YUNESKO tomonidan Parij shahrida o‘tkazilgan anjumanda qadrdon do‘sti haqida shunday ajoyib so‘zlarni aytgan edi: “Barchamiz suyub tilga oladigan Chingiz Aytmatovning ijodiy faoliyatiga bag‘ishlab YUNESKO shafeligida jahonning ko‘p mamlakatlari vakillari ishtirokida tashkil etilgan bugungi xalqaro anjuman, mening nazarimda, insoniyat tamaddunining bir-biriga yaqinlashishida, dunyoni Sharq va Gʻarb deb bo‘lishga odatlanib qolgan ko‘nikmalarga barham berishga qaratilgan sobit qadamlardan biri bo‘lishi aniq. Chingiz Aytmatovning ijodiy faoliyati yangi ming yillik bo‘sag‘asida ana shunday birdamlikning natijali hamda yaqqol tarzda ro‘yobga chiqqaniga yorqin misol bo‘la oladi…”
To‘lepbergen og‘a atoqli shoir Abdulla Oripov bilan ham yaqin birodar edi. Ko‘p yillar davomida men bu ikki mashhur so‘z zargarlarining gohi sokin, gohi qaynoq bahslariga guvoh bo‘lganman. Ular bir-birini juda qadrlar edilar. 2000-yilning 9-sentyabrida Nukusda To‘lepbergen og‘a tavalludining 70 yilligini nishonladik. Abdulla Oripov o‘sha kezlarda mas’ul lavozimda ishlayotgan Ahmadjon Meliboyev bilan birga uchib keldi. Berdaq nomidagi musiqali drama teatrida so‘zga chiqqan Abdulla aka: “Mabodo jahon xalqlarining ramziy namoyishi o‘tkaziladigan bo‘lsa, qoraqalpoq xalqi vakillari qatorida Kunxo‘ja, Ajiniyoz, Berdaq bobolarimizdan keyin, albatta, Ibroyim og‘a bilan To‘lepbergen og‘a ikkovi shaxdam qadam tashlab o‘tgan bo‘lar edi!”, deb lutf etdi. Tantanadan keyin katerda Amudaryo bo‘ylab suzganimizda ham adib sha’niga yaxshi gaplarni aytdilar.
Men 16 yil davomida Abdulla aka bilan juda ko‘p safarlarda, Zomin va Aqchako‘l anjumanlarida, qo‘shni hududlarda birga yurdim. Har gal u kishi mendan: “Ikki oqsoqol qalay? Ulardan xabar oldingmi?” deb so‘rar, ustoz ular haqidagi xushxabarlardan xursand bo‘lar edi. Qahramon adiblarimiz Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Ibrohim Gʻafurov va O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov ham hamisha qoraqalpoq elining ikki buyuk so‘z san’atkorini so‘rab-surishtirishar, salom aytishar edi. To‘lepbergen og‘am o‘nlab o‘zbek shoirlari, adiblari, olimlarini siylar edi. Sobiq Ittifoqning mashhur adiblari orasida To‘lepbergen og‘aning ustozlari, do‘stlari bisyor edi. Ayniqsa, atoqli rus shoiri, masal janri ustasi, ko‘p yillik Rossiya yozuvchilar uyushmasining raisi vazifasida ishlagan Sergey Mixalkov bilan nihoyatda qadrdon edi. 2004-yilda ustozning “U dunyoga, otamga xatlar” qissasi Moskvada chop etilishi va Mixail Sholoxov nomidagi xalqaro adabiy mukofotga sazovor bo‘lishida Sergey Mixalkovning hissasi borligidan xabardormiz. To‘lepbergen Qaipbergenov zabardast romannavis, atoqli dramaturg, jamoat arbobi bo‘lish barobarida beqiyos publitsist ham edi. 1984-yili harbiy xizmatni o‘tayotgan chog‘imda “Правда” gazetasida u kishining “Река должна впадат в море” (“Daryo dengizga quyilishi kerak”) maqolasini o‘qidim. Keyinroq, 1985-yilning kuzida o‘sha gazetada To‘lepbergen og‘aning o‘nlab qarovsiz qolgan insonlarga o‘z qo‘li bilan uy qurib bergan qoraqalpog‘istonlik zahmatkash va fidoyi muallim Allaniyoz O‘teniyozov to‘g‘risidagi “Лик доброти” (“Ezgulik jamoli”) sarlavhali maqolasi ham e’lon qilindi. Uni o‘qigan Kuba davlati rahbari Fidel Kastro va o‘nlab mashhur olimlar, san’atkorlar Allaniyoz muallimga xat yozdilar. Istiqloldan keyin adib ham, Allaniyoz og‘a ham “O‘zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga sazovor bo‘lishdi. Ha, ustozimiz chin ma’noda qahramon edi. Buni 1989-yilning 30-may kuni adibning Kremlning hashamatli saroyida turib Sovet mamlakati rahbarining yuziga aytgan qalampirday achchiq gaplarini “oynai jahon” orqali eshitgan millionlab insonlar yaxshi biladi. Tavallud sanasiga shu kunlarda 95 yil to‘lgan To‘lepbergen ustoz oqil inson edi. U kishi ham xuddi Gabriel Garsia Markes, Rasul Hamzatov, Muxtor Avezov, Chingiz Aytmatov, Gʻafur Gʻulomdek butun sayyoraga daxldor adib edi. Shunday bo‘lib qolaveradi!
Yangiboy QO‘CHQOROV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 10-may 20-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



