Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.05.2024 | 15:00

img465

ABSURDGA QARSHI ISYON

Kafka kitobining taqdimoti – milliy ma’naviyatimizdagi voqeadir. Biz yaqin­dagina Jaloliddin Rumiy “Masnaviy”­si tarjimasi nashr etilganda shunday hayajonni boshdan kechirgan edik.

Avvalo Kafka va “Qal’a” haqida… Kafka qattiq isitma, bezgak ichida yozgandek tuyulaveradi menga. Bu uning migren bilan og‘riganidan miyamda tug‘ilgan paralleldir ehtimol. Lekin ilhom ham aslida, qattiq isitmaga, talvasaga o‘xshaydi. Demak, Kafka hamma vaqt kuchli ilhom, jazava holatida yozgan bo‘lsa kerak.

“Qal’a” qanday dunyoga kelgan? Nima uchun yozilgan?

 Kafka sug‘urta kompaniyasida ishlaydi. Har kun tepadan o‘nlab topshiriqlar keladi, uning bajarilgan-bajarilmagani bilan esa hech kim qiziqmaydi. Xodimlar uzzukun hisobot yozish-u turli qog‘ozlarni to‘ldirish bilan band. Dasta-dasta qog‘ozlar undan bunga – bundan unga oshiriladi. Yarim kunda bajarish mumkin bo‘lgan ishni haftalab sudrashadi va hokazo.

Bu ishlarning hammasi nimaga kerak, foydasi nima – buni topshiriq berayotganlar ham, bajarayotganlar ham bilmaydi. Lekin hamma o‘zini muhim ish bilan shug‘ullanayotgandek tutadi. Mahobatli byurokratiya mashinasi esa millionlar hayotini majaqlagancha tinmay aylanishda davom etadi, etaveradi…

Mana shularning bari Kafkaga bema’nilik bo‘lib tuyulgan. Bular inson hayotini bema’nilikka, absurdga aylantiradi degan xulosaga kelgan.

 “Qal’a” byurokratiyaning mudhish mohiyatini eng oliy qadriyat bo‘lgan inson hayotining qadrsizlanishini anglashdan tug‘ilgan. Kafka sug‘urta kompaniyasida ko‘rganlarini shu tariqa romanga aylantirgan.

Aslini olganda bugun ham biz o‘sha absurddan xalos bo‘la olganimiz yo‘q. Ofis hayoti, atay natijasizlikka mahkum etilgan behuda yugur-yugurlar ko‘rinmas dahshati bilan davom etyapti. Mana, jahoniy absurdga bir misol: Z.Freyd XX asr boshida birinchi jahon urushi munosabati bilan shunday yozgan edi: “Urush ichimizdagi “yovuz ruhlar”ni uyg‘otib yubordi – vaholanki, biz ularni asrlar mobaynida ma’rifat va madaniyat (unserer Edelsten) vositasida abadulabadga jilovlab oldik, deb o‘ylagan edik”. Afsuski, odamzod oradan bir asr o‘tib ham o‘zgarmadi. Freydning gapi hamon o‘z kuchida turibdi. Bugunning absurdligi shundaki, xalqaro miqyosdagi muloqotlar, yig‘inlar, o‘zaro tahdidlar, davlat rahbarlarining qo‘ng‘iroqlashuvlari – bularning birortasi tevaragimizdagi mudhish urushlarni to‘xtata olayotgani yo‘q. Dunyo xuddi “Qal’a”dagi singari bir-birini eshitmay qo‘ydi. Masalalar muhokama qilinadi, ajo­yib qarorlar qabul qilinadi, odamlar kecha-yu kunduz demay ishlaydi – lekin hayotda hech nima o‘zgarmaydi. “Qal’a”dagidek uyum-uyum qog‘ozlar ichida yashayapmiz…

Xullas, odam o‘z yo‘rig‘ida ketayotgandek tuyulgan hayot voqeligi fojiasini anglamasligi mumkin. Adabiyot o‘shani o‘quvchiga yorqin-­aniq ko‘rsatib beradi, uni bizning ko‘zi­mizdan yashirayotgan kundalik mayda-chuydalardan ajratib-tozalab ro‘para qiladi.

Kafka inson hayotini absurdga aylantirayotgan shunday voqealarni tasvirlaganki, yurak o‘ynab ketadi. Masalan, amaldorga jazman bo‘lishni xohlamagan Amaliyaning oilasidan butun qishloq yuz o‘giradi. Qal’a­ga qo‘ng‘iroq qilinsa, hech kim javob bermaydi, go‘shakdan shovqin va musiqa eshitiladi, xolos. K. gaplashishi kerak bo‘lgan amaldorlar qolib, ularning oyimchalari bilan muloqot olib boradi. Xastalanib qolgan, qarib-churigan oqsoqol murojaatchilarni to‘sha­gida cho‘zilib yotgancha qabul qiladi. Kafka sokin dodlaydi: “K. hech qayerda bundagidek xizmat bilan shaxsiy hayot chirmashib ketganligini ko‘rmagan”.

Klammga o‘xshagan nihoyatda mas’uliyatli amaldor nuqul uxlagani uxlagan. Jamiyat boshqaruvidagi amaldorlarni oddiy xalq umuman ko‘rmagan. Qishloqqa tanobchi kerak emas, ammo butun roman shu voqea asosiga quriladi. Ishning tagiga yetguncha o‘ttiz yoshli K.ning butun umri o‘tib ketadi… Xullas, absurd.

Kafkaning asarlari zerikarlidek, kuchli hayajonlantiradigan drama-tragediyalari yo‘qdek tuyuladi. Jumladan, “Qal’a” ham shunday. Buni tarjimon ham “So‘zboshi”da ta’kidlab o‘tgan. Lekin o‘qiyversang, hammasi tanishdek, hammasi yuragingni o‘rtab boraveradi. Ayrim joylarini qayta-qayta mutolaa qilasan. Xullas, tagiga chizib-chizib o‘qiladigan kitob.

Endi asar tarjimasi haqida.

“Qal’a”ning tarjimasi tarixiy voqeadir. Jahon adabiyotini Vafo Fayzullohdek ko‘p va chuqur biladiganlar adabiy jarayonimizda ko‘p emas. Uning tarjimalari o‘zi bir dunyo. Biz adabiyotsevarlar birgina “Jarayon”ning tarjimasi uchun shoirdan behad minnatdormiz.

Bugun esa, mana, “Jarayon”ning davomidek “Qal’a” qo‘limizda turibdi. Roman nihoyatda o‘zbekcha jaranglagan. Mutarjim o‘zbek tilining imkoniyatlarini shunday ishga solganki, tarjimaning faqat tilshunoslik tarafi tadqiq etilsa ham, yaxshigina tadqiqot paydo bo‘ladi deb o‘ylayman.

Roman nihoyatda kuchli ironiya, isteh­zo bilan yozilgan. Tarjimon kinoya kuchini “Sardiniboy”, “bekaoyim”, “xotincha” kabi o‘zbekcha so‘z shakllari bilan ham beradi.

Bir qarashda arabcha, arxaik so‘zlar tarjimada ko‘pdek tuyuladi. Ammo ular ham aynan Kafkaning kinoyalarini optimal be­rish uchun qo‘llangan. Masalan, tarjimon kan­selyariyaviy byurokratiya dabdabasini “seni graflik mulkidan ixroj qilamiz” degan ar­xaizm bilan ifoda etadi. “Almisoqdan qolgan, ohori uchib ketayozgan laxtak” deb ta’rif­langan graflik bayrog‘ini dabdabali va hech kim tushunmaydigan “a’lam” so‘zi bilan beradi. Xushtori haqidagi xotiralari­ni eri bilan entikib yillab muhokama qiladigan bekaga Kafka­ning istehzosini “aqdi nikohingiz” degan jumlada ifoda etadi. Bu hollarning barida ironiya haddi a’losiga chiqadi.

Vafo Fayzulloh tarjima bahonasida qa­riyb butunlay unutilayotgan, harakatsizligidan falajlanib qolgan so‘zlarimizga ha­yot ba­g‘ish­lagan. Mana ular: oytovoq, padari qu­sir, danbal, po‘la va h.k. Bochka so‘zini esa o‘zbekcha talaffuzda “bo‘chka” deb ishla­ta­di. Tilimiz uncha kelishmaydigan “noil”ni “noyil” deydi.

Endi tarjimaning boshqa jihatlariga ham to‘xtalsam.

Badiiy asar tarjimasi nozik hodisa. Ba’zi ijodkorlar tarjimani “birovning tomorqasida qora ter to‘kish” deb biladi va qo‘l urmaydi. Ba’zilar shaxsiy manfaat uchun ishlaydi, o‘girmaning ketidan shon-shuhratmi, to‘rt tanga topishnimi ko‘zlaydi. Buning ham hech bir yomon jihati yo‘g‘-u, ammo gap sifatda.

Lekin bir toifa bor – rosmana majnun ijodkorlar. Ular o‘zi o‘qib maza qilgan asardan boshqalar ham bahra olsin, deydi. Ali­sher Navoiy ham “Layli va Majnun”ni shu maqsadda yozdim, deydilar. Ko‘p yaxshi qissalar forscha edi, turkiylar uni o‘qib bahra ololmasdi, “Men turkcha boshlabon rivoyat, Qildim bu fasonani hikoyat. Kim, shuhrati chun jahong‘a to‘lg‘ay, Turk eliga dog‘i bahra bo‘lg‘ay”, deydilar.

Yana shuki, o‘sha “majnun”lar tarjima orqali dardlarini ham aytib oladi.

Ba’zan adib hech narsa yozmay, qalamiga tosh bog‘lab suv tubiga otishi mumkin – bu ham aslida san’atkorning o‘ziga xos so‘zi, voqelikka munosabatidir. Tarjima ham shunday deb o‘ylayman – hammasini ko‘rib turib, ayta olmayotgan ijod­kor­ning iztirobidir. Fikrlayot­gan odamning dunyoga aytayotgan so‘zi, ijodkorning majoz usullaridan biridir.

Vafo Fayzulloh o‘zi bahra olgan asardan o‘zgalar ham bahra olishini istagan, hech bir manfaat kutmay, tarjima orqali fikrlayotgan ijodkordir.

“Qal’a” – tarjimonning hissiyotlari yovuz­lashgan dunyoga munosabati. Bu tarjima Shoirning inson hayotini absurdga aylantirayotganlarga qarshi raddiyasidir. Asarni Vafo Fayzullohning olam, jamiyat, odamlar, ijtimoiy tuzilmalarga oid nuqtai nazari deb qabul qildim.

Yana bir fikrim bor: adabiyotshunoslik ilmi bugun professional va noprofessional tarjimani, tarjimonni ajratib olishi kerak. Shunday tarjimalar borki, mahoratni u yoqqa olib qo‘ya turaylik, hatto ayrim gaplarning ma’nosiga tushunib bo‘lmaydi. “Tarjimon” tilni his qilish u yoqda tursin, ega-kesimini joyiga qo‘yib gap tuzolmaydi… Ha, mayli. “Qal’a”ning tarjimoni Abdulla Qahhor, Qodir Mirmuhammedov, Alibek Rustamiy, Ibrohim Gʻafurov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shavkat Rahmon, Odil Ikrom kabi oliy dara­ja­li mutarjimlardan. Ular dunyo adiblarini g‘irt o‘zbekcha gapirtirganlar va gapirtir­­yap­tilar.

Tugallanmagan bir asarni tarjima qi­lish­ning o‘zi ajablanarli. Bu ishga qo‘l urilibdimi, demak, u shu holicha ham muhim asar. Sirasi, muallifi yozib tugatgan asarlar ham buncha e’tiborga sazovor bo‘lmagan.

Kafka do‘sti Maks Brodga asarning qan­day yakunlanishi haqida aytgan. Unga ko‘ra, K. umri oxirigacha qishloqda qoladi. So‘nggi nafasini olar ekan, qishloqda ­yashash va ishlashga ruxsat beriladi… Lekin Kafka asarni tugatmay tashlab qo‘ygan. Bunga ham qan­daydir sabab bo‘lsa ke­rak-da. Ehtimol, o‘zi o‘ylagan yakun Kafkaning o‘ziga yoqmagandir. Shundan kelib chiqib, asar nihoyasiga yetkazilganda ham yakun bo‘lmasdi – baribir uzilib qolaverardi. Bu – Kafkaning odamzod o‘zi o‘ylab topgan byurokratiya tug‘dirgan absurdning tugamasligiga ishorasi bo‘lardi.

Darvoqe, asarni har birimiz o‘zimiz tasavvurimizda davom ettirishimiz mumkin. Xo‘sh, agar asarni Vafo Fayzullohning o‘zi davom ettirsa, u qanday yakun topardi? Adabiyotga shunday tajribalar ham kerakdir? Xuddi, Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif”i kabi tajribalar…

Gapimning oxirida aytmoqchi bo‘lga­nim shuki, “Qal’a” – Kafkaning Sizif toshidek uzluksiz aylanaveradigan absurdga qarshi isyoni bo‘lgan. Uni mutolaa qilish, umuman, mutolaa – kundalik absurdga qarshi isyondir.

Bu isyon barchamizning qalbimizda avj olmog‘ini tilar edim…

Nodira AFOQOVA

 “Jadid” gazetasi 2024-yil 10-may 20-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600