19.05.2024 | 12:57
802
IKKI TIL EMAS, TO‘RT TIL KERAK!

O‘ylashimcha, ayrim tengdoshlarim shunchaki bakalavriat va magistratura imtihonlarini topshirib olish, yana boshqalari chet elda o‘qish yoki ishlash, ba’zilar esa oylik maoshiga qo‘shimcha ustamaga ega bo‘lish ilinjida xorijiy tillarni o‘rganishga harakat qilishadi. Aslida, buning yomon tomoni yo‘q. Xorijiy tillarni o‘rganish juda qiziq va foydali jarayon bo‘lgani uchun men bu borada o‘z qarashlarim bilan o‘rtoqlashgim keldi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining mashhur da’vatini maqola sarlavhasiga chiqarganim ham bejiz emas. Zotan, ul zot “Oyina” jurnalida e’lon qilingan “Ikki emas, to‘rt til kerak” maqolasida shunday deb yozgan edi: “Biz turkistoniylarg‘a turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq lozimdir. Forsiy bilgan kishi Firdavsiy, Bedil, Sa’diy, “Masnaviy”dan qanday lazzat olsa, turkiy bilganlar Fuzuliy, Navoiy, Boqiy, Somiy, Abdulhaq Homid, Akrambek, Sanoyi Nobiy, Nojiylardan, yana Tolsto‘y, Jul Vern va ulamoi zamoniy asarini turkiy tarjimasidan lazzat oladur”.
Bundan qariyb bir asr muqaddam ma’rifatparvar ajdodlarimizning ilm olish, til o‘rganishga qilingan xitoblari hozirgi zamon ahli uchun ham dolzarbdir. Chet tillarni o‘rganish orqali o‘zga xalqlarning adabiyoti, madaniyati va urf-odatlari bilan ham yaqindan tanishish mumkin. Bu esa, o‘z-o‘zidan kishining dunyoqarashini kengaytiradi, fikrlarini ravon qiladi. Shuningdek, til bilgan inson har qanday vaziyatda ham o‘zining kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi, sha’ni va huquqini himoya qila oladi. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida bu juda muhim masaladir.
Albatta, til o‘rganish oson yumush emas, ayrim odamlar uchun bu jarayon judayam qiyin kechadi. Ba’zilar esa, hatto tug‘ma til o‘zlashtirish qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin. Ilmiy tilda poliglot deb ataladigan bunday insonlar bir yoki ikki tilni o‘zlashtirish bilan chegaralanib qolmaydi. “Poliglot” so‘zi yunon tilidan olingan bo‘lib, lug‘aviy jihatdan “ko‘p til egasi” degan ma’noni bildiradi. Agar inson uch yoki undan ko‘p tilni bilsa, u, albatta, poliglot hisoblanadi. Bunday insonlar taqdir o‘ziga juda qisqa muddatlarda yangi tillarni o‘zlashtirish qobiliyatini ato qilgani bilan faxrlansa arziydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vengriyalik tarjimon va yozuvchi Ishtvan Dabi dunyo miqyosida eng ko‘p til biladigan noyob iqtidor sohiblaridan biri hisoblangan. U oz emas, ko‘p emas, naq 103 ta tilni bemalol amaliyotda qo‘llay olgan va o‘z davrining poliglotlari orasida faxriy o‘rinni egallagan. Qizig‘i, unga ana shu tillarni o‘rganish uchun yigirma ikki yil kifoya qilgan ekan.
E’tiborli jihati, bizning buyuk ajdodlarimiz ham dunyo tillarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratishgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Sharq mamlakatlarida “Sharq Arastusi” sifatida nom qozongan ulug‘ donishmand Abu Nasr Farobiy 70 ta xorijiy tilni mukammal o‘zlashtirgan.
Oqqan daryo oqadi, deb bejiz aytishmagan. Bugun ham yurtimizda faxrlansa arziydigan poliglot yoshlar talaygina. Misol uchun, zamondoshimiz Dilshoda Hakimova ingliz, rus, nemis, turk, fransuz, arab tillarini biladi. U 2020 yili davlatimiz rahbari ishtirokida ilk bor o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari forumida yetti tilda so‘zlab, ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Aytishlaricha, bir nechta xorijiy tilni o‘zlashtirgan odam keyinchalik boshqa tillarni o‘rganishda aytarli qiyinchilik sezmas ekan. Bu borada orttirilgan ko‘nikma va tajriba kishiga qo‘l kelishi tayin. Shu bilan birga, til o‘rganish jarayonida uchta muhim jihatga alohida e’tibor qaratilsa, natijasi yaxshi bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, yoshlar til o‘rganish – malakali ta’lim olish, tanlagan sohasida karyera qilish singari ulkan maqsadlarga erishish uchun kalit vazifasini o‘tashini mudom yodda tutishi lozim.
Ikkinchidan, avval til, so‘ngra yozuv paydo bo‘lgan! Demak, chet tilini o‘zlashtirishni o‘sha zabonda so‘zlashni o‘rganishdan boshlab, olingan bilimni yozuv va misollar orqali mustahkamlash o‘rinlidir. Har kuni 15-30 daqiqa vaqtni o‘rganilayotgan tilning grammatik qoidalari bilan tanishishga, yana shuncha vaqtni yod olingan qoidalarni amalda qo‘llashga sarflash zarur. Shuningdek, o‘sha tildagi kitoblardan 3-5 sahifalik matnni ma’nosini tushungan holda o‘qishni ham kanda qilmaslik lozim.
Uchinchidan, va eng muhimi, bu jarayonda til o‘rganuvchining ruhiy holati muhim ahamiyatga ega. Aniqroq aytganda, katta zavq-shavq va ko‘tarinkilik bilan o‘zlashtirilgan ma’lumotlar uning xotirasida umrbod muhrlanib qoladi. Demak, til o‘rganmoqqa jazm qilgan tengdoshlarimiz g‘ayrat kamarini beliga mahkam bog‘lab, g‘ayrat-shijoatni zarracha susaytirmasligi zarur. Ana shunda, albatta, ko‘zlagan maqsadiga erishadi.
Men ham ingliz tilini mukammal o‘rganishga harakat qilayapman. Bir kuni metroga chipta olish uchun navbat kutib turganimda hindistonlik ikki mehmon sotuvchiga ingliz tilida murojaat qilib qoldi. U hech narsaga tushunmay yelka qisdi. Shunda o‘zimcha ularga tilmochlik qildim. Mehmonlar ham, chipta sotuvchi ayol ham mening ko‘magimdan mamnun bo‘lishdi. Arzimasdek tuyulgan bu voqea menga o‘zgacha ta’sir qildi. Ko‘nglimdan “bekorga til o‘rganmayotgan ekanman” degan fikr kechib, qarorim yanada qat’iylashdi.
Sir emas, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz chet ellarga borib, mo‘may pul ishlashni orzu qiladi. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarini afsonaviy Susambil o‘lkasiga mengzab, nima qilib bo‘lsa-da, o‘sha yerga yetib olishni o‘ylaydiganlar oz emas. Kechirasiz-ku, biror tilni bilmasdan turib chet davlatda katta maoshli ishga joylashishning imkoni yo‘q. Hatto, oddiy yumushlar uchun ham muayyan bilim, mahalliy tilda gaplashish ko‘nikmasi talab qilinadi. Afsuski, ko‘pchilik “tarozining ikkinchi pallasi” haqida o‘ylashni xayoliga ham keltirmaydi va turli xayoliy rejalar bilan o‘zini ovuntiradi.
Ijtimoiy tarmoqlarni “portlayotgan” ma’lumotlarga ko‘ra, chet davlatlarda ishlayotgan migrantlar orasida firibgarlarga aldanish, pasportini yo‘qotish yoki kimgadir oldirib qo‘yish, ish joyida haq-huquqlarini yetarlicha talab qila olmaslik holatlari ko‘p uchramoqda. Ochig‘i, bunday muammolarning deyarli hammasi ilmsizlik va til bilmaslik oqibatida yuz berayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Bugun yurtimizda ilgari surilayotgan uchinchi Renessans g‘oyasi xalqimiz ruhiyatiga yaqin, donishmand ajdodlarimizning azaliy orzu-armonlari ifodasi hisoblanadi. Zotan, vaqtida jadid bobolarimiz tomonidan qadalgan ilm-ma’rifat nihollarini parvarishlab, hosildor daraxtlarga aylantirish bugun sizu bizning chekimizga tushgan muqaddas vazifa ekanligini doimo yodda tutishimiz shart. Yoshlarimiz bunday sharafli maqsadga erishish yo‘lida xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishning ahamiyatini chuqur his qilib, shunga intilib yashashi zarur.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zJOKU talabasi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



