21.05.2024 | 11:56
279
MUSAVVIRONA IDROK
O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzo zamonaviy o‘zbek tasviriy san’atida badiiy merosimizni faol o‘zlashtirib, yangi ifodaviy uslublar ustida ish olib borayotgan izlanuvchan ijodkorlarimizdan biri hisoblanadi.

Ustoz musavvirning grafika san’ati va rangtasvir sohasidagi izlanishlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ijodkor grafikaning o‘ziga xos jihatlarini juda nozik idrok etadi, chizgilar yordamida murakkab badiiy yechimlarga boy mustaqil asarlar yaratadi. Bunday asarlardagi chizgilar o‘zining musiqiyligi bilan ajralib turadi. Alisher Mirzoning grafika janridagi turkum ishlari qatag‘on qurboni bo‘lgan buyuk adib, o‘zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Yurtimizda ulug‘ yozuvchining asarlarini o‘qimagan, Otabek va Kumush, Anvar va Ra’noga havas qilmagan, ularga o‘xshashni istamagan inson kamdan-kam topilsa kerak. Biroq o‘qigan boshqa, ko‘rgan boshqa, deydilar. Mabodo Abdulla Qodiriy rassom bo‘lganida, shubhasiz, bu qahramonlarini kontrast bo‘yoqlarda tasvirlagan bo‘lardi. Zero, adibning o‘zi lutf etganidek: “…Men rassom emasman. Agar menda shu san’at bo‘lg‘anda edi, so‘z bilan biljirab o‘lturmas, shu o‘runda sizga Ra’noning rasmini tortib ko‘rsatar, qo‘yar, faqat menga Ra’no gulining suvigina ko‘proq kerak bo‘lar edi…” Adibning har bir so‘zi sozning tarang tortilgan torini eslatadi. Alisher Mirzo ana shunday atoqli insonning taqdirini musavvirona idrok etgan.
Abdulla Qodiriy haqida xalq orasida tarqalgan gaplarni eshitib, uni beqiyos qudratga ega yozuvchi sifatida tasavvur qilgan rassom, avvalo, adibning “O‘tkan kunlar” romanini qayta-qayta o‘qib chiqqan va asar bosh qahramonlarining o‘zaro munosabatlariga ko‘proq e’tiborini qaratgan.
Ish jarayonida rassom ko‘plab material to‘pladi. Bu borada yozuvchining o‘g‘li Habibulla Qodiriyning yordami katta bo‘ldi. U kishining ko‘rgan-kechirganlari, hikoyalari musavvirga asqotdi. Shular asosida rassom Abdulla Qodiriyning yetti-sakkiz yoshlardagi qiyofasini yaratdi. Shuningdek, musavvir Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodini o‘rganish jarayonida o‘zi uchun ko‘p narsalarni kashf qildi. Avvalo, adibning oila a’zolari – farzandlari, nabiralari bilan yaqindan tanishdi. Ular bilan birga adibning hovli-joyi tarhini chizdi va shu asosda imorat, shiypon, darvoza, derazalar, hovuz, uzumzor, daraxtzor, poliz, bo‘g‘otgacha – barchasini qayta tikladi. Shuningdek, u adibning “O‘tkan kunlar” romani syujeti bilan bog‘liq kartinalarni yaratishga astoydil tayyorgarlik ko‘rdi. Asarda kartinabop holatlar juda ko‘p, faqat ularni ko‘ra bilish lozim edi. Masalan, Otabekning Mirzakarim qutidor uyidan haydalib, otini yetaklab ketayotgan holati. Bu holatni “Inson va boshi berk ko‘cha” deyish mumkin, ushbu holatda juda katta dard va mazmun mujassam. Balki shuning uchundir, Alisher Mirzoning ushbu yo‘nalishda ishlagan suratlarini Abdulla Qodiriy asariga shunchaki illyustratsiya deb bo‘lmaydi. Rassom kitobga illyustratsiya chizmagan, balki dard va iztirob bilan qorilgan go‘zal asarlar turkumini yaratgan. Bu esa uning yuksak mahoratli rangtasvirchi rassom ekanligidan dalolatdir.
Mazkur turkumga oid asarlarda bir holatni kuzatish mumkin: qahramonlarning qiyofasi o‘xshashligi saqlanmagan, ya’ni bir kartinadagi Otabek va Kumush boshqa kartinadagiga o‘xshamaydi. Ma’lumki, har bir kitobxonning o‘z Otabegi, o‘z Kumushi bor. Aynan shu sababdan rassom bu kartinalar keng miqyosda idrok qilinishi mumkin bo‘lgan, mustaqil asarlar bo‘lib qolishini istagan.
Tarixiy mavzudagi asarlarda ashyoviy dalillar katta ahamiyatga ega. Shu ma’noda, Alisher Mirzo o‘z asarlarida XIX asr amaliy san’ati namunalaridan, me’morchilik, liboslar, turli taqinchoqlardan va hatto, Abdulla Qodiriyning qamoqxonada tushirilgan fotosuratidan ham unumli foydalangan. Bu ishda rassom kino san’atiga daxldor bir usulni ishlatib, qatag‘on davri fojiasini tasvirlashga erishgan. Bu asarlarning o‘ziga xos qimmati ham shunda.
Ochig‘i, Abdulla Qodiriyning suronli hayoti va yuksak ijodini yoritishga birgina rassomning umri kamlik qiladi. Alisher Mirzo adibni qanday tushunib, qanday tasavvur etganini “O‘tkan kunlar” asariga ishlangan tasviriy san’at asarlari misolida berishga intilgan. Bu o‘lmas asarga sharh va talqin shart bo‘lmagani kabi, ushbu suratlarga ham izoh darkor emas. Ularni ko‘rmoq, anglamoq, ko‘ngil ko‘zgusiga joylamoq kerak. Zero, musavvir tasvirlar orqali bizga saboq beradi. Bu tasvirlar Alisher Mirzoning ko‘ngli va ruhidan vujudga kelgan. Ustoz rassomning hali rejalari ko‘p. Abdulla Qodiriy siymosi uni hamisha o‘ziga tortib turadi.
Dilafro‘z QURBONOVA, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti prorektori, tarix fanlari doktori
“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



