Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.05.2024 | 20:01

img461

YER MASALASIGA DOIR UCH VASIQA

Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitrat 1932-yili Toshkentda tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar qo‘mitasining til va adabiyot bo‘limida professor vazifasida ishlayotganida bu ilm dargohining nufuzini ko‘tarish uchun filologiya sohasida kadrlar tayyorlashga katta ahamiyat berdi. Akademik Izzat Sultonning qayd etishicha, Fitrat uning “Navoiy “Mezon­ul-­avzon” asarining kritik teksti” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik qilgan. Shuningdek, u

1936-yili “Aruz haqida” ilmiy risolasini yozgan. Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondidagi ko‘plab asarlarni ham o‘rganib, ularning tavsifini yaratgan. Ayni 1932-yili professor Fitratga sobiq ittifoq Fanlar akademiyasi tomonidan O‘rta Osiyo tarixiga oid hujjatlarga doir tavsifiy maqola yozish vazifasi topshiriladi. Bunga javoban Fitrat “O‘rta Osiyoda yer masalasiga doir uch vasiqa” (1933), “Sobiq Buxoro xonligida yer munosabatlari tarixiga doir materiallar” (1935), “XVI asrda qozixona hujjatlari” (1937) kabi tavsifiy maqolalar yozadi. Bu hujjatlar o‘z vaqtida rus tiliga tarjima qilinib, Markazga yuborilgan va nashr etilgan, biroq ularning asliyati saqlanmagan.

Professor Fitrat tomoni­dan 1933–­­1937-yil­­lar­­da jiddiy o‘rganilgan manba­lardan biri “O‘rta Osiyoda yer masalasi­ga doir uch vasiqa (hujjat)” (“Три документа по аграрному вопросу Средней Азии”) maqolasi bo‘lib, u “SSSR Fanlar akade­miya­si Sharqshunoslik ins­­ti­tuti xabarlari” (“Запис­ки Института Востоковедения Академии Наук СССР) jurnali­ning 1933-yil 2-soni 2-qis­mi­da F.B.Rastopchin tarjimasida e’lon qilingan.

Maqola muqaddimasida aytilishicha, “O‘rta Osiyoda turli davrlarda va davlatning har xil joylarida rasmiy saroy tarixiga oid ko‘psonli manba va hujjatlar mavjud” bo‘lib, ularda mintaqa davlatlaridagi saroy hayoti hamda hukmdorlarning tarjimai holiga oid qimmatli ma’lumotlar borligi aytilgan. Maqolada xonliklardagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni o‘rganishga xizmat qilgan uch hujjat tavsifi berilgan.

Birinchi hujjat Sankt-Peterburg Sharq­shunoslik ins­titutida saqlanuvchi “Shaybo­niyxon vaqfnomasi” deb nom­lan­gan bo‘lib, 107 varaqdan iborat. Fitrat bu hujjatning asl manbadan ko‘chirilgan nusxa ekanini aniqlagan. Muhrlangan varaqlarda Abdulvohid Laysiy ismi qayd etilgan. Garchi hujjat “Shayboniyxon vaqfnomasi” deb nomlangan bo‘lsa-da, u bevosita Shayboniyga emas, Temur sulton ibn Shayboniyning xotini Mehr sulton xonimga tegishli ekan. Hujjatda Shayboniyxon Bobo Xudoydod mavzesidagi Xoniya madrasa­siga asos solgani, lekin uning qurilishiga Shayboniy o‘limidan keyin o‘g‘li Temur Bahodirxon sulton rahbarlik qilgani, u ham qurilishni yakuniga yetkazol­may vafot etgach, madrasani uning xotini Mehr sulton xonim qurib tugallagani yozilgan. Hujjatda barcha mulklarning nomlari keltirilgan hamda ayrim yer egalarining ismlari ko‘rsatilgan: 1) Amir Boqi Muhammad Tarxon Amir Abdul Ali Tarxon o‘g‘li (bu inson Buxoro hokimi Sulton Ahmad Mirzo Temuriy davrida Shayboniy xizmatida bo‘lgan); 2) Amir Qanbar Ali Tarxon ibn Amir Bastom Tarxon; 3) Mir Maxdum nomi bilan tanilgan Amir Sayyid Ibrohim al-Husayniy al-Kirmoniy; 4) Xojako Amir Darvish. Bu mulkdorlarga tegishli Vahshatiy, Ankor Qurhil, Angor Injukal, Rojkent, Shavkaz, Zujkat, Shoshiqi Olib, Dashti To‘g‘on, Yorimto‘q, Nofaxs, Bajnom, Yag‘nu, Xashidak, Obi Lumlum, Gʻubdin, Yozmudin, Jomxin, Mog‘uvin, Pot­ron, Tirkat, Sakbodza, Vijkat kabi joylarning nomlari ham keltirilgan.

Hujjatda o‘z davrida yer-mulk munosabatlarida qo‘llanilgan tiyul, mamlaka(t), milk, sakinot, dehai bosh kabi atamalar uchraydi.

Ikkinchi hujjat “Amir Haydarning Sayyid Ahmad xojaga yozgan esdaliklari”dir. Ushbu hujjat XIX asr boshlariga tegish­li bo‘lib,  fors tilida bitilgan. Fitrat unga “mening kutubxonamda saqlanadi”, deb izoh bergan. Maqolada Amir Haydar (vafoti hijriy 1241) Sayyid Ahmad xojani Chorjo‘y, Nasaf, Karmina, Nur­ota va Huzar viloyatlariga sadr (rais) qilib tayinlangani aytiladi. Say­yid Ahmad xojaning 20 yillik sadrlik faoliyatiga tegishli 962 ta hujjat 410 sahifalik alohida majmuaga jamlangan va Say­yid Ahmad naqibi Turonzamin tomonidan muhrlangan (hijriy 1230). Ushbu hujjatlar tarixiy, iqtisodiy va madaniy sohalarga oid bo‘lib, ularning tarix va iqtisodiyot ilmlari uchun ahamiyati turli darajada. Huj­jatlar orasida harbiy yorliqlar anchagina, ularda har­biy xarajatlar ko‘rsatilgan, sadr, naqib, amiri lashkar kabi harbiy unvonlar va ushbu unvonlar sohiblarining huquq va maj­buriyatlari bayon qilingan. Hujjatlarning ayrim­larida Ulug‘tepa, Xalaj va Gunash tumanlarida yuz bergan qo‘zg‘olonlar va ularning bostirilishiga doir qaydlar ham mavjud.

Maqolada Fitrat domla, ahamiyatiga qarab, 8-12-xat­lar­dan namunalar kel­tir­gan. Ayrim xatlar to‘liq ko‘chirilib, tarjimasi bilan berilgan. 15, 26, 37-38, 51, 359, 491, 530, 536, 571, 932-933 va 944-xatlarda Buxoro amirligi va Qo‘qon xonligi o‘rtasidagi urushlar bayon etilgan bo‘lsa, 62, 63 va 255-xatlarda Buxo­rodagi mang‘it urug‘i bilan Shahrisabz­dagi kenagas urug‘i o‘rtasidagi urushlar tafsiloti aks ettirilgan. Ushbu hujjatlarda adabiyot ta­rixi uchun muhim hisoblangan ma’lumotlar ham uchraydi. Masalan, 70 va 265-xatlarda qo‘qonlik mashhur shoir Junaydulloh Hoziq tarjimai holiga tegish­li ma’lumot bor. Shuningdek, u hij­riy 1259-yilda Shahri­sabz­da Amir Nasrulloh buyrug‘i bilan o‘ldirilgani aniq yozib qo‘yilgan. Ushbu manbadan foydalanib, P.Qay­yumiy Hoziq o‘limi voqeasini o‘z kitobida batafsil yoritgan.

Hujjatlarda Buxoro amirligidagi soliq tizimi haqida ham so‘z yuritiladi, “mulki hukm”, “mulki hur”, “xiroj”, “safidiy”, “kabudiy” va boshqa soliq turlari keltiriladi hamda bu yerlarda ishlovchi koranda (yer ishlovchi), muzoreh (yerni ijaraga olgan shaxs); davlat yerlari, vaqf yerlar va xusu­siy yerlar hamda ularning soliqqa tortilish shartlari bayon etiladi.

Nazarimizda, bu muhim hujjatlar to‘p­lami Fitrat domlaning kutubxonasida uzoq saqlangan. U 1917-1918-yillarda “Hur­­riyat” gazetasida muharrirlik paytida e’lon qilgan “Buxoroning askari” (1917-yil 23-avgust, 29-sentyabr), “Buxoro ulamosi” (1917-yil 4-noyabr), “Buxoro xonligida ochlik” (1917-yil 21-noyabr), “Buxoroning holi” (1918-yil 12-yanvar), “Buxoroda inqilob” (1918-yil 19, 26-fev­ral, 1-mart) kabi maqolalarda ushbu hujjatdan foydalanib, Buxoro amirligi­ning siyosiy, iqti­sodiy, moliyaviy ahvoli haqida ma’lumotlar bergan. Masalan, “Buxoroning holi” maqolasida (“Hurriyat”, 62-son) keltirilgan mulki hur (ozod yerlar), vaqf mulki, mulki hirojiy kabi mulklar va ulardan olinadigan soliqlar xususida xabar be­rilgan.

Maqolada tavsif berilgan uchinchi hujjat “Amir Nasrullohning Hakim qushbegiga yozilgan maktubi”dir. Fors tilida yozilgan bu muhim hujjat ham Fitrat kutubxonasida saqlanishi aytilgan. Hujjatga qisqa kirish havola qilingan bo‘lib, unda Amir Haydar­ning o‘limi, Husayn to‘ra, Umar to‘ra vafotidan keyin Hakim qushbegi tomonidan Nasrullohning xon qilib taxtga o‘tqazilishi voqea­lari bayon qilingan. Xatda Buxoro mang‘it amirlaridan Haydarning o‘g‘li amir Nasrullohning qushbegi unvonini olishi, uning Shahri­sabzga urushga yuborilishi voqealari bayon qilingan. Shuningdek, bu hujjatda Amir Nasrullohning Hakim qushbegiga yuborgan hijriy 1246-yilgi farmoni­ning matni ham to‘liq keltirilgan. Unga ko‘ra, mirzaboshi, miroxur, jebachi, to‘qsoba, ellikboshi kabi amaldorlarga beriladigan maosh­lar g‘alla hisobida ko‘rsatilgan.

Maqola so‘ngida Fitrat: “Bu jamlangan hujjatlar ko‘plab tarixiy savollarga javob beradi. Fanlar akademiyasi O‘rta Osiyo respublikalari bilan birga ushbu hujjatlarni nashr ettirsa, bu kabi hujjatlarning tahlilisiz Markaziy Osiyo tarixining asos muammolarini yoritish va tahlil qilish mumkin emas”, tarzida xulosa chiqaradi.

Fitratning ushbu maqolasida siyosiy voqea – harbiy yurishlar, iqtisodiy holat – mulk va soliq tizimini oydinlatishga yordam berish, ayrim tarixiy shaxslar va shoirlar haqidagi aniq ma’lumotlar aks etgani uchun ularga tarix, adabiyot, falsafa va boshqa sohalar uchun ham qimmatli manbalar to‘plami sifatida yondoshish mumkin.

Maqolaning aslini izlab, turli arxiv va fondlarga murojaat etildi, biroq uning fors-tojik tilidagi asl nusxasi topilmadi. Izlanishlar natijasida ushbu hujjatning Istanbulda nashr etilgan turk­cha tarjimasini professor Temur Xo‘ja o‘g‘li topib, bizga yubordi. Aftidan, maqola 1933-yilda Lenin­gradda chop etilgandan so‘ng unga turli turkiy davlatlar ham qiziqish bildirgan. Masalan, Fitratning maqolasi va unga ilova qilingan hujjatlar Y.Kalantay ismli tarjimon tomonidan rus tilidan turk tiliga tarjima qilingan va “O‘rta Osiyoda orazi masalasiga doir uch vasiqa” sarlavhasi bilan Istanbuldagi “Vaqiflar dergisi” jurnali­da 1938-yili (147-157-betlar) chop qilingan. Ushbu turkcha matn ruscha matn­dan tarjima qilingani uchun ayrim so‘z va tushunchalar murakkablashgan, lekin hujjat va xatlardan keltirilgan namunalarning as­liyatda, ya’ni fors tilida berilgani ushbu hujjatlarning til xususiyatlari ham rasmiy idora uslubini o‘rganishga yordam beradi.

Fitratning Sharq xalqlari tarixi, jumladan, Buxoro davlatchiligi tarixidan chuqur xabar­dor ekani ushbu maqoladan ma’lum. Shu­ning uchun ham sobiq Ittifoq Fanlar akademiyasi XX asrning 30-yillari­da ulug‘ olimga bir necha marta muro­jaat qilib, tarix­ga doir ayrim hujjatlar aniqlashtirilishi­ni va yuqorida ko‘rsatilgan mavzular bo‘yicha maqola tayyorlab berishini so‘ragan edi. Natijada Fitratning “O‘rta Osiyoda yer masalasiga doir uch vasiqa” asari tayyorlandi. Bu maqola ushbu satrlar muallifi tomonidan rus tilidan (hujjat namunalari esa fors tilidan) o‘zbek tiliga tarjima etildi, xatlardan namunalar forscha va turkcha matnlar bilan solishtirib chiqildi.

Hamidulla BOLTABOYEV,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605