Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.05.2024 | 14:39

img284

DOVYURAK VAZIRI AKBAR

“…Men shaharlik hunarmandning o‘g‘liman – otam izidan bormoqchi edim. Lekin xudo menga aql bergan va madrasada mening qobiliyatim ko‘zga tashlandi – ruhoniylik xizmatiga tayyorlana boshladim. Ammo bir hodisa taqdirimni boshqa yo‘lga solib yubordi. 13 yashar bolalik vaqtim qishloqda tog‘amning uyida mehmon bo‘lib turardim. Bir kuni shu joyga soliq yig‘uvchilar keldi. Ular kelishi bilan shunday hodisalar boshlandiki, ularni so‘zlab bermoq mumkin emas. Shu vaqtda men bu dahshatli soliq yig‘uvni o‘zgartirish uchun qanday bo‘lsa ham “katta amaldor” bo‘lishga qaror qildim”.

“Turkestanskiy kuryer” gazetasining 1911-yilgi sonlaridan birida bosilgan maqoladan olingan ushbu iqtibos bir qarashda mustamlakachi tarafning matbuotida “xonlikni beshafqat, oddiy xalqni ezishga asoslangan tuzum sifatida ko‘rsatib, o‘zlarini yurtga adolat olib kelganlar”dek taassurot uyg‘otayotganga o‘xshaydi. Agar bunday gapni xonlardan alamzada biror kishi aytsa tushunish mumkindir, ammo ushbu so‘zlarni xonlikning bosh vaziri aytmoqda. Xondan hayiqmay otasi xonlik qilgan davrni keskin tanqid qilmoqda. Buning uchun inson chindan ham dovyurak bo‘lmog‘i kerak.

  Ha, Xiva xonligidagi soliq yig‘uv tizimini nafaqat tanqid qilgan, balki uni o‘zgartirishga ahd etgan inson Islomxo‘ja edi. Qahramonimiz 13 yashar o‘smirlik paytida (1886-yil) chor Rossiyasiga vassal xonlik taxtida Muhammad Rahimxon soniy muqim o‘tirar, u qaynotasi bo‘lmish Ibrohimxo‘jani bosh vazirlikka tayinlagan, asrlar mobaynida davom etib kelayotgan iqtisodiy ustqurmalarni isloh qilish uning xayoliga ham kelmas, shu bois oddiy xalq zulm iskanjasida qolgan edi.

  Xonqalik xo‘jalar naslidan bo‘lmish Ibrohimxo‘janing ajdod-u avlodlari xonlikda taniqli insonlar bo‘lib, xonlar ularning qizlariga uylanish orqali o‘zlariga “sayyid” rutbasini qo‘shib olishga havasmand edi. Chunki xon ismidan oldin “sayyid” rutbasi qo‘llanishi payg‘ambar nasliga kuyov ekanini anglatish asnosida musulmon qav­mini idora qilishida ham asqotardi.

Islomxo‘ja 19 yoshida xonlikning eng yirik bekligi – Hazoraspga hokim qilib tayin­lanadi. Xivadan ham qadimroq tarix­ga ega bo‘lgan bu qal’a va uning atrofida yashovchi turli urug‘lar azaldan hunarmandchilik bilan dong taratishgan edi. Tirikchiligi hunarmandchilik va ziroat bilan bog‘liq elda adolatni moʻtadil ushlab turishning yagona yo‘li soliq tizimini tartibga solish, qishloq oqsoqollariga o‘z haddi-huquqini belgilab berish va ularni qat’iy nazorat ostida ushlashdan iborat bo‘lib, hali yigirma yoshga kirmagan yigit bir yildayoq buning uddasidan chiqadi va qisqa muddatda haqiqiy elboshiga aylanadi. Otasi to‘satdan vafot etgach, Muhammad Rahimxon soniy Islomxo‘jani hech ikkilanmay bosh vazirlikka tayinlaydi va oldingi bosh vazirlardan farqli tarzda unga “Vaziri akbar” unvonini beradi.

Yoshligidayoq ko‘ngliga soliq tizimida adolat o‘rnatishni qattiq tuggan Islomxo‘ja orzularini bir qadar amalga oshirishga erishadi, ammo Muhammad Rahimxon soniy davrida buni oxirigacha yetkaza olmaydi. Bunga taxtda qirq to‘qqiz yil o‘tirgan, saltanatni eski tamoyillar asosida boshqa­rishning hadisini olgan xon izn bermaydi.

Xon vafotidan so‘ng taxtga Isfandiyor o‘tirishi bilan Islomxo‘ja jiddiy islohotlarga kirishadi. Isfandiyor Islomxo‘janing kuyovi edi. Tajribasiz xonning qaynotasiga qarshi bormagani vaziri akbarning boshlamalarida qo‘l keladi. Islomxo‘ja islohotni, avvalo, xonlikdagi yerlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazishdan boshlaydi. Natijada saroyda in qurib olgan amaldorlarning soliqqa tortilmagan minglab tanob yerlari aniqlanadi, ko‘pchiligining mol-mulki musodara qili­nib, o‘zlari zindonga tashlanadi. Ana shu minglab tanob yerlarning soliqqa tortilishi tufayli oddiy xalq yelkasidagi soliq yuki kes­kin kamayadi. Bu islohotlar xalq orasida Islomxo‘janing obro‘sini bag‘oyat oshiradi va o‘z navbatida, pana-pastqamdagi dushmanlari qo‘liga qurol ham tutqazadi.

Yurtimizda jadidlik tarixini tadqiq qilgan olimlar Islomxo‘jani haqli ravishda yurtga yangilanish epkinlarini olib kirgan jadidlar qatoriga qo‘shadilar (ayrim olimlar uni “jadid­larning so‘l qanoti a’zosi” sifatida talqin qilishadi).

Davlatda eng nufuzli – ikkinchi darajali lavozim egasining jadidlik harakatiga qo‘shilishi, ularga moddiy va ma’naviy rahnomalik qilishini o‘sha davr me’yorlari­ga solishtirsak, tasavvur qilishimiz qiyin. Ammo bu tarixiy voqea, tarixiy haqiqat!

Islomxo‘ja besh marta chor Rossiyasi poytaxti Peterburgga borgan, Nikolay ikkinchi bilan bir necha marta uchrashgan.

Rossiya markaziy davlat arxivining 400-fonddagi 175-“ish”ning 50–54-sahifalaridagi ma’lumotga ko‘ra, Islomxo‘ja Peterburgdagi “Musulmonlar xayriya jam­g‘armasi”ga borib, u yerda Eron va Turkiya davlatlari elchilari bilan uchrashgan, kechqurun Marinin teatrida ular sharafiga ziyofat ham bergan. Tabiiyki, Xiva xoni bosh vazirining musulmon davlatlari elchilari bilan til topishgani chor ma’murlariga yoqmagan. Xonlik bosib olingan vaqtda tuzilgan Gandimiyon shart­no­masida xonlikning chet ellar bilan mustaqil aloqasi taqiqlangan, bu ish chor hukumati tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Turkiston general-gubernatorining 1913-yil 4-yanvarda imperiya harbiy vaziri Suxomlinovga yo‘llagan maxfiy xatida shunday satrlar bor: “Xonlikda 1910-yilgacha hukm surgan osoyishtalikni saqlab turish, xalq g‘alayonlarining oldini olish uchun Islomxo‘ja faoliyatini jilovlash chora-tadbirlarini ko‘rish lozimga o‘xshaydi”. O‘sha xatda general-gubernator Islom­xo‘jani chet elga surgun qilishga ruxsat so‘ragan, ammo harbiy vazir bu taklifni ma’qullamagan.

Amudaryo bo‘limi tomonidan 1912-yil 12-avgustda Toshkentga yo‘llangan axborotda gap bosh vazir uyidagi ahvol haqida boradi: “Vaziri akbar Islomxo‘ja farzandlarining muallimi, jadid Abdurashitovning faoliyati alohida e’tiborga loyiq. Afsuski, Abdurashitov o‘qituvchilikdan tashqari Xiva xonligi ichki ishlariga ham aralashadi. U Islomxo‘janing uyida ­yashab, shu yerda yashirin yig‘ilishlar o‘tkazib turadi. Bu yig‘ilishlarda Abdurashitov rahbar va maslahatchi bo‘ladi. Islomxo‘ja ishtirok etadigan shunday yig‘ilishga to‘plangan xivaliklar onggiga xonlikni Rossiya qaramog‘idan ozod qilish va taraqqiy ettirish g‘oyalari singdirilmoqda”.

Bu kabi qo‘plab chaquvlar beiz ketmay­di. Natijada “Amudaryo bo‘limi 1913-yil yozida Abdurashitov va boshqa jadid­larni Xivadan majburan chiqarib yuboradi” (“Turkestanskiy kuryer” gazetasining 1913-yil 21-avgust kungi sonida bu haqda xabar chop qilingan).

Xorazmdagi jadidlik harakati faol­laridan biri, “Yosh xivaliklar” harakati yetakchisi Polvonniyoz hoji Yusupov o‘zi­ning xotiralar kitobida Isfandiyor boshliq Xiva amaldorlarining 1912-yil yozida Peterburgga va Moskvaga qilgan safarlari, so‘ng Qora dengiz bo‘yida dam olishlarini qalamga olarkan, bir holatni afsus bilan qayd qilgan. Muallifning yozishicha, dengiz bo‘yida dam olish vaqtida xonning mahramlari har kuni uning yotog‘iga shu yerda sang‘ib yurgan turli millat vakilalari bo‘lmish yengiltak ayollarni keltirib turishgan. Bu ham qaynota, ham bosh vazir sifatida Islomxo‘jaga ma’qul kelmagan va u kuyoviga ko‘pchilik oldida dakki bergan. Jahli chiqqan Isfandiyor Islomxo‘jani shu yerda majburan qoldirgan. “Islomxo‘ja barchamiz bilan yig‘lab xayrlashdi. U endi yurtga qayta qadam bosa olmayman, degan qayg‘uda edi”, deb yozadi muallif.

Islomxo‘ja kuyovi – xon buyrug‘iga itoat qilmay bir oydan so‘ng Xivaga qaytib keladi. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tgach, 1913-yil 9-avgustda kechqurun iftorlik qi­lish uchun uyiga qaytayotgan vaqtida xon tomonidan yollangan qotillar uni vahshiy­larcha o‘ldiradi.

Islomxo‘ja tom ma’noda bunyodkor amaldor edi. Uning sa’y-harakatlari bilan Xivada zamonaviy maktab, shifoxona, telegraf qurilgan. U bunyod ettirgan shifoxona bir asrdan buyon elga xizmat qilmoqda. U Moskvadan keltirgan to‘rtta yig‘ma temir ko‘priklar yirik suv havzalari ustiga qurilgan, ikkitasi haliyam ishlab turibdi.

Islomxo‘ja boshqa hududlar bilan savdo-sotiq aloqalarini kengaytirish uchun “Chorjo‘y – Urganch” temir yo‘li lo­yihasini tayyorlatadi, uni qurish uchun homiylar topadi. Bevaqt ro‘y bergan qotillik boshlana­yotgan ishga raxna soladi. 1949-1952-yillarda vohaga tortilgan temir yo‘l Islomxo‘ja tayyorlatgan loyihaning ayni o‘zidir.

U rus, arab, fors tillarini yaxshi bilgan. Imperiya shaharlarida chop qilinadigan vaqtli nashrlar bilan muntazam tanishib borgan. Jadidlik harakatining otasi Ismoil Gʻasprali xonlikka kelganida, u bilan uzoq suhbatlar qurgan. Keyinchalik Yosh xi­valiklar harakatini tuzgan yoshlarning aksariyati Islomxo‘ja tavsiyasi hamda homiy­ligida Turkiya va boshqa chet davlatlarda tahsil olgan.

Agar o‘sha mudhish qotillik ro‘y bermaganida Islomxo‘ja, shubhasiz, Xorazm Xalq Respublikasi yetakchilaridan biri sifatida yurt mustaqilligi uchun jonini tikar va… sho‘ro qatag‘oni qurboniga aylanardi.

Keyingi vaqtlarda yurtimizda Islomxo‘janing hayoti va faoliyatiga qiziqish kuchaydi. Bir qator olimlar uning o‘z davrida amalga oshirgan xayr­li ishlarini atroflicha o‘rganib, xalqimizga ma’lum qilish­moqda. Ayniqsa, bundan bir necha yil burun kinoijodkorlarimiz tomonidan suratga olin­gan “Islomxo‘ja” deb nomlangan keng ko‘lamli badiiy-publitsistik hujjatli film tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘z davrida el-yurt ravnaqi yo‘lida jonini ham ayamagan bu fidoyi insonning ezgu ishlari bugun katta hurmat va ehtirom bilan tilga olinmoqda..

Ro‘zimboy HASAN,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 24-may | 22-soni


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604