Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.06.2024 | 13:49

img790

ODAMLARNING MEHR QUYOSHI

“Yashil qirlar” oromgohidan reportaj

Biz, adabiyot muhiblari Bo‘stonliq o‘ngirlari oralab borar ekanmiz, ulug‘vor tog‘lar xuddi quchoq ochib kutib olayotganday, go‘yo salomimizga “tog‘lar bag‘ridan gumburlagan sado” kelayotgandek tuyilardi. Bu sado mangu uyg‘oq qoyalarning taskinbaxsh nidosidir. Tog‘ havosi ruhiyatni poklab, vujudni tetik tutadi. Xuddi shunday, tog‘ qadar sarbaland ustozlar dahosi ham jamiyat ruhoniyatini tozalab, “boshda do‘ppi” bilan mag‘rur “g‘oz yurish”ga ma’naviy huquqimiz borligini yodga soladi.

Tog‘lar bag‘ridagi so‘lim oromgohda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy festival bo‘lib o‘tgani­dan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ilk bor o‘tkazilgan mazkur adabiyot bayrami “Uzreport TV”, “FTV” telekanallari tashabbusi bilan, “Turon bank” va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Erkin Vohidovning oila a’zo­lari, taniqli shoir va yozuvchilar, jamoatchilik vakillari, ijod maktablari o‘quvchilari va ko‘plab she’riyat muxlislari qatnashdi.

Prezidentimizning festival ishtirokchilariga yo‘llagan tab­rigida ushbu tadbirning mazmun-mohiyati, Erkin Vohidov she’riyatining, ayniq­sa, bugungi shiddatli zamonda xalqimiz hayotida naqadar ahamiyatli ekani o‘zining yaxlit ifodasini topdi. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “O‘zbek mumtoz va zamonaviy ada­biyotini har tomonlama o‘rganish va keng targ‘ib qilish, uni bugun yuz berayotgan murakkab jarayonlar bilan uzviy bog‘liq holda tahlil etib, zarur xulosalar chiqarish ma’naviy hayotimizni yuksaltirishda, hech shubhasiz, katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, hozirgi notinch va tahlikali zamonda milliy o‘zligimizni anglash, azaliy ezgu qadriyatlarimizni saq­lash va boyitish har qachongidan ham dol­zarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday o‘ta muhim vazifalarni amalga oshirishda xalqimizning Erkin Vohi­dov kabi buyuk va ardoqli farzandlari­ning qutlug‘ va o‘lmas merosi, albatta, beqiyos o‘rin tutadi”.

Ko‘tarinki kayfiyatda boshlangan tadbir­­ning ochilish qismida dastlab Erkin Vohi­dov­ning o‘zi o‘qigan “Inson o‘zing” qasidasiga ishlangan videolavha namoyish qilindi. So‘ng Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib ­Erdo‘g‘on O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida o‘z nutqini Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasi­dasi bilan boshlagani esga olinib, o‘sha jarayon videolavhasi ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, shoir Nodir Jon­uzoq o‘z nutqida mamlakatimizda adabiyot va san’atga, maorif va til masala­lariga berilayotgan e’tibor, amalga oshirila­yot­gan tizimli ishlar xususida to‘xtaldi. ­Erkin Vohidovning tom ma’nodagi serqir­ra ijodkor­ligi, sobiq tuzum davrida adabiyoti­mizning, san’atimizning, tilimizning rav­naqi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, shoirning insoniy­lik xususiyatlari haqida so‘z yuritdi. “Erkin Vohidovning har bir she’rida, u xoh ijtimoiy bo‘lsin, xoh lirik bo‘lsin, mana shu xalqning yuragini, ruhiyatini, mardonavorligini, tan­tili­gi­ni, nafosatini ko‘rganday bo‘lamiz. Ham­ma­­miz Erkin Vohidovni birday yaxshi ko‘ra­miz. Erkin Vohidovga ehtiromimizning darajasi bir xil. Nima uchun? Chunki Erkin Vohidov millatning o‘lmas ruhining eng yorug‘, eng porloq bir qismiga aylangan”, dedi u.

O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyot­shunos, tarjimon Ibrohim Gʻafurov dav­lati­miz rahbarining Erkin Vohidov tim­so­lida adabiyotimizga va adiblarimizga ko‘r­sa­ta­yotgan ehtiromi to‘g‘risida alohida to‘xtaldi. “Bu bejiz emas, do‘stlar, Prezidentimiz ma’ri­fat bilan she’riyatni, ma’naviyat bilan adabiyotni egiz ko‘radilar. Tom ma’nodagi adabiyot millatning o‘zligini saqlab qolishi, birlashishi va yuksalishi uchun poydevor bo‘ladi. Yoshlarimiz ana shu poydevorda turib, shoirimiz lutf etganidek, “koinot toqiga narvon” qo‘ya olish imkoniga erishadi, degan ishonch bor bu tabrik-murojaat zamirida. Endi nima uchun aynan Erkin Vohidov shaxsiyatiga bu qadar e’tibor qaratilyapti, degan savolga baholi qudrat javob qidirib ko‘ramiz. Erkin Vohidov adabiyot maydoniga “Men jilg‘aman” degan so‘zlar bilan ki­rib keldi, “Daryo bo‘lib to‘ldi”, “Ona yurtim, Senga o‘g‘lon bo‘lgim keladi”, degan poki­za niyati ushalib, bugun xalqimizning chin farzandi o‘laroq qalblarimizdan mustah­kam o‘rin oldi. Shoirning o‘tli satrlari, doston­lari-yu tarjimalaridagi yoniq fikr­lar naqadar iste’dod bilan qog‘ozga tushgan, hazrat Navoiyga ixlosi sabab g‘azallar bitgan, “Muhokamat ul-lug‘atayn”dan ilhomlanib “So‘z latofati” kitobida mahorat bilan so‘z marjonlari tizgani alohida e’tirofga loyiq. Erkin Vohidov safdoshlari bilan o‘zbek nomi dunyoga chiqishi yo‘lida fidokor shoir sifatida xalqimizning xotirasida qoldi. Endi adabiyot osmonini Erkin Vohidov deb atalgan tirik sayyorasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shoir yaratgan adabiy maktab Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun ma’rifat va ma’naviyat dorilfununi bo‘lib xizmat qilmoqda. Siz va biz bir millat bo‘lib Erkin Vohidov fenomeni atrofida ko‘ngillilar sifatida yana birlashayotgani­miz – bu o‘zligimizni anglayotganimizning yaqqol belgisidir. Muhtaram Prezidentimizning yosh ijodkorlar maktablari yara­tib, buyuklarimizning izdosh­lari yetishib chiqishini kutayotgani biz ijod ahli­da ulug‘ mas’uliyat va javobgarlik hissini uyg‘otishi kerak. Ta’kidlash lozim, adabiyot, san’at va madaniyatga bu qadar oliy e’tibor, yoshlarga bu kabi keng imkoniyat boshqa hech qay­si mamlakatda yo‘q. Shuni unutmasligimiz va qadrlashimiz kerak”.

Ustoz Ibrohim Gʻafurov shoirimizning “Yurtdoshim, bog‘ingga bir nihol qada” misrasiga alohida urg‘u berarkan, tash­ki­lotchilar ushbu so‘lim go‘shada Erkin Vohi­dov nomidagi bog‘ tashkil etish taklifini bildirishdi. Bu xayrli ishning yurtimiz bo‘ylab shiddat bilan olib borilayotgan “Yashil makon” loyihasiga hamohang ekani ta’kidlandi. Erkin Vohidovdek so‘z zargari bitgan har bir misra zamiridagi chaqmoq fikrlardan ana shunday xulosa chiqarib, jamiyat hayotiga tatbiq qilinsa, juda ko‘p ezguliklarga, mamlakat umumtaraqqiysiga sabab bo‘lishi, shub­ha­siz.

Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘r­sat­­gan jurnalist Ahmadjon Meliboyev ham Erkin Vohidov haqida xotiralari bilan o‘r­toq­lashib, u kishining ibratli hayot yo‘li, serqirra ijodi haqida fikr bildirdi. “Erkin aka siymosida olimlik, shoirlik, rahbarlik, insoniylik, kamtarlik degan beshta fazilat jam bo‘lgan inson edi. Bunday jamuljamlik kamdan kam odamlarga nasib qiladi”, deya e’tirof etdi ustoz jurnalist.  

Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam ham o‘zining yorqin xotiralari, kuzatuvlari haqida anjuman ahliga hikoya qildi. Erkin Vohidov bilan uzoq vaqt birga ishlagan adib uning xarakteridagi chin insonparvarlik va kamtarlik, mardlik va mag‘rurlik xislatlari haqida gapirdi. Erkin Vohidovdagi so‘zga hurmat, millat, yurt uchun kuyunchaklik fazilatlarini hayotiy misollar bilan tasvirlarkan, uning ijodida yaxshilik mavzusi yetakchi motiv ekanini ta’kidladi. “Erkin aka kitoblariga, hujjatlarga “E voh” deb imzo chekar edi. Bugun o‘ylasam, bu imzoda ko‘p narsa mujassam bo‘lgan ekan, unda shoirning shukronasiyam, pushaymonligiyam, armoniyam bor. Shu “E voh”da u kishining dunyodan o‘tganidan keyin avlodlar mana shunday yig‘ilib, millatga qilgan beminnat xizmatini minnatdorlik bilan eslashiga ishonch ham bor edi. “E, voh!” deya so‘zini yakunladi muh­­taram adibimiz.

Erkin Vohidovning farzandi Xurshid Vohi­­dov o‘z xursandchiligini, jumladan, shun­day so‘zlar bilan izhor qildi: “Mamlakatimiz rahbari Shavkat Miromonovichga oilamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Boshimiz osmonga yetdi. Ma’naviyatga, adabiyotga katta e’tibor berib kelmoq­dalar. Doim otamizga hurmatlarini bildirib, betob bo‘lgan davrlaridayam muntazam yo‘qlab, har qanaqa dori-darmondan ham afzalroq mehr ko‘rsatganlari otamizning sog‘liqlariga kuchli ta’sir qilardi”. U Erkin Vohidovning shu mis­ralari bilan so‘zini yakunladi:

Inson bilan tirikdir inson,

Muhabbatda hayotning boshi.

Odamzodga baxsh etadi jon

Odamlarning mehr quyoshi.

Atoqli shoir-yozuvchilarning zalvorli fikr­­la­ri bilan boshlangan tadbirga boshlovchi-jur­nalistlarning go‘zal tashbehlari, yuksak e’tiroflar, sahnaviy badihago‘ylik yanada fayz bag‘ishladi. O‘zbek elining zukko va shijoatli adibi, chinakam ma’noda xalqi­miz va madaniyatimiz timsoli bo‘lgan Erkin Vohidov asarlari orqali yoshlarning ona tilimizga mehrini oshirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini kamol toptirish maqsadida ilk bor tashkil etilgan adabiy festivalning aso­siy qismi mana shunday ijod muhitida, ilhom og‘ushida, ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.

Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan bahri bayt mushoirasi ham ishtirokchilarni mamnun etdi. Mushoira ishtirokchilari Erkin Vohidov g‘azallari, muxammaslari, lirik va hajviy she’rlariga murojaat qilishdi. Uzoq davom etgan bellashuvda ijod maktabining a’lochi o‘quvchisi Shahlo Safarova g‘olib deb topildi.

Erkin Vohidov nafaqat shoir, olim, publitsist, tarjimon, balki dramaturg sifatida ­teatr san’ati ravnaqiga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shgan. Uning “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi”, “Ikkinchi tumor” kabi pyesala­ridan tashqari “Ruhlar isyoni”, “Nido” kabi dostonlari, “Donishqishloq hangomalari” tur­kumidagi hajviy she’rlari asosida ham yurtimiz teatrlarida g‘oyaviy-badiiy yetuk spektakl­lar sahnalashtirilgan. Festivalda “Oltin devor”, “Ruhlar isyoni”, “Matmusa” kabi sahna asarlaridan parchalar namoyish etilib, Erkin Vohidov kuylagan millat dardi, insoniylik tuyg‘ulari avj pardalarda yangradi. Ijobiy va salbiy, hajviy va tragik obrazlarda namoyon bo‘lgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari olqishga sazovor bo‘lishdi.

Shundan so‘ng shoirning do‘stlari ishtirokida “Shaxmat chellenji” o‘tkazildi. Musobaqa davomida an’ana­viy shaxmat doskasida va yirik shaxmat maydonida o‘yinchilar dona surishdi. Qizg‘in tus olgan bellashuv­larda ustoz Ibrohim Gʻafurov mutlaq g‘o­lib bo‘ldi. Serzavq o‘tgan o‘yin­lar chog‘ida Erkin Vohidovning shaxmat usullari, o‘yin taktikasi, uning bu aql va tafakkur sportiga bo‘lgan munosabati, shaxmat bilan bog‘liq xotiralar yodga olindi, ustozlar tomonidan yoshlarga so‘zlab berildi.

“Yashil qirlar” oromgohining kiraverish qismida bog‘ uchun hozirlangan hududga ko‘chatlar o‘tqazildi. Fes­tival ishtirokchilari bu xayrli ishni zavq-u shavq, mehr va ixlos bilan bajarishdi. Bir so‘z bilan aytganda, yurtdoshlar Erkin Vohidov bog‘iga bir niholdan qadashdi va bu nihol otini “ehtirom” deb atashdi.

Festivalning badiiy qismida shoir she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar yangradi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ar­tist Rustam Gʻoyipov, xonandalar Shuhrat Yo‘l­do­shev, Davronbek Abdusalomov va Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan kuylangan diltortar taronalar ohangi bilan qalblarni elitgan bo‘lsa, so‘zlari bilan yuraklarni eritdi:

Qulluq qil demasman.

Yurt tuprog‘in o‘p,

Unga qullar emas, fidolar kerak.

Uning sen-u mendek shoirlari ko‘p,

Buyuk elga endi daholar kerak.

Qaddingni baland tut,

Bo‘lma serta’zim,

Cho‘qqi bo‘lolmasang, mahkam qoya bo‘l,

Pillapoya bo‘ldim senga, azizim,

Sen ham gal kelganda pillapoya bo‘l.

 

Shavkat DO‘STMUHAMMAD

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605