20.08.2024 | 16:26
500
PASTDARG‘OM QUYOSHI
Maktab qurish elning bolasiga beminnat ehson. Bugunning boylari saxiy bo‘lsalar, maktab qursinlar, jadid ajdodlar kabi avlodlar ma’rifatiga hissa qo‘shsinlar. Toki yangi zamon muallimlari Muhammadsharif So‘fizoda maktabining peshtoqidagi “Men ul bo‘yoqchimanki, maktab xumida rang berib, qora chappalarni o‘n ikki oyda oq qilaman” degan bitigini dasturlariga muhrlab, Yangi O‘zbekistonning yangi maktablarida Uchinchi Renessans darg‘alarini kamol toptirsinlar…

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 14-aprelda imzolangan “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmog‘ini kengaytirish, moddiy texnik bazasini mustahkamlash hamda ta’lim jarayoniga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish” maqsadida mamlakat miqyosida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Ta’lim tizimida katta islohot bo‘lgan bu kabi xayrli ishlarda yuragida o‘ti bor tadbirkorlar, bugunning jadidlari Prezidentimizga yelkadosh bo‘lmoqda. Ular birin-ketin sarmoya sarflab, zamonaviy ta’lim muassasalarini bunyod etmoqda.
Samarqandda pastdarg‘omlik tadbirkor “Samarqand kamalak invest tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Quyosh Haqberdiyevni tanimagan odam topilmasa kerak. Ayniqsa, uning “Molimizda hamyurtlarimizning haqi bor”, degan gapi xalq ichida ovoza bo‘lgan. Viloyatning qayeridaki muruvvat bor, shu joyda Quyosh Haqberdiyevning nomi chiqib kelaveradi. U yuzlab ishsizlarga ish berdi, qanchadan qancha muhtojlar dasturxonini to‘ldirdi. Yuqoridagi farmonga binoan tashabbus ko‘rsatib, Pastdarg‘om pedagogika kolleji binosini qayta ta’mirlab, ingliz tili, matematika va fizikaga ixtisoslashgan zamonaviy maktab tashkil etishga 22 milliard 700 million so‘m sarmoya tikdi.
Maktab 168 o‘ringa mo‘ljallandi va uning tarkibida xuddi shuncha o‘rinli yotoqxona binosi ham bunyod etildi. Bugun Pastdarg‘om tuman 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktab deb yuritilayotgan mazkur ta’lim maskanida 140 o‘quvchi bilim olmoqda. Rasmiy ochilish marosimini o‘tkazish yangi o‘quv yilining boshlanishiga rejalashtirilgan bo‘lsa-da, maktab jamoasi o‘z faoliyatini ko‘tarinki ruh va yuksak maqsadlar bilan boshlab yuborgan. Bu yerda darslar soat 8:30 da boshlanib, uzog‘i bilan 15:00 da nihoyasiga yetadi. O‘quvchilar dars tugagach, tushlik ortidan ixtisoslashgan fanlar asosida to‘garak mashg‘ulotlariga kirishadi.
Darvoqe, ushbu ilm maskanida besh mahal ovqatlanish vaqti belgilangan bo‘lib, buning uchun oyiga 170 million so‘m mablag‘ ajratilib kelinmoqda. Uch mahal issiq ovqat, bir mahal yengil tamaddi va kechki tolmachoy ota-ona bag‘ridan uzoqda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga nafaqat jismoniy kuch, balki ruhiy quvvat ham beradi.
Maktab agentlik tizimida tashkil etilgani uchun o‘qituvchini ham, o‘quvchini ham agentlikning o‘zi tanlov asosida saralab beradi. Maktab ma’muriyati qabul ishlariga aralashmaydi. Har bir o‘quvchi o‘rni uchun yuzga yaqin bola suhbatdan o‘tkaziladi. O‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar bilimi yangi uslubga binoan 100 ballik baholash tizimida baholanadi.
Bugungi kunda bu yangi baholash tizimiga o‘tgan maktablar soni respublikamizda 500 tani tashkil etsa, shulardan 68 tasi Samarqand viloyati, beshtasi esa Pastdarg‘om tumaniga to‘g‘ri keladi. Shu yilning sentyabridan yana o‘nta maktab ushbu tizimga o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu tizim xalqaro tajribalarda rasmiy maqomga ega bo‘la olmagan an’anaviy baholashdagi muammolarni bartaraf etadi.
Summativ baholash tizimiga o‘tishning yana bir yaxshi tomoni pedagogik jamoaning salohiyatiga qarab Vazirlar Mahkamasining 263-sonli qaroriga ko‘ra, 10 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan ustamalar bilan rag‘batlantirilishidir. Yangi baholash tizimiga o‘tgan maktablar hisobiga 2023-24 o‘quv yilining o‘zidayoq o‘quvchi yoshlarning bilim darajasi 53 foizdan 60 foizga ko‘tarilganini hisobga olsak, kelajakda bir tadbirkor himmati bilan zamonaviy o‘quv dargohiga aylangan ushbu maskandan oliy ta’lim qamrovini yuqori o‘rinlarga olib chiquvchi yuzlab iqtidorli yoshlar yetishishi shubhasiz.
Maktabda o‘quvchining toza havoda sayr qilishi, jismoniy hordiq olishi uchun ham erkin vaqt ajratilgan bo‘lib, bu kechki soat 16:00–18:00 oralig‘ida bola zehniyatining potensial susayish holatiga to‘g‘ri keladi. Kechki ovqatlanishdan so‘ng o‘quvchilar yana ixtisoslashgan fanlar mutaxassislari – C1 sertifikatiga ega yotoqxona tarbiyachilari bilan mashg‘ulotlarga sho‘ng‘iydi.
– O‘quvchilarimizning o‘qishga ishtiyoqi balandligi uchunmi, ularning ichida to‘polonchi, o‘yinqaroqlari yo‘q, – deydi maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sobitjon Mamatov. – Bu yerga bola tarbiyasiga e’tiborli oilalarning farzandlari olingan-da. Uyida yaxshi tarbiya ko‘rgan bola maktabga ham zarar keltirmas ekan. Bo‘sh vaqtning o‘zi bo‘lmagach, u beboshlik qilishni xayoliga ham keltirmaydi. 17 yillik o‘qituvchilik faoliyatimda bolaning fanga ixtisoslashuvi foydasini shu yerga kelib bildim. Maqsadimiz o‘quvchilarimizning oliy ta’limga kirish koeffitsiyentini yuz foizga yetkazish. Hozirgacha o‘quvchilarimizdan Og‘abek Xolmamatov, Fayoz Abduazizov, Suhrob Oripov, Muhammad O‘rolov, Madina Afg‘onovalar chet tilini bilish bo‘yicha B2 sertifikatini qo‘lga kiritishdi.
Direktor o‘rinbosari hamrohligida binoni aylanar ekanmiz, maktab rahbari Anvar Davronov g‘oyasi asosida bunyod etilgan “Amir Temur bog‘lari” ansamblidan hayratlandik. Sinflar kesimida bo‘lib berilgan yer maydonlari buyuk sarkarda bog‘larining nomlari bilan atalib, ota-onalar tashabbusi bilan olma, o‘rik, nok ko‘chatlari, har xil turdagi gullar tartib bilan ekilgan. Har bir ekin maydonining kirish qismidagi peshlavhalarga bog‘ nomi va qaysi sinf o‘quvchilari tomonidan tashkil etilgani yozib qo‘yilgan. Qisqa vaqt ichida navnihol daraxtlarning meva bera boshlagani ko‘rgan ko‘zni quvontiradi. O‘quvchilar va ustozlar jamoasi obodonlashtirish ishlarini zimmasiga oldilar, shuningdek, jonli burchaklar tashkil etishni rejalashtirib, qushxona, quyonxona qurishdi. Tadbirkor esa binoni topshirib, “bizning ish bitdi, bu yog‘i o‘zingizga havola”, deb ketavermadi. Aksincha, bir necha bor kelib jihozlash ishlari qanday ketayotganini, darslar qanday boshlanganini kuzatdi va ota-onalar bilan suhbatlar olib bordi, el quvonchini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib suyundi.
Maktab binosida 3 ta laboratoriya, 2 ta kompyuterxona va 19 ta sinfxona, kattagina sport zali va sun’iy qoplamali futbol maydoni bor. Ayni kunlarda maktabni zamonaviy texnikalar bilan to‘liq jihozlash jarayonlari ketyapti. 4 ta elektron doska, 25 dona so‘nggi rusumdagi kompyuter va axborot-resurs kutubxonasini badiiy adabiyotlar bilan ta’minlashga kirishilgan.
Ustozlarning o‘zi tashabbus ko‘rsatib, maktab kutubxonasiga besh yuzdan ziyod kitob sovg‘a qilishdi. Sinflar kesimida kitobxonlik taqdimotlari ham boshlab yuborildi. Taqdimot har haftada o‘tkazilib, hafta uchun bir kitob belgilanadi va asar muhokamasi juda qizg‘in bahslar bilan bo‘lib o‘tadi.
Bundan tashqari o‘quvchilar zakovatchilar klubida ham har hafta olgan saboqlarini, o‘rganayotgan qo‘shimcha bilimlarini sinab ko‘radi, aql bahslarida guruhlarga bo‘linib, do‘stona kurashadi. Viloyatning boshqa-boshqa tumanlaridan kelgan o‘quvchilarni “Zakovat” intellektual o‘yini birlashtiradi.
Donishmandlar aytganidek: olijanob odatlar shaxsiy namuna tufayli shakllanadi. Darhaqiqat, ustozlardan ibrat olib, kelgusida bu o‘g‘il-qizlar ezgu g‘oyalarni ilgari surishiga, Vatan taraqqiyoti, yurt farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishiga ishonchimiz bor. Kimga ayon, kimga noayon, lekin mamlakatda ta’lim sohasida ilgari siljish borki, bugun bizning o‘quvchi yoshlarimiz xalqaro maydonlarda ham O‘zbekiston nomini yuksakka ko‘tarmoqda. Jumladan, yaqinda Germaniyaning Gyottingen shahrida nemis tili bo‘yicha 62 davlat o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Butunjahon olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan Rayyona Ibrohimova timsolida ana shu islohotlar yuzaga chiqarayotgan kelajagimiz umidlarini ko‘rdik.
O‘ylaymizki, Pastdarg‘omning Quyosh tadbirkori bunyod etgan muhtasham maktab ham hademay ilm-u ma’rifat mezonida yuksak natijalar berajak!
Muhayyo PIRNAFASOVA
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



