03.06.2024 | 12:58
488
“BU EL MENGA OG‘O, SINGIL, YOR-U SIRDOSH…”
O‘z yo‘nalishini topgan har bir ijodkorning xos muxlislari bo‘ladi. Ularning ixlosi ijodkor yaratgan asarlarning yashovchanligini va ikkinchi umri bardavomligini belgilab beradi. Shu kunlarda tavalludining 80 yilligi nishonlanayotgan el suygan shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Tursunoy Sodiqovaning ixlosmandlari naqadar ko‘pligi barcha yodnoma tadbirlarida sezilib turdiki, bu xalqchil adibimizning umrzoqligi dalolatidir.

Ta’bir joiz bo‘lsa, Tursunoy Sodiqova haqidagi fikrlar, yodlovlar, e’tibor va e’tiroflar debochasi bir guruh ijodkorlarni olib ketayotgan Toshkent–Andijon poyezdidayoq boshlanib ketdi.
– Tursunoy opa Vatanni sevgan, unga sevimli bo‘lolgan farzand, – deydi filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim Hamidulla Boltaboyev. – Uning shoirlik iste’dodi ham, voizlik mahorati ham Vatanni obod etuvchi oila muqaddasligi g‘oyasi bilan uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi.
– Tursunoy opani o‘qisam, o‘ylasam, xayolimga faylasuf donishmand degan tavsif keladi, – deb so‘z boshlaydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, taniqli shoir Minhojiddin Mirzo. – Opa shoiralik, olimalik bilan birga Tangri tomonidan berilgan betakror so‘z san’atkori ham edi. Yana bir ta’rif shuki, opa muhabbat, mehr, sadoqat bilan bog‘liq lafzida hech qachon hayo, latofat andozasidan, o‘zbek ayoli hamiyati chegarasidan chiqmasdi.
* * *
Temir yo‘l vokzalida xotira anjumani mehmonlarini kutib olishdan tortib Andijon pedagogika, xorijiy tillar, qishloq xo‘jaligi institutlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar muxlislar jo‘shqinligi bilan rasmiy ssenariylarsiz juda samimiy o‘tdi. Minbar olganlarning qog‘ozsiz, juda tabiiy, qalbidagi hayajonini so‘zga ko‘chirishlari ham Tursunoy Sodiqovaning fe’l-u fazilatlari, istaklariga mos bo‘ldi..
* * *
Tursunoy opaning farzandlari, yaqinlari, shogirdlari orasida “opaning gullari”, “kitob javonlari” degan alohida ibora bor. Anjuman ishtirokchilarini opa xonadonida suyib, sizlab o‘stirgan gullari, eng katta boyligim deb ta’riflagan tartibli javonlardagi noyob kitoblari ham xursand, ham mahzun kutib oldilar. Tursunoy opaning bir suygani gul, bir e’tiqod qo‘ygani kitob edi axir.
– Tursunoy opaning bundan o‘ttiz yil avval o‘zi o‘qigan bir she’ri yodimga muhrlangan, – dedi sokin ovozda Minhojiddin Mirzo:
Andijonda xonumonim va nomim Andijoniydur,
Bu fe’lim ichra ne yaxshi-yomonim Andijoniydur.
Bu el menga og‘o, singil, yor-u sirdosh, homiydur,
Chinim shu, qolg‘ani yolg‘on, topganim bari foniydur,
Meni shu yerda bor etding, o‘larda shunda o‘ldirg‘il.
Qaranglarkim, so‘z muqaddas va u aytuvchining qismatiga, taqdiriga aylanguvchi haqiqat ekan. Opani o‘zi so‘raganiday Andijon tuprog‘i va el qalbi o‘z bag‘riga oldi.
* * *
Opaning o‘z ta’biri bilan aytganda, xotira anjumanining “ulgurja” yakuniy qismi Andijon davlat universitetida bo‘ldi. Bu dargoh Tursunoy Sodiqovaning bir necha yillik mehnat faoliyatiga guvoh. Tabiiyki, bu maskanda uning muxlislari hammadan ko‘p.
– Tursunoy Sodiqova shoira, publitsist. Lekin u eng avvalo, mohir muallima, – dedi o‘z nutqida universitet rektori, professor Akromjon Yo‘ldoshev. – Opa filologiya fakultetimizning o‘zbek adabiyoti kafedrasi faoliyatida eng mohir muallima-pedagog sifatida katta hurmat qozongan. Juda ko‘p talabalarimizning iste’dodi ochilishida jonkuyarlik qilgan ustozdir.
Ha, Tursunoy Sodiqova she’rni iste’dod ila yozolgan, she’rga sig‘magan hayrat-u hayajonini, millat dardi, Vatan qayg‘usi borasidagi donishfikrlarini nasrda bera olgan ijodkor edi. Uning oila iqlimi, qaynonalik ilmi, kelinlik salohiyati, kuyovlik burchi, opa-singillik mehr-oqibati haqidagi o‘ttizga yaqin kitoblari bugun muxlislarning noyob mulkiga aylangan.
Opamiz o‘zbekona jaydari lutflari bilan yurtimizning esini tanigan har bir vakiliga qadrdon siymoga aylangan edi. Bugun ham shoiraning o‘lmas misralari, qayralma qochirimlari, tagdor pichinglari, purma’no nasihatlari o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Ishonchim komilki, hayotiy tajribaga tayangan bu o‘ziga xos falsafiy xazina hali ko‘p yillar davomida xalqimizga beminnat dur sochadi. Tursunoy Sodiqova o‘zining ikkinchi umrini ham munis ayol, donishmand ona, sadoqatli do‘st timsolida yashamoqda.
Zamira RO‘ZIYEVA
_______________________________________________________
MURABBIYLAR KIMLAR?
Murabbiylar kimlar? Bular otalar, onalardir. Bular aka-opa, amaki-tog‘a, amma-xolalardir. O‘qituvchilar, tarbiyachilardir. Bular hunar o‘rgatayotgan ustozlar, qo‘ashni bolaga nasihat qilayotgan hamsoya, ibratli ertag-u o‘gitlar xazinasi bo‘lgan buvi-buvalar va kelin tarbiyalayotgan qaynonalardir. Kamchiligingni birgalashib o‘nglayotgan do‘sting ham murabbiy! Garchi gaplashib ko‘rmagan bo‘lsang-da, sen kiyinishini, muomalasini, yurish-turishini havas qilayotganing – ko‘z tanishing ham murabbiydir. Agar ziyrak bo‘lsang, asfaltni yorib chiqayotgan maysa, intizom bilan bir chiziqqa tizilib uchayotgan laylaklar ham saboq berayotganini ko‘rasan. Yo‘lakda senga nazokat bilan yo‘l berib, kayfiyatingni ko‘targan yo‘lovchi-yu malolini solmay, besharpa yashab kelayotgan tamizli qo‘shninggacha bahosi yo‘q murabbiydir! Bu dunyo to‘la murabbiy va dunyoda hamma mavjudlik murabbiyga muhtojdir! Atrofga xolis ustozlik, murabbiylik qilish – bu ibodat, murabbiylardan ishtiyoq bilan ilm, hunar va tajriba o‘rganish esa yana ibodatdir.
ONA UYIM
U men tuygan birinchi kuy, birinchi olam,
Qushchalarim chug‘uriday quvnoq kulgim u.
Ilk bor tergan boychechagim, sevinchlarim ham,
Qaylardadir tushib qolgan sochpopugim u.
O‘n to‘qqizga to‘lgan yoshim husn-u chiroyi,
Zavq-shavqiga hamroh bo‘lgan guvoh ko‘cham u.
Ilk martaba qalam tutib, bilib-bilmayin
She’r to‘qishni orzu etgan sirli kecham u.
Qachonlardir shu ko‘chadan meni so‘roqlab,
Izlab, bo‘zlab o‘tgan emish aziz kishim ham.
Soy bo‘yida qolib ketdi talay sirlarim,
Yoshligim-la ketdi qancha chala ishim ham.
O‘sha yerda tabarrugim – otam poyini
Boshi uzra tutgan ko‘hna, aziz ostonam.
Qizlar bilan kashta tikib, yayrab yoyilib,
Shivirlashib tong ottirgan fayzli xonam.
Xayolimdan o‘tar go‘yo shirin tush misol,
Hovlimizning burchidagi mung‘aygan tandir.
Munis onam balki shu payt yonoqlari ol,
Menga atab issiq kulcha yopayotgandir…
Tursunoy SODIQOVA
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605


