03.06.2024 | 21:13
1041
“VATAN MENING ICHIMDA!”
Michigan universiteti professori Temur XO‘JAO‘G‘LI bilan suhbat
– Ildizsiz maysa bo‘lmas, o‘zansiz daryo. Sizning Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga intilishingiz ham daryoning o‘z o‘zaniga talpinishidek gap. Shunday emasmi?
– Bundan 34-yil avval – 1990-yili O‘zbekistonga ilk bor kelgandim. Men Vatanda emasman, Vatan mening ichimda, degan edim o‘shanda.

Nega? Buning ikki sababi bor. Birinchidan, men O‘zbekistonda emas, Vatandan uzoqda – Turkiyada tug‘ilgan bir o‘zbekman. Ikkinchidan, O‘zbekiston hali mustaqil bo‘lmagan, sho‘rolar tuzumi tomonidan boshqarilayotgan bir davr edi. Biroq o‘sha tuzumning oxirgi yillari bo‘lgani uchun ziyolilar-u oddiy xalq orasida mustaqillik va erkinlik g‘oyalari keng quloch yozayotgan edi. Odil Yoqubov, Shukrullo, Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Rauf Parfi kabi o‘zbek yozuvchi-shoirlarining hayajonli so‘zlarida mustaqillik, erkinlik cho‘g‘ining alangalanayotganini ko‘rganman.
Dadam Usmon Xo‘ja 1878-yili O‘shda tug‘ilgan. Umrining qirq besh yili Buxoroda o‘tgan. U kishi Turkistondagi jadidlik harakatining yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan. Buxoro jumhuriyati prezidenti vazifasida ishlaganlar. Usmon Xo‘ja 1921-yil dekabr oyida Dushanbe shahridagi bolsheviklar qo‘shinining harbiy garnizoniga hujum qiladi. 1922-yil so‘ngida Afg‘onistonga chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Shu-shu vataniga qaytolmaydi. 1968-yili 90 yoshida Istanbulda vafot etdi. Usmon Xo‘janing otasi – buxorolik savdogar Po‘lat Xo‘ja. Uning otasi, ya’ni katta bobomizni Karomatullo Xo‘ja deyishgan. Fayzulla Xo‘ja dadamning jiyani bo‘ladi.
Onam Hakima To‘ra 1907-yilda Kobulda tug‘ilgan. Uning ota-onasi asli qo‘qonlik bo‘lib, 1880-yilda Kobulga kelib joylashgan. Ona tomondan bobomiz Sayidakramxon To‘ra Xudoyorxonning jiyani edi. U Afg‘onistonda Abdurrahmonxon o‘g‘li Habibulloxon va Omonullaxon davrlarida noiblik qilgan. Usmon Xo‘ja 1922-yilda Kobulga keladi. Saidakramxon To‘raning saroyida mehmon bo‘lib, keyinchalik uning qizi Hakima To‘raga uylanadi. Demak, men ota tomondan buxorolik, ona tomondan qo‘qonlikman. Lekin taqdir taqozosi bilan Istanbulda tug‘ildim. Taqdir shamoli garchi bizni Buxoro, Qo‘qon, Kobul va Istanbul tomonlarga uchirgan bo‘lsa-da, Vatan ildizlari har doim yuragimizda saqlanib qolgan. Shuning uchun doim: “Men Vatanda emasman, Vatan mening ichimda”, deya ta’kidlab kelaman.
– Vatan haqidagi ilk taassurotlaringiz-u keyinchalik bu taassurot ilmiy-ijodiy faoliyatingizda qanday aks etgani biz uchun qiziq.
– Vatan sevgisi avvalo uyda, oilada shakllanadi.
Kichkinaligimda onam aytgan ertak, hikoyalar-u allalar orqali bu sezim qalbimga, ong-u shuurimga chuqur singgan bo‘lsa, ajabmas. “Alpomish” dostonidan ilk parchalarni ham dastlab onamdan eshitganman. Dadam Usmon Xo‘ja esa Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Furqat, Mashrab g‘azallaridan, jadid shoirlari Cho‘lpon, Fitrat, Elbek she’rlaridan o‘qib berardi. O‘qib-yozishni o‘rganganimdan keyin bu shoirlarning she’rlarini izlab topishga, o‘zim ham she’rlar va qisqa ertaklar yozishga harakat qildim.
O‘rta maktabni tamomlab, Istanbul universitetining turk tili va adabiyoti bo‘limiga o‘qishga kirdim. Qadimgi turkiy adabiy tilda yozilgan ko‘kturk, ko‘hna Xorazm va uyg‘ur, qoroxoniylar, temuriylar davri hamda zamonaviy Turkiya adabiyotini puxta o‘rgandim. U paytlar Turkistondagi o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman zamonaviy adabiyotlari o‘rgatilmas edi. Men bu adabiyotlarni mustaqil o‘rganishga intilar edim.
Shunday kunlarning birida taqdir meni amerikalik o‘zbekshunos olim, professor Edvard Olvordga duch qildi. 1968-yil sentyabr oyida undan dadamning nomiga maktub keldi. Afsuski, dadam 3 oy oldin vafot etgandi. Edvard xatida Buxoro va jadidlik bo‘yicha bir nechta savol so‘ragandi. Xatga javob berib, dadam yaqinda vafot etganini yozdim. Keyinchalik u bilan doimiy xat yozishib turdik. U mendan Istanbul universiteti kutubxonasidagi Abdurauf Fitratning bir asaridan nusxa ko‘chirib berishimni so‘radi. Iltimosini bajardim. O‘z navbatida u ham menga 1965-yilda nashr etilgan “Uzbek Literary Politics” (“O‘zbek adabiy siyosati”) nomli o‘z asarini yubordi. O‘zbek va boshqa turkiy xalqlar adabiyotiga qiziqishimni ilg‘ab, o‘zi dars berayotgan Kolumbiya universiteti magistraturasiga taklif qildi.
1972-yili AQSHga bordim. Taniqli olimlardan turkiy tillarning chog‘ishtirma grammatikasi, sovet tuzumi va ideologiyasi, zamonaviy rus hamda Markaziy Osiyo adabiyotlari haqida (o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida) ma’ruzalar tingladim.
Tahsil mobaynida Myunxenda joylashgan “Ozod Yevropa” va “Ozodlik” radiosining o‘zbekcha eshittirishlariga oyiga to‘rttadan maqola yozib jo‘natar edim. 1977-yili ushbu “Ozodlik” radiosining o‘zbek shoʻbasiga ishga taklif qilishdi. Orada Istanbuldagi Marmara universitetining turkologiya bo‘limida ham qadimiy turk xalqlarning tili va adabiyotidan dars berdim. Nermin Ercan ismli talabam shoir Abdulhamid Cho‘lponning “Uyg‘onish” nomli she’riy to‘plami haqida magistrlik dissertatsiyasini yoqladi. Bu dissertatsiya Cho‘lpon to‘g‘risida yozilgan xalqaro miqyosdagi ilk ilmiy ish hisoblanadi. U paytlarda Cho‘lponning she’rlari O‘zbekistonda taqiqda edi.
Keyinchalik yana “Ozodlik”da ishladim. 1994-yili Istanbuldagi Koch, AQSHdagi Michigan universitetlarida dars berdim. Ayni damgacha Turkiston tarixi, adabiyoti, jadid davri va adabiyoti, sovet siyosati haqida 14 ta kitob hamda 200 dan ortiq maqolam o‘zbek, turk, ingliz, rus va qozoq tillarida nashr etildi.
– Ona Vatandan qarzdorlik hissi haqida nima deysiz?
– Shubhasiz, har bir inson ona Vatanidan o‘zini qarzdor deb biladi. Farzandlik burchini bajarish uchun odam faqat o‘z Vatanida yashashi shart emas. Yurtdan tashqarida istiqomat qilib ham Vatanga xizmat qilish mumkin. Men uchun O‘zbekiston, umuman, Turkiston ota hamda ona yurtimdir.
Markaziy Osiyo respublikalari sovet tuzumi ostida og‘ir kunlarni boshdan kechirdi. Turli tillarda yozgan maqolalarimda, konferensiyalardagi ma’ruzalarimda o‘sha davrdagi adolatsizlik va boshqa bosimlar haqida yozdim. Bu vazifani mendan oldin dadam bajargan. Dadam Usmon Xo‘ja umrining 45 yilini ona yurti Buxoro va Turkistonda, qolgan 45 yilini chet ellarda o‘tkazdi. U Istanbulda “Yangi Turkiston” nomli jurnal chiqargan edi.
– Siz Yevropa davlatlarida ko‘p bo‘lasiz. Yevropada “kindik qoni tomgan tuproq” tushunchasiga qanday qarashadi?
– Yevropada ham vatan muqaddasligiga jiddiy e’tibor qilishadi. Lekin men “kindik qoni tomgan tuproq” tushunchasi mohiyatni to‘liq aks ettiradi, deb o‘ylamayman. Chunki “kindik qoni tomgan tuproq”qa xiyonat qilgan razillar ko‘p o‘tgani tarixdan ma’lum. Demak, bu faqatgina kindik qoni emas, odamning vijdoni, Vatanga bo‘lgan sevgisi bilan bog‘liq tushuncha.
– Shu o‘rinda yana bir savol: ijodkor uchun muhabbat degan tuyg‘u qanday ahamiyatga ega?
– Ishq-muhabbat – eng zarur tuyg‘u. Muhabbatsiz qalb o‘likdir. Sevgi insonga zavq, orzu va umid beradi. Sevgi yo‘qolsa ular ham yo‘qoladi. Chunki tabiatning negizida muhabbat bor. Men uchun shu uchta narsa judayam muhim: hayot, muhabbat va she’r…
Butun dunyo mening bo‘lsa g‘amim bitmas nedandir bu,
Azaldan g‘ussa loyi-la yosalgan bir badandir bu.
Sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy o‘rtasidagi shu birgina baytlik munozaradan inson quruq badan emas, badandagi tuyg‘ular bilan omuxtalikda yaralganini anglash mumkin.
Jadidlar qismati juda ham murakkab. Qizig‘i shundaki, Sovet davrida qatag‘on qilinib, yomonotliq tamg‘asi bosilgan millat oydinlari mustaqillikka erishilgandan so‘ng ham to‘laqonli yorug‘lik ko‘rmadi. Aksincha, ular yana “qora ro‘yxat”ga tushib, merosi va tarixiga taqiq qulflari urildi.
Shukurki, Tangri yorlaqab, bugun adolat qaror topganiga guvoh bo‘lib turibmiz. O‘tgan yili Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro ilmiy konferensiyada qatnashar ekanman, dilimda shukrona tuyg‘ulari jo‘sh urib, ko‘zim quvonch yoshlariga to‘ldi.
Suhbatimiz yakunida O‘zbekiston xalqiga va oliyhimmat Davlatboshimizga minnatdorlik bildirmoqchiman. Juvonmarg bobolarning shodumon ruhlari qo‘llasin. Otam Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning arvohi ham ana shunday umidvor edi, deb o‘ylayman. Mana, uning qirq yildan ortiq hayot kechirgan Buxorodagi xonadoni davlat tasarrufiga o‘tkazilib, bu yerda dunyodagi birinchi jadidlar muzeyi tashkil qilinayotgan menda Vatanimga bo‘lgan faxr tuyg‘usini yanada kuchaytirdi. Otamning xotirasiga bo‘lgan bunday hurmatni hech nima bilan tenglashtirolmayman. Muzeyning yaratilishi nafaqat bizning oilamiz, uchun balki butun o‘zbek xalqi uchun ham buyuk tarixiy voqea bo‘ldi. Men iftixor bilan ko‘ksimni kerib baralla ayta olamanki, ona vatanim O‘zbekistonning baxtli farzandiman!
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur.
Sanobar MEHMON suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



