04.06.2024 | 15:34
762
BAXTLI BOLALIK HUQUQI
Bu dunyoda har bir bolaning baxtli yashashga haqi bor. Ammo hamma oilada ham mavjud shart-sharoit bunday tolega esh bo‘lavermaydi. Ajrimlar yoxud noqobil ota-onalarning o‘z maqomiga noloyiqligi ayrim hollarda baxtli bolalikka soya solishi mumkin. Shu bois bolalar ulg‘ayib, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun davlat tomonidan muayyan g‘amxo‘rlik chora-tadbirlari belgilangan. Ammo ba’zan subyektiv omillar insoniylik mezonlariga zid kelib qolishi ham mumkin. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudining sudyasi Dilbar Mavlonova bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez farzandiga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotganlar haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Ularni jinoyatchi kabi ta’qib etish qanchalik to‘g‘ri?
– Qonunchilikka ko‘ra, ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart etib belgilangan. Oila kodeksining 73, 96-moddalariga binoan, ular o‘z farzandlari tarbiyasi va kamoloti uchun javobgar bo‘lib, bolalarning sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy tarbiyasiga g‘amxo‘rlik qilishi, shuningdek, voyaga yetmagan bolalarini ta’minlashlari lozim.
O‘z navbatida voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar ta’minoti uchun aliment ota-onalarning kelishuviga binoan ixtiyoriy tartibda, shuningdek, sud tartibida undirilishi mumkin.
O‘z majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qarori yoki buyrug‘iga asosan aliment undiriladi. Bunday majburiyatlar bajarilmagan hollarda jazo choralarining qo‘llanilishi esa bevosita qarzdorning mas’uliyatini oshiradi. Aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar Oila kodeksining 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. O‘zR MJtKning 47-moddasiga asosan, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelgani uchun, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga asos bo‘ladi. Kodeksning 474-moddasiga muvofiq, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni ikki oydan ortiq muddatda to‘lamaganlik uchun – o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish yoki bir yuz yigirma soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi belgilangan. Ushbu Kodeksga muvofiq, ma’muriy jazolarning mazkur turlari qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima ham solinadi.
– Mo‘may daromad topadigan otalarning ayrimlari o‘z kirimini kamaytirib ko‘rsatish orqali farzandiga arzimas miqdorda aliment to‘lashi haqida eshitganmiz. Bunday hollar ochiqlanmaydimi?
– Agar undiruvchida ushbu holatni tasdiqlovchi ishonchli ma’lumotlar bo‘lsa, bevosita bu haqida tegishli Majburiy ijro byurosi davlat ijrochisiga xabar berib, qarzdorning daromadlarini tekshirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi lozim.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonun talabidan kelib chiqib, davlat ijrochisi qarzdorlikni undirish mumkin bo‘lgan barcha daromad manbalari va mol-mulklarini aniqlash choralarini ko‘radi.
– Aliment olib voyaga yetgan bola kelajakda otasiga qarashga majburligi aytiladi. Bu o‘zaro sulhmi? Ushbu masala ham qonun nazoratiga olinadimi?
– Buni sulh deb baholash xato. Ota-ona o‘z bolalari oldida qanday majburiyatga ega bo‘lsa, voyaga yetgan va mehnatga layoqatli farzandlarning ham o‘z ota-onalari oldidagi burchlari, shu jumladan, ularga g‘amxo‘rlik qilish va moddiy ta’minlash majburiyati qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ota-onalarning o‘z farzandlaridan aliment undirish masalasida sudga murojaat qilishlar soni ko‘payib bormoqda. Bu birinchi navbatda, shu oiladagi muhitga, ota-ona va bolalar o‘rtasida shakllangan o‘zaro munosabatga bog‘liq.
– Deylik, otaning daromadi aliment to‘loviga yetmaydi yoki u hech qayerda ishlamaydi. Bunday hollarda masalaga qanday yechim topiladi?
– Qonunga binoan voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va yoki boshqa daromadidan undiriladi. Bunda har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda aliment to‘lovlar miqdori Qonunga muvofiq o‘zgartirilishi, kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi ham mumkin.
– O‘z otasini sudga berish, o‘z haqini sud orqali undirish bolaning ruhiyati, psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning oldini olish borasida ham qandaydir choralar ko‘riladimi?
– Nafaqat sudga berish, balki bolaning o‘z otasidan alohida yashashining o‘zi bolaning ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bu holat odatda otaning o‘z majburiyatlarini qanchalik anglashi va ado etishiga bog‘liq bo‘ladi. Hozirda ko‘plab huquqiy targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, majburiy ijro bo‘limi vakillari tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z majburiyatidan bo‘yin tovlayotgan qarzdorlar qidirib topilayotgani, ulardan qarzlarni undirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ularga nisbatan qo‘llangan jazo choralari to‘g‘risida maqolalar, fikr-mulohazalar oshkora berib borilmoqda.
– Amerika Qo‘shma Shtatlarida agar oilada nizo kelib chiqsa, ona va farzandlar boshqa shtatga ko‘chirilib, birinchi navbatda ona ish bilan ta’minlanarkan. Ayting-chi, bizda ham aliment to‘lovidan tashqari, farzandlar moddiy ta’minotini yaxshilaydigan qandaydir ishlar amalga oshiriladimi? Balki shunday choralar ko‘rilsa, aliment kechiksa ham ona va bolalar moddiy tanglikka tushib qolishmasmidi?
– Prezidentning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 87-sonli Farmonida aynan xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmi belgilangan. Xususan, aliment to‘lovchining boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha majburiyatlari mavjud bo‘lganda, qarzdordan undirilgan mablag‘ aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va navbat bilan taqsimlanadi. Xuddi shunday, ijro harakatlari davomida qarzdorga solingan jarimalar va ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari ham aliment to‘lovlaridan joriy qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng undiriladi.
Aliment to‘lash majburiyatini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruv e’lon qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish amaliyoti joriy etildi. Unga ko‘ra, ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratilgan. Bu, albatta, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar davom ettiriladi. Bundan tashqari, qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash, qarzdorga lisenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan davlat xizmatlarini vaqtincha ko‘rsatmaslik, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilash choralari ko‘rilgan.
Yuqorida ta’kidlangan Farmonning 20-bandiga asosan Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilgan. Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2022-yil 3-avgustdagi 427-sonli qarori ham qabul qilinib, aliment to‘lovlari jamg‘armasidan foydalanish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, sud qarori bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablag‘larni uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan hollarda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni bir yo‘la to‘lashga yo‘naltiriladi. Keyinchalik aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.
– Ajrim sudi o‘tkazilayotganda bir oilaning buzilib ketishiga, go‘daklarning yetim bo‘lib qolishiga sababchi bo‘layotgan uchinchi tomonlar ham surishtiriladimi? Ularni hech bo‘lmaganda “moddiy” tomondan jazolash, kerak bo‘lsa, ulardan ham aliment undirish mumkinmi? Sizningcha, bu ajrimlar kamayishiga omil bo‘lmaydimi?
– Sudlar tomonidan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish jarayonida barcha sabablar o‘rganiladi. Lozim bo‘lsa, taraflarning ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, uchinchi shaxslar jalb etilib, xulosalar olinadi. Nikohdan ajratish va aliment undirish to‘g‘risidagi talablar, alohida mustaqil talablar hisoblanadi. Oila kodeksining 122-moddasida voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslarga ta’minot berish majburiyati sud tomonidan ularning qarindoshlari: bobo, buvi, nevara, aka-uka, opa-singil, shuningdek, o‘gay ota va o‘gay ona, o‘gay o‘g‘il va o‘gay qiz, doimiy tarbiyada bo‘lgan shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkinligi qayd etilgan. Bunda, bolalarning ota-onasi aliment to‘lash imkoniyati yo‘qligi, biroq bobo (buvi) va boshqa qarindoshlarning esa moddiy imkoniyatlari yetarliligini aniqlash lozim.
Shoira ERMETOVA suhbatlashdi
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



