Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


15.06.2024 | 11:36

img602

TILIM-TILIM TILIM

Tunov kun Chorsu bozorining darvozasi og‘zida elovlab tursam, nortuyadek uch-to‘rt davangir qo‘lida lo‘labolishday yelim xaltasi bilan bo‘g‘ziga atay zo‘r berib maslahat qilib turibdi. Biri, “Anaqa, moshkichirga anaqa po‘stdumba anaqa oldingmi, anaqa”, desa, ikkinchisi “Anaqani anaqa san anaqa qilsang anaqa” deydi; uchinchisi “Anaqala, kettu anaqaga”, deb yo‘l boshlab, shiypanglagancha surib berdi. Yo tavba, deb qiblaga yuzlanamanmi, bir payt qanorqop ko‘ylagi shalviragan, qorako‘lpo‘rma soch qo‘ygan bir juft shilnusxa bozorni boshiga ko‘taryapti. Bittasi “Sanga respekt!” desa, unisi “Layk, komentni bomba qil, rekka chiqaylu”, deb turibdi-yu! So‘kin­yaptimi desam, ikkoviyam jirib qo‘ygan makkaday tirjayvolgan. Ajnabiy-pajnabiyga­yam o‘xshamaydi. Yoqaginamni izlab qoldim. Bu deyman, uydan chiqmay gazet o‘qib yotaverib, o‘zbek tili yangilanib ketganini bilmay qoldimmi yoki anavi choy­xonaparastlar-u shilnusxalarni o‘g‘rivachchalarga o‘xshagan o‘zaro xufiya tillari bormikan, nima de­ding, Landavur?

Yana san tilimiz undoq, tilimiz bundoq deb sayraysan! Bozorga bor, o‘sha oshingga soladigan sarimsoq­piyozni so‘rasang, to “chestnok” dema­gu­ningcha ko‘katfurushing xom sarim­soq chaynagandek aftini burish­tirib, sandan yuz burib turmasa man kafil! Shivitni “ukrop”, qo‘qongilosni “chereshnya”, qoqbaliqni “kapchonka”, sariyog‘ni “slivichni”, qiymani “farsh”, pishloqni “sir” deydigan “kultur­niy”larni siri nimada ekan, a?

Tunov kuni de, Oloy bozorining non rastasida bir rosmana habash odam qurigandek mandan “Aka, bu yerdagi qaysi nondan xarid qilganim ma’qul?” deb dabdurustdan so‘rab qolsa bo‘ladimi? Man nimayam derdim, Landavur, “lyuboyidan” dedim! Ajnabiy og‘zini ochib qoldi-ku! Eshitmadi deb o‘ylab, “Nima, san o‘zbekcha savol berib, o‘zbekcha javobga tushunmaydigan mandan ham battar ovsarmisan, “lyuboyidan” deyapman-ku”, dedim! Habash non xarid qilmoqchi bo‘lganini ham faromush aylab, ko‘zlari katta-katta ochilgancha o‘zi bilan olib yurgan lug‘atini titkilay ketdi. Titkilay-titkilay axiyri qora terga botgancha manga ojizona termulib:

– O‘zbek tilini chorak asrdan buyon o‘rganib, “lyuboy” degan so‘zga ro‘para bo‘lmagan ekanman, lug‘atlarda uchramaydigan bu noyob so‘z qaysi asrga tegishliligini aytib berolmaysizmi? – deb elangancha so‘rab qolsa!

Manam o‘zimni katta ulamolardek tutib, past tushgim kelmadi.

– Qaysi asrga tegishli ekani “sav­sem” esimda yo‘q, – dedim balanddan kelib.

Bu gal ajnabiyning afti bo‘g‘riqib, quruqshagan kesaknusxa labini yala­gancha “s-s-s”lab qoldi. Lug‘atidan “s” bilan boshlanadigan so‘zlarni izlab, “savsem” “s-s-sapsem” “s-s-safsem”lab, “savsem” deganini topolmaganidan yana bir zambil loydek bo‘lib qoldi-ku! “Bizda buni yosh bolalar ham biladi”, deya o‘zimni maqtanishdan tiyolmay, ajnabiyga g‘urur bilan qara­gandim, u yig‘lagudek bo‘lib peshonasiga bir shapati tushirgancha, bu tilni o‘rgandim deb o‘ylagan men ahmoq hali savodsiz ekanman, deganicha xayr-xo‘shni ham nasiya qilib jo‘navordi. Chamasi, biror tilmoch mullakasiga uchrab, yana til o‘rganishni davom ettirsa kerak-da, a?!

Nima deding, Landavur? Man ayt­gan “lyuboy”, “savsem” o‘zbek tilida bo‘lmaydigan bo‘lsa, futbol desa o‘zini tomdan tashlagudek bo‘lib, o‘zingga yoqqan tomon gol-pol urgudek bo‘lsa, maydonni boshga ko‘­tarib, yoppasiga “molodsi, molodsi” deb qiyqirishlaring o‘zbek tilida bormi? Sal shubhali hara­kat qilgan hakamni bo‘lsa “sudya…!” deb alqashi uchiga chiqqan alkashingniyam kaypini “ka­pey­ka” qiladi.

– O‘zingam tilni yantoqqa sudravording-u, Ovsar. Lekin futbol alohida masala. Ayniqsa, sharhlovchilaring­ni oliptaligi Olimpni buzadi. “Kembek”, “vinger”, “autsayder”, “galkipr”, “fo‘l ishlatdi” degani yetmaganday, har bir jamoaga atab she’r to‘qiganiga o‘lgim qistaydi.

– O‘lmay tur, Landavur. Bir gap aytaymi? Ilgari bilsak-bilmasak “tvoya-moya” qilar­dik. Endi nima qilmoqchimiz?! Qa­chon o‘z tilimizni hurmatlashni bosh­laymiz? Shu futbol deganingam o‘zimizni so‘zmi deyman. Bizni qishloq­da beadab­roq yigitchalarga “putingni yig‘ishtirib o‘tir”, ashaddiy bezbetlarga “putingni jirib qo‘yaman” deb, og‘zaki ogohlantirishardi. Bunisi hazil… Rostini aytsam, adabiyotdan dars beradigan kenja kelinim­ning aytishicha, mashhuri jahon Sobir Otamurod degich shoirni telig‘iromdagi kanalidagi obunachilarini yigirma dopqirga ko‘paytirsang ham ana shu to‘p teparlarning o‘yinini sharhlovchi Saydulla To‘sin “fanat”lari soniga yetmas emish.

– Qara-ya! San-ku mayli, san Ovsar bo‘lsang, man Landavurman, ismi­miz jismimizga monand odamlar­miz, o‘qib diplomini sandiqqa tashlab qo‘ygan hakamlaring-u “oynayi jahon”da jo‘xorining so‘tasiday mikrofon tutgan muxbirlaringni o‘ylamay-netmay, yopishsa-yopishmasa chulchit so‘zlarni biyron-biyron chug‘urlashi odamning dilini xufton qivoradi. San kitob o‘qimay ham donosan, ammo man har-har zamon­da jadid bobolarimizning bitiklari­ni titkilab turaman, shu-u, keyingi payt­larda Fitrat domlaning “Til – tafakkur jamoli” degan gapi mani ko‘p o‘yga toldiradigan bo‘lib qolgan de, Ovsar! Ilmli, ma’rifatli, o‘zini tanigan odam “ana­qani anaqa” deb o‘tirmaydi, aytadigan gapi­ni olim ham, dehqon ham tushuna­digan tilda gapiradi. Quling o‘rgulsin, Yusufbek hojining kinodagi gaplari esing­da bormi? Bay-bay! Qodiriy bobo o‘zbekchani qiyvorganlar-da o‘ziyam. Sani hakaming “res­pekt”lab, muxbi­ring “kreativ”lab ona tilini piypab turgan payti so‘z zargari bo‘lgan ota-bobolarni arvohidan cho‘chimasmikan?! Bu yoq­da otarchi-yu mashshoqlar, laparchilar-u zangvozlaring til jonivorni bosh­qa elatlarni ohangiga solib, qiyratib-qiy­malab yotibdi. O‘zi qo‘shiq bo‘lmagan gap ham qolmadi. Yodingda bo‘lsa, Hasan samovar­ning choyxonasida bir mashshoqning xotiniga “choy damla” degan gapni ashula naqoratiga qo‘shvorganini hangoma qilishuvdi. Xotini, “shuni to‘g‘richa aytsangiz bo‘lmaydimi?” desa, mash­shoq “sani bir choynak choyingni deb ashulamni ohangini buzaymi?” dermish! Ovsar, san o‘sha habash ajna­biyni bekor xafa qipsan, u bizning tilimizni hurmat-izzat qilib toza o‘rganganidan, unga yopishgan xas-xashaklarni ko‘rmay qolgan.

– O‘zimizni pason ko‘rsatib, ilmsiz­ligimizni, ma’rifatsizligimizni xaspo‘shlash uchun xas-xashaklarga o‘ra­la­shib qolganmiz, demoqchimi­san, Lan­da­vur?

– Ha, yasha, Ovsar, tushunganning sadag‘asi ketsang arziydi.

– Ha-a, endi bu yog‘ini fahmlamoq uchun jadid bobolarimizning da’vatlarini, asarlarini o‘qib borishga erinsang ham, jillaqursa “Jadid” gazeta­si­ni varaqlab tursang, “anaqa anaqa qanaqa”lab tilini qarg‘a cho‘qigandek tiltog‘lanib qolmaysan…

– Tiltog‘lanib deganing nimasi, Landavur?

OVSAR

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 14-iyun | 25-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img64

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584