10.07.2024 | 14:04
1171
CHIP-CHIP, JO‘JALARIM!
Ha, Landavur? Soqol oqarganda endi murti nish urgan churvaqalar qatorida manam dessertasiyon yoqlayman deb, zamonamizning ulamo-yu kalonlariga murid tushib o‘tirsam, endi bunisiga nima deysan? Nega murid tushding, sanga dessertasiyon nima kerak deysanmi? Nimabbalo, to‘rt tanga uchun bozorda arava sudrayverib to‘g‘ining mayishib, zamondan ortda qop ketdingmi deyman, Landavur?! Axir bu qurg‘ur dessertasiyon deganini yoqlabmi-yog‘labmi, bir amallab o‘zingniki qilib olsang, kimsan falon-u piston, peyjiymi-meyjiymi bo‘vosang, uloqchi otning kallasidek oylig-u maosh olasan-u pichog‘ing moy ustida sirg‘anadi, akang aylangur!

Hay, ulamo-yu kalon ustozi darozni daragini so‘raydurg‘on bo‘lsang, mayda-chakanalardanmas, bo‘libam naqd nahanglardan ekan, uncha-muncha cho‘rtan-po‘rtanlaring uni dargoyida itbaliqday biltanglab qoladi. O‘tgan yili birmas-ikkimas, o‘ttiz ikkita shogird chiqardim, bu yilgi hosil ham undan avlo bo‘lsa bo‘ladiki, minba’d kam emas, deydi dangaliga. Mani yelkamga chap kaftini mardonavor tashlab, san bola bu yil hisobidan yigirma oltinchisisan. “Yigirma oltinchisi otilmasin” degan kinoni ko‘rganmisan, deb xandon otadi. Nima man “Omad lotto”ni yelim soqqasimidimki raqam qo‘yasiz, taqsirim, desam “soqqaliging rost, lekin seni lotareyangga yutuq chiqqaniyam chin”, deb negadir chap ko‘zini qisib qo‘yadi.
To‘g‘ri, Landavur, maktabni sirtdan bitirganim o‘zingga ma’lum. Bizni davrda darsni eplab o‘zlashtirmasang, sinfda qoldirish jazosi bo‘lardi, esingda bo‘lsa. To‘ng‘ichimning qo‘lini halollaganimdayam kissamda yetuklik shahodatnomasi yo‘g‘idi – o‘ninchini to‘rtinchi topqir qayta o‘qiyotuvdim. San-ku, pochchang maktab qorovuli bo‘lib, dimog‘ing osmon, maktabni o‘n to‘rt yildayoq yumaloq yostiq qip tashlagansan, besh ketganman. Landavur, gapingni paynovi qaqqa ketayotganini pamlab turibman. Alifni kosov deydigan chog‘ing yo‘g‘-u, ilmni noni tushib qoptimi sen so‘taqo‘ziga, demoqchisan-da. Endi, oshna, tirikchilikni aybi yo‘q, davring keldi sur begim, deb qo‘ygan joyi bor. Manga nima, soqqasini dumalatsam, olim degan darajotni yelkamga pagon qip qo‘yadigan dodho tayyor bo‘lsa. Ikkinchidan, bir kun taxtaga tarang tortilib, g‘assol iyagimni sirtib bog‘lar chog‘ida hovlida uvvos soladigan jigargo‘shalarim quruqqina “voy adam”lagani qayoqda-yu “allomayi zamon adam, Suqrot adam, Luqmon adam” deb tobutga tirmashgani qayda? Voy, nega kulasan, Landavur?
Ilmiy ishingni mavzusi nima deysanmi? Markaziy Afrikaning Mbaka qabilasi ritual raqslari va Anjan po‘lkasi musiqasining inson ruhiyatini poklashdagi ritmik ahamiyati. Nimasiga tushunmaysan? “Odamlarga nima naf bor? Odamlarga nima naf bor?” deb to‘tiqushlanganing nimasi? Manga nafi bor, manga, xo‘pmi? Boya shalpang qulog‘ingga Rasul qorini tanburini chertdimmi? Oylik-maoshim ko‘payadi, demak, do‘st-ulfat safi kengayadi, undan keyin odamlar orasida obro‘yim oshadi. Asosiysi, xotin jonivor ham mullajiring oqib kelayotganini ko‘rsa, odam qatoriga qo‘shib, yuvilgan kosada ovqat tutib, qaynag‘alar salomimga alik olib qolar… Hozir oylik kimda desang, dessertatsiyon pattasini olganda, oylik undami, boylik ham o‘shanda. Ulamo-yu kiromning qo‘liga murid tushgan qalang‘i-qasang‘ilar arzimagan narsalarda dessertasiyon qilib, otning kallasidek oylik-maosh olsin-u man qoqnon kavshab o‘tiraymi, qani adolat? Manam yoza bilaman: “eshak”ka ketadigan “e” bilan “in”dagi yoziladigan “i”, “echki” bilan “ichki”ning farqi, qattiq “x” bilan yumshoq “h”… muammoyi zamona bo‘lmay nima? Bularni dessertasiyon qilib man yozmasam san yozasanmi? Domulloga beradigan soqqani qaysi go‘rdan olasan, deysanmi? Jiyanim Ahmadali bilan esh-qo‘sh bo‘lib Xitoyga qatnab yotibman-u… oti moshin borki, zapchastini o‘sha qiyako‘zlar qiyib tashlarkan. Yana domullom aytadiki, hatto Xitoyda bo‘lsayam ilm izlab top degan joyi borakan.
Bayt:
Ilm qasdida bo‘lsang agar chindanam,
O‘lja topursan muqarrar Chindanam.
U tarafdin xayrixohlig‘ bas sango,
Kemtigingga yamoqtur zapchast sango…
Domullongni “Zo‘r TV”da bir ko‘rdim, hovuriga osh pishadi deysanmi? Ha endi, ilmiy ishni tovuqxona biznesiga aylantirib olgandan keyin, xo‘rozlanib gerdayadi-da. Bu yog‘ini so‘rasang, bu tovuqxonaga kirishga uncha-muncha odamni ta’bi tortmaydi shekilli, nazorat-pazorat yo‘q. Bu yoqda peyjiylar inkubatordan chiqqan yetim jo‘jalarday “chiy-chiy”lab yuribdi. Son-sanog‘i yo‘q. Bunaqa jo‘jalar qancha ko‘p bo‘lsa, akang xo‘rozning joniga rohat. Chap qo‘li bilan olgan ilmiy ish haqi bir bo‘lsa, muridlar sanog‘iga qarab oladigani o‘n deyaver, Landavur. Bular jo‘jani kuzdamas, yil bo‘yi sanaydi-ya, ko‘z tegmasin. Yana dasturxon chetiga yog‘liq dahanini surkalab “Alhamdullo, jo‘jabirday jonmiz” deb qo‘yadi. Yana, ishni osonligini qara! Hozir kamputirga qalovini topib buyruq bersang, istagan ajnabiy tildagi dessertasiyonni chappa qilib ag‘darib tashlayverarkan. O‘zbekchalashtirib, Kilian Mbappe o‘rniga So‘taqo‘zi Qo‘chqoraliyev deb yozib qo‘ysang bo‘ldi. Ilmiy ish seniki, olim sensan, olam seniki.
Landavur, gap o‘zimizniki. Agar xo‘p desang, saniyam gaplashib propessir qivoraman. Azgina ataganingdan otsang bo‘ldi. Ha, surnay chalayotgan kenguruni ko‘rganday olayasan? Ja o‘zingni yerga urma, bola. Hartugul, maktabda mendan sal peshroq bo‘gansan, kamtarlik qima. Ochig‘ini aytaymi, hozirgilarni gapini eshitib, pikrini ting‘shab, yozuvini o‘qishga urinib ko‘rgin… Bu savodiga kuya tushgan paytavaquloqlarni oldida san avliyo-yu, man Arastuning naq o‘ziman. Ha, bo‘pti, man jo‘jalarim bilan tilponlashay, san xotin akang bilan kengashib, tanangga o‘ylab boq. Aytgancha, xo‘roz hamma joyda ham bir xil qichqirmaydi, Landavur. Esdan chiqmasin-a!
OVSAR
Husan SODIQOV chizgan surat.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
70
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
585



