19.06.2024 | 10:44
396
OTA YURT MEHRIGIYOSI
Xalq ong-tafakkurida biron-bir tushuncha, tasavvur, ifoda qanday paydo bo‘ladi? Surishtirsangiz, har birining o‘z sababi, omili va tarixi borligi oydinlashadi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6-7-iyun kunlari Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida bir necha yangi ifodalar jarangladi. Bular orasida, xususan, xalqlarimiz va davlatlarimiz haqidagi: “Bir millat, ikki davlat”, “Turkiya – o‘zbekistonliklarning ikkinchi uyi” kabi yangi ifodalar qayta-qayta yangradi. Ular ikki xalq ong-tafakkurida ajib bir yaqinlik, mehr-muhabbat va o‘zgacha his-tuyg‘u paydo qildi. Shu tariqa o‘zaro do‘stligimiz-qardoshligimizni quvvatlaydigan: “O‘zbekiston – turkiyaliklar uchun ota Vatan”, – degan ifodani yangi ma’no-mazmun bilan boyitdi.
Strategik hamkorlikning yangi bosqichi
Tashrif doirasida 19 ta muhim hujjat imzolandi. Bular ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rivojida tamoman yangi sahifa ochilishiga xizmat qiladi, albatta. Aniqrog‘i, bu tashrif O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Oxirgi besh yilda Turkiya O‘zbekistonning asosiy hamkor davlatlar to‘rtligidan joy olib kelmoqda.
Natijada o‘zaro savdo hajmi 1.5, qo‘shma korxonalar soni 2, O‘zbekiston iqtisodiyotiga turkinvestitsiyalari hajmi 2.5 barobarga oshdi. Ikki davlatning yirik shaharlari o‘rtasida haftasiga 90 ta parvoz amalga oshirilmoqda, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga ko‘paydi. Yaqin kelajakda ikki tomonlama savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. 2018-yili O‘zbekiston – Turkiya Strategik hamkorlik kengashi tashkil etilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev tashrifi doisrasida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilish yakunida ikki davlat rahbari keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzoladi.
Do‘stlik, do‘stlik va yana do‘stlik!..
Boshqa davlat yoki xalqlar bilan mustahkam do‘stlik iplarini bog‘lamay turib taraqqiy etgan biron-bir davlat yoki xalq yo‘q. Buni qadim tariximiz ham isbotlaydi, yaqin o‘tmishimizda ham ko‘ramiz, kelajagimiz ham shuni taqozo etadi.
Turkiya – turkiy davlatlar orasidagi aholisi eng ko‘p, ya’ni 85 million kishi bo‘lgan katta mamlakat. Ana shunday yirik, biz bilan qadimiy rishtalarga ega, qardosh, zabondosh, dindosh, madaniyatlarimiz o‘zaro qovushgan, bordi-keldilarimiz eski zamonlardan rivojlangan bir davlat bilan hamkorlik – Turkiya uchun ham, O‘zbekiston uchun ham, ikki do‘st xalq uchun ham suv bilan havodek kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi davlat ordeni bilan taqdirlanishi ramziy ma’noga ega. Bu bir davlat xalqining ikkinchi davlat xalqiga mehr-muhabbatining izhori sifatida baholanadi. O‘zi Turkiya Respublikasi davlat ordeni Turkiya bilan aloqalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan, o‘zaro do‘stlikni yuksak darajalarga ko‘targan davlat arboblariga beriladi. O‘zbekiston yetakchisining shunday yuksak mukofotga munosib ko‘rilishi zamirida alohida ma’no-mazmun mavjud. Bu amalda Shavkat Mirziyoyevning ana shu ikki davlat, ikki xalq o‘rtasidagi ikki taraflama manfaatli hamkorliklar, o‘zaro do‘stlik, birgalikdagi taraqqiyot, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy, ilmiy, ta’limiy aloqalarning haqiqiy tashabbuskori bo‘lgani uchun berildi.
Bugun Turkiya – birinchidan, dunyodagi 19 davlat va Yevropa Ittifoqidan iborat “kuchli yigirmatalik” tarkibidagi yetakchi, ikkinchidan, yillik yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga taqsimoti bo‘yicha bizdan besh-olti baravar yuksak ko‘rsatkichga erishgan mamlakat. Darhaqiqat, bu qardosh yurt bilan do‘stlik bizning rivojlanishimiz uchun muhim omillardan biri bo‘ladi. Shunday ekan, O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasi bilan strategik hamkorligi va buni yanada kuchaytirishga qaratilgan bu sa’y-harakatlar bizning umidli kelajagimizdan darak beradi.
Safarning siri
Bir mamlakat va uning xalqini bilish uchun o‘qish-o‘rganishning o‘zi kamlik qiladi. Shu yurtga safarga borish lozim.
Turkiyada 2019, 2022 va 2023-yillarning yozida jami to‘rt oycha dam olishga to‘g‘ri kelgan. Ko‘proq Anqara shahrida yashaganmiz. Shuning uchun bu gal aynan ana shu poytaxt shahar haqidagi ayrim o‘y-fikrlarimni bayon etgim keldi.
Taraqqiyotda bizdan oldinlab ketgan mamlakatga safarning bir yaxshi jihati bor. Hamma narsani solishtirasiz. Erishilgan yutuqlarning tezroq o‘zimizga ham kirib borishini orzulaysiz. Shunga o‘zingiz ham bevosita hissa qo‘shgingiz kelaveradi. Bu esa tinimsiz fikrlashga undaydi.
Anqara
Anqara – Turkiyaning poytaxti. Markaziy Onado‘lidagi 24 ming 521 kvadrat kilometrni egallagan megapolis shahar. Dengiz sathidan 938 metr balandlikda joylashgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, aholisi – 6 milliondan ortadi. Demak, bu yerda Toshkentdagidan ikki barobar ko‘p kishi yashaydi.
Bizda va atrofimizdagi mamlakatlarda poytaxt aholisi eng katta shahar hisoblanadi. Faqat Qozog‘iston poytaxtini respublikadagi aholisi eng ko‘p shahar bo‘lgan Olmaotadan Ostonaga ko‘chirdi. Shunga o‘xshash, Anqara ham Turkiyaning nufusi eng katta shahri emas. Istanbulda mamlakat aholisining qariyb to‘rtdan biri, ya’ni 16 milliondan oshig‘i istiqomat qiladi. Bu shaharda xorijdan ham million-million odam kelib yashaydi. Turkiyaga borgan o‘zbeklarimizning asosiy qismini ham shu yerdan topasiz.
Birinchi jahon urushida Turkiya mag‘lubiyatga uchradi. Shu vaziyatda mamlakatda milliy ozodlik harakati boshlandi. Anqara shu harakatning markaziga aylandi. Mustafo Kamol Otaturk (1881-1938) 1923-yilning 13-oktyabrida poytaxtni Anqaraga ko‘chirdi. Ikkinchi sabab ham bor edi: yangi davlat tuzilganini xalq ongiga to‘la singdirish uchun ham poytaxtni Istanbuldan ko‘chirish lozim edi.
Iqtisod, iqtisod, iqtisod…
Anqaradagi magazinlarga kirasan. “Lof” deb hisoblamasangiz, ochig‘ini aytay, odamning jonidan boshqa hamma narsa bordek. Bu kishini beixtiyor o‘ylashga undaydi. Peshtaxtalarda turgan shuncha narsani odamlar yaratgan. Buning uchun aqli, ilmi, tajribasi, qo‘li, kerak bo‘lsa, oyog‘ini ham… ishlatgan-da. Nima uchun? Yashash uchun, albatta.
Hamma mamlakat xalqi ham yashash uchun mehnat qiladi-ku, deyishingiz mumkin. Yo‘q-da, rivojlangan davlatlarda boshqalardan kam bo‘lmagan holda yashash uchun kurash boradi.
Tabiiyki, do‘konlardagi narsalardan sotib olging keladi. Chunki ularning hammasi odam uchun ishlab chiqarilgan. Ularning bari – insonning yashashi uchun zarur narsalar, axir. Ammo ulardan og‘rinmay sotib olishing uchun cho‘ntagingda puling yetarli bo‘lishi lozim. Puling yetarli bo‘lishi uchun sen ham oqilona mehnat qilgan, tuzukkina daromad topgan bo‘lishing, boshqacha aytganda, tenglar ichra teng bo‘lishing kerak. Sen ham nimadir yaratishing, uni bozorga olib kirishing, iqtisod tili bilan ifodalaganda, tovar almashtirishing shart.
Qoloq mamlakatlar aholisining katta qismi shuni eplay olmaydi-da. Dunyoning bosh muammosi shu o‘zi. Bu muammo – afsuski, xalqimiz boshida ham bor. Buning oddiygina isboti shuki, odatda rivojlangan davlat iqtisodi o‘zidan pastroq davlat bozoriga tayyor mahsulot olib kiradi, bunisi esa unga xomashyo sotadi. Hamma vaqt tayyor mahsulot sotgan yutib, xomashyo va yarim xomashyo sotgan yutqazadi. To‘g‘ri, bizdan bu mamlakatga ishchi kuchi ham boradi. Ammo, asosan, eng kam haq to‘lanadigan ishlarga boradi-da.
“Bozor” deganda bundan buyon dunyo bozorini tushunish kerak.
Biz, ya’ni yoshi kattalarning bo‘lganimiz bo‘ldi. Lekin ro‘paramizda kuchli va shafqatsiz raqobatga asoslangan bozor munosabatlari ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Nima qilsangiz, qiling, boringizni bag‘ishlang, mablag‘ingizni sarflang, bolangizni samarali mehnat qilib, bu kurashda yutib chiqadigan kadr qilib tarbiyalang! Raqobatni mahallangiz, tumaningiz, shahringiz, viloyatingiz, boringki, mamlakatimiz miqyosidagina deb o‘ylasangiz, yana yomon adashasiz. Axir, jahon bozori bitta. O‘zbekistonimiz bu bozorga kirib borganiga 33 yil bo‘lyapti. Endi ana shu ulkan bozorda yutsakkina, yutgan hisoblanamiz.
Xulosa juda oddiy: bizga dunyo bozoridagi katta raqobatga bardosh bera oladigan farzandlar kerak!
Yozning chillasida to‘n yodga tushsa-ya…
2000-yil dekabrida sovuqroq Toshkentdan juda sovuq Moskvaga borib tushgan, undan kuz mahalidek iliq Qibris (Kipr)ga yo‘l olgan edim. O‘zimni xuddiki dekabrdan sentyabrning oxirlariga borib qolgandek his qilib, hatto O‘rtayer dengizida cho‘milib ham olganman o‘shanda.
Bu gal 40-44 daraja issiq bo‘lib turgan Toshkentdan 35-37 darajali Alanyaga borib, bir necha kundan keyin esa birdan kunduzlari 22-24, kechalari 10-12 darajali Anqaraga tushdik. 24 daraja bizdagi aprel oyining boshlarini eslatadi. Kostyum-shimda ham sovqotgandek yurasan-da. Avvaliga jazirama issiqdan keyin muzdakkina bu havo badaningizga yoqqandek ham tuyuladi. Ammo kechasi O‘zbekistonda – uyingizda qolgan maydado‘ziy qilib tikilgan urgutiy choponingiz esga tushadi-ku. Yoki xuddi Toshkentdan Burchmullo tog‘iga borib qolgandek bo‘lasiz. Tez-tez yomg‘ir ham quyib turibdi. Aytishlaricha, Anqarada yoz bizdagidan salqinroq bo‘lsa ham, kuz bizdagidan ko‘ra issiqroq kelar, ham ancha cho‘zilar ekan.
Tosh-u tarozi
Xalq – dono-da. Bir maqolda:
Har joyni ko‘p qilmagin orzu,
Har joyda bor – tosh-u tarozu, – deyiladi.
Shunga o‘xshash, bu tog‘ shaharlarning ham o‘z muammolari bor ekan. Biri – shuki, ko‘chalarga chiqindi yig‘ish qutilarini o‘rnatib bo‘lmaydi. Chunki yer tekis emas-ku. U, albatta, bir tarafga qiyshayib turadi. Shuning uchun u kutilmaganda yo bir tarafga qulaydi, yo pastga qarab surilib ketib, odamlar, xususan, o‘ynab yurgan yosh bolalar hayoti, harakatlanayotgan transport vositalari uchun juda katta xavf tug‘diradi. Hatto qattiqroq shamolda ham u pastga qarab dumalashi hech gap emas. Bunday hodisalar ko‘p bo‘lgani uchun chiqindilarni yerda to‘plashga majbur bo‘lishgan. Buning juda ko‘p noqulay taraflari bor, albatta. Sochilib-titilib ketadi, suyuq chiqindilar asfalt bo‘ylab oqib, yo‘laklarda piyodalarning yurishiga xalaqit qiladi, mashinaga qo‘lda yuklashga to‘g‘ri keladi va hokazo.
Muammosiz mamlakat yo‘q ekan-da bu dunyoda.
Xayriyaning noyob turi
Turkiyada ishlab chiqarilgan poyabzallarning dovrug‘i ketgan. Soha yaxshi rivojlangan. Lekin…
Hamma ham tez-tez yangisini olib kiyaverish imkoniga ega emasligi ayon-ku. Buning ustiga, mamlakatda 5 million atrofida suriyalik qochqinlar istiqomat qiladi. Mehnat migratsiyasi tufayli nisbatan kam taraqqiy etgan davlatlardan ish izlab borganlar ham 5 milliondan kam bo‘lmasa kerak.
Imkoni borlar tez-tez poyabzalini yangisiga almashtirib ketaveradi. Lekin eskisi ham hali binoyidek bir necha yil korga yaraydigan holatda. Shuning uchun uni axlatlarga qo‘shib, tashlab yuborishmaydi. Odam ko‘p o‘tadigan yo‘laklar chet-chetlarida tez-tez bir muddat kiyilgan poyabzallar ko‘zga ko‘rinadigan yerlarga ilib qo‘yilganiga duch kelasiz. Muhtojlar indamaygina olib ketaveradi.
Bu ham – xayriyaning bir turi-da.
Ayting-ayting, mamlakatda boy ko‘paysin ekan. Boy ko‘paysa, kambag‘allik kamayib boraveradi. Buni har qanday rivojlangan mamlakat misolida ko‘rib turibmiz.
Eng qimmat ne’mat
Bilgan biladiki, bu dunyoda inson uchun suv eng qimmat ne’mat hisoblanadi. Suvli yerdagina hayot bor.
Toshkentda gaz, elektr toki, mobil telefondan foydalanishda to‘langan puli tugagan zahoti to‘xtatib qo‘yiladigan tizim joriy etilgan. Anqarada suvga haq to‘lashda ham shunaqa tizimdan foydalaniladi. Ammo suvning narxi juda qimmat. Hamma suvni tejab ishlatishga majbur. Tejashning ikki oddiy ko‘rinishini aytsam, ahvolni osonroq ko‘z oldingizga keltirasiz. Birinchisi – ko‘p qavatli uylarga vanna qo‘yilmaydi. Vannadan foydalanish suvning uyini kuydiradi-da. Cho‘milish juda qimmatga tushib ketadi. Shuning uchun hamma dushda chayinib qo‘ya qoladi. Aytishlaricha, dush ham suvni ko‘p sarflagani uchun aksar aholi avval chelakni iliq suvga to‘ldirib olib, cho‘mich bilan tejab-tergab foydalanar ekan. Holbuki, vannaning qadim vatanlaridan biri – Turkiya. Istanbuldagi usmonlilar saroyi bo‘lgan To‘pqopida ikki ming yillar ilgari yaxlit marmarlardan ishlangan qadimiy vannalar muzeyga qo‘yilgan. Ikkinchisi – idish-tovoqlarni qo‘lda yuvganda suv ko‘p isrof bo‘ladi. Shuning uchun ularni mashinada yuvishadi.
2023-yilning yozida Anqarada suv narxi bizdagiga solishtirganda markaziy oqava suv tizimi bor joylardagidan 10, bu tizimga ulanmagan yerlardagidan 20 barobar qimmat edi. Hamma joyda ham gap o‘sha: xalq ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishga majbur.
Turkiyada gaz ham qimmat. Avtomobillarga yoqiladigan metan gaz yo‘q. Faqat propan bor. Aksar uylarning tomida quyosh issig‘idan foydalanib, suv isitish tizimi o‘rnatilgan. Suv avval katta temir bochkada isiydi, keyin u shisha plastinkalar orqali sekin oqib o‘tib, yana qiziydi. Bu tizim, hatto, qishda ham suvni ilitib bera oladi. Aksar aholi ana shu tabiiy energiya vositasida isitilgan suvdan foydalanadi.
Bizning ham kelajagimiz – shu.
Suvni isrof qilish – nonni isrof qilishdek gap.
Dunyoda, ehtimol, hamma narsani ishlab chiqarishning yo‘li topilar, lekin suvni ishlab chiqarib bo‘lmaydi. Kiprda dengiz suvini tuzidan tozalab, quvurlar orqali yashash joylariga uzatishadi. Lekin undan iste’mol qilishda foydalanish mumkin emas. Ichimlik suvini sotib olishadi. U mamlakatda yog‘gan yomg‘ir-qorlardan hosil qilinadi.
Tog‘ uyi
Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Uchma qishlog‘ida tog‘dan tushayotib, kutilmaganda o‘zimni birovning uyi tomida ko‘rib qolganman. Uy qiyalikda qurilsa, tomi bir tarafdan borib tog‘ga taqaladi-da. Bunday hovlilarda tomga chiqish uchun narvonga hech hojat yo‘q.
Germaniyaning Bavariya o‘lkasidagi Alp tog‘ida bunyod etilgan qasrning devori – tog‘ning o‘zginasi.
Anqarada tog‘ga taqalib solingan ko‘p qavatli uylarni ko‘rdim. Bizda ko‘pqavat uylar 1-qavatdan boshlanadi. Lekin Anqarada qiyalikda qurilgan aksar baland uylarning tepa tarafi bizdagidek 1-qavatdan boshlanadi-yu, ammo chuqurlik tarafda “-1” va “-2”-qavatlar ham bor. Ularning egalari ko‘cha tarafdan uyga kirib, kvartiralariga borish uchun yerto‘laga tushib ketishadi.
Talab va taklif
Iqtisod tilida “talab” aholining xarid ehtiyojini anglatadi. “Taklif” esa – bozorga sotish uchun chiqarilgan mahsulot. Hayot izchil davom etishi uchun bozorda talabga yarasha taklif bo‘lishi shart. Aholining qo‘lida puli bo‘lsa-yu, sotib olaman, desa, unga kerakli tovar topilmasa, bu – juda yomon narsa. Aholining qo‘lidagi pulni ola bilmagan jamiyat, albatta, tanazzulga uchraydi. Ifodali qilib aytganda, tegirmonga suv bormay qo‘ysa, to‘xtab qoladi-da.
Biz tengilar sho‘ro davlatining qanday tarzda tanazzulga yuz tutganini ko‘zlarimiz bilan ko‘rganmiz. Bir tish pastasi, bir litr paxta yog‘i, bir sovun… kabi kundalik ehtiyojlar uchun zarur eng muhim tovarlar ham anqoning urug‘i bo‘lib qolar edi. “Chilonzorda sotilyapti ekan”, – degan xabarni eshitsak, Sergelidan o‘sha yoqqa yetib borib, turnaqator navbatlarda turar edik. Magazinlarning peshtaxtalari bo‘shab qolgan edi. Toshkentning markaziy univermagi bir-bir o‘sha paytlar nom qozongan “Быт может” degan atirni sotsa, navbat qariyb bir chaqirimga cho‘zilar, ur-to‘polon bo‘lib ketar edi.
Holbuki, bozorning bitta “oltin” qoidasi bor: aholi nimani ko‘p sotib olayotgan bo‘lsa, o‘shani ko‘p chiqarish kerak. Xalq shu atirni olyaptimi, shuni ko‘paytirib tashlamaydimi?!
Turkiya savdo do‘konlaridagi tovarlar xilma-xilligi-yu mo‘lligini ko‘rib, ko‘zingiz chaqnab ketadi. Aksariyati shu mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan. Nazarimda, taklif talabdan ustun. Shuning uchun do‘konga kirdingizmi, demak, sizning pulingiz bor. Pulingiz bormi, siz janobsiz. Sotuvchilar sizning xizmatingizda. Ular shirin muomalasi va sifatli xizmati bilan tovarini sotib, sizning pulingizni olish dardida. Tovar sotildimi, bu pulning asosiy qismi ishlab chiqaruvchiga qaytadi. Pul ishlab chiqaruvchiga qaytib bordimi, u sohani yana va yana rivojlantiraveradi-da. Tegirmon to‘xtab qolmaydi.
Bozor aravasining g‘ildiragi bir aylanib, muayyan tezlik paydo qilib olganidan keyin uni hech qanday kuch to‘xtatib qololmaydi, chamamda. Mulkdorning qo‘lida mablag‘ ko‘payib borgani sari u ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish, kam xarajat sarflab, ko‘p foyda oladigan usullarni ishga solishni o‘ylayveradi. Mehnatni kamaytirish yo‘llarini topadi. Shu tariqa tannarx pasayadi. Buning uchun esa, avvalo, ilmni rivojlantirish zarur. Ishlab chiqarish va xizmatlardan tushgan foydaning bir qismi tabiiy ravishda ilmni taraqqiy ettirishga sarflanadi.
Imkon qadar kam mehnat sarflab, ko‘p va sifatli mahsulot ishlab chiqarilgani uchun qator sohalar, xususan, yengil sanoat tovarlarining narxlari bizdagidan ko‘ra ancha arzon. Dehqoncharoq qilib aytsam, Turkiyaga borib, oila a’zolaringizga bir sidra-bir sidra kiyim-kechak sotib olsangiz, bemalol yo‘lkiraga sarflagan haqingiz chiqib ketadi. Sayohatingiz esa yonga qoladi.
Hazillarimiz ham o‘xshaydi-ye!
Anqarada ko‘p bor taksida yurishga to‘g‘ri keldi. Biz o‘zaro gaplashamiz, albatta. Haydovchi bitta-ikkita so‘zimizni anglaganday bo‘ladi. Lekin, ochig‘i, tillarimiz o‘zaro ko‘p ham yaqin bo‘lmay qolgan. Mamlakatimizni so‘raydi. Aytamiz. Savollari ko‘payadi. Tabiiyki, bizning ham nimalarnidir undan bilib olgimiz keladi.
Orada bir haydovchi bizning nutqimizdagi “qaynana” so‘zini ilg‘ab qoldi-ku. Ular ham “kaynana” der ekan-da.
– O‘g‘limizning qaynota-qaynonasi ham Turkiyaga dam olishga kelishgan. Ko‘rishishimiz kerak, – dedim suhbatimiz nima haqdaligini bildirish uchun.
– O‘-o‘-o‘! – dedi shunda u o‘g‘limizga o‘girilib. – Ko‘rishmasang, bo‘lmaydi, bu – davlat siyosati masalasi-ya!..
Hazillarimiz ham o‘xshab ketadi-yey.
“Dunyoning Turkiyadan o‘rganadigan yeri bor!..”
Zo‘r gap-a? Nima dedingiz?
Anqara – Kemer avtobus marshruti yo‘lida shu shiorni o‘qidim. Zo‘r shior. To‘g‘rimi?
Turkiya mustamlakachilikni ko‘rmagan. Aksincha, usmonlilar davrida atrofidagi katta hududda hukm surgan imperiya bo‘lgan. Turklar turkiy xalqlarning sotsializmni ko‘rmagan yagona vakili ham hisoblanadi. Turkiyadagi bozor iqtisodiyoti munosabatlari jamiyatning tadrijiy taraqqiyoti mahsuli sifatida yuzaga chiqqan.
Xullas, O‘zbekistonimizning bu yurtdan o‘rganadigan jihatlari ancha.
So‘zning ham to‘tiyosi bo‘ladimi?
Bo‘ladi! Xorijga chiqqaningizda “o‘zbek” degan kalima siz uchun eng to‘tiyo so‘zga aylanadi.
Antaliya – Anqara avtobusi Po‘latli shahridan ham o‘tadi. Yo‘lda bir bino tepasida “O‘zbek” (“Üzbek”) so‘ziga duch keldim. Anqaraning Bag‘lum mavzesiga kirib kelaverishda chap qo‘lda yana bir bino ustidagi yozuvda shu so‘zni o‘qidim. Poytaxt ko‘chalaridan biridagi uy devorida “Üzbek Ar. №7” tarzidagi yozuv mavjud. Turkiyada bir necha yil o‘qigan mutaxassisning fikriga ko‘ra, Bu yerda odamlarga familiya berish boshlanganda ba’zilar: “Biz – o‘zbeklardanmiz”, – degan. Ularga shu so‘z familiya tarzida rasmiylashtirilgan. Chunki shuncha asr mobaynida turli sabablar bilan bu yurtga o‘zbeklar kelib, qolib ketgani aniq. Binolar esa shunday familiyali kishilarga tegishli imorat yoki muassasa ekanini bildiradi.
Darvoqe, Turkiyada familiya otadan o‘g‘ilga meros bo‘lib o‘tadi. Bizdagidek bobo boshqa, ota boshqa, nevara yana bir boshqa familiya yo‘q ularda.
Anqara shahrida Turkiy davlatlar bayroqlari maydonida xorazmshohlar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, temuriylar, boburiylar bayroqlari bor. Bu tariximiz birligini yorqin ko‘rsatib turadigan bir ramz, albatta.
Biz Turkiyaga “O‘zbekiston” so‘zi katta salmog‘i bilan kirib borishini istaymiz.
Shukr, bir do‘konda sotuvchi: “Bizda faqat paxta gazmoldan tikilgan kiyimlar sotiladi. Paxtasi – sizning O‘zbekistondan olib kelingan”, – dedi. Xursand bo‘lib ketdim.
Bir yuk mashinasi haydovchisi bilan suhbatlashib qoldim. “O‘zbekistonda menga ish bormi, borar edim”, – dedi. O‘zlaridagidan yuqoriroq haq to‘lanadigan ishning daragini topsa, keladi, albatta.
Bir professor o‘g‘limizdan bizdagi oliy ta’lim muassasalari professor va o‘qituvchilari oyliklarini surishtiribdi. Ayrim institut va universitetlarda yaxshi maosh to‘lanyapti. Bularni eshitib: “Ish topsang, borib, dars berar edim”, – debdi.
Bu suhbatlar ikki narsadan dalolat beradi. Birinchisi, bizda, shukr, hayot sekin-asta yaxshilanib boryapti. Ikkinchisi, Turkiya pandemiyadan, 2022-yili ketma-ket yuz bergan zilzilalardan keyin hali ko‘p jihatdan o‘zining 2019-yilgi yuksak darajasiga ko‘tarila olganicha yo‘q, nazarimda.
Yana kim bilsin?
Zamonaviy savacho‘p
Bolaligimda onam ko‘rpa-to‘shak uchun paxta savamoqchi bo‘lsalar, hovlimizdagi 200 yillik tutga chiqib, to‘rtta xodacha kesib tushardim-da, po‘stini shilib, savacho‘p yasab berardim.
Yaqinda uydagilar yangi ko‘rpa-to‘shak tikadigan bo‘lishdi. Savacho‘p kerak. Tutni qaydan topaman? Kalla ishlab qoldi-ku: uyni ta’mirlaganda ortib qolgan 15 millimetrli bir quloch-bir quloch plastik quvurdan ikkita chiqarib berdim.
Anqaraning Kechio‘ran ilchasida joylashgan Bag‘lum mavzesidagi Kavkaz mahallasida bir muddat yashadik. Biz qo‘ngan ko‘pqavatli uy hovlisiga ertalabdan bir ayol sholcha yoydi-da, qoplardan Turkiyada bo‘ladigan oppoq qo‘yning junidan bo‘shatdi. Qo‘lida bir qulochlik haligi plastik quvurdan. Ammo ikkita emas, bitta. Chunki jun paxta emas-ku. O‘ng qo‘li bilan savalab, chap qo‘li bilan unga yopishgan junni sidiradi. Yaxshilab savalasa, jun bir-biriga chirmashib, katta-katta massa paydo qilar ekan. Keyin ularni ko‘pqavatli uy atrofini o‘rash uchun o‘rnatilgan panjaralarning mixlariga osadi. Oftobda ular yana ham yoyilib, yumshab qolar ekan.
– O‘g‘limizni uylantirmoqchimiz. Kelin uchun ko‘rpa tikamiz, – dedi haligi ayol.
Muxbirligim tutib ketib, undan:
– Zamonaviy kelinlar bu jun ko‘rpalarni tutarmikan? – deb so‘radim.
– Tutsa-tutmasa, shu udumga amal qilamiz, – dedi.
Kaminani qadimiy an’anadan ham ko‘ra, zamonaviy savacho‘p ko‘proq qiziqtirdi.
Biz haqimizda ular yozsin
Toshkent bilan Anqarani solishtirib, bir xulosaga keldimki, bizning Turkiyadan o‘rganishimiz zarur jihatlar qancha bo‘lsa, Turkiyaning ham bizdan o‘rganishi mumkin bo‘lgan jihatlar bundan kam emas. Lekin bizdan o‘rganadigan tomonlar aynan nimalardan iborat ekanini ular aytsin, biz emas. Chunki mehmonlikka borib, sohibi xonadonning ayblarini aytib kelish odobdan emas.
“Bitta xalqmiz-e!”
Yaqinda Toshkentda bir nikoh to‘yida qatnashdik. Turkiyalik mehmon ham ishtirok etdi. Unga to‘y boshlanishidagi karnay-surnaylarning mohiyatini, uning janobi payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning: “Qiz chiqarsangizlar, karnay-surnay chalib bo‘lsa ham, el-ulusga ma’lum qilib qo‘yinglar”, – mazmunidagi muborak hadislariga muvofiqligini erinmay tushuntiribman, deng. Chunki bu faqat bizdagina bor deb o‘ylabman-da.
Bir kuni Buxoromizning kamina tug‘ilib o‘sgan Vobkent tumanida bo‘lib o‘tgan to‘yning jar, ya’ni mash’ala yoqib, kuyovning kelinnikiga kirib borishi jarayoni videoyozuvini jo‘natishdi. Buxoroda bunday paytda karnay, surnay va baraban chalinadi. Toshkentdagi do‘mbira u yerda yo‘q.
Tasodifni qarangki, shuni telefonda tomosha qilib turgan edim, kutilmaganda biz yashayotgan mahallada ham taqar-taqar boshlanib qoldi-ku. Xuddi o‘zimizdagidek. Otilib ko‘chaga chiqdim. Ko‘pqavatli qo‘shni uyga kuyov keldi. Surnay, katta-katta barabanlar chalindi. Uyga kirishdan oldin yarim soatcha raqs bo‘ldi. Kuyovning o‘zini ham o‘ynatishdi. Kuylarning sur’ati ham o‘xshaydi. Faqat karnay yo‘q, xolos.
Buni ko‘rgan har qanday o‘zbek: “Bitta xalqmiz-e!” – deb yuborishi aniq.
Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi tadbirlarida: “Bir millat, ikki davlat”, – deyilgani haq.
Sultonmurod OLIM,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 14-iyun 25-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



