Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.06.2024 | 20:12

img541

BUYUK YOLG‘IZLIK

U ayqirgan asov to‘lqinlarni yaxshi ko‘rardi. Garchi shunday bo‘lsa-da, ertaga baribir dengizni ko‘zi qiyib, Holland yurtini tashlab ketadi…

Sxiphol aeroportida uni Berlinga kuzatib qo‘ydim.

Qo‘lin siltab, boshin olib ketdi u.

Oradan picha vaqt o‘tib, undan qisqagina yozilgan bir maktub oldim. Xatda Keyt Kayzer yurtiga omon-eson yetib borgani to‘g‘risida yozgandi.

Ikki oy o‘tib, undan tag‘in bir xat oldim. Uning bu quvonchli xabari meni sergak torttirdi.

Yoniq hayotini har narsadan ustun qo‘yib, izzat-nafsini avaylab parvarish etgan Keyt shu kunlarda Myunxenda umrguzaronlik qilarkan, yurak qasrini buzib, bir kuy bastalagani haqida yonib yozgandi. Maktubga ilova shaklida kuni kecha bastalagan “Buyuk yolg‘izlik” nomli musiqiy fusunni qo‘shib jo‘natarkan, mening Myunxenga yetib kelishimni ham so‘rab qolgandi…

Men esa inson tafakkuri hamda qalbining ilohiy qudratiga tahsinlar o‘qib, u yaratgan musiqiy fusun ichida sarosar kezinaman.

Keling, men Sizga bir hikoyani so‘zlab beray. Shunda, menda ne hollar kecha­yotganini anglarsiz, balki.

Bu vayronkor shamol boshga balo bo‘ldi. Undan kuch olgan bulutlar bejo ke­zinaverib, vahm qo‘zg‘ay boshladi. De­ngiz­chi-bahriylarning aytishicha, sha­mol dovul chaqirmoqda edi. Bandargohdagi yo‘lovchilarni vahm bosib, shamolning shashti pasayishini kutishdan boshqa chora topolmay, mum tishlab qolishdi.

Bizning guzar Bandargohning biqinida joylashgan. Men uyga qaytayotgandim. Qarasam, shundoq ro‘paramda Keyt ko‘rindi. U oqish-gunafsha rangli chakmon kiyib olgan qizaloqni yetaklab kelayotgandi. Gulg‘uncha qiz esa qo‘lidagi qopchig‘ini qisib-qimtib Keytga pildirab ergashadi. Hoynahoy, qizaloq biror tani­shiniki bo‘lsa kerak, chunki Keyt farzandsiz edi-da.

– Voy, senmisan? – Keytning quyuq qoshlari yoydek egilib, birdan manglayi tomon ko‘tarildi.

– Menman, – dedim.

– Ko‘pdan ko‘rinmaysan?

– Ha, endi yuribman-da. O‘zing salomatmisan?

– Tuzukman, tuzukman.

– Ha…

– Ertaga Do‘ychlandga shaylanib turibman.

Birdan ko‘nglim g‘ash tortib so‘radim:

– Do‘ychlandga? Nega?!

Keytning yuzi tundlashdi.

Bir nima degisi bor, lekin menga qanday anglatishni bilmayotir.

– Nima bo‘ldi, gapirsang-chi? – Xavotirim oshib so‘radim.

– Onam og‘rib qolgan, bormasam bo‘lmaydi.

Uning 87 yashar onasi Myunxenda yashaydi. Keytning kasbi bastakor, millati olmon, u Hirard ismli holland zobitiga turmushga chiqqandi.

– Ha, ha, umr bersin, umr bersin! O‘zi shunday ekan, qariyalar og‘rib turisharkan, – deyman unga dalda bo‘lib. Axir, o‘zimning ham 90 yoshdan oshgan onam O‘zbekistonda qolgan. Mushtiparimning tez-tez og‘rib turishini ko‘z oldimga kelti­rarkanman, birdan hushim uchib, aqlim shoshadi. “Ishqilib manglayimizga onala­rimiz omon bo‘lsinlar!” U birdan lov etib yonib ketdi-yu, ikki yonog‘i qip-qizil alvon tusini oldi. Keyt oilada yolg‘iz farzand, otasi ikki yil burun qazo qilgandi. U uch oyda bir Myunxenga onasini ko‘rgani borib turadi. Keyingi paytlar uning hayoti g‘ussali kechdi, mana, ikki yildirki, xo‘jayini oshqozon saratoni xastaligi bilan olishib keladi. Uning zabun holini ko‘rib, ko‘nglim buzildi. Lekin buni o‘ziga sira bildirmadim. Men u bilan tez-tez ko‘rishib turaman. Keyt zakoli, vazmin va juda kamgap ayol edi, biroq beqiyos bir iltifot bilan mudom baodob suhbat qurardi. Biz picha gaplashib turdik-da, so‘ng xayrlashdik.

Xavotirim oshib, ortidan qarab qolaman. Tunda chaqmoq chaqib, otashqal­diroqdan so‘ng yomg‘ir shar­ros quyib, borliqni savalab chiq­qandi. Namlik tarqamagan, dengiz shamoli muzdek hovurni yuzimga urgan chog‘ Vaqtning shamolida to‘zg‘ib ketaman.

 * * *

 Men unib-o‘sgan Bo‘diq guzarida bir kampir yashab o‘tgan. Guzardagilar uni “qovurmochfurush” atashsa-da, Imqol momo qovurmoch sotmasdi, balki vaqti-vaqti bilan qatlama pishirib, so‘ng qovurmoch qovurib, mahalladagi bolalarga ulashar edi. O‘sha kampir bizga qo‘shni edi. Bir kuni maktabdan qaytayotsam, u meni imlab chaqirdi. Quloq ossam, sho‘rlik changakka ilingan suz­ma xaltani ololmay turgan ekan. Shotini qo‘yib, suzmani olib berdim. Momo duoyi jonimni qilib, qay­noq bug‘ ko‘tarilib turgan qatlamani qo‘limga tutdi. Men olmadim. Shu deng, birov qo‘limga yegu­lik tutsa, yeb ketavermayman. Undan tashqari momoga rahmim kelardi. Sho‘rlik qari holi bilan surpa ochib, xa­mir qorigan. Taxta-o‘qloqda, bilmam, qancha urinib zuvalalarni yoygan. O‘choqqa qozon osib, o‘t qalagan, so‘ng qatlamani pishirgan. Shu hol ko‘z oldimdan sira ketmay qoldi. Cholining vafotidan so‘ng ikki qizini ham turmushga chiqargandi. Qizlari onasining holidan tez-tez xabar olib turishsa-da, baribir, barcha ro‘zg‘or ishi momoning zimmasida edi. Qartaygan jussasi xuddi yerdan chalpak yeganday, birdan ko‘zimga aybaki va juda mushtipar ko‘rinib ketdi. Men Imqol momomni yaxshi ko‘rardim, hamda juda-juda… Undan sira ko‘ngil uzolmasdim. Ke­yin­chalik men chetda yasharkanman, allaqachonlar olamdan o‘tib ketgan shu mastura ayolni sira unutmadim. Unutolmadim. Xullas, qatlama­ni olmay jo‘nayotsam, oyog‘im tagida xazonlar shitiri qulog‘imga yetib keldi. Qarasam, daraxtlar biryo‘la bag‘rini to‘kkan, yer xazonga g‘arq edi. Chopqillab sumkamni uyga qo‘yib, apil-tapil ovqatlanib oldim-da, qaytib momoning uyiga chiqdim. Xazonlarni bir pasda supurib, kanop xaltalarga joylab qo‘ydim. Ochiq ayvonda turgan govmishga suv tutdim. Oshxonaga mo‘ralasam, momo almisoqdan qolgan chiroqning piligini puf-puflab tozalayotgan ekan. Shundan so‘ng qo‘sh pirmiz piliklarini ham yangi­lab qo‘ydi. Bir payt momo uyiga kirib, bir otkritka olib chiqqach, menga qa­rab, “…ay, Shahlo qizim, mani savodim yo‘q, shuni sanga bera qolay, ba­lam. Bu – manim sanga hadyam bo‘lsin! Oxir, sani hikoya yozadi, deb eshit­ganman. Bunga bir nimalar yozgin-a”, deya otkritkani mening qo‘limga tutdi. Quvonchim ichimga sig‘may, otkritkani ko‘ksimga bosgancha hovliqib, uyimizga kirdim. Axir Imqol momom menga evazsiz, biroq hadsiz quvonch hadya qilgandi-da!

Otkritkada to‘p-to‘p bo‘lib, endi ochilayotgan ko‘m-ko‘k gul g‘unchalarga och moviy rangli kapalak qo‘nib turgani tasvirlangandi. Ko‘zyoshim potrab chiqdi, nafasim birdan bo‘g‘zimga tiqilib qolsa bo‘ladimi, negaligini bilmayman, yutinib, ho‘ngrab yig‘lab yubordim. Men Imqol momoni yaxshi ko‘rardim. Undan sira ko‘ngil uzolmasdim. Momo ham menga bo‘lakcha mehr qo‘ygandi. Mitti jussam, nur kabi tengi yo‘q baxt-saodatga ko‘milib turaverdim, turaverdim…

Bir payt qayroq tosh yotqizilgan yo‘lakda bir nima yiltillay bosh­ladi… Tikilib qarasam, billur shudring titranyapti… Va bu tit­roq shabnam Imqol momom­ning kip­riklaridagi yoshga juda o‘xshardi.

Birdan shisha jarangi qulog‘imga yetib keldi-yu men tomchi tomayotgan shaffof shabnamni qoralay bosh­ladim.

  * * *

Taqdir taqozosi bilan Nider­lan­diya­da yashay boshladik. Mana, Imqol momom menga hadya etgan o‘sha otkritka hozir ham xotira daftarimning qatida turipti.

Shanba kuni uyimizga Keyt keldi. U to‘p-to‘p bo‘lib, endi ochilayotgan ko‘m-ko‘k gul g‘uncha-yu, mitti kapalakli ko‘k ko‘ylak kiyib olgandi. Ko‘zim birdan ­yonib ketdi. Uning ko‘ylagidagi to‘p-to‘p gullar va ko‘k rangli kapalaklar Imqol momom menga hadya etgan otkritkadagi manzaraga juda o‘xshab ketardi…

Men uning g‘amgin chehrasiga boq­dim. U judayam ko‘hlik, biroq g‘ussa komiga botib qolganga o‘xshardi.

Ko‘zlari cho‘kib ketibdi.

Chehrasi juda so‘lg‘in.

Bu hol menda bir kechinma qo‘zg‘adi. Vayronkor kechinma…

Ha, bir boshqacha holat edi bu. Hamda juda-juda bo‘lakcha edi…

Uch oy burun uning onasi vafot etgandi. Keyt tinmay onasi haqida ­yonib gapirdi. U uyiga ketgach, men ham anchagacha o‘zimga kelolmay, qiynalib yurdim. Ko‘p o‘tmay, ey voh, u eridan ajraldi. Attang, uning rafiqi oshqozon saratoniga davo topolmay, bevaqt olam­dan o‘tdi. Keyt so‘ppa­yib qoldi. Uni Hirardning qarindoshlari sira chiqishtirmadi, chunki orada mulk masalasi ham bor edi-da. U hech vaqo talashmadi, Hirarddan qolgan mulkni qoldirib, o‘z yurtiga boshin olib, Vaqtning shamolida to‘zg‘ib ketdi.

 * * *

Amsterdamdan uyga poyezdda qay­tayotgandim. Chekuvchilar uchun mo‘l­jallangan kupeda bir odam sherigi bilan chekib turgan ekan, o‘sha ko‘zimga issiq ko‘rindi. U Keytning marhum eri Hirardga juda o‘xshardi. Lol hamda behol turdim! Hirard o‘lmagandir, ehtimol! Axir shunday bo‘ladi-ku: kimdir kimnidir mudom esga solib turadi.

Dengiz ham uh tortgandek bo‘ldi. Mahzun tortib uyga qaytdim. Biroz dam olib elektron pochtamni ochgandim, Keyt Kayzerdan maktub kelganiga ko‘zim tushdi. U Do‘ychlandda umrguzaronlik qi­lar­kan, meni Myunxenga taklif etgandi. Aslida u yurak qasrini buzib, bir kuy basta­lagani haqida yonib yozgandi. Maktubga ilova qilib, o‘zi bastalagan musiqani ham qo‘shib jo‘natgandi. Men musiqiy fusun ichida sarosar kezinarkanman, avvaliga jigar-bag‘rim vayron bo‘lib, qancha turga­nimni sezmay qoldim. Asta-asta derazamdan mo‘ralayotgan oftob oqib ichkariga kirdi va men tashqariga chiqdim. Qorachig‘im yiltillay boshladi. Kuy ichida nimadir bor edi va u olmosga juda o‘xshardi, boqsang aksing ko‘rinar edi unda.

Koinot jim-jit va zamin kimsasiz edi.

Bu kimsasizlik meni ezib yubordi!

Va shunda jigarimning qahvasi chakkillay boshladi…

Va birdan o‘rtanib ketdim.

Qayroq tosh yotqizilgan yo‘lakda bir nima yiltillay boshladi… Tikilib qara­sam, billur shudring titranayotgan ekan. Va bu titroq shabnam Imqol momo va Keytning kip­riklaridagi yoshga o‘xshab ketardi.

Kuy tobora avj pardada yang­ray boshladi.

…Odamlar, ular buncha gavjumlar! Va ayni paytda, ular juda yolg‘izlar! Barchasi ruhan yolg‘izlar!

Musiqada o‘sha BUYUK YOLGʻIZLIK madh etilgandi. Kuy ohista-asta hamda shikasta tarala boshladi… Va, tag‘in, men buni aytmasam bo‘lmaydi, chunki, bu jonimni yomon o‘rtaydi.

…Odamlar gavjumlar! Va ayni payt­da ular juda yolg‘izlar! Ruhan yolg‘iz ular­­ning bari! Mana shu insoniy g‘ussani Keyt Kayzer kuy ichra so‘nggi darojotga ko‘ta­rib, avj pardalarida namoyish qila bilgandi. U buning uddasidan chiqqandi.

Men xasta kimsaday yo‘lakda sud­ralib qoldim.

Qarg‘alar qag‘illab duv ko‘tarildilar.

Va men o‘zimni o‘nglab oldim.

Gʻarbdan hayot sharpasi – oqchorloqlar qaynab-toshib, tepamdan uc­hib o‘tayotgan mahal, kuy yanada avj parda­larida yuksaklarga ko‘tarila-ko‘tarila, samoni quchib ketdi.

Shahodat ULUG‘

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21-iyun | 26-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605