27.06.2024 | 18:56
357
MAQOMDA ULUG‘VORLIK MUJASSAM
Bugungi kunda yurtimizda milliy maqom san’atini rivojlantirish va kelajak avlodlarga bekam-u ko‘st yetkazishga katta e’tibor qaratilmoqda. Asrlar davomida ulug‘ shoirlar, olimlar, bastakorlar, hofizlar-u sozandalarning beqiyos mehnati, fidoyiligi, ijodiy tafakkuri tufayli sayqal topib, bizning kunlarimizda ham ijro etib kelinayotgan maqom deb atalmish noyob san’at faqatgina yurtimiz va Sharq mamlakatlarida emas, balki dunyo miqyosida katta e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.

2017-yil 17-noyabrda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq mamlakatimizda ilk marotaba Xalqaro maqom san’ati festivali yuksak saviyada o‘tkazilgan edi. Mazkur san’at anjumanida 20 dan ortiq davlatdan musiqashunoslar, yakka ijrochi va musiqiy jamoalar, mutaxassislar hamda faxriy mehmonlar qatnashgan edi. Shu yilning 27-30-iyun kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida II Xalqaro maqom san’ati anjumani bo‘lib o‘tadi. O‘zbek Milliy maqom san’ati markazi bosh direktori Avazbek Shomurodov bilan maqom san’atini xalqimiz, xususan, yoshlar orasida keng ommalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, maqom anjumanining mohiyati, mazkur tadbirning milliy san’atimiz rivojida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida suhbatlashdik.
– Markazda olib borilayotgan ishlardan asosiy maqsad – bizgacha yetib kelgan maqom ashulalarini, ustozlar ijrosidagi qo‘shiqlarni, shashmaqomlarimizni notalashtirib, keyingi avlodlarga qoldirishdan iboratdir, – deydi A.Shomurodov. – Viloyatlardagi bo‘limlarimiz va maqom ansambllari ham shu yo‘nalishda ish olib boryapti. Zero, maqomchilar va baxshilar ijodi o‘zbek xalqining o‘zligini anglatuvchi, milliy an’analarimiz, qadriyatlarimizni mujassam etgan san’atimizning eng qadimiy va boy turidir. Kezi kelganda ochiq aytish kerakki, yaqin-yaqinlargacha ba’zilar maqom eskirib ketgan san’at, uni tinglash, tomosha qilish zerikarli deb o‘ylashardi. Vaholanki, maqomlar asosida buyuk mutafakkir, alloma shoirlar g‘azallari yotadi, maqom va mumtoz ashulalar inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir qiladi, taranglashgan asab tolalarini bo‘shashtiradi. Ruh inson tanasiga musiqa orqali kirgani haqida rivoyat yuradi. Bu bejiz emas. Chunki musiqa hamma joyda – uyda ham, uzoq safarlarda ham, tadbirlarda, to‘ylarda, xullas, inson umri davomida u bilan birga. Musiqa, ashula ruhni xotirjam qilish bilan birga, kayfiyatni ham sozlaydi. Maqomlar kishini halollikka, poklikka chorlaydi, to‘g‘ri ijroni, ya’ni to‘g‘rilikni talab qiladi. Aynan shu sababli ham Maqom markazida ishlashning o‘zgacha shukuhi bor.
Maqomga bag‘ishlangan tadbirlarni tez-tez o‘tkazish nafaqat yurtimiz san’atini dunyoga tanitadi, balki yosh avlodda maqomga qiziqish uyg‘otishda katta ahamiyat kasb etadi. Bilamizki, qadimda maqomlar saroylarda kuylanib, muhokama qilingan. Ya’ni maqom tinglash uchun kishida ilmiy salohiyat bo‘lishi talab etilgan. Ehtimol, shuning uchun bugungi yoshlarga maqom tinglash zerikarli tuyulishi mumkin. Shuni nazarda tutib, nima qilsak, maqomni yanada ommalashtirishga erishamiz, qanday yo‘l bilan xalqni, yoshlarni maqom tinglashga jalb etish mumkin, nafaqat uyda, konsert zallarida, balki restoranlarda, choyxonalarda maqom tinglashlari uchun nima qilish lozim, degan savollarga javob izladik. Shu tariqa maqom ijrosiga zamonaviy cholg‘ular ham qo‘shildi. Bugun maqomni tinglayotgan odamlarda boshqacha taassurot hosil bo‘lyapti. Bu bilan maqomlarimiz buzilayotgani yo‘q, balki musiqalarga sayqal berilyapti. Ya’ni maqomlar o‘z joyida turibdi, biz asliga tegmagan holda, ularga bezak beryapmiz. Shu o‘rinda Maqom markazi, uning hududiy bo‘linmalari xodimlari hamda Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansamblining bu boradagi xizmatlarini alohida tilga olib o‘tish o‘rinlidir.
Hozirgi kunda ustozlar ko‘magida shashmaqom qayta ko‘rib chiqilyapti. Chunki hozirgi yozuvlarda so‘zlar noto‘g‘ri qo‘llangan joylar ham yo‘q emas. Zero, ustoz maqomdon Yunus Rajabiy ham o‘zining “Shashmaqom” kitobida “Shashmaqom zamonga qarab o‘zgarib boraveradi”, deb yozgan. Boshlagan bu ishimiz xayrli bo‘ladi, degan umiddamiz. Yana bir xayrli ish shuki, ustoz maqomdonlarimiz musiqa maktablarida yoshlarga dars o‘tishyapti. Ular orasida Isroiljon Vahobov, Nuriddin Aminjonov, Komila Bo‘riyeva, Matluba Dadaboyeva kabi san’atkorlar bor. Bu ustozlar yaqinda Samarqand shahrida katta konsert berishdi, musiqa maktablarida mahorat darslari o‘tib qaytishdi.
Shuningdek, Ozarbayjon va Tojikiston mamlakatlarida ijodiy safarda bo‘ldik. Sohib Poshshozoda boshchiligidagi ozarbayjonlik mutaxassislar Ozarbayjon Mug‘om markazi bilan birgalikda yurtimizda bo‘lishdi. O‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Tojikiston Respublikasiga juda katta delegatsiya bilan bordik. Tojikistondagi opera va balet teatrida Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli ikki soat davomida maqom ashulalaridan konsert berdi. Qardoshlarimiz konsertimizni olqishlar bilan tomosha qilishdi. Ozarbayjonga safarimiz chog‘ida ushbu mamlakat mutaxassislari bir gapni aytishdi: “Dunyoda o‘zbek maqomidek salmoqli maqom yo‘q. Ozarbayjon maqomi ham zalvorli, lekin o‘zbek maqomi ko‘proq tosh bosadi. Sizlarning maqomingizda qo‘llangan so‘zlarda ilohiy ruh mujassam”. Biz bunday e’tirofdan g‘ururlandik.
Ayni paytda “Navo” telekanali bilan hamkorlikda maqom haqida yangi ko‘rsatuv tayyorlanyapti. Xalqaro maqom anjumanini o‘tkazib kelsak, “Maqom-shou” ko‘rsatuviga ham jiddiy kirishamiz. Oldindan batafsil aytib qo‘ysak, qizig‘i qolmaydi. Shu bois hozircha ko‘rsatuv mazmuni sir bo‘la qolsin. Nasib qilsa, tez orada Turkiyada, Germaniyada, Amerika, Misr va Eronda ham maqomchilarimizning konsertini namoyish etmoqchimiz. Ya’ni o‘zbek maqomini dunyoga targ‘ib qilish niyatidamiz. Lekin bundan oldin o‘zimizning viloyatlar bo‘ylab safar uyushtirishni reja qilganmiz. Kezi kelganda, bizga yordam qo‘lini cho‘zib, tadbirlarimizga mablag‘ ajratayotgan Madaniyat vazirligiga minnatdorlik bildirmoqchiman. Shubhasiz, erishilayotgan yutuqlar, e’tiroflar ko‘ngilni ko‘taradi, amalga oshirilayotgan ishlardan g‘urur tuyadi kishi. Lekin bu ayni paytda zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi, yangilik yaratishga ishtiyoqni kuchaytiradi.
Shu kunlarda oldimizda katta sinov turibdi. Shu yilning 27-30-iyun kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi so‘lim maskanda Xalqaro maqom anjumani bo‘lib o‘tadi. Tadbirda qatnashish uchun 75 ta davlatdan 410 nafar ishtirokchi, xususan, 20 ta davlatdan madaniyat vazirlari va o‘rinbosarlari, 11 ta davlatdan 40 dan ziyod jurnalistlar, 25 ta davlatdan 55 nafar faxriy mehmon, 15 ta xalqaro tashkilotdan 30 nafar vakil, 60 ta mamlakatning yurtimizdagi diplomatik korpusi vakillari va 209 nafar tanlov ishtirokchilari yurtimizga tashrif buyuradi.
Shuningdek, yettita xalqaro tashkilot – BMT, YUNESKO, MDH, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros fondi, Xalqaro folklor tashkiloti, Turkiy Parlament Assambleyasidan vakillar ham yurtimizga tashrif buyurishi kutilmoqda. Tadbir doirasida xalqaro musiqa yarmarkasi, maqom san’atiga oid ko‘rgazmalar, badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, fotosuratlar namoyishi tashkil etiladi. “Maqom san’atining nazariy va amaliy asoslari: yechim va muammolar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bir so‘z bilan aytganda, II Xalqaro maqom festivalini yuksak saviyada o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Gulchehra UMAROVA yozib oldi.
“Jadid” gazetasi 2024-yil 21–iyun 26-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
68
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
584



