Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.07.2024 | 09:06

img459

BASHIM SOLIH QISMATI

Turkiston jadidlik harakati qamrov davri qisqa, ammo mazmuniga ko‘ra juda keng ko‘lamli hodisadir. Uni yaqin ta­rix­da chegaralari o‘zaro uyg‘un bo‘lgan qo‘shni qardosh millatlar o‘tmishidagi shu davr bilan qo‘shib o‘rganish yaxshi natijalarga olib kelishi, hodisani har jihatdan teran anglashga yordam berishi tabiiy. Topilgan yangi ma’lumotlar yopiq sahifalar­ni ochadi, mujmalliklarga aniq­lik kiritadi.

 Joriy yilning may oyida Ashxobod shahrida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanda qatnashdim. Qozoq, ozarbayjon, turk olimlari bilan tanishib, ular bilan jadidlar mavzusida gaplashdik. Turkman jadidlari hayoti va ijodi bilan shug‘ullanayotgan olimlar ham gurungi­mizga qo‘shildi. Tan olish kerak, turkmanistonlik jadidlarning hayot yo‘li, faoliyati xususida bizda juda kam ma’lumot bor. Biroq jadidlik harakati, yangi maktab va matbuotning, teatr va yangi adabiyotning paydo bo‘lishi kabi ijtimoiy-madaniy ho­di­salar turkman millati ma’naviy-ma’rifiy hayotini ham chetlab o‘tgan emas. Shu xususda fikr­lashar ekanmiz, iste’dodli shoir, turkman va o‘zbek adabiyotining bilimdoni O‘razmurod Murodov birdan sergak tortdi. “Germaniyaga yuborilgan talabalardan biri xususida o‘qiganim bor, og‘a. Men bir go‘rayin-da”, dedi jonlanib. Yangi mujdadan quvondim.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan u taniqli turkman etimolog olimi Sul­tonsha Ataniyozovning “Yo‘lga eltgan yo‘laklar” asaridan nusxa yubordi. Kitobning “Ellik yildan keyingi uchrashuv” bo‘limi men uchun juda zarur bo‘lib chiqdi. Bu xotira-esseda buxorolik talabalar bilan birga Germaniya­da o‘qishga yuborilgan chorjo‘ylik Bashim Solih qismatidan so‘z ochilgan edi. Jadidlar borasida barcha biladigan gapni usluban o‘zgartirib, yangilik o‘laroq qayta takrorlash tobora urfga kirayotgan bugungi kunda ayni “yuqumli kasallik”dan saqlanish uchun darrov zahmatkash jadidshunos She­rali Turdiyevning ikki bor nashr etilgan “Ular Germaniya­da o‘qigan edilar” nomli qimmatli kitobiga nazar tashladim. Bi­roq unda xorijda o‘qigan bir qancha talabalarning faoliyati, familiyalari qatorida Bashim Solih uchramadi. Yana bir kitob – tarixchi Bahrom Irzayevning bundan ikki yil oldin “Germaniya­da ta’lim olgan Tur­kiston yoshlari” asarini varaqlash zarurati tug‘ildi. Darhaqiqat, bunda nisbatan yosh o‘quvchilarning o‘ndan ko‘prog‘i, jumladan, Usmon Omonov, Hamro Abdullayev, Ne’mat Narzulla, Rahmatjon Avazjonov kabi Germaniyaga o‘qishga borganlar haqida ma’lumotlar berilgan. Ne’mat Narzullaga tegishli sahifalarda Bashim Solih ismi ham uchradi. Uning hamyurtlari bilan “1926-yili 31-may kuni Zaraudan Berlinga yetib kelgani” aytiladi. Boshqa ma’lumot yo‘q.

Bashim Solih qismati bilan qiziqib, o‘zim jamlagan manbalarga, Berlin arxi­vidan olganim – Germaniyaga borib o‘qigan talabalar ro‘yxatiga qaradim. Bashim Solihni topdim. Buxoro Xalq Respublikasi tomonidan 1922-yil sent­yabrida Germaniyaga yuborilganida Bashim Solih 16 yoshda edi. Ko‘pchilik hamsaboqlari kabi u ham Kyoslin shahridagi oilalardan biriga joylashadi… Buxorodan borgan talabalarga rahbar bo‘lgan tatar ziyolisi Olimjon Idrisiyning germaniyalik ta’lim mas’ullari­ga yozgan xatida shunday ma’lumotlar bor. 1925-yil 7-avgust kuni Olimjon Idrisiy Germaniyaning Kyoslin shahrida o‘qiyotgan o‘quvchilar o‘quv yurti direktori doktor Tominskiyga murojaat qiladi. Xat ta­la­balarning o‘z vatanlariga qaytarilishiga doir bo‘lib, Olimjon Idrisiy unga ikkita hujjat ilova qiladi. Ilova qilingan birinchi hujjat 1925-yil 30-iyul sanasiga tegishli bo‘lib, 39 talabaning o‘z yurtiga qaytarilishiga oid edi. Olib ketuvchi mas’ul sifatida Grigoriy Meyerson belgilangani va qaytarib olib ketish vaqti aytiladi. Uning ostiga Yakubovich degan kimsa imzo qo‘yadi. Ilova qilingan ikkinchi hujjat ham 1925-yil 30-iyul sanasiga tegishli. Unda Germaniyada o‘qiyotgan (Kyoslindan 18 nafar o‘quvchi) 39 nafar o‘quvchi va talabalar ro‘yxati keltiriladi. Ro‘yxatdagi talabalar har qanday vaziyatda bo‘lmasin, 20-avgust kuni ke­tish­ga hozir bo‘lishlari ta’kidlanadi. Ostiga Grigoriy Meyerson imzo qo‘yadi (15068 raqamli arxiv manbasi).

Talabalarni Turkistonga qaytarish uchun borgan Grigoriy Meyerson tuzgan ro‘yxatning oltinchi o‘rinida Bashim Solih nomi turibdi. Biroq bu ro‘yxat, bu mitti ma’lumot Bashim Solih qismati haqida aslida tugal tasavvur bermaydi. Yuqorida keltirilgan rasmiy arxiv hujjatida O‘rta ­Osiyo universiteti rektori sifatida tavsiflangan Grigoriy Meyerson sovet hukumatining rasmiy topshirig‘iga ko‘ra “bolsheviklarga qarshi kayfiyatlari kuchayib ketgani uchun” talabalarning ko‘pchiligini maj­buran o‘z uylariga qaytarishi lozim edi. Ro‘yxatlar tuziladi, munozaralar bo‘ladi, muzokaralar olib boriladi. Talabalar uylariga qaytish rejasidan rizo bo‘lishmaydi. Sherali Turdiyevning yozishicha: “Bunga javoban Berlin universiteti falsafa fakulteti talabasi Ahmad Shukriy norozilik namo­yishi sifatida unga (Meyersonga – B.K.) qarshi havoga o‘q uzadi. O‘q ovozidan qo‘rqqan Meyerson shoshilinch ravishda Moskvaga qaytib, xorijda o‘qiyotgan tala­balarning burjua­ziya g‘oyalari ta’sirida sovetlarga qarshi ruhda tarbiya topayotganligi haqida soxta chaquvnomalar yozadi” (Sh.Turdiyev. “Ular Germaniyada o‘qigan edilar”. Toshkent. 2006. 17-bet). To‘g‘risi, hukmron sovet hukumati topshirig‘i o‘z vaqtida bajarilgan, ba’zi talabalar majburan yurtiga qaytarilgani ham bor gap. Ammo ulardan ayrimlari sovet iskanjasiga tushmaslik, erkini kishanga solmaslik uchun hayot yo‘lini xorij bilan bog‘lashga majbur bo‘lishdi. Ko‘pchiligi iziga qayt­masdan ta’lim-tahsillarini oxiriga yetkazish yo‘llari­ni izlashdi va Germaniyadagi o‘qishlarini qat’iyat bilan davom ettirdi.

Fikrimcha, ta’limda davom etgan talabalar qatorida turkman millatiga mansub Bashim Solih ham bor edi. Shunga ko‘ra S.Ataniyozovning “Ellik yildan keyingi uchrashuv” xotira-essedagi ma’lumotlar Bashim Solihga oid tasavvurlar kenga­yishiga yordam beradi. Bashim Solih barcha Germaniyaga borgan talabalar qatori­da avvaliga nemislarning oilasida bir yil yashaydi. Yevropaga xos ma’naviy muhitni, nemis tilini, nemislarning urf-­odat­larini qaysidir ma’noda o‘rganadi. Keyin Kyoslindagi gimnaziyada ta’lim ola­di. Gimnaziyani bitirgandan so‘ng Berlin universitetining Shtutgart shahridagi filiali bo‘lgan Oliy qishloq xo‘jalik institutida zootexnik ixtisosligi bo‘yicha o‘qiydi. Oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lgach, qasamyodiga ko‘ra “asl millat va vatanning sof istiqloli uchun jonfido”lik uchun Ash­xo­bodga qaytadi.

Shubhasiz, Germaniyaga yuborilgan talabalarning barchasi ezgu niyatli edi. Ularni xorijga o‘qishga yuborayotgan jadid ziyolilari Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi qoshida qasamyodli va’dasini ham olishadi. Ular o‘qib, bilim olib, ilg‘or texnikani egallab, ilm-fan yutuqlaridan bahramand bo‘lib, o‘z Vataniga qaytishlari va shu el-yurt ravnaqi uchun chin dildan xizmat qilishlari lozim edi. Davrning qal­tis tomon yuz burishi, ijtimoiy-siyosiy muhit o‘zgarish­lari, zamon taloto‘plari bu va’daning ijrosi uchun tugal imkon bermadi. Biroq Bashim Solih va’daga ko‘ra yurtiga qaytadi. Yetti yil Ashxobod shahrida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha turli vazifalarda ishlaydi. Bir muddat Turkmanistonning qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari kabi mas’ul vazifani bajaradi.

Biroq Bashim Solih manglayiga ham 1937-yilning bo‘hroni, qatag‘oni imzosi chekilgan edi. Uni sovet korchalonlari millatchilikda ayblab, 20-30-yillardagi bar­­­­cha ilg‘or ziyolilar, Germaniyada birga o‘qi­gan bo‘ydoshlari qatorida hibsga olishadi. Aybsiz aybdor Bashim Solih 20 yillik umrini Shimoliy Qozog‘istonning Qarag‘anda o‘lkasida surgunda o‘tkazadi. Bashim Solih manfur sovetlarning hukmdori Stalin o‘lganidan keyin 1957-yilda o‘z yurtiga qaytadi. Bir necha yil ishsiz yuradi. Ish topishi ham qiziq bo‘ladi. Bu xususda Sultonsha Ataniyozov shunday yozadi: “Bir kuni o‘g‘li Ozod va qizi Sayligo‘zal bilan kino zalida o‘tirgan Bashim shunday ortidagi qatorda ikki rus ayoli­ning nemischa gap­lashayotganini eshitadi. Ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri aytayotganlari uchun ularning gapiga qo‘shiladi. Bu ayollardan biri universitetning chet tillar fakulteti dekani M.V.Kondrateva, ikkinchisi ham shu yerda nemis tili kafedrasi­ning mudiri bo‘lib ishlar ekan. Ular “toza nemis” bilan uchrashib qolishganiga quvonib, uni ishga chaqirishadi. Ammo Bashim faqat­gina chorvachilik bo‘yicha ishlamoqchi bo‘lganini aytgandan keyin ular mansabdor ishlardagi sobiq talabalarining yordami bilan uning Chorvachilik va veterenariya ilmiy tekshirish institutiga ishga joylashishiga yordam berishadi”.

Ko‘p yil o‘z sohasi bo‘yicha shu institutda ishlab, turkmanlarning ahaltaka otlari nasli bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib boradi va izlanishlari mahsuli sifatida “Ahaltaka otlarining nasli” (“Ахалтекинская порода лошадей”) degan kitobini nashr ettiradi. Ora-orada Bashim Solih xotiralarga berilganida 30-yillardagi Turkmanis­tonning taniqli davlat arbobi Qayg‘isiz Otaboyevning “Moskvaga borib aspiranturada tahsil olib kelgin”, degan taklifini qabul qilga­nimda “boshimga bu qatag‘on kunlari tushmagan bo‘larmidi”, deb armon qilar ekan. Taqdirni tabdil qilib bo‘lmaydi. Ikkinchi bir gap. Chorjo‘y pedtexnikumida birga o‘qigan kursdoshi Pirguli Rahmon 70-yillarda Bashim Solihni izlab Ash­xobodga boradi. Uylariga yaqinlashganda ko‘chada so‘zlashib turgan uch kishi orasidan hech ikkilanmay Bashim Solihni taniydi. Qancha o‘z ismini eslatmasin, Bashim Solih “Pirguli Rahmon” ismini sekin shivirlab takrorlaydi va eslay olmaganini aytadi. Shunda sobiq saboqdoshi yoshlikdagi ayrim tafsilotlar, jumladan, bir kechasi qishloqqa qayta­yot­ganlarida chiyabo‘rilardan saqlanish uchun bir tunni o‘rik daraxti ustida o‘tkaz­ganlarini yodga oladi. Shunda Bashim Solih beixtiyor o‘rnidan qalqib turadi va ikki saboqdosh quchoqlashib qayta ko‘rishadi. Unsiz yig‘lashadi. Bu voqeaga guvoh bo‘lib, ular suhbatini jimgina tinglab o‘tirgan Sultonsha Ataniyozov oradan o‘tgan vaqtni hisoblaydi: “50 yil 2 oy 14 kun”… Chaquvlardan, tuhmatlardan ko‘ngli zada bo‘lgan Bashim Solih bir muddat sinab, atay o‘z saboqdoshini tani­maslikka olgan bo‘lsa kerak, degan fikr xayolimga keldi. Chunki surgun va qata­g‘on azob­larini tortgan bashimsolihlar juda ehtiyotkor, tiliga erk beravermaydigan, to‘g‘ri kelgan odam bilan ochilishib gaplashavermaydigan, xalq ta’biri bilan aytganda, “qatiqni ham puflab ichadigan” insonlar edi. Stalinizm qamoq, surgunlaridan keyin Bashim Solihga o‘xshab ehtiyot yuzasidan kamgap bo‘lib qolgan o‘zbek ziyolilari ham ko‘p edi…

Bashim Solihning Germaniyada olgan ta’limi, chet tillarini puxta bilishi turkmanlarning chorvachilik, nasldor ot zotlarini urchitish, zotdor turkman otlari tarixini tad­qiq qilish kabi ish­larida juda qo‘l keladi. Bashim Solih 1978-yilda vafot etadi. Bugun bu sohadagi turkman olimlari uni o‘zlariga ustoz sanaydi.
Gapim tuganchida, to‘g‘risi, Germa­niya­ga borib o‘qigan talabalardan biri – Bashim Solih xususida xotira-esse yozgan Sultonsha Ataniyozov va uning yozganlarini taqdim etgan O‘razmurod Murodov do‘stimizga rahmat aytishga burchliman. O‘z vaqtida Germaniyada ta’lim olgan o‘quvchi va talabalar taqdiri bilan bog‘liq sahifalarni aniqlashtirib, turli fe’l-atvorga ega bu fojiaviy qismat egalari haqidagi tarixiy haqiqatni buz­may yozish zarurati yo‘q emas. Zero, bu ham tarixiy bir hodisa, muhtasham tarix kitobining jiddiy o‘qilishi lozim bo‘lgan sahifalaridan biridir.

Gapim nisbatan qisqa bo‘ldi. Holbuki, bu inson boshiga tushgan fojialar, hibs davri, savol-javoblar oqimiga doir hujjatlar Turkmanistonning maxsus arxivlarida hali-hanuz saqlanayotgan bo‘lishi tabiiy. Demoqchimanki, 30-yillardagi qatag‘on bo‘hroni barcha millatlar boshiga yog‘ilgan ulkan bir ofat edi. Bu balo va ofatning zahmi-izosi hali shu kunga dovur odamlar qal­bini iztirobga solib keladi. Erkinlik, inson hurligining naqadar bebaho ne’mat ekanini ang­lash uchun Bashim Solih singa­ri taqdir egalarining ibratga to‘la murakkab hayot yo‘liga bir qur nazar solish foydalidir.

Ildirgi: Xotira-essedagi ma’lumotga ko‘ra Bashim Solih o‘g‘liga “Ozod” ismini qo‘ygan ekan. Tabiiyki, bu ism yurt ozodligining ramziy ifodasidir. Unga safdosh bo‘lgan jadid ziyolilari o‘z vaqtida farzandlariga Erkli, Najot, Hurriyat kabi ismlar qo‘yganidan xabarim bor. Abdulla Qodiriy esa 1926-yilgi hibs mahali dunyoga kelgan va o‘sha ofatdan qutulguniga qadar ismsiz otasini kutib yotgan o‘g‘liga “Mas’ud” (saodatli ma’nosida) degan ism qo‘ygan edi. Ismda hikmat, ma’no va xotira bo‘ladi.

Bahodir KARIM filologiya fanlari doktori, professor


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600