18.04.2024 | 18:54
445
SULTON QORI QISMATI

Jadid ziyolilari yuksak taraqqiyotga erishgan, milliy davlatchilik an’analariga asoslangan hur Vatani bo‘lishini istashdi. Biroq ularning ko‘pchiligi jismonan mahv etildi. Ular orasida xalq tayangan va ardoqlagan davlat arboblari, huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bor edi. Katta qirg‘in davrining qonli bo‘hronlari Xorazm diyorining atoqli farzandi, vatanparvar jadid Sulton qori Jumaniyozovni ham chetlab o‘tmadi. Jumaniyozov Sulton qori 1878-yili Urganch tumani Qorovul qishlog‘ida tug‘ilgan, yoshligidan ilm va hunar o‘rgangan. Urganchdagi eski maktabdan keyin qorixonada to‘rt yilcha o‘qib, Qur’onni yod oladi, qori bo‘lib yetishadi. Ayni paytda tikuvchilik, soatsozlik hunarlarini egallab, o‘n sakkiz yoshidan mustaqil mehnat bilan shug‘ullana boshlaydi. XX asrning 20-yillaridan Sulton qori ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. 1921-yilda RSFSRning komil huquqli vakillari XXSR raisi Polvonniyoz hoji Yusupov hukumatini aksilharakatchi sifatida baholab, g‘ayriqonuniy ravishda Xivada davlat to‘ntarishi uyushtirdilar va muvaqqat inqilob qo‘mitasi tuzdilar. Polvonniyoz hojining guvohlik berishicha, bu jarayonlarda “Urganchdin shahar muhofaza boshlig‘i Sulton qorini ham bir bahona birlan keltirib zindonga hibs qilganlar”. Sulton qorining xalq orasida nufuzi va ta’siri juda baland bo‘lib, qamoqqa olinganini bilgan aholi uni himoya qilish uchun darhol qo‘zg‘aladi. Xalq oyoqqa turib sovetlardan Sulton qorini zindondan bo‘shatishni talab qiladi. Talab bajariladi… Sulton qori 1922-yil so‘ngida XXR maorif xalq komissari lavozimiga tayinlanadi. 1923-1925-yillarda adliya xalq komissari, Xorazm Xalq Respublikasi MIK raisi lavozimlarida ish olib boradi. Adliya xalq komissarligi sud-tergov organlarini boshqaradi. 1923-yilda Xorazmda sud-huquq islohotlari amalga oshirildi va uning asosida Xorazmda xalq sudlari tashkil etildi. 1923-yil 17-20-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Xorazm Xalq vakillarining 4-qurultoyda XXSRni Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi(XSSR)ga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Sulton qori Jumaniyozov XSSRning birinchi adliya noziri etib saylandi. Bu hukumatning yangi Konstitutsiyasi ishlab chiqilishida Sulton qori Jumaniyozov katta hissa qo‘shdi. 1924-yil yozida Xorazm XSR MIQ raisi Sulton qori Jumaniyozov va D.Rizayev Moskvaga borib, SSSR Tashqi ishlar xalq komissari Chicherin bilan uchrashadilar va Xorazmning davlat mustaqilligini saqlab qolish, avvalgi imzolangan shartnomalarga amal qilishlarini talab qiladilar. Lekin bu masalada yordam yo‘qligini sezgan Sulton qori va Davlat Rizayev zudlik bilan Xorazmga qaytib, ushbu masala yuzasidan Toshhovuz shahrida syezd chaqirishadi. Syezdda milliy davlat chegaralanishi masalasi muhokama qilinadi. Biroq Turkiston ziyolilari, Xorazm jadidlari qanchalik kurashmasin, 1918-yil tugatilgan Turkiston muxtoriyati kabi, 1924-yil sovetlarning milliy chegaralanish siyosati oqibatida Xorazm XSSR va Buxoro XSSR tugatiladi. Sulton qori Jumaniyozov milliy kadrlarni qo‘llab-quvvatlovchi do‘stlari yordamida partiyaga qayta tiklanadi. Akmal Ikromovning aralashuvi bilan unga qo‘yilgan barcha ayblar bekor qilinadi, hatto davlat va xalq oldidagi xizmatlari inobatga olinib, unga shaxsiy nafaqa tayinlanadi. Shundan so‘ng uning faoliyati madaniy sohani rivojlantirishga yo‘naltiriladi va 1930-1934-yillarda turli tumanlarda xizmat faoliyatini olib boradi. Partiya komiteti Xonqa tumanida madaniy-ma’rifiy ishlarda ishlaydi, so‘ngra Xiva muzeyiga direktor etib tayinlanadi. Bu lavozimda u 3 yil ishlaydi. Sulton qori Jumaniyozov 1937-yil 27-avgustda aksilinqilobiy trotskiychilarni targ‘ib qilganlikda ayblanib, qamoqqa olinadi. Shu kunning o‘zida uning Xiva shahridagi xonadonida tintuv o‘tkaziladi. Tinimsiz so‘roq va qiynoqlardan keyin S.Jumaniyozov 1924- yilda XXR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi sifatida aholini qurollantirish to‘g‘risidagi buyruqni imzolaganlikda, shuningdek, “Milliy istiqlol” aksilinqilobiy tashkilotiga a’zolikda, A.Ikromov bilan yaqin aloqada bo‘lib, fashizmparast tashviqot olib borganlikda ayblanadi va otuvga hukm qilinadi. Hukm 1937-yil 26-dekabrda ijro etiladi. Sulton qori Jumaniyozovning o‘g‘li rahmatli Anvar Jumaniyozov 2020-yil bahorida quyidagicha guvohlik bergan edi: “Sulton qorining o‘g‘liman. Hozir yoshim to‘qson birda. 1936-yil otam uydan ketgandan keyin biz otamni boshqa ko‘rmadik. Oilamiz, ahvolimizni yomon qildilar. Uylarimizga kirib, bor bisotimizni oldilar, opamlarni, bizlarni urdilar. Yomon ahvolga soldilar, bizning oilada non, pul bo‘lmadi, hech nimamiz qolmadi. Qayerga borsak, biz uchun hech nima yo‘q edi. Nonimizni, tansiq taomlarimizni yeb yurgan odamlar ham bizning uyga endi kelmay qo‘ydilar. Shunday yomon ahvollarni ko‘rdik bizlar. Bir kuni (tashvish ichida) onam bilan Lenin bog‘i yonida o‘tirgan edik. Bir qarab kel qani, shu tomonda nima gap bo‘lib turibdi ekan, dedi onam. Tikuv fabrikasi yonida bir yo‘lak bor edi NKVD binosiga olib chiqadigan. Shu yo‘ldan olib keldilar otamni. Shu yerda qo‘shnimiz Sulton aka: “Sulton qorini, boy odamlarni olib kelayotirlar”, deb turgan ekan, meni ko‘rib: “Anvar bu yoqqa kel, otangni olib kelayotirlar”, dedi. Sulton qori, Safo Mug‘anniy, otam bilan birga qamalgan urganchlik Durdi qori degan insonni olib kelayotgan edilar. Xivalik Safo Mug‘anniy soz chertgani uchun aksilinqilobchi deb uni ham qamadilar. 20 nafar militsioner bor edi. Otamning boshida gruzinlarnikiga o‘xshash popoq bor edi. Bizlar besh bola edik. 1933-yilda tug‘ilgan inim bor edi, ismi Ikrom edi. Uyimizga birovlar kelib, onamga bolangning ismini o‘zgartirasan, aks holda qamaymiz, deb qo‘rqitishdi. Ukam Ikromning ismini Komil deb o‘zgartirdik. Opam Zumradni, og‘amni armiyaga olib ketdilar. Men raykomga kelib yig‘ladim. Meni yuboringlar opamning o‘rniga urushga, men axir 13 yoshga kirdim, men ketay, dedim. So‘zimni hech kim tinglamadi. Bechora opam 2 yildan ortiq Ukraina frontiga urushga borib keldi”. Sulton qori Jumaniyozov o‘z davridagi ko‘plab jadidlar bilan birga Vatani ozodligi, xalq va millat manfaati yo‘lida og‘ishmay qat’iyat ko‘rsatdi. U chuqur bilimi, jasorati bilan Turkiston mustaqilligi, turkiy dunyo birligi yo‘lida og‘ishmay faoliyat yuritdi. Sulton qori Jumaniyozovning ibratli hayot yo‘li, porloq yodi xalq xotirasida mangu qoladi.
Yulduzxon RAHMONOVA,
tarix fanlari nomzodi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 5 -aprel 15-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



