Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.07.2024 | 17:51

img748

Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Tadbirni yuksak darajada tashkil etayotgani uchun Ozarbayjon Respublikasi prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyev Janobi Oliylari nomiga aytilgan samimiy minnatdorlik soʻzlariga toʻliq qoʻshilaman.

Hurmatli Prezident Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev Janobi Oliylariga Qozogʻistonning tashkilotimizga samarali raislik qilayotgani uchun alohida tashakkur aytmoqchiman.

Sizlar bilan turkiy dunyoning madaniyat poytaxtlaridan biri boʻlgan Shusha shahrida koʻrishib turganimizda chuqur maʼno mujassam. Goʻzal Qorabogʻning durdonasi hisoblangan bu muqaddas shahar Ozarbayjon xalqining soʻnmas jasorati, tengsiz matonati, chin mardlik va birdamligini yaqqol namoyon etgan tarixiy gʻalabaning yorqin timsolidir.

XX asrning buyuk siyosat va jamoat arbobi, mustaqil Ozarbayjon davlatining asoschisi, muhtaram Haydar Aliyev taʼbiri bilan aytadigan boʻlsak, “Shushasiz – Qorabogʻ, Qorabogʻsiz Ozarbayjon boʻlmaydi”.
Darhaqiqat, ushbu betakror shahar, nafaqat Ozarbayjon, balki barcha turkiy xalqlar qalbida alohida ehtirom va faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotib kelmoqda.

Bugungi kunda tarixiy adolat qaror topgan va yana Ozarbayjon bagʻriga qaytgan Qorabogʻda hurmatli Ilhom Haydarovich rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga, meʼmoriy obidalar va madaniy yodgorliklarni qayta tiklash borasidagi mislsiz jonbozlikka kecha bevosita guvoh boʻldik. Siz, aziz qardoshimizning bunday ezgu ishlaringiz yaqin doʻstlar sifatida barchamizga albatta cheksiz quvonch va gʻurur bagʻishlaydi. Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz va alohida eʼtiborimiz bilan ushbu bebaho shahar timsolida butun Qorabogʻ kelgusida abadiy doʻstligimizning chinakam ramziga aylanishiga ishonaman.

Biz bundan besh yil muqaddam aynan Ozarbayjon zaminida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo boʻlib kirgan edik. Oʻtgan qisqa davrda 30 dan ortiq muhim yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni yoʻlga qoʻydik.

Ushbu sammitimiz global xavf va xatarlar ortib, oʻzaro ishonch inqirozi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda oʻtmoqda. Bunday murakkab vaziyatda azaliy qardoshlik ruhidan kuch olayotgan aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Shu maʼnoda, bugungi yigʻilishimiz “Transport, oʻzaro bogʻliqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostida oʻtayotgani dolzarb ahamiyatga ega. Quyidagi ustuvor masalalarga diqqatingizni qaratmoqchiman.

Savdo va transport yoʻllarini rivojlantirish.

Tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida savdo hajmi barqaror oʻsmoqda. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, umumiy oʻzaro tovar aylanmamiz hajmi 27 foizga oshdi. Bunday yuqori oʻsish surʼatlari joriy yilda ham kuzatilmoqda. Uni bardavom saqlab qolishdan manfaatdormiz.

Mamlakatlarimiz bugungi kunda dunyoning asosiy bozorlariga chiqish hamda Buyuk ipak yoʻlini yangi tarixiy sharoitda qayta tiklash uchun qattiq bel bogʻlagan.

Albatta, soʻnggi yillarda Tashkilot doirasida bu sohadagi hamkorlikning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda, raqamli tizimlar ishga tushirilmoqda. Natijada Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi orqali yuk tashish hajmi muttasil oʻsib bormoqda. Biznes uchun eng maʼqul tariflarni joriy etish ushbu yoʻlakning raqobatdoshligi va jozibadorligini keskin oshirishi shubhasiz.

Biz “Yagona oyna” tizimi yoʻlga qoʻyilishidan, bojxona-chegara oʻtkazish punktlarining uzluksiz ishlashi taʼminlanishidan manfaatdormiz.

Oʻtgan hafta Toshkentda tashkil etilgan Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansini Tashkilotimizning transport sohasidagi kun tartibini shakllantirish va ustuvor vazifalarini amalga oshirishda keng jalb etish maqsadga muvofiqdir.

Tashkilotimiz doirasida Temir yoʻl maʼmuriyatlari kengashini tuzish va uning direksiyasini Toshkent shahrida joylashtirish haqidagi taklifimizni maʼqullaysizlar, deb ishonaman.

Topshiriq bersak, navbatdagi sammitimizga qadar savdo va transport vazirlarimiz xalqaro koridorlar imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanish va avtotashuvlarni toʻliq raqamlashtirish, “yashil” yoʻlaklar yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqadi.

Iqlim oʻzgarishlariga qarshi birgalikda kurashish.

Tashkilotimiz hududi iqlim oʻzgarishidan eng koʻp zarar koʻrayotgan mintaqalardan biri, desak, bu ayni haqiqatdir.

Mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun bizning tashabbusimiz asosida vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tuzish taklifini maʼqullaysizlar, deb ishonaman. Mazkur tuzilma qarorgohini ekologik ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan hudud – Orolboʻyidagi yirik shahar Nukusda joylashtirish ayni muddao boʻlar edi.

Shu oʻrinda turkiy dunyo bugungi kunda iqlim boʻyicha xalqaro hamkorlikda oʻzining yuksak oʻrni va baland ovoziga ega boʻlib borayotganini alohida gʻurur bilan taʼkidlamoqchiman.

Joriy yilning noyabr oyida Bokuda oʻtkaziladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining XXIX Iqlim sammiti (COP – 29) barcha mamlakatlarimiz uchun ulkan tarixiy voqea boʻladi.

Iqlim oʻzgarishlari boʻyicha dunyo yetakchilari sammiti muvaffaqiyatli oʻtishiga chin dildan tilakdoshmiz. Biz mazkur nufuzli anjumanda faol ishtirok etishga va bu borada Ozarbayjonga har tomonlama koʻmaklashishga tayyormiz.

Muqobil energetika.

Biz 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini keskin oshirish va energetika balansida ularning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.

Sheriklarimiz bilan birga yiliga 2 gigavatt quvvatdagi yangi shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirmoqdamiz. Ushbu loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Qoʻshni Qirgʻizistonda gidroelektr stansiyalarini Qozogʻiston bilan birgalikda qurish ishlarini ham boshlayapmiz.

Muqobil energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida “Yashil energetika sari turkiy harakat” konsepsiyasini qabul qilishning vaqti-soati keldi, deb oʻylayman.

Turkiy dunyo xalqlari oʻz taraqqiyotining turli davrlarida umumbashariy sivilizatsiya rivojiga mislsiz hissa qoʻshganlar.

Nomlarini jahon ahli yaxshi biladigan ulugʻ alloma va ulamolarimiz ikkita buyuk Renessansga asos solishgan. Bu azal-azaldan xalqlarimiz hayotida inson kapitali naqadar yuqori boʻlganidan darak beradi.
Biz zamonaviy “bilimlar iqtisodiyoti”ni qurish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalar, blok-cheyn, bulutli, kvant hisoblash texnologiyalari, robototexnika, “toʻrtinchi sanoat” kadrlarini tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz. Buning uchun Turkiy davlatlar tashkilotining Inson kapitalini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish boʻyicha tashabbusni ilgari suramiz va uni yurtimizda joylashtirishga tayyormiz.

Tashkilot shafeligida aniq fanlar boʻyicha Yoshlar turkiy olimpiadasi va Butunjahon turkshunoslar kongressini tashkil etishni hamda ularni kelgusi yili Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etamiz.
Toʻqqiz oydan buyon Gʻazo sektorida kechayotgan qonli urush oqibatlari bizni chuqur qaygʻu va iztirobga solmoqda. Toʻqnashuvlar 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin boʻlganini hech bir sabab va bahona bilan oqlab boʻlmaydi.

Biz zoʻravonliklarni zudlik bilan toʻxtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqiramiz.
Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni taʼminlashning eng asosiy shartidir.

Ming afsuski, jahonning boshqa mintaqalarida urush va mojarolar kuchayib borayotgani oqibatida yon qoʻshnimiz boʻlgan va koʻp millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afgʻonistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyat eʼtiboridan chetda qolib ketmoqda. Oʻzbekiston afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatishni bundan buyon ham davom ettiradi.

Afgʻonistonning xorijdagi “muzlatilgan” moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Yangi voqelik sharoitida Afgʻoniston masalasi boʻyicha Tashkilotimiz aʼzolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish masalalari tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarida asosiy muhokama mavzusi boʻlishi lozim.

Bugun ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslar “Turkiy nigoh – 2040” konsepsiyasi hamda Samarqand shahrida qabul qilingan Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasi mazmuniga mos va uygʻundir. Anjuman kun tartibiga kiritilgan Qorabogʻ deklaratsiyasining imzolanishini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img43

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img123

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img313