Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.07.2024 | 18:01

img1068

YURTIMIZNING TURIZM IMKONIYATLARI: Janubiy Koreya tajribasi

Turizm jahon iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri sifatida yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani rivojlantirish va xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashinuvni kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Hozirgi global raqobat sharoitida har bir davlat ilg‘or tajribalar va innovatsiyalar asosida turizm bozorida o‘z mavqeyini yaxshilashga intilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Janubiy Koreya tajribasi O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etishi mumkin.

Shubhasiz, mamlakatimizning boy madaniy merosi, Samarqand, ­Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz shaharlaridagi noyob tarixiy obidalar dunyo ahlini doimo o‘ziga rom etib keladi. So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, transport tarmoqlari, mehmonxona xizmatlari va sayyohlik obyektlari faoliyatini takomillashti­rishga katta ahamiyat qaratilib, salmoqli investitsiya kiritilmoqda. Buning natijasida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda bu borada xalqaro ahamiyatga ega marketing kampaniya­lari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish zarurati mavjud.

Janubiy Koreyada puxta o‘ylangan rejalar va innovatsion yondashuvlar tufayli sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘lingani e’tiborga loyiq. Buni statistik raqamlar ham tasdiqlaydi. Xususan, 2023-yilda ushbu mamlakat 11 millionga yaqin sayyohni qabul qilgan. O‘tgan o‘n yilliklarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2000-yildan buyon Janu­biy Koreyaga tashrif buyuruvchilar soni muttasil ortib borgan. Birgina 2019-yilda 17,5 milliondan ortiq sayyoh Janubiy Koreyaga safar qilgan. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yilda dunyoning boshqa mamlakatlari qatori Janubiy Koreyaga ham tashrif buyuruvchilar soni 85 foizdan ko‘proqqa, 2021-yilda esa oldingi yilga nisbatan 62 foizga kamaygan. 2022-yildan bu borada yana ijobiy o‘sish ko‘zga tashlana boshladi.

Ayni paytda turizm mamlakat iqtisodiyotiga mo‘maygina daromad keltirmoqda. Janubiy Koreyada ommaviy madaniyat (bu o‘rinda ayni payt­da butun dunyoda jiddiy muammoga aylangan “ommaviy madaniyat” illati emas, balki Koreya milliy madaniyatini o‘zida aks ettirgan “K-pop”, “K-drama” singari yo‘nalishlar nazarda tutilmoqda), rivojlangan transport infratuzilmasi, raqamli texnologiyalardan foydalanish va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishga qaratilgan samarali marketing kampaniyalari yo‘lga qo‘yilgani muvaffaqiyatning asosiy omili bo‘lmoqda.

Janubiy Koreyada turizm industriyasi XX asrning 60-yillaridan hozirgi kungacha bo‘lgan uzoq muddatli islohotlar yo‘lini bosib o‘tdi. 1962-yilda Janubiy Koreyada turizm sohasini boshqarish va rivoj­lantirish maqsadida Transport va turizm vazirligi tashkil qilindi. 1967-yilda esa mamlakatni xalqaro sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilishga ixtisoslashgan Koreya turizm tashkiloti (KTO) faoliyat boshladi.

1970-1980-yillarda ushbu mamlakatda faol infratuzilma rivojlana boshlandi. Bu davrda transport va mehmonxona infratuzilmasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Yangi xalqaro aeroportlar ochildi, ichki transport tarmog‘i yaxshilandi. Birinchi yirik turizm loyihalari va obyektlari, jumladan, istirohat bog‘lari, madaniyat markazlari paydo bo‘ldi.

1990-yillarda innovatsiyalar va ommaviy ma­­da­niyat taraqqiyotining yangi davri boshlandi. 1994-yilda xorijiy sayyohlarni jalb qilish maqsadida “Koreyaga tashrif” dasturi ishga tushirildi. Koreya milliy madaniyatini faol targ‘ib qilish natijasida dunyo yoshlarining bu mamlakatga qiziqishi sezilarli darajada oshdi.

2000-yillarda Janubiy Koreya turizm sanoatini diversifikatsiya qilish va globallashti­rishni davom ettirdi. Tibbiy turizm, madaniy sayohat kabi ­yangi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi. Ko‘plab mamlakatlar fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibi joriy etilishi natijasida xorijiy sayyoh­larning Janubiy Koreyaga borishi osonlashdi. 1988-yilda Seulda va 2018-yilda Pxyonch­xanda Olimpiada o‘yin­larining o‘tkazi­lishi ham millionlab sayyohlarning ushbu o‘lka­ga qiziqishi kuchayishida muhim rol o‘ynadi.

Asrimiz boshlaridan bu yerda “Hallyu” (“Koreya to‘lqini”) dasturining joriy etilishi ham turizm sohasini yuksaltirishda o‘ziga xos qadam bo‘ldi. Hukumat koreys madaniyati, jumladan musiqa, kino va televideniyesini xorijda targ‘ib qilishni faol qo‘llab-quvvatladi.

Infratuzilmaga investitsiyalar kiritilishi ham yaxshi natijalar berdi. Incheon xalqaro aeroporti moder­nizatsiya qilinib, tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi natijasida mamlakatdagi yirik shaharlar va sayyohlik markazlari bir-biri bilan uzviy bog‘landi.

Istirohat bog‘lari va “Koreys folklor qish­log‘i” kabi sayyohlik hududlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ushbu mas­kanlar mashhur sayyohlik markazlariga aylandi. Masalan, “Lotte World Adventure” (“Lotte dunyosiga sayohat”) katta istirohat bog‘iga 2022-yilda 4,52 million kishi kelgan. Koreya Milliy muzeyi – Koreya tarixi, madaniyati va san’ati maskani sifatida 3,4 million kishi­ni qabul qildi. Koreyaning Joseon sulolasidan qolgan yodgorlik bo‘lmish qadimiy saroy majmuasi 3,39 million mehmonni qabul qildi.

Muayyan yillarda sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan maxsus dastur va aksiyalarning amalga oshirilgani ham o‘zining ijobiy natijalarini berdi. Bunday tashabbuslar millionlab sayyohlarni jalb etish bilan bir qatorda Janubiy Koreyaning xalqaro obro‘sini yanada oshirishga xizmat qildi.

O‘tgan yillar davomida turizmning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi sezilarli darajada o‘sdi. Xususan, 2019-yilda turizm sek­tori mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 4,2 foizini tashkil etdi. Turizmning rivoj­lanishi transport, chakana savdo kabi bir qator turdosh sohalarda ham juda ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishiga turtki bo‘ldi. 

Koreyada turizm bo‘yicha marketing stra­tegiya­larining samarali qo‘llanilgani amalda yaxshi natijalar berdi. Ayniqsa, mamlakatni sayyoh­lik maskani sifatida targ‘ib qilishda koreys madaniyatidan unum­li foydalanildi. Yuqori­da tilga olingan “K-pop” va “K-drama” global hodi­saga aylanib, butun dunyoda millionlab muxlislarga ega bo‘ldi. “BTS” kabi mashhur koreys musiqa guruhlari va bir qator dramatik seriallar chetda bu mamlakatga qiziqish ortishiga xizmat qildi. 

“Koreyangizni tasavvur qiling” kabi marketing kam­paniyalari ham Janubiy Koreyani dunyoga kengroq tanitishda yordam bermoqda. Bu tashviqot kompaniyalari koreys madaniyati, tabiati va zamonaviy hayotining o‘ziga xos jihatlarini faol yoritib kelmoqda. “Visit Korea Year” (“Koreyaga safar yili”) kabi maxsus dasturlar ham turizmni rivojlantirish va mamlakatning xalqaro imijini oshirishga xizmat qilmoqda.

Janubiy Koreyada sayyohlik inshootlari va turist­lar uchun yaratilgan qulayliklar sifati yuqori darajada. Sayyohlik hududlari muntazam rivoj­lantirib borilib, tashrif buyuruvchilar uchun jozibali shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

Yana bir e’tiborli jihati, bu yerda turizm sohasida innovatsiyalar va texnologiyalardan unumli foydalanilmoqda. Sayyohlik xizmatini yanada yaxshilash uchun raqamli texnologiyalarga katta e’tibor qaratilmoqda. Turli mobil ilovalar sayyohlarga mamlakat bo‘ylab sayohatga chiqish, chiptalarni oldindan band qilish va diqqat­ga sazovor maskanlar haqida ma’lumot olishda yordam bermoqda. Virtual sayohatlar esa Janu­biy Koreyaga tashrif buyurishni rejalashtirgan xorijliklarga o‘zlari ko‘rishni istagan maskanlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish va sayohatini rejalashtirish imkonini beradi.

Ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda “aqlli shahar”lar va sayyohlik hududlarini rivoj­lantirish Ja­nubiy Koreyani sayyohlar uchun yanada jozibador qiladi. Shuningdek, bu yerda intellek­tual transport tizimlari va yuqori tezlikdagi internet aloqasi yo‘lga qo‘yilgan.

Janubiy Koreyada turizm sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratiladi. Ularga koreyscha mehmondo‘stlik sir-asrorlari muntazam o‘rgatiladi. Mehmonxonalar, restoranlar va boshqa turistik obyektlarda yuqori darajada xizmat ko‘rsatishga oid o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan. 

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha yuritilayotgan izchil siyosat natijasida ushbu soha mamlakat iqtisodiy o‘sishining muhim drayveriga aylangan. O‘zbekiston Koreya tajribasidan ko‘plab foydali saboqlarni o‘rga­nishi, ularni o‘zining noyob sharoitlari va resurslariga moslashtirishi mumkin.

Umuman, 2010-2019-yillarda Janubiy Koreyada turistlar sonining barqaror o‘sishi kuzatildi. Yuqorida qayd etilganidek, pandemiya tufayli bu borada ham pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, 2022-yildan yana asta-sekin tiklanish yo‘liga o‘tdi. O‘zbekistonda ham shun­day manzarani kuzatish mumkin. Xususan, 2015-yilda yurti­mizga qariyb 1,9 million turist tashrif buyurgan bo‘lsa, 2018-yildan bu borada keskin o‘sish ko‘zga tashlana boshladi. Misol uchun, 2019-yilda yurtimizga salkam 6,7 million sayyoh tashrif buyurdi. Pandemiya davrida bu raqam 1,5 millionga tushib ketgan edi. O‘tgan yili O‘zbekistonga safar qilgan turistlar soni 6,75 mln. nafarga yetgan.

Ko‘rinib turibdiki, har ikki mamlakatda ham turizm sohasi koronavirus pandemiyasidan sezi­larli darajada aziyat chekkan, biroq tez orada vaziyat izga tushib, shiddatli tiklanish jarayoni yuz bergan. Ushbu misollar mamlakatimizda turizmni qo‘llab-quvvatlash uchun strategiyalarni moslashtirish va infratuzilmani yaxshilash muhimligidan dalolat beradi.

Hozirgi paytda Janubiy Koreya O‘zbekistonga nisbatan bir necha barobar ko‘proq turistlarni qabul qilmoqda. Bu rivojlangan turizm infratuzilmasi, faol marketing kampaniyalari va ushbu davlatning xalqaro maydondagi sezilarli madaniy ta’siri bilan bog‘liq.

Janubiy Koreya Xitoy, Yaponiya va AQShdan yuqori daromadli, potensial sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. O‘zbekistonga sayohat qilayotgan turistlarning asosiy qismi Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan bo‘lib, bu hol geografik jihatdan yaqinlik va yaqin madaniy aloqalar bilan izohlanadi.

Janubiy Koreya yalpi ichki mahsulotiga turizm sohasi (4,2 foiz) O‘zbekistondagiga (2,5 foiz) nisba­tan ko‘proq hissa qo‘shadi. Janubiy Koreyada turizm sohasida 1 millionga yaqin ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, yurtimizda bu raqam o‘r­ta­cha 700 mingni tashkil qiladi. Albatta, bu ham yomon natija emas. Biroq yurtimizda turizm­ni rivojlantirish orqali yana yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va ushbu sohani iqtisodiyotimizning muhim tarmog‘iga aylantirish imkoniyatlari yetarli. Zotan, O‘zbekiston o‘zining boy tarixiy va madaniy resurslari orqali turizmni yanada yuksaltirish borasida ulkan salohiyatga ega. Bizning bir qancha qadimiy shaharlarimiz YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, betakror me’moriy va madaniy merosi bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etadi. Tyan-Shan tog‘lari va Qizilqum cho‘li kabi tabiiy landshaftlarda ham ekoturizm va ochiq havoda dam olishni yo‘lga qo‘yish uchun noyob imko­niyatlar mavjud.

Navro‘z bayrami va an’anaviy hunarmandchilik namunalari, folklor, xalq o‘yinlari sayyoh­larni o‘ziga jalb etib, milliyligimizni dunyoga yoyishga yordam be­rishi mumkin. Boy va rang-barang madaniy merosimiz namunalari­dan O‘zbekistonning jahoniy obro‘si va nufuzi­ni oshirish yo‘lida foydalanish mumkin. O‘zbek musiqasi, kino va televideniyesini rivojlantirish va xalqaro maydonda targ‘ib qilish ham mamlakatga bo‘lgan qiziqishni sezilarli darajada oshirishi shubhasiz. Xalqaro madaniy festival va tadbirlarni tashkil etish ham bu borada samarali natijalar berishi tabiiy. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar ­Instagram, YouTube, Facebook kabi xalqaro platformalarda ham yurtimizni faol targ‘ib qilish lozim. 

O‘zbekiston transport infratuzilmasini mo­der­nizatsiya qilish va rivojlantirishga investitsiya kiri­tishni yanada faollashtirish maqsadga muvofiqdir. Xalqaro aeroportlarni takomillashtirish, yangi havo yo‘nalishlarini yaratish va ichki transport tarmo­g‘i, jumladan, temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini rivojlantirish sayyohlarning mamlakatimiz bo‘ylab sayohatini yanada tez va qulay qiladi.

Yuqori sifatli xizmat va qulayliklarga ega turistik hududlarni yaratish, shuningdek, mehmonxona infratuzilmasini yaxshilash yurtimizga sayyohlarni jalb qilish va ularni ko‘proq muddat ushlab turishga yordam beradi. Turli darajadagi xizmat ko‘rsatish sifatiga ega zamonaviy mehmonxonalar, hostellar va mehmon uylarining rivojlanishi turli toifaga mansub sayyoh­lar segmenti uchun qulay takliflar hajmini oshiradi.

Mamlakatimizdagi diqqatga sazovor joylar, marshrutlar, transport va xizmatlar haqida ma’lumot beruv­chi mobil ilovalarni ishlab chiqish sayyohlik tajribasini sezilarli darajada yaxshilaydi. Bunday ilovalar O‘zbe­kis­ton bo‘ylab sayohat qilishni yanada qulaylashtiradi. Ular ma’lumot beruvchi interaktiv xaritalar, gidlar va bronlash xizmatlarini ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan gidlar, mehmonxona va restoran menejerlari uchun malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish yuqori darajadagi professionallik va xizmat ko‘rsatish sifatini ta’minlaydi. Sifatli xizmat ko‘rsatish va mehmondo‘stlikka e’tibor berish turizm industriyasi muvaffaqiyatining asosiy jihatlaridan hisoblanadi. Turizm xodimlari­ning mijozlarga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan treninglar va seminarlar tashkil etishga ham birlamchi ahamiyat qaratish lozim bo‘ladi.

Umuman, Janubiy Koreyada sog‘lom marketing strategiyalari, infratuzilmani rivojlantirish, innovatsiyalar va kadrlar tayyorlash borasida erishilgan natijalarni inobatga olgan holda, yurtimizda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir:

– madaniy unsurlarni marketingga joriy ­etish, rek­lama uchun ijtimoiy tarmoqlar va xalqaro platformalardan unumli foydalanish;

– transport tizimidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, qulay turistik hududlarni yaratish va ularda mehmonxona infratuzilmasini yaxshilash;

– sayyohlar uchun mobil ilovalarni ishlab chiqish, VR texnologiyalaridan samarali foydala­nish;

– turizm sohasi xodimlarini tayyorlash, ular­ning xizmat ko‘rsatish va mehmondo‘stlik darajasini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish.

Xulosa qilib aytganda, marketing, infratu­zilma, innovatsiyalar va ta’limni o‘z ichiga olgan komp­leks yondashuv O‘zbekistonda turizmni muvaffaqiyatli rivojlantirishning eng asosiy kalitidir. Yuqorida taklif etilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun davlatning yordami va yirik hajmdagi inves­titsiyalar talab qilinadi. Hukumat investorlarni moliyaviy rag‘batlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mamlakatni xalqaro miqyosda tanitishni o‘z ichiga olgan turizm­ni rivoj­lantirish strategiyasini ishlab chiqishi va amalga oshirishi zarur deb o‘ylayman.

Albatta, turizmni rivojlantirish bo‘yicha Koreya taj­ribasini o‘rganish va undan foydala­nish – shunchaki o‘zgalardan nusxa ko‘chirish, degani emas. Bunda har ikki davlatga xos jihatlar, an’ana va mentalitetni hisobga olish muhimdir. O‘zbekis­tonda eng rivojlana­yotgan segmentlardan biri tarixiy-madaniy va ziyo­rat turizmidir. Hukumat tashabbuslari va xususiy investitsiyalar birgalikda O‘zbekistonni mashhur sayyohlik mas­kaniga aylantirishi, millionlab sayyohlarni jalb qilishi va mamlakat iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shishi mumkin.

Nurislom TO‘XLIYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori,

O‘zFA akademigi


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605